|
Ma’ruza -2 Ekektr tokning ta’sir qiluvchi omillari va ularning miqdor birliklari
|
Sana | 12.01.2024 | Hajmi | 23,45 Kb. | | #135557 |
Bog'liq 2ElXavf ma\'ruza-2
Ma’ruza -2
Ekektr tokning ta’sir qiluvchi omillari va ularning miqdor birliklari
Elektr toki ta‘siridan inson organizmida termik (issiqlik), elektrolitik va biologik o‘zgarishlar kuzatiladi.
Elektr tokining issiqlik ta‘siri inson tanasining ba‘zi qismlarida kuyish, qon tomirlari, asab hujayralarining qizishi sifatida kuzatiladi. Elektrolitik ta‘sir deb, qon tarkibidagi yoki hujayralar tarkibidagi tuzlarning parchalanishi natijasida, qonning fizik va ximik xusussiyatlarini o‘zgarishiga olib keladigan holat tushuniladi. Bunda elektr toki markaziy asab va yurak tizimini kesib o‘tmasdan tananing ba‘zi bir qism-larigagina ta‘sir ko‘rsatishda ro‘y beradi.
Inson organizmi asosan bioelektrik toklar yordamida boshqariladi. Elektr tokining biologik ta‘siri, bu tirik organizm uchun xos bo‘lgan xusussiyat hisoblanadi. Bu ta‘sir natijasida inson organizmidagi tirik hujayralar, muskullarning keskin qisqarishi natijasida to‘lqinlashadi, organizmdagi bioelektrik jarayonlarning buzilishi ro‘y beradi. Bunga tashqi muhitdan yuqori kuchlanishdagi elektr tokining ta‘siri, bu biotoklar tartibini buzib yuboradi va buning natijasida inson organizmida tok urish hodisasi vujudga keladi. Ya‘ni, boshqarilmay qolgan organizmda hayot faoliyatining ba‘zi bir vazifalari, nafas olish tizimlari ishlarining buzilishi, qon aylanish tizimining ishlamay qolishi va h.k. bajarilmay qoladi.
Elektr tokining inson organizmiga ta‘sirining xilma-xilligidan kelib chiqib, umuman elektr toki ta‘sirini ikki guruhga bo‘lib qarash mumkin: elektr tokini mahalliy ta‘siri va urishi.
Elektr tokini mahalliy ta‘siriga: elektr toki ta‘siri natijasida kuyib qolish, terining metallanib qolishini ko‘rsatish mumkin. Elektr toki ta‘siridan kuyish, asosan organizm bilan elektr o‘tkazgichi o‘rtasida elektr yoyi hosil bo‘lganda sodir bo‘ladi. Elektr o‘tkazgichdagi kuchlanishning ta‘siriga qarab bunday kuyish turlicha bo‘lishi mumkin: engil kuyish - pufakchalar hosil bo‘lishi; og‘ir kuyish - hujayra va terilar-ning ko‘mirga aylanishidan og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Elektr belgilari, bu terining ustki qismida aniq kulrang-och-sarg‘ish rangli 1-5 mm diametrdagi belgi paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Bunday belgilar odatda xavfli emas. Terining metallanib qolishida, erib mayda zarrachalarga parchalanib ketgan metallar teri ichiga kirib qoladi. Bu holat elektr yoyi hosil bo‘lganda ro‘y beradi. Ma‘lum vaqt o‘tgandan keyin bu teri ko‘chib tushib ketadi va hech qanday asorat qoldirmaydi.
Elektr toki urishi to‘rt darajaga bo‘lib qaraladi:
I - muskullar keskin qisqarilishi natijasida odam tok ta‘siridan chiqib ketadi va hushini yo‘qotmaydi;
II - muskullar keskin qisqarishi natijasida odam hushini yo‘qotadi, ammo yurak va nafas olish faoliyati ishlab turadi;
III - muskullar keskin qisqarishi natijasida odam hushini yo‘qotib, nafas olish tizimi yoki yurak urishi to‘xtab qoladi.
IV - klinik o‘lim holati, bunga insonga hech qanday hayot alomatlari ko‘rin–may qoladi.
Klinik o‘lim holati - bu hayot bilan o‘lim orasidagi ma‘lum oraliq bo‘lib, ma‘lum vaqtgacha inson ichki imkoniyatlar hisobiga yashab turadi. Bu vaqtda unda hayot belgilari: ya‘ni, nafas olish, qon aylanish bo‘lmaydi, tashqi ta‘sirlarga befarq bo‘ladi, og‘riq sezmaydi, ko‘z qorachig‘i kengaygan va yorug‘likni sezmaydi.
Ammo bu davrda hali undagi hayot butunlay so‘nmagan, hujayralarda ma‘lum modda almashinuv jarayonlari davom etadi va bu organizmning minimal hayot faoliyatini davom ettirishga yetarli bo‘ladi, buning uchun tashqi ta‘sir natijasida hayot faoliyatini yo‘qotgan organizmning ba‘zi bir qismlarini tiklash, uni hayotga qaytarish imkoniyatini beradi.
