|
Ma’lumotlarni voqea, hodisa, faoliyat yoki undagi tafsilotlar bilan birga ularning qayerda mavjud ekanligini tasvirlar, jadvallar orqali aks ettirish mumkin
|
bet | 68/142 | Sana | 21.12.2023 | Hajmi | 9,82 Mb. | | #126251 |
Bog'liq Ma’lumotlarni voqea, hodisa, faoliyat yoki undagi tafsilotlar biTopologiya – bu geometrik jihatdan bir-biriga bogʻliq boʻlgan shakllarning majmuasi va ilmidir. Topologik modellar kartalar elementi va kartani toʻlaligicha grafik ravishda tasvirlashga imkon beradi. GATning boshqa dasturiy tizimlardan farqi ham aynan topologiyalar bilan ishlashga moʻljallanganligidadir. Topologiya obyektlarning fazoviy bogʻlanishlarini aniqlovchi jarayondir. Shuni aytish joizki, kartalardagi chiziqli va maydonli obyektlar uchun topologiya tushunchasi turlicha qoʻllaniladi. Masalan, chiziqli obyektlarning topologiyasi chiziqlar toʻplamida ularning bir-biriga aloqadorligi, yoʻnalishi va uzunliklari aniqlanganda qoʻllanilsa, maydonli obyektlar topologiyasi deganda maydonlarning mazmuni, bir-biriga nisbatan joylashuvi (qoʻshni joylashuvi) kabilar tushunilishi zarur.
Topologiyalash – bu topologiya qurishning avtomatik yoki interaktiv (yarim avtomatik) jarayonidir. Lekin topologik boʻlmagan modellarni vektor topologik modellarga oʻzgartirish jarayonini vektorlash jarayoniga kiritishimiz oʻrinlidir.
GATda qoʻllaniladigan topologiya tushunchasini kengroq yoki qiyosiy darajada geometriya fani orqali tushuntiradigan boʻlsak, quyidagicha ta’riflash mumkin: GATdagi topologiyada fazoviy ma’lumotlar yoki vektor topologik modellardagi geometrik shakllarning bir-biriga nisbatan joylashuvi va ularning mazmun- mohiyati oʻrganilsa, geometriya fanida geometrik shakllarning fazoda qanday joylashganligi oʻrganiladi. Topologiyani tasvirlashda geografik obyektlarning aloqadorlik roʻyxati tuziladi, ya’ni bunda obyektlarning bir-biriga qanday bogʻlanishi, davomiyligi va maydonli obyektlarning chegaralanishi aks etadi.
Agar biz shu kungacha kartadagi obyektlarni nuqta, chiziq va poligonlar yordamida tasvirlash usullarini oʻrgangan boʻlsak, topologiya oʻsha usullarga qoʻshimcha hisoblangan mazkur obyektlarning fazoviy jihatdan bir-biriga bogʻliqligini ham oʻrganadi. Masalan, kartada bir-biriga qoʻshni boʻlgan ikkita yer uchastkasini koʻrishimiz mumkin. Raqamli kartalarda mana shunday bir- biriga bogʻliqliklarni tasvirlash usullari topologiya yordamida koʻrsatiladi.
4.22-rasmda poligonlarning qoʻshni poligonlar bilan joylashuvi tasvirlangan (6 ta poligon) boʻlib, doira ichidagi sonlar poligon tartib raqamlarini bildiradi. Oʻng tarafda joylashgan jadvalda har bir poligonni tashkil etuvchi polichiziqlar roʻyxati berilgan.
Masalan, 2-raqamli poligon 4,6,7,10- va 8-raqamli polichiziqlar yordamida hosil qilinishi mumkin. 0 raqami bu yerda 8-chiziqning yopiq chiziq ekanligini bildiradi. Har bir chiziqning koordinatasi uning pastki qismida berilgan.
4.22-rasm. Topologik koʻrish jarayonida poligonni chegaralab turgan chiziqlar (Manba:Longley, 2005)
Bu jadvallar ham atribut ma’lumotlarga misol boʻla oladi. Atribut ma’lumotlarning topologik ma’lumotlardan farqi shundaki, atribut ma’lumotlarda barcha tegishli ma’lumotlar kiritilsa, topologik ma’lumotlarda nuqta, chiziq, maydon yoki poligonlarning fazoviy bir-biriga nisbatan joylashuvi va uning oʻrni, koordinatalari keltiriladi. Atribut ma’lumotlar orqali biz ma’lum bir yer uchastkasi toʻgʻrisidagi huquqiy va iqtisodiy ma’lumotlarni keyinchalik hisobot yozish va tasavvur hosil qilish uchun bilsak, topologik ma’lumotlar asosida kartalardagi alohida qatlamlarni bir-biriga koordinatasining chegarasini moslab, ustma-ust qoʻyish uchun ishlatamiz.
4.23-rasm chiziqlar qaysi poligonlarni chegaralashi toʻgʻrisidagi tushunchaga ega boʻlishimizga yordam beradi. Demak, oʻng va chap taraf poligon yoki maydonlarning joylashuvini bilgan holda, kartalarni bir-biriga ustma-ust qoʻyayotganda adashmasligimizga yordam beradi va aniqroq karta olishimizga imkoniyat yaratadi.
4.23-rasm. Poligonlarni chegaralash chiziqlari topologiyasi
(Manba: Longley, 2005)
Topologik jihatdan bir-biriga fazoviy bogʻliq obyektlarni yaratish va ularni saqlash birmuncha qulayliklarni beradi. Topologiyani qoʻllaganda ma’lumotlar samaraliroq saqlanadi. Bu, oʻz navbatida, ma’lumotlar qayta ishlovini tezlashtirishga yordam beradi va katta hajmdagi ma’lumotlar toʻplamini qayta ishlash osonlashadi.
Topologiya mavjudligi turli xil tahliliy ishlarni bajarishga yordam beradi, jumladan, chiziqlarni koordinata turiga bogʻlab oqim modelini hosil qilish mumkin. Arc/Info dasturi doirasida 3 ta topologik tamoyil oʻrganiladi:
Yoy va chiziqlar bir-biri bilan tugun (node) orqali bogʻlanadi.
Shaklni chegaralab turgan yoy chiziqlar poligonni koʻrsatib beradi (shakl va maydonlarni koʻrsatish).
Yoy chiziqlar yoʻnalishga hamda oʻng va chap taraflarga ham ega.
Topologik operatsiyalardan keyingi muhim bosqichlardan biri bu overley (qatlamlar) operatsiyalaridir. Topologik operatsiyalar ushbu operatsiyalarga misol boʻla oladi. Bunda ikki yoki undan ortiq qatlamlar oʻzaro ustma-ust tushiriladi va kerakli ma’lumotlar toʻplami hosil qilinadi.
Ba’zida muammoni hal qilish uchun kartaga qarab u toʻgʻrisida ma’lumot olishning oʻzi kifoya qilmaydi va shunday paytlarda ma’lumotni oʻlchash zarur boʻladi. Oʻlchash ham soʻrovning bir turi hisoblanadi, biroq bunda GAT ma’lumotlar bazasida hech qanday obyektlar belgilanmaydi. Bu usul orqali statistik, matematik, geometrik natijalar olinadi, xolos. Geofazoviy oʻlchovlarda ikki xil, ya’ni chiziqli va masofani oʻlchash juda keng qoʻllaniladi.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
Ma’lumotlarni voqea, hodisa, faoliyat yoki undagi tafsilotlar bilan birga ularning qayerda mavjud ekanligini tasvirlar, jadvallar orqali aks ettirish mumkin
|