|
Janubiy Orol bo‘yining qadimiy aholisi
|
bet | 4/23 | Sana | 19.01.2024 | Hajmi | 125,79 Kb. | | #140813 |
Bog'liq Ma’ruza II o‘zbek xalqining etnografiyasi, etnogenezi va etnik t-fayllar.orgJanubiy Orol bo‘yining qadimiy aholisi. Bu mintaqaning neolit davri aholisi (kaltaminor madaniyati) yevropeoid bo‘lib, mahalliy irq belgilarini o‘zida mujassamlashtirgan, ya'ni dolixokefal bosh chanoqlidir. Bu mintaqaga bronza davrida (tozabog‘yob madaniyati) mahalliy aholi tipidan farq qiluvchi o‘zga etnos vakillari kirib keladilar. O‘zga yurt aholisining (Ko‘kcha 3 materiallari asosida) qiyofasi ham yevropeoid bo‘lib, ularning bosh chanog‘i braxikefal shaklda bo‘lgan. Ko‘kcha 3 odamlari ikki xil bosh chanoqqa ega. Birinchisi o‘zlarining irqiy xususiyatlari bo‘yicha Quyi Volga, Qozog‘iston, Oltoy va Minusinsk pasttekisligi dashtlari bronza davri aholisiga yaqin tursa, ikkinchi guruh odamlar o‘z irqiy belgilariga ko‘ra, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston va Markaziy Osiyoning qadimgi dehqonchilik madaniyatlari aholisi tipiga o‘xshab ketadi. Ularning har ikkalasi ham yevropeoid irqining turli tiplarini tashkil etadi1.
. Ilk temir davri Janubiy Orol bo‘yi aholisi tarkibida ham bronza davriga xos irqiy belgilar saqlanadi. Biroq, bir seriya kraniologik (kalla suyagi) materiallarida ikki xil irq vakillari emas, balki bir individiumda har xil irq belgilarini mujassamlashgan variantlari uchray boshlaydi. Ammo, mahalliy an'anaviy irq belgilari hali kuchli bo‘lib, antropologlar bu holatni Qadimgi Xorazmning quyi soy madaniyati materiallarida kuzatishganlar.
Qadimgi Xorazmda miloddan avvalgi V – IV asrlarga doir antropologik seriya Sulton Uvaystog‘ mozor-qo‘rg‘onlaridan topilgan. Arxeologlarning aytishicha, ular chorvador qabilalarga tegishli. Bu yerga dafn etilgan odamlar, o‘zbeklarga xos braxikefal yevropeoid tip bilan harakterlanadi2. Ammo, dafinalar orasida bir ayol borki, u boshqalardan tubdan farq qilib, mo‘g‘ul bashara janubiy sibir tipini eslatadi. Ehtimol u asiradir yoki qadimgi xorazmliklarga kelin bo‘lib tushgandir. Shu davrga oid Ustyurtdan topilgan antropologik seriyalarda andronovo tipidan (braxikefal yevropeoid tipidan) “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi”ga o‘tish holati kuzatiladi. Bular orasida bir guruh materiallar borki, ular Janubiy-sharqiy Orol bo‘yi odamlarining o‘zginasidir. Janubiy-sharqiy Orol bo‘yi tiplari orasida mongoloid qorishmaning hissasi katta.
Qadimgi Xorazmning Sariqamish deltasi atrofi antik davr aholisi, asosan yevropeoid bo‘lib, ular orasida ham qisman janubiy sibir tipiga xos odamlar uchraydi. Milodning boshlaridan Janubiy va Janubiy-sharqiy Orol bo‘ylarida mongoloidlik hissasi ko‘paya boradi. Jetiasar madaniyatiga tegishli, Oltin asar shahar xarobalari atrofida bir necha mozor-qo‘rg‘onlar ochib o‘rganilgan. Uning aholisi aralash bo‘lib, antropologik tipning asosini mahalliy yevropeoid uzun boshli tohar qabilalari tashkil qilsa, ular orasida Xorazm vohasiga xunnlar bilan birga kelib qolgan Janubiy Sibir tipi ham uchraydi. Mo‘g‘ul bashara odamlar ko‘proq Quvondaryo havzasiga joylashgan. Qalali qir shahar qabristoni suyak materiallarining aksariyat ko‘pchilligini kaspiyorti tipidagi yevropeoid odamlari tashkil qiladi.