Klinik o‘lim holati 6-8 daqiqa davom etadi. Hech qanday yordam bo‘lmagan taqdirda eng oldin bosh miya qobig‘idagi hujayralar parchalanadi, so‘ngra klinik o‘lim holati biologik o‘lim holatiga o‘tadi.
Biologik o‘lim - qaytarib bo‘lmaydigan jarayon bo‘lib, organizmdagi biologik jarayonlar butunlay to‘xtashi bilan xarakterlanadi, shuningdek organizmdagi oqsil strukturalari parchalanadi. Bu klinik o‘lim vaqti tugagandan keyin ro‘y beradi.
Tokning inson organizmiga ta‘siri bir necha omillarga bog‘liq.
Asosiy omillardan biri inson organizmiga tok ta‘sirining davomiyligi, ya‘ni odam tok ta‘sirida qancha ko‘p qolib ketsa, u shuncha ko‘p zarar ko‘radi.
Ikkinchi omil - inson organizmining shaxsiy xusussiyatlari hamda tokning turi va chastotasi katta rol o‘ynaydi.
Inson organizmining tok ta‘siriga qarshiligi, kuchlanishni ta‘sir darajasini belgilaydi. Chunki inson organizmining qarshiligi o‘zgarmagan holda, kuchlanish ko‘payishi natijasida organizmdan oqib o‘tgan tok miqdori oshib boradi.
Inson organizmining qarshiligi - teri qarshiligi va ichki a‘zolar qarshiliklari yig‘indisi sifatida olinadi.
Teri, asosan quruq va o‘lik hujayralarning qattiq qatlamlaridan tashkil topgan bo‘lib, katta qarshilikka ega, hamda inson organizmining umumiy qarshiligini ifoda-laydi.
Inson organizmini ichki a‘zolarining qarshiligi uncha katta emas.
Odamning quruq, zararlanmagan terisi 2000 dan 20000 Omgacha va undan yuqori qarshilikka ega bo‘lgan holda, namlangan, zararlangan teri qarshiligi 40÷500 Om qarshilikka ega bo‘ladi. Bu qarshilik inson ichki organlari qarshiligiga teng hisoblanadi.
Umuman, texnik hisoblar uchun inson organizmi qarshiligi 1000 Om qabul qilingan.
Inson organizmi orqali 50 Gs 0,6÷1,5 mA tok oqib o‘tsa, buni u sezadi va sezish chegarasidagi tok, elektr toki deb ataladi.
Inson organizmi orqali oqib o‘tadigan tokning miqdori uning asoratini belgilaydi, ya‘ni oqib o‘tgan tok qancha katta bo‘lsa, uning asorati ham shuncha katta bo‘ladi.
Agar inson organizmidan oqib o‘tgan tokning miqdori 10÷15 mA ga etsa, unda organizmdagi muskullar tartibsiz qisqarib, inson o‘z organizmi qismlarini boshqarish qobiliyatidan mahrum bo‘ladi, ya‘ni elektr toki bo‘lgan simni ushlab turgan bo‘lsa, panjalarini ocha olmaydi, unga ta‘sir ko‘rsatayotgan elektr simini olib tashlay olmaydi. Bunday tokni chegara miqdori - ushlab qoluvchi tok deyiladi.
Agar tok miqdori 25÷50 mA ga etsa, unda tok ta‘siri ko‘krak qafasiga ta‘sir ko‘rsatadi, natijada nafas olish qiyinlashadi.
Agar tok ta‘siri bir necha daqiqaga cho‘zilsa, unda nafas olishning to‘xtab qolishi natijada o‘lishi mumkin.
Ta‘sir qiluvchi tok miqdori 100 mA va undan ortiq bo‘lsa, bunday tok yurak muskullariga ta‘sir ko‘rsatadi hamda yurakning ishlash maromi buziladi, qon aylanish tizimi butunlay ishdan chiqadi va o‘limga olib keladi.
Inson organizmi orqali oqib o‘tayotgan tokning davomiyliligi ham alohida ahamiyatga ega, chunki uzoq davom etgan tok ta‘siridan inson organizmining tok o‘tkazuvchanligi ortadi va tokning zararli ta‘siri organizmda yig‘ila borishi natijasida asorat og‘irlasha boradi.
Tokning turi va chastotasi ham zararli ta‘sir ko‘rsatishda muhim rol o‘ynaydi. Eng zararli - 20÷100 Gs atrofidagi elektr toki hisoblanadi. Chastotasi 20 Gs dan kichik va 100 Gs dan katta toklarning ta‘sir darajasi keskin kamayadi. Katta chastotali elektr toklarida tok urish bo‘lmaydi, lekin kuydirishi mumkin.
Agar o‘zgarmas tok bo‘lsa, unda tokning sezish chegarasidagi miqdori 6÷7 mA; ushlab qoluvchi chegara miqdori 50÷70 mA; yurak faoliyatini 0,5 sekund davomida ishdan chiqarishi mumkin bo‘lgan miqdori 300 mA gacha bo‘ladi.
|
| |