Jadidchilik Tavsifi Jadidchilik yoki jadidizm — XIX asr oxiri XX asr boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, maʼrifiy harakatdir




Download 47.9 Kb.
bet3/3
Sana21.06.2023
Hajmi47.9 Kb.
#74692
1   2   3
Bog'liq
Jadidchilik
8-sinf-mate-testlar-1, 11-Мавзу, Vella Elegant, 3 mavzu, 40 talik test NAMUNA, Yo’l ta’mirlash xizmati tarkibi va ko’prik va quvurlarni saqlash ishlari vazifasi., vatan haqida sherlar, olimpiada bayonnoma, Mamadaliyev Abduhalil, Mamadaliyev Abduxalil pedagogika va psixalogiya, MUYASSAR, \'22.10.21 ochiq dars 4-mavzu Didaktika Microsoft Word
Xiva jadidchiligi
20-asr boshlarida Xivada shakllangan jadidchilik bir qadar boshqacharoq tarixiy shart-sharoitda vujudga keldi. U bu yerda asosan ikkita oqimdan iborat edi. Uning oʻng oqimi xonlikda rivojlanayotgan savdo-sanoat korxonalari egalari hamda yirik boylarning vakillarini oʻziga birlashtirgan edi. Bu oqimga Xiva xoni Asfandiyorxonning bosh vaziri Islomxoʻja boshchilik qilgan. Jadidchilikning oʻng oqimi oʻz oldiga mamlakatda xon hokimiyatini saqlab qolgan holda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar oʻtkazish orqali erkin bozor munosabatlarining rivojlanishiga keng yoʻl ochib berishni maqsad qilib qoʻygan edi.
Xivada jadidchilikning soʻl oqimi esa mayda sarmoyadorlar, hunarmandlar va xalqning turli tabaqa vakillarini birlashtirgan boʻlib, qozikalon Bobooxun Salimov uning rahbari edi. Ular Xiva xonligida yangi usul maktablari tashkil qilish orqali xalq ommasining siyosiy faolligini oʻstirish maqsadini qoʻyishgan edi. 1904-yil „jamiyati xayriya“ tuzilib, uning koʻmagi bilan Xiva shahrida dastlabki yangi usul maktabi ochildi (1904-yil 10-noyabrda). Xiva jadidlari maʼrifiy ishlar bilan kifoyalanib qolmasdan, xon tuzumiga qarshi kurash ham olib bordilar. Birinchi jahon urushigacha Xiva jadidlarining yagona markazi va dasturiy hujjatlari boʻlmagan. Biroq jadidchilik harakati Xiva xonligida katta ijtimoiy-siyosiy kuchga aylanib, 1914-yil avgustda u partiya shaklini olgan.
Adabiyoti va sanʼati
1904—1905-yillardagi rus-yapon urushi, 1905—1907-yillarda boʻlgan 1-rus inqilobi, 1905—1911-yillardagi Eron inqilobi, 1908-yil Turkiyada boʻlgan Yosh turklar inqilobi jadidlar dunyoqarashiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Jadidlar oʻz gazeta va jurnallariyangi usul maktablari, turli kutubxona va qiroatxonalar, havaskor teatr truppalari tevaragida toʻplanishar edi. Ularning koʻpchiligi shu davrning koʻzga koʻringan ijodkorlari — shoir-u yozuvchilar edi. Ular oʻz asarlari bilan tarixan yangi milliy adabiyot yaratdilar. Adabiyot davr voqealariga hamohang bordi. 1910-yillardayoq maʼrifat va ozodlik gʻoyalari uning markaziy mavzuiga aylandi. Adabiyotga „millat“ va „vatan“ tushunchalari kirib keldi. Milliy sheʼrlarga ragʻbat kuchaydi. Yangi zamonaviy dostonchilik maydonga keldi, publitsistika (BehbudiyFitratMunavvarqoriMirmuhsin) rivojlandi, realistik proza shakllandi. Shuning uchun ham bu davr adabiyoti Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti deb davrlashtirildi.
