Tadqiqotning umumiy mantiqiy metodi va usullari




Download 1,16 Mb.
bet43/143
Sana03.06.2024
Hajmi1,16 Mb.
#259466
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   143
Bog'liq
Kompyuter falsafasi

Tadqiqotning umumiy mantiqiy metodi va usullari.
1. Analiz – obyektni amalda yoki fikran tarkibiy qismlarga ajratish; sintez – qismlardan butunni, xuddi shunday tarzda, qayta birlashtirish. Sintez natijasida mutlaqo yangi obyekt hosil bo‘ladi.
Analiz (tahlil qilish faoliyati) jarayonida fikr murakkablikdan oddiylikka, tasodifdan zaruratga qarab, xilma-xillikdan ayniyatga va birlikka qarab harakat qiladi. Analiz qilishning maqsadi qismlarni, murakkab butunning unsurlari sifatida bilish va ular o‘rtasidagi aloqa va qonuniyatlarni aniqlashdan iboratdir. Biroq, analiz mohiyatni ajratib qarashga olib keladiki, mavhum holda qolayotgan birlik, xilma-xillikdagi birlik sifatida hali ochilmagan bo‘ladi. Sintez, aksincha, analiz vositasi bilan ajratilgan qismlar, xossalar, munosabatlarni yagona bir butunga birlashtirish jarayonidan iborat. Sintez birlikdan tafovutga va xilma-xillikka qarab yunaltirilgan bo‘lib, umumiylik va ayrimlikni, birlik va xilma-xillikni muayyan jonli butunga birlashtiradi. Analiz va sintez chambarchas bog‘liq holda amal qiladi.
2. Mavhumlashtirish – o‘rganilayotgan hodisaning bir qancha xossalari va nisbatlaridan fikran uzoqlashish, ayni paytda tadqiqotchini qiziqtirgan xossalarni (eng avvalo, muhim, umumiy xossalarni) ajratish jarayoni. Mazkur jarayon natijasida har xil «mavhum predmetlar» olinadi. Bunda «mavhum predmetlar» deganda alohida tushunchalar va kategoriyalar («rivojlanish», «qarama-qarshilik», «fikrlash» va b.) hamda ularning tizimlari tushuniladi. Matematika, mantiq, dialektika va falsafa eng rivojlangan tizimlardir.
Ko‘rib chiqilayotgan xossalarning qay biri muhim, qaysinisi ikkinchi darajali ekanligini aniqlash mavhumlashtirishning bosh masalasidir. Mazkur masala har bir muayyan holatda, eng avvalo, urganilayotgan predmetning tabiatiga, shuningdek, tadqiqotning muayyan vazifalariga qarab hal qilinadi.
3. Umumlashtirish – predmetning umumiy xossa va belgilarini aniqlash jarayoni bo‘lib, mavhumlashtirish bilan chambarchas bog‘liq. Bunda har qanday umumiy (abstrakt-umumiy) yoki muhim (muayyan umumiy, qonun) belgilar ajratilishi mumkin.
4. Ideallashtirish – voqelikning tajribada prinsipial amalga oshirib bo‘lmaydigan, lekin real olamda ularning timsoli bo‘lgan obyektlarning tushunchalarini fikran shakllantirishni ifodalaydigan («nuqta», «ideal gaz», «mutlaqo qora jism» va sh.k.) tushuncha.
Ideallashtirilgan obyektlar, pirovard natijada, obyektiv ashyolar, real jarayon va hodisalarning in’ikosi sifatida maydonga keladi. Ideallashtirish yordamida shakllangan tushunchalardan keyinchalik real obyektning in’ikosi sifatida izlanishlar olib borishda, mulohazalar yuritishda, real jarayonlarning mavhum sxemalarini tuzishda foydalanish mumkin.
Ideallashtirish ilmiy yoki g‘ayriilmiy, real yoxud mavhum bo‘ladi. Ilmiy, real ideallashtirishni mavhum ideallashtirishdan farqlaydigan belgi shundan iboratki, unda hosil etilgan ideallashtirish obyektlari, shaxslar muayyan sharoitlarda ideallashtirilgan, ya’ni real obyektlar atamalarini ishlatib, talqin etish mumkin.