Janubiy Orol bo‘yi aholisining irqiy tarkibi rivojlanishining keyingi ikki ming yillik tarixi Mizdahqan qabristoni materiallari asosida kuzatiladi. Bu yerdan topilgan kraniologik materiallar tahliliga ko‘ra, milodning birinchi ming yilligida Janubiy Orol bo‘yi aholisi asosan yevropeoid bo‘lib, ular orasida kaspiyorti tipi ko‘proq qismni tashkil qilgan. Milodiy I-ming yillikning ikkinchi yarmida uzun boshli aholining braxikefallashish (kalta boshli bo‘la borish) jarayoni kuzatiladi. Shuning natijasida I-ming yillikning oxiri va II-ming yillik boshlarida Janubiy Orol bo‘yi hududining hamma qismida asosiy etnik qatlamni “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi” tashkil qila boshlaydi. Lekin, qorishma sifatida Xorazm o‘zbeklari va qoraqalpoqlar tarkibida kaspiyorti uzun boshli tip belgilari hozirgacha saqlanib kelmoqda3
. Sug‘dning qadimgi aholisi. Sug‘d Markaziy Osiyoning Zarafshon va Qashqadaryo havzalarida tarkib topgan tarixiy-madaniy sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lib, tarixiy manbalarda miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi yarmidan tilga olinadi. Arxeologik izlanishlar natijalariga ko‘ra, bu mintaqa aholisi qadimdan sug‘orma dehqonchilik, ko‘p tarmoqli hunarmandchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelganlar. Yozma manbalarga qaraganda, o‘lkaning o‘troq aholisi eroniy tillarning sug‘diy lahjasida so‘zlashganlar. Antropologik tip jihatidan uning o‘troq aholisi dolixokefal yevropeoidlar bo‘lgan. Ammo, Sug‘dning qadimgi chorvador aholisi irqiy jihatdan har xildir. Chorvador aholining mozor-qo‘rg‘onlari asosan Buxoro vohasida ko‘proq o‘rganilgan. Masalan, miloddan avvalgi V – III asrlarga tegishli qalqonsoy mozor-qo‘rg‘onlaridan topilgan kraniologik materiallar 5 ta antropologik tiplarga bo‘linadi. Ular yevropeoid va mongoloid irqlarining turli variantlarini tashkil etadi4. Miloddan avvalgi II – I asrlarga oid Lavandoq qabristoni esa yevropeoidlar tipini beradi. Chorvador qabilalarning milodiy eraning boshlariga tegishli Xazora va Qiziltepa yodgorliklari aralash kraniologik material berdi. Milodiy III – IV asrlarga oid Qizilqir mozorlaridan “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi”ning braxikefal bosh suyaklari va mo‘g‘uliy tip aralashmali sharqiy o‘rta yer dengizi tipiga duch kelinadi. Panjikent atrofidan, yuqori Zarafshondan esa milodiy I-ming yillikning birinchi yarmiga tegishli “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi”ning braxikran yevropeoid varianti topildi. Ular o‘zlarining irqiy belgilariga ko‘ra, “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi”ning braxikefal yevropeoid tipini tashkil etishi aniqlandi5.