Adabiyotdagi bunday uygʻonish, ayni vaqtda, shu davr madaniy hayotida ham roʻy berdi. Jadidlar oʻzbek xalqi hayotiga tom maʼnodagi milliy teatrni olib kirdi. Milliy matbaaning vujudga kelishi bilan kitob bosish ishi yoʻlga qoʻyila boshlandi. Yevropa koʻpovozli musiqa sanʼati bilan tanishgan jadidlar oʻzbek anʼanaviy musiqa uslublarini ham isloh qilishga daʼvat etishgan. 1919-yilda Toshkentning Eski shahar qismi (hozirgi „Turon“ kutubxonasi yonidagi bino)da jadidlar tashabbusi bilan Turkiston xalq konservatoriyasining milliy (eski shahar) boʻlimi tashkil etildi. Shu tarzda jadidlar sanʼat vositasi bilan millat qadrini koʻtarish, sanʼatning deyarli barcha turlarini yuksaltirishga intildilar. „Oʻzbekiston Respublikasi“ maxsus jildining tegishli boʻlimlariga — adabiyotiteatrimusiqasiga jadidchilikning aksar vakillari yoshlarga dastavval diniy taʼlim bilan bir qatorda dunyoviy fanlarni oʻqitish masalasini kun tartibiga qoʻydilar. Ular musulmon maktablarining taʼlim usuli va dasturlarini isloh qilib, yangicha usuldagi maktablarni ochdilar. Behbudiy, Munavvarqori, Abdulvohid BurhonovAbdulla Avloniy va boshqalar yangi usul maktablari uchun darsliklar yozib, nashr etishgan.
Matbuoti
Jadidchilik harakati davomida ularning oʻz matbuoti shakllandi. Jadidlar Toshkentda 1905—1906-yillarda „Taraqqiy“ (muharriri — Ismoil Obiliy), „Xurshid“ (muharriri — Munavvarqori), 1907—1908-yillarda „Shuhrat“ (muharriri — Abdulla Avloniy), „Osiyo“ (muharriri — Ahmadjon Bektemirov), „Tujjor“ (muharriri — Saidkarimboy Saidazimboy oʻgʻli), Buxoroda 1912-yilda „Buxoroyi sharif“ (muharriri — Mirzo Jalol Yusufzoda), „Turon“ (muharriri — Gʻiyos maxsum Husayniy), Samarqandda 1913-yilda „Samarqand“ (muharriri — Mahmudxoʻja Behbudiy), Toshkentda „Sadoyi Turkiston“ (muharriri — Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev), Qoʻqonda „Sadoyi Fargʻona“ (muharriri — Obidjon Mahmudov) gazetalari va Samarqandda 1913—1915-yillarda „Oyina“ (muharriri — Mahmudxoʻja Behbudiy), Toshkentda 1915-yil „Al-isloh“ (muharriri — Abdurahmon Sodiq oʻgʻli) jurnallarini nashr qilishdi. Shuningdek, 1917—1918-yillarda Toshkentda „Najot“ (muharriri — Munavvarqori), „Kengash“ (muharrirlari — Ahmad Zakiy Validiy va Munavvarqori), „Turon“ (muharrirlari — M. Afandizoda, Abdulla Avloniy), „Ulugʻ Turkiston“ (muharriri — Kabir Bakirov), „Shuroy Islom“ (muharriri — Abdulla Battol), „Turk soʻzi“ (muharriri — Temirbek Xudoyorxonov), „Turk eli“ (tahririyati), Samarqandda „Hurriyat“ (muharrirlari — Mardonqul ShohmuhammadzodaAkobir ShomansurovFitrat), Qoʻqonda „Tirik soʻz“ (muharriri — Obidjon Mahmudov), „El bayrogʻi“ (muharriri — Boʻlat Soliyev) gazetalari va „Kengash“ (muharriri — Hamza), „Yurt“ (muharriri — Ashurali Zohiriy) jurnallari chop qilindi.