5. Induksiya – ayrimlik (tajriba, fakt)dan umumiyga (ularni umumlashtirib xulosa chiqarishga) fikran harakat qilish; deduksiya – bilish jarayonining umumiydan ayrimlikka yuksalishi. Induksiya va deduksiya o‘zaro bog‘lanadi hamda bir-birini to‘ldiradi. Tajriba hamisha cheksiz va nomukammal bo‘lganligi uchun induktiv xulosalar doim muammoli (ehtimoliy) xususiyatga egadir. Induktiv umumlashtirishlarga, odatda, tajribada bilingan haqiqatlar (empirik qonunlar), deb qaraladi.
Induktiv umumlashtirish turlaridan ommaviy induksiya, to‘liqsiz induksiya, to‘liq induksiya, ilmiy induksiya va matematik induksiya ajratiladi. Mantiqda sababiy aloqalarni aniqlashning induktiv metodlari–induksiya qonunlari (Bekon-Mill induktiv tadqiqot qoidalari) farqlanadi. Yagona o‘xshashlik, yagona tafovut, o‘xshashlik va tafovut, bog‘liq o‘zgarishlar metodlari va qoldiqlar metodi shular jumlasidandir.
Deduksiyaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, tadqiqotchi deduksiya vositasida bir sinf, bir jins, bir guruh narsa yoki hodisa to‘g‘risidagi umumiy bilimlardan ularning har biri haqida alohida bilimlarni hosil qiladi. Insonning bilish tajribasidan shu narsa ma’lumki, agar biron xususiyat bir toifa yoki bir jinsdagi hamma narsa yoki hodisalarga xos bo‘lsa, bu xususiyat shu toifa yoki jinsga oid har bir narsa yoki hodisaga ham xos bo‘ladi.
6. Analogiya (moslik, uxshashlik) – o‘xshash bo‘lmagan obyektlarning ayrim jihatlari, xossalari va munosabatlaridagi o‘xshashliklarni aniqlash. Aniqlangan o‘xshashlik asosida tegishli analogiya bo‘yicha xulosa chiqariladi. Uning umumiy sxemasi: B obyekt a, b, c, d belgilarga ega; C obyekt b, c, d belgilarga ega; binobarin, C obyekt a belgiga ega bo‘lishi mumkin. Analogiya haqiqiy emas, balki ehtimoliy bilim beradi. Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarishda muayyan obyekt («model»)ni ko‘rib chiqish natijasida olingan bilim boshqa nisbatan kam o‘rganilgan obyektga ko‘chiriladi.
7. Modellashtirish – borliqni bilvosita o‘rganish usuli. Biron obyektning xususiyatlarini ularni o‘rganish uchun maxsus tuzilgan boshqa obyektda qayta hosil qilishdir. Modellashtirish asosida tadqiq qilinayotgan obyekt bilan uning modeli o‘rtasidagi o‘xshashlik, muvofiqlik yotadi. Mazkur usul ilmiy tadqiqot jarayonini yengillashtiradi, obyektning o‘rnini bevosita tadqiq etish mumkin bo‘lmagan, qimmat bo‘lgan, juda uzoq vaqt talab qiladigan holatlarda modelga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Modellashtirish shakllari xilma-xil bo‘lib, foydalanilayotgan modellarga va modellashtirish qo‘llanayotgan sohaga bog‘liq. Modellarning xususiyatiga qarab moddiy (predmetli) modellashtirish va ideal modellashtirish farqlanadi. Moddiy modellar tabiiy obyektlar hisoblanadi. Ular o‘z faoliyatida tabiiy qonunlar–fizika, mexanika qonunlariga buysunadi. Ideal modellar tegishli belgilar shaklida ifodalanadi.
Muayyan obyektni moddiy (predmetli) modellashtirishda uni urganish original bilan bir xil fizik tabiatga ega bo‘lgan ma’lum modelni tadqiq qilish bilan almashtiriladi (samolyot, kema va kosmik apparatlarning modellari).
Ideal (belgili) modellashtirishda modellar grafiklar, chizmalar, formulalar, tenglamalar sistemalari, tabiiy va sun’iy til gaplari (timsollar) shaklida bo‘ladi. Hozirgi vaqtda matematik modellashtirish (kompyuterda modellashtirish) keng tarqalgan.
8. Sistemali yondashuv – fanda turli obyektlarni sistemalar sifatida tadqiq etishni nazarda tutadigan metodologik tamoyil (talab)lar majmui. Mazkur talablarga quyidagilar kiradi:
a) har bir elementning tizimdagi o‘rni va funksiyalariga bog‘liqligini aniqlash, bunda butunning xossalari uning tarkibiy qismlari xossalarining yig‘indisiga bog‘liq bo‘lmasligini e’tiborga olish;
b) tizimning xulq-atvori uning alohida tarkibiy qismlari xususiyatlari hamda uning tuzilishi xossalariga qay darajada bog‘liqligini tahlil qilish;
v) tizim bilan muhitning o‘zaro aloqalari mexanizmini tadqiq qilish;
g) mazkur tizimga xos bo‘lgan darajalilikning xususiyatini o‘rganish;
d) tizimni har tomonlama, ko‘p jixatli tavsiflashni ta’minlash;
ye) tizimga dinamik rivojlanayotgan yaxlitlik deb qarash.
