Biologik ta’lim mazmuni va uning tarkibiy qismlari. Har qanday o‘quv fanini o‘qitishda uning mazmuni nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Bunga asosiy sabab o‘quv fani mazmuni o‘sha fanning o‘ziga xos yo‘nalishi, o‘qitish tizimi, metodlari, vositalarini belgilab beradi. O‘quv fanining mazmuni o‘quv dasturlari, darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari orqali aniqlashtiriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida biologik ta’limning tarkibiy qismlari bo‘lib, botanika, zoologiya, odam anatomiyasi va fiziologiyasi hamda sitologiya, biokimyo, genetika, evolyutsion ta’limot majmuasidan iborat bo‘lgan biologiya o‘quv fanlari hisoblanadi. Mazkur o‘quv fanlaridan turli xil o‘simliklar, hayvonlar, odamlarning tashqi, ichki tuzilishi, hayot faoliyati, tashqi muhit bilan bog‘liqligi
to‘g‘risida hamda hujayra, uning organoidlarining tuzilishi, funksiyasi, irsiyat va o‘zgaruvchanlik, evolyutsion ta’lim va shu kabi bilimlar beriladi. Biologik ta’limning tirik tabiatdagi narsa-hodisalarni alohida-alohida o‘rganish emas, balki ularning bir yaxlitligini, o‘zaro bog‘liqligini ifoda etgan holda o‘qitilishi taqozo qilinadi.
Didaktikada ta’lim mazmunining tarkibiy qismlari juda ko‘p tadqiqotchilar tomonidan aniqlangan. Jumladan, akademik I.YA. Lerner tomonidan ta’lim mazmunining tarkibiy qismlariga quyidagilar kiritilgan: bilimlar (ilmiy tushunchalar, g‘oyalar, qonunlar, ilmiy nazariyalar); faoliyat usullari (ko‘nikma va malakalar); ijodiy faoliyat tajribalari; qadriyatlar tizimi.
Biologiya o‘quv fanining bilimlar tarkibiy qismiga birinchi navbatda ilmiy tushunchalar kiradi. Ular biologiyaning ayrim sohalariga oid xususiy va biologiyaning barcha sohalariga xos bo‘lgan umumiy biologik tushunchalardan tashkil topadi.
Umumiy biologik tushunchalar qatoriga organizmlarning hujayraviy tuzilishi, modda va energiyaning almashinuvi, organizm va muhitning o‘zaro birligi, irsiyat va o‘zgaruvchanlik, organik olam evolyutsiyasi tushunchalari kiradi. Biologiya o‘quv fani mazmunining bilimlar tarkibiy qismiga g‘oyalar ham kiradi. Biologiya ta’lim mazmunida o‘quvchilar ongiga quyidagi g‘oyalar singdiriladi: organik olam evolyutsiyasi; tirik tabiat tuzilishining har darajada ekanligi; organ tuzilishi bilan funksiyasining o‘zaro bog‘liqligi; biologik sistemalarning tabiiy muhit bilan aloqadorligi; o‘z-o‘zini boshqarish; nazariya
bilan amaliyotning birligi.
Biologik qonunlar ham biologiya o‘quv fani mazmunining tarkibiy qismi hisoblanadi. Biologik qonunlar sirasiga Mendel va Morganning irsiyat qonunlari, Ber qonuni, V.I.Vernadskiyning atomlarning biogen migrasiyasi qonuni va h.k.
Biologiya fani mazmunining yana bir komponenti ilmiy nazariyalardir. Umumiy o‘rta ta’lim biologiya o‘quv ta’lim mazmuniga CH.Darvinning organik olam evolyutsion nazariyasi, A.N.Seversovning filembriogenez nazariyasi, T.Morganning xromosoma nazariyasi va hozirgi zamon gen nazariyasi kiritilgan.
Yuqorida qayd etilganidek, ta’lim mazmunining asosiy qismini bilimlar (ilmiy tushunchalar, g‘oyalar, qonunlar, ilmiy nazariyalar) tashkil etadi.
Faoliyat usullari ko‘nikma va malakalardan iborat bo‘lib, o‘quvchilar tomonidan o‘quv dasturida ko‘zda tutilgan ko‘nikma va malakalarni egallashini belgilaydi.
Ta’lim mazmunining uchinchi tarkibiy qismi bo‘lgan ijodiy faoliyat tajribalari o‘quvchilarning avval o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalarini yangi kutilmagan vaziyatlarda qo‘llash orqali tarkib toptiriladi. Shu sababli, o‘qituvchi ta’lim-tarbiya jarayonida bilimlarni tayyor axborot shaklida emas, balki muammoli vaziyatlarni vujudga keltirish natijasida o‘quvchilarning avvalgi mavzularda o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalarini yangi kutilmagan vaziyatlarda qo‘llashiga imkon yaratishi, ularda mustaqil va ijodiy fikr yuritish ko‘nikmalarining tarkib topishiga zamin tayyorlashi zarur. Ta’lim mazmunining to‘rtinchi tarkibiy qismi bo‘lgan qadriyatlar tizimi o‘qitish jarayonida ta’lim-
tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashni ko‘zda tutadi. Mazkur tarkibiy qismni o‘quvchilarda shakllantirish biologiyani o‘qitishda ta’lim-tarbiya masalalariga bog‘liq holda yoritiladi.
|