Matbuot millat dilidagi gaplarni oʻz sahifalariga koʻchirish bilan kifoyalanmay, qanday ishlarni birinchi navbatda amalga oshirish masalasini oʻrtaga qoʻydi. 1909-yilda Toshkent yosh ziyolilari tomonidan „Jamiyati xayriya“ tashkil etildi. Mahalliy yoshlardan davlat mahkamalarida, sanoat, tijorat sohasida ishlaydigan mutaxassislar tayyorlash, kambagʻal musulmonlarga madaniy-maʼnaviy yordam koʻrsatish masalasi qoʻyildi. Bu millatning boshqa xalqlar ichiga singib ketmasligi yoʻlida koʻrilgan tadbirlar edi.
Bu davrda jadidlar ijtimoiy-siyosiy kuch sifatida koʻrindilar. Xalq ularda oʻz himoyachilarini his etdi. Sirdaryo viloyatidan Peterburgda oʻtadigan Davlat dumasiga aʼzolikka saylangan Abduvohidqori Abduraufqoriyevga Toshkent, Chimkent va boshqa joylarning aholisidan 12 moddadan iborat talabnomani Davlat dumasiga topshirish yuklandi. Bu hujjatda koʻpgina ijtimoiy talablar koʻrsatilgan edi. Abduvohidqori 1907-yil 20-fevral-3-iyunda Peterburgda Sadri MaqsudiyMuso JorillohAlimardon Toʻpchiboshev kabi musulmon ziyolilari bilan tanishib, musulmon fraksiyasining raisi Biglovga Turkiston xalqi dardini yetkazdi. Biroq Abduvohidqori, oradan koʻp oʻtmay, qamoqqa olindi va Tulaga surgun qilindi.
Shu tarzda, jadidchilik harakati 1906—1916-yillarda oʻzining asosiy yoʻlini belgilab oldi. Jadidlarning nashrlari xalqni yangi davr boshlangani bilan tanishtirar ekan, oʻzligini anglab, uyushishga chakirdi. Oʻlka moddiy va maʼnaviy boyliklari talanayotganini oshkor qildi. Choʻlpon sheʼr va maqolalarida mustamlakachilarning asl qiyofalarini ochib tashladi. Mashhur advokat Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev oliy oʻquv yurtini tashkil etish, soliqlarni tartibga solish, bolalar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berish masalasini bayon qildi. Lev Tolstoy bilan fikrlashish chogʻida mashhur yozuvchini yon berishga majbur etgan Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev chor hukumati maʼmurlarining poraxoʻrligi va zolimligini fosh etib, ayrimlarini davlat ishidan chetlatishga erishdi. Musulmon aholisiga amaliy tarzda yordam berib, mavjud hokimiyat qonun-qoidalarini tushuntira bordi.
Jadid matbuoti oʻz vakillarining fikrlarini eʼlon qilar ekan, xalqni „har vaqt gʻaflat uyqusidan uygʻotuvchi millat ongining ochqichi“ ekanligini namoyon etish bilan birga Turkiston xalqini hur fikrlashga va katta siyosiy kurashga hozirlay oldi. Bu davrda „Erk“, „Turon“, „Oʻqituvchilar jamiyati“ kabi uyushmalar paydo boʻldi. Munavvarqori aytganidek, „Ularning butun umidi Rossiyadagi inqilob jarayonida mahalliy aholini milliy, diniy cheklash va jabrlashdan ozod qilish, ularning haququqlarini ovrupoliklar bilan tenglashtirish, xilma-xil maktab va matbuot ishlari hamda turli-tuman jamiyatlar tashkil etishga keng imkoniyat yaratib berishga qaratilgan edi“.