Sistemali yondashuv o‘z-o‘zidan rivojlanuvchi murakkab obyektlarni (ko‘pdarajali, iyerarxik, o‘z-o‘zini tashkil etuvchi biologik, psixologik, sotsial va h.k. sistemalarni) tadqiq etishda keng qo‘llaniladi. Sistemali yondashuvning muhim xususiyati shundaki, faqat tadqiqot obyektigina emas, balki tadqiqot jarayonining o‘zi ham murakkab sistema sifatida namoyon bo‘ladi. Uning asosiy vazifasi obyekt turli modellarini yaxlit qilib birlashtirishdir.
«O’z-o‘zini tashkil etish» tushunchasi sistemali yondashuvning muhim tushunchasidir. Mazkur tushuncha tarkibiy qismlari o‘rtasidagi aloqalar qat’iy emas, balki ehtimoliy xususiyatga ega bo‘lgan murakkab, ochiq, o‘z-o‘zini rivojlantiruvchi tizim (tirik hujayra, organizm, biologik populyasiya, odamlar jamoasi va sh.k.)ni yaratish, rivojlantirish yoki takomillashtirish jarayonini tavsiflaydi.
Hozirgi zamon fanida o‘z-o‘zini tashkil etuvchi tizimlar o‘z-o‘zini tashkil etish umumilmiy nazariyasi – sinergetikaning tadqiqot predmetini tashkil qiladi.
9. Strukturaviy-funksional (strukturaviy) metod yaxlit tizimlarda ularning strukturasini, strukturaning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi barqaror munosabatlar va o‘zaro aloqalarni hamda ularning bir-biriga nisbatan rollari (funksiyalari)ni ajratish asosiga quriladi.
Struktura – tizimning tuzilishi va ichki shakli, mazkur tizimning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi barqaror o‘zaro aloqalarning birligini ifodalovchi falsafiy tushuncha. Funksiya esa mazkur tizim har bir tarkibiy qismining «vazifasi» deb tushuniladi (ma’lum biologik a’zo funksiyalari, davlat funksiyalari, nazariyaning funksiyalari va h.k.).
Strukturaviy-funksional (strukturaviy) metodning (unga ba’zan sistemali yondashuvning turi deb ham qaraladi) asosiy talab (jarayon)lari:
a) tizimli obyektning tuzilishi, strukturasini o‘rganish;
b) uning tarkibiy qismlarini va ularning funksional xususiyatlarini tadqiq qilish;
v) mazkur tarkibiy qismlardagi va ularning funksiyalaridagi o‘zgarishlarni tahlil qilish;
g) butun tizimli obyektning rivojlanishi (tarixi)ni ko‘rib chiqish;
d) barqaror faoliyat ko‘rsatayotgan obyektning barcha tarkibiy qismlariga shu barqarorlikni saqlashga xizmat qilayotgan tizim sifatida qarash.
10. Ehtimoliy-statistik metodlar barqaror takroriylik bilan tavsiflanadigan ko‘plab tasodifiy omillarning ta’sirini e’tiborga olishga asoslanadi. Bu ko‘plab tasodiflarning umumiy ta’siri orqali o‘ziga yo‘l ochadigan zarurat (qonun)ni ochish imkonini beradi. Mazkur metodlar ko‘pincha tasodiflar haqidagi fan deb ataladigan ehtimollik nazariyasiga tayanadi.
Ehtimollik – haqiqatga da’vogarlik qiluvchi va bunga yetarli asosi bo‘lmagan ilmiy hayotiy tushuncha. Ehtimollikning diapazoni–noldan (mumkin emaslikdan) birgacha (voqelikkacha). Mazkur metodlar dinamik va statistik qonunlarni farqlashga asoslanadi. Bunda ular mazkur qonunlardan kelib chiqadigan bashoratlarning xususiyatiga tayanadi. Dinamik qonunlarda bashoratlar aniq belgilangan bir ma’noli xususiyatga ega bo‘ladi (masalan, klassik mexanikada).