. Hozirgi kunda Buxoro vohasining Konimex cho‘llaridan 800 dan ortiq mozor-qo‘rg‘onlar topib o‘rganilgan. Ular yorma, lahatli, xum go‘rlar va krematsiyali mozorlardan iborat bo‘lib, yorma go‘rlar sopol idishlari (miloddan avvalgi VI – IV asrlar) bankasimon shaklli, lahatli mozorlardan birida Varaxranning kumush tangasi (milodiy V asrning birinchi choragi) topildi. Xumlarga solib ko‘milgan mozorlardan milodiy III – IV asrlarga oid sopol idishlar uchratiladi. Ularning kraniologik materiallari bir tipli bo‘lmay, balki ular orasida mahalliy saklarga xos dolixokefal, andronovo tipining mo‘g‘ul bashara odamlari bilan qorishgan braxikefal yevropeoidlar va ulardan tarkib topgan “O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i tipi” vakillari mavjud edi.
Afrosiyob qadimgi shahar harobasidan topilgan (miloddan avvalgi V asrga oid) kalla suyaklari mavjud. Ular dolixokefal yevropeoidlar bo‘lib, ularning ildizlari bronza davrining Zamonbobo, Mo‘minobod, Chakka materiallariga genetik jihatdan o‘xshab ketadi. Miloddan avvalgi III – II asrlarga tegishli kalla suyaklar yerqo‘rg‘ondan, milodiy II – IV asrlarga tegishli kalla suyaklar Urgut tumanidan topib o‘rganilgan. Ularning xronologik sana oralig‘i katta bo‘lishiga qaramay, ular braxikefallashish jarayonini sekin-asta davom etayotganligidan guvohlik beradi. Milodiy IV – V asrlarga kelib, voha aholisining aksariyat ko‘pchilligi braxikefal yevropeoidlashgan edi.
Sug‘dda miloddan avvalgi II – I asrlarga tegishli bir guruh bosh suyaklar borki, ular Shimoliy Baqtriyaning kushon urug‘lariga tegishli chorvador aholisini eslatadi. Yuechji qabilalari asosan braxikefal yevropeoidlar bo‘lib, ular Baqtriyaga, Sug‘d orqali o‘tganligi tufayli ularning kraniologik izlarini Sug‘dda ham uchrashi bejiz emas. Kushonlar davri Sug‘dining o‘troq aholisi avvalgidek sharqiy o‘rta yer dengizi tipida edi. Sug‘dning mahalliy chorvador aholisi ham ulardan farq qilmas edi. Ammo, Buxoro vohasi chorvador qabilalari (miloddan avvalgi V – III asrlar) tipida mo‘g‘ul bashara irqiy belgilar xuddi shimoliy-sharqiy Orol bo‘yi aholisidagidek kuchli edi. Shu holat Orol bo‘yi usunlarida, Tyanshan, yettisuv aholisida ham kuzatiladi. Demak, xulosa qilish mumkinki, Markaziy Osiyoning g‘arbiy mintaqalari orqali mo‘g‘ul bashara tiplarning Buxoro vohasiga kirib kelishi yuz bergan6.
. Toshkent vohasining o‘troq va chorvador aholisi. Qovunchi madaniyati, Sirdaryo o‘rta havzasi antik davri o‘troq va chorvador qabilalari uchun xarakterlidir. Uning markaziy viloyatlari Toshkent vohasi va Janubiy Qozog‘istonning Chordara suv omboriga qadar bo‘lgan hududlar bo‘lib, uning ta'siri sharqda yettisuv va Shimoliy Farg‘onagacha, g‘arbda Buxoro vohasi, janubda Qashqadaryo havzalarigacha yoyilgan. Arxeologlar uning xronologik sana doirasini (miloddan avvalgi II – milodiy VI-asrigacha) aniqlaganlar. Qabrlarining tuzilishi ayvon va lahatli bo‘lib, etnomadaniy rivojining so‘nggi bosqichida mozor-qo‘rg‘onlar bilan birga oilaviy xilxonalar (novuslar) ham uchraydi. Qadimgi davr mozor-qo‘rg‘onlari Ohangaron vohasida, ayniqsa uning yuqori qismida ko‘p uchraydi. Mozor-qo‘rg‘onlarni arxeologik jihatdan o‘rganish o‘tgan asrning 30- yillaridanoq boshlanib ketgan. Dastlabki qazishmalar To‘ytepa, Pskent tumanlarida olib borildi. O‘tgan asrning 50- yillarida Tuyabo‘g‘iz Mingtepa nauslari o‘rganildi. Biroq, ularni qazish jarayonida olingan kraniologik materiallar o‘rganilmay, yo‘qolgan. So‘nggi bronza va ilk temir davri materiallari ham yetarli emas. U davr aholisini braxikefal yevropeoid va dolixokefal yevropeoidlar deb taxmin qilish mumkin. Milodiy I-asrga tegishli kalla suyaklar orasida sharqiy o‘rta yer dengizi tipi, andronoid va mo‘g‘ul bashara odam suyaklari uchraydi.