Jadidlar bu davrda „Ozodlik, tenglik va adolat“ shiori ostida ishladilar. Ularning 1916-yil mardikorlikka olish voqeasiga munosabati gʻoyatda eʼtiborga molikdir. Mardikorlikka olish — Birinchi jahon urushi ketayotgan joylardagi ishlarga turkistonliklarni jalb qilish oq podshoning 1916-yil 25-iyun farmoniga muvofiq amalga oshirildi. Bu kutilmagan tadbir, birinchidan, 1865-yil shartnomasiga zid edi. Ikkinchidan, general Aleksey Kuropatkinning xulosasiga qaraganda, „Aholi va maʼmuriyat turar joydan tashqaridagi ishlarga mutlaqo tayyorlanmagan va bunday shoshilinch amalga oshirilgan tadbir ogʻir tartibsizliklarni keltirib chiqargan“. Aholi uchun ana shunday musibatli paytda jadidlarning koʻzga koʻringan namoyandalaridan Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev („Turkiston mardikorlikka olish qoʻmitasi“ raisi) va millatparvar boy Mirkomilboy Mirmoʻminboyev Rossiya jamoatchiligining eʼtiborini bu masalaga jalb etish, farmonni bekor qildirish uchun Peterburgga yoʻl oldilar. Davlat dumasining 1916-yil 13- va 15-dekabr kunlari oʻtgan majlisida Nikolay IIning 25-iyundagi farmoni Rossiya imperiyasining qonunchiligida koʻrsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani tan olindi. Farmon Dumada muhokama qilingunga qadar iyun—avgust oylarida jadidlar harakati orqali bir necha eshelon toʻxtatib qolindi. Jadidlarning mardikorlarni qaytarishga urinishlari 1917-yil feval inqilobi boshlanishi bilan toʻla amalga oshdi. Bu hodisa el orasida ularning obroʻsini koʻtardi. Mazkur holat jadidlar maʼrifatparvarlikdan siyosiy kurashga allaqachon oʻtganliklarini bildirar edi.
Panturkizm
1917-yil jadidchilik harakati oʻzining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Fevral inqilobidan soʻng oʻzbektatar va qozoqlar birlashishga ahd qiladilar va „Turon“ uyushmasi zaminida „Shuroi Islomiya“ jamiyati tuzildi (asoschilari MunavvarqoriAbduvohidqori AbduraufqoriyevUbaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev). 1917-yil 14-martda ish boshlagan bu jamiyat qishloq va shaharlarga targʻibotchilar yuborib, ozodlik, tenglik haqida tushuntirish olib borish, saylov toʻgʻrisida maʼlumot berish bilan shugʻullandi. Uning dasturini Munavvarqori yozgan edi. Jadidlar joylarda „Shuroi Islomiya“ tizimi yaratilishining tashabbuskori boʻldilar. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish harakati Turkiston mustaqilligi uchun kurashga aylandi.
Turkiy xalqlarni birlashtirish gʻoyasi kun tartibidan mustahkam oʻrin oldi. Oʻzbek, qozoq, qirgʻizqoraqalpoqboshqird, tatar, turkman kabi negizi bitta xalqlarni birlashtirish va shu asosda federativ yoki muxtoriyatli davlat qurish masalasi boʻy koʻrsata bordi. Ammo, Munavvarqori soʻzi bilan aytganda, koʻpgina kishilar jumhuriyat bilan muxtoriyat oʻrtasidagi farqni tushunmagan edi. Xususan, Turkiston namoyandalari chin maʼnodagi respublikani barpo etish va uning davlat tarkibini tashkil etishga toʻliq tayyor boʻlishmagan. Qozoq va boshqird namoyandalari — Mustafo ChoʻqayZakiy Validiy va boshqalar Peterburg ularga hech qachon mustaqillik ham, muxtoriyat ham bermasligini sezgach, Turkistonga kelib, mahalliy jadidlar bilan birga ish boshladilar.
Toshkentda „Shoʻroi Islomiya“, „Turon“, „Shoʻroi Ulamo“, „Ittifoqi muslimin“, Qoʻqonda „Gʻayrat“, Buxoroda Yosh buxoroliklarXivada Yosh xivaliklardan tashqari, Samarqandda „Ittifoq“, „Mirvaj ul-islom“, „Miftah ul-maorif“ kabi tashkilotlar faoliyat koʻrsata boshladi. Bularning ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishini belgilashda MunavvarqoriUbaydullaxoʻja AsadullaxoʻjayevMahmudxoʻja BehbudiyMajid Qori QodiriyAshurali Zohiriy, Zakiy Validiy, Mustafo Choʻqay, FitratFayzulla XoʻjayevUsmonxoʻja PoʻlatxoʻjayevSherali LapinMirkomilboy MirmoʻminboyevObidjon MahmudovPolvonniyoz hoji YusupovToshpoʻlatbek Norboʻtabekov va boshqalar faollik koʻrsatdilar.