Statistik qonunlarda bashoratlar haqiqiy emas, balki ehtimoliy xususiyatga ega bo‘ladi. Bu xususiyat ko‘plab tasodifiy omillarning ta’siri bilan belgilanadi. Ilmiy bilish tarixi ko‘rsatganidek, «biz zarurat va tasodif bilan bog‘lik barcha muammolarning ahamiyatiga endi-endi munosib baho bera boshlayapmiz».
Ehtimoliy-statistik metodlar tasodifiy xususiyatga ega bo‘lgan ayrim hodisalarni emas, balki ommaviy hodisalarni o‘rganish (kvant mexanikasi, statistik fizika, sinergetika, sotsiologiya va boshqa fanlar)da keng qo‘llaniladi. Bugungi kunda fanga ehtimoliy fikr yuritish tarzi kirib kelayotganligi to‘g‘risida ko‘p gapirilmoqda.
Umumilmiy yondashuvlarning muhim roli shundan iboratki, o‘zining «oraliq xususiyati»ga ko‘ra, ular falsafiy va alohida ilmiy bilim (shuningdek, tegishli metod)larning o‘zaro o‘tishida vositachilik qiladi. Mazkur metodlar barcha fanlarda qo‘llanilganligi uchun ham ular umumilmiy metodlar deb ataladi. Ammo ularni fanlarda qullashda har bir fan yoki fan sohasining xususiyatlari, tabiiy, ijtimoiy va ma’naviy hodisalarni bilish xususiyatlari e’tiborga olinadi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarda kuzatish natijalari ko‘p jixatdan kuzatuvchining shaxsiga, uning hayotiy qarashlariga va boshqa subyektiv omillarga bog‘liq bo‘ladi. Mazkur fanlarda oddiy (odatdagi) kuzatish (faktlar va hodisalar chetdan turib qayd etiladi) va ishtirokchilikka asoslangan (ichdan turib) kuzatish (bunda tadqiqotchi ma’lum ijtimoiy muhitga qo‘shiladi, unga moslashadi va hodisalarni «ichdan» tahlil qiladi) farqlanadi. Psixologiyada kuzatishning o‘z-o‘zini kuzatish (introspeksiya) va empatiya (boshqa odamlarning ruhiy kechinmalariga kirib borish, ularning ichki dunyosi–sezgilari, fikrlari, hoxish-istaklarini tushunishga intilish va h.k.) farqlanadi.
Etnometodologiya ichdan turib kuzatishning turlaridan biri bo‘lib, u ijtimoiy hodisa va voqealarni tavsiflash hamda kuzatish natijalarini ularni tushunish g‘oyalari bilan to‘ldirishni nazarda tutadi. Mazkur yondashuv hozirda etnografiya, ijtimoiy antropologiya, sotsiologiya va kulturologiyada tobora keng qo‘llanilmoqda.
Ijtimoiy eksperimentlar tobora rivojlanmoqda, ular ijtimoiy tashkil etish va jamiyatni boshqarishni oqilonalashtirishning yangi shakllarini amalga tatbiq etishga ko‘maklashmoqda. Ijtimoiy eksperiment obyekti odamlarning ma’lum guruhi eksperimentning bevosita ishtirokchilaridan biri bo‘lib, ularning manfaatlari bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi, tadqiqotchi esa o‘zi o‘rganayotgan vaziyatga bevosita qo‘shiladi.
Ijtimoiy eksperimentlar tadqiqotchidan axloqiy va yuridik norma va prinsiplarga qat’iy rioya etishni talab qiladi. Bu yerda (tibbiyotda bo‘lgani singari) «ziyon yetkazma!» tamoyili muhim ahamiyatga ega. «Insonning intim dunyosiga kirish quroli bo‘lib xizmat qilish» (V.V. Ilin) - ijtimoiy eksperimentlarning asosiy xususiyati.
Psixologiyada muayyan ruhiy faoliyat qanday shakllanishini aniqlash uchun tajriba utkazilayotgan shaxs turli eksperimental sharoitlarga qo‘yiladi va unga ma’lum masalalarni hal qilish taklif etiladi. Bunda murakkab ruhiy jarayonlarni shakllantirish va ularning tuzilishini yanada chuqurroq tadqiq qilish mumkin. Mazkur yondashuv pedagogik psixologiyada shakllantiruvchi eksperiment, deb nomlanadi.



Download 1,16 Mb.
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   143




Download 1,16 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Tadqiqotning umumiy mantiqiy metodi va usullari

Download 1,16 Mb.