Antik davrga oid kalla suyaklar Bo‘zsuv bo‘ylari, Niyozboshi (Yangiyo‘l) qabristonidan topilgan. Ular deformatsiyali braxikefal bosh chanoqlardan iborat. Umuman olganda, Toshkent vohasining ham o‘troq, ham chorvador aholisi orasida turli tip vakillari uchraydi. Ayniqsa vohaning chorvador aholisi suyaklari Qozog‘iston cho‘llarining sak va usun qabilalari seriyalariga va Buxoro vohasi braxikefal yevropeoidlari bilan ko‘proq o‘xshashlikka ega. O‘tgan asrning 70 - yillarida “Toshkent dengizi” tevarak atrofidan qovunchi madaniyatiga tegishli yirik qabriston ochib o‘rganildi. Kraniologik materiallar milodiy I – II asrlarga oid7
. Bosh suyaklardagi irqiy belgilar braxikran yevropeoid tipli bo‘lib, ularda mo‘g‘uliy irqiy belgilar ham bor. Milodiy I – II asrlarga tegishli 30 dan ortiq qabrlar Kavardan qabristonida ochildi. Ularning barchasi yevropeoid va mongoloidga xos irqiy belgilar bilan xarakterlanadi. Kavardanda erkaklarga nisbatan ayollarda yevropeoid tipiga xos belgilar kuchli. Toshkent vohasigi mo‘g‘uliy bashara tipning kirib kelishi taxminan milodiy I-asrdan kuchaygan ko‘rinadi.
1977 yilda qadimgi Tunket shahar harobalari yaqinidan milodiy I-asrlarga tegishli Kulota qabristoni o‘rganilgan. Uning kraniologik seriyasi braxikran, bosh chanoqning orqa qismi ezilgan, kalla suyaklarda mo‘g‘uliy irqiy belgilar kuchli. Kallalar orasida bitta dolixokefal yevropeoid uchraydi. Kulota kraniologik seriyasida o‘troq hayotga o‘tayotgan braxikefal yevropeoidlar kuzatiladi. Bunday seriyalar Toshkent vohasining qovunchi madaniyati aholisiga xarakterli tip bo‘lib, bu tip Tuyabo‘g‘iz, Xontepa, Yangiyo‘l, Vrevsk, Kavardan kraniologik materiallarida ham yaxshi kuzatiladi. Markaziy Osiyoda mo‘g‘ul bashara irqiy belgilarni boshlanishi ilk temir davridan boshlangan bo‘lsa, uning aniq ko‘rinishi qovunchi madaniyati aholisida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yuqoridagilar tahlilidan kelib chiqib aytish mumkinki, Toshkent vohasi nafaqat madaniy, balki antropologik rejada ham qo‘shni Farg‘ona vodiysiga, ayniqsa, uning shimoliy mintaqalariga kuchli ta'sir qilganligi ehtimoldan uzoq emas.
|
| |