„Shoʻroi Islomiya“ning tashabbusi bilan 1917-yil 16-22-aprel kunlari Butun Turkiston musulmonlarining 1-qurultoyi chaqirildi. Qurultoy ishtirokchilari bir qancha masalalar qatorida Turkiston oʻlkasining davlat maqomi masalasini ham muhokama qildilar. 1-qurultoyda Turkiston oʻlka musulmonlari Shoʻrosi (Kraymussovet) — Milliy markazni tashkil etishga qaror qilindi. Milliy markazga rais boʻlib Mustafo Choʻqay, unga oʻrinbosarlar qilib Validiy va Asadullaxoʻjayev saylanadi. Bu esa tashkilotlarni birlashtirish bilan birga milliy ozodlik harakatini izga solib, tashkiliy jihatdan markazlashtirar edi.
Milliy markazning 1917-yil 12-iyunda boʻlib oʻtgan yigʻilishida barcha jamiyat va uyushmalarning Markaziy musulmon deputatlari Shoʻrosiga boʻysunishi haqida Nizom qabul qilinadi. Markazning maqsadi xalqning eng quyi qatlamlari — mardikor va dehqonlarga toʻliq huquq berish va Turkiston musulmonlarini madaniy, ilmiy, iqtisodiy va gʻoyaviy tarbiyalash edi.
1917-yil aprel-iyun oylari orasida jadidlar koʻpgina siyosiy masalalarni va ularga oʻz munosabatlarini belgilab oldilar. Pirovardida hududiy muxtoriyat uchun siyosiy vaziyat pishib yetilganini anglab yetdilar.
1917-yil 1-11-mayda Moskvada boʻlgan Butun Rossiya musulmonlarining 1-qurultoyi bergan turtki natijasida muxtoriyat masalasi yanada jiddiylashdi. 1917-yil 12-14-iyulda Fargʻonada boʻlib oʻtgan musulmon tashkilotlarining qurultoyida dasturiy masalalar koʻrib chiqildi. Unda „Turk Adami Markaziyat (Federalistlar)“ firqasining dasturi (maromnomasi) va 22 moddadan iborat nizomi qabul qilindi.
1917-yil 17-20-sentabrda Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston va Qozogʻiston musulmonlarining qurultoyida „Shuroy Islomiya“ va „Shoʻroi Ulamo“, „Turon“ va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yoʻli bilan „Ittifoqi muslimin“ siyosiy partiyasini tuzishga kelishildi.
Turkistonni boshqarish shakli toʻgʻrisidagi masala 1917-yil 26-28-noyabrda Qoʻqonda boʻlgan Turkiston oʻlka musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyining diqqat markazida turdi. Muxtoriyat va mustaqillikni eʼlon qilish fikrini hamma qoʻllab-quvvatladi. Turkiston Muxtoriyati hukumati (raisi — Muhammadjon Tinishboyev, soʻngra Mustafo Choʻqay) tashkil qilindi. Fitrat, ChoʻlponHamza singari jadid shoirlar Turkiston Muxtoriyatini alqab, satrlar bitishdi.
Sovet hukumati oʻrnatilgandan keyingi ahvoli[tahrir | manbasini tahrirlash]
1918-yil fevralda Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan qonga botirilgach, jadidchilik harakati kuchli oʻzgarishga uchradi. Sovet rejimi bilan murosa qilishni xohlamagan Turkiston jadidlarining katta qismi istiqlolchilik harakati saflarida va yashirin milliy tashkilotlarda faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, ayrimlari sovet hukumati idoralarida ish boshlashga majbur boʻldilar.
Buxoro amirligi va Xiva xonligida ahvol sal boshqacharoq kechdi. 1920-yilda qizil armiya har ikki davlat hududiga bostirib kirdi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilib, jadidlar hokimiyat tepasiga kelishdi. Demak, 1920-yildan jadidchilik harakati oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga, yaʼni sovetlar bilan murosa yoʻliga qadam qoʻydi.
1920-yil 1-7-sentabrda Bokuda Sharq xalqdari qurultoyi chaqirildi. Qurultoyda qabul qilingan qarorlar Turkiston xalqlarining keyingi taqdirida muayyan rol oʻynadi. Unda MunavvarqoriTuror RisqulovChoʻlponSalimxon TillaxonovRajab MuhamedovQudratilla YunusovToshpoʻlatbek NorboʻtabekovObidjon MahmudovToʻraqul JonuzoqovZayniddin qori NasriddinovHoji Safo JoʻraboyevGʻozi Yunus kabi turkistonlik millat fidoyilaridan jami 90 kishi ishtirok etdi. Qurultoy ishida Turkiyadan kelgan va shaxsan Leninning oʻzi yuborgan Anvar posho ham qatnashdi. Biroq, mazkur qurultoy bolsheviklarning Angliyaga qarshi qaratilgan doʻq-poʻpisasi ekanligi majlislarda ayon boʻldi. Shu bois turkistonlik 40 nafar delegat qurultoy tugagach, oʻzaro kengash oʻtkazib, unda „Turkistondagi sovet hokimiyatiga qarshi tashviqot ishlari“ni avj oldirishga va „Oktabr inqilobining uch yilligi kunida umumxalq qoʻzgʻoloni koʻtarish“ga axd qildilar. Biroq, ularning bu rejasi toʻliq amalga oshmadi.
Turkiston jadidlari faoliyati butun oʻlkani qamraydigan, inglizlarning skauting maktab dasturiga yaqin dastur asosida ishlaydigan „Turon kuchi“, „Turk kuchi“, „Temur“, „Izchilar“, „Lochin“ kabi guruhlarni tuzdilar. Bu guruxlar oʻrta maktab taʼlimi, hunar, sanʼatdan tashqari, harbiy mashqlar bilan shugʻullanib, shoʻrolarga asosiy zarba beruvchi kuch sifatida koʻrina boshladi. 1920-yil sovet rejimi bu guruxlar faoliyatini tugatdi.
Fargʻona va Toshkentdagi voqealar yakuni jadidlarning umidlarini soʻndira olmadi. Ular Buxoro respublikasi rahbarlari bilan birgalikda ish boshladilar. Buxoroda jadid taraqqiyparvarlar firqasi tuzildi. Bu firqa dasturiga koʻra, davlatni jumhuriyat raisi (prezident) va parlament boshqarishi koʻzda tutilgan edi.
1921-yil 2-5-avgustda Buxoroda Validiy boshchiligida Turkiston milliy birligi tashkiloti tuzildi. U istiqlolchilik harakatini jipslashtirishda muhim rol oʻynaydi. Turkiston milliy birligi tashkiloti bilan Munavvarqori rahbarligidagi „Milliy ittihod“ (1919-yil tuzilgan) tashkiloti oʻzaro hamkorlikda faoliyat koʻrsatdi. Har ikki tashkilotning asosiy maqsadi Buxoro respublikasi, umuman, Turkiston mintaqasini sovetlashtirish va ruslashtirish taʼsiridan saqlab qolish, Turkistonning mustaqilligiga erishish boʻlgan. 1925-yil „Milliy ittihod“ tashkiloti asosida „Milliy istiqlol“ tashkiloti tuziladi.
Soʻnggi yillari
Jadidchilik harakatining soʻnggi yillari faol siyosiy kurashlar bilan ajralib turmaydi. Bu davrda sovet rejimi turli siyosiy ishlar („Oʻn sakkizlar guruhi“, „Inogʻomovchilik“, „Qosimovchilik“, „Badriddinovchilik“ va boshqa) tuzib, milliy ziyolilarni ommaviy ravishda qatagʻon qilishga kirishdi. 1929-yil noyabrda Munavvarqori boshchiligidagi 38 kishining qamoqqa olinishi (keyinchalik ularning soni 87 kishiga yetgan) bilan jadidchilik harakatiga kuchli zarba berildi.
Jadidchilik harakati siyosiy maʼrifatparvarlikdan jadid taraqqiyparvarlar firqasi darajasiga koʻtarila oldi. Bu harakat hamda firqa aʼzolari oʻz faoliyati va dasturiga koʻra, shoʻro adabiyotlarida aytilganidek, „bir hovuch boylar manfaatiga xizmat qiluvchi liberal burjuaziya vakillari“ emas, balki Turkistonning barcha xalqlari taqdirini oʻylab ish koʻrgan demokratik jarayonning namoyandalari edi.
Turkistonda sovet xo
kimiyati zoʻravonlik yoʻli bilan oʻrnatilgach, jadidlarning bir qismi faol siyosiy xayotdan chetlashib, faqat badiiy ijod bilan shugʻullandi (Abdulvohid BurhonovAbdulla AvloniySadriddin Ayniy va boshqalar). Ayrim jadidlar sovet idoralari madaniy-maʼrifiy shohobchalarida mehnat qilishdi (Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Munavvarqori, HamzaSaʼdullaxoʻja TursunxoʻjayevToshpoʻlatbek Norboʻtabekov va boshqalar). Baʼzi jadidlar „mahalliy kommunistlar“ sifatida yuqori davlat va hukumat lavozimlarida ishlashni davom ettirdi (Fayzulla XoʻjayevAbdulqodir MuhiddinovNizomiddin Xoʻjayev va boshqalar). Ayrim jadidlar boʻlsa, Turkistondagi istiqlolchilik harakati saflariga borib qoʻshildi va xorijga muhojirlikka joʻnab ketdi (Usmonxoʻja PoʻlatxoʻjayevSadriddinxon SharifxoʻjayevAbdulhamid Oripov va boshqalar).
Jadidchilik harakatining barcha taniqli namoyandalari (Sadriddin Ayniydan tashqari) 30-yillarda sovet mustabid rejimi tomonidan amalga oshirilgan qirgʻin natijasida halok boʻldi. Jadidchilik harakatiga sovet davrida „millatchilik“, panturkizmpanislamizm tamgʻalari bosilib, qoralandi. Jadid adabiyotini oʻqish taqiqlandi.
Oʻzbekiston mustaqilligidan keyingi talqin
Sovet davrida yozilgan adabiyotlarda jadidchilikka „burjua-liberal harakat“ deb taʼrif berilgan. SSRI parchalanib ketganidan keyin jadidchilik harakati va uning namoyandalari nomi qayta tiklandi. Tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, faylasuf, huquqshunos, sanʼatshunos va pedagog olimlar jadidlarning ilmiy va adabiy merosini oʻrganishda dastlabki natijalarni qoʻlga kiritishdi. Mustaqillik yillarida FitratChoʻlponAbdulla Avloniyning 2 jildli, BehbudiyAbdulla QodiriySidqiy XondayliqiyIbratAjziySoʻfizodaning 1 jildli, shuningdek, Fayzulla XoʻjayevMunavvarqoriPolvonniyoz hoji Yusupovning asarlari chop qilindi. Jadidlarning 20 ta mashhur vakili kiritilgan „Unutilmas siymolar. Jadidchilik harakatining namoyandalari“ (Toshkent, 1999) albom-kitobi nashrdan chiqdi. Ularning faoliyati darslik va qoʻllanmalarga kiritildi.
1999-yil 16-18-sentabrda Toshkentda „Markaziy Osiyo 20-asr boshida: islohotlar, yangilanish, taraqqiyot va mustaqillik uchun kurash (Jadidchilik, Muxtoriyatchilik, Istiqlolchilik)“ mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazilib, unda AQSHGermaniyaFransiyaItaliyaNiderlandiyaTurkiyaRossiyaHindiston va boshqa mamlakatlardan kelgan nufuzli olimlar jadidchilik va istiqlolchilik harakatlari toʻgʻrisida jahon ilm-fanida toʻplangan soʻnggi xulosalar yuzasidan oʻzbekistonlik hamkasblari bilan oʻzaro fikr almashdilar. Jadidchilik harakati jahonshumul ahamiyatga molik hodisa ekanligi eʼtirof qilindi. Konferensiyada ushbu muammoni tadqiq qiluvchi xalqaro ilmiy kengash tuzildi
Download 47.9 Kb.
1   2   3




Download 47.9 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Jadidchilik Tavsifi Jadidchilik yoki jadidizm — XIX asr oxiri XX asr boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, maʼrifiy harakatdir

Download 47.9 Kb.