|
Mavzu: buxgalteriya hisobining sub’ektlari va ob’ektlari
|
bet | 2/2 | Sana | 19.01.2024 | Hajmi | 30,24 Kb. | | #140838 |
Bog'liq BUXGALTERIYA HISOBINING SUBUzoq muddatli aktivlar. Sub’ekt faoliyatida uzoq muddatli asosda foydalaniladigan
aktivlar, jumladan sub’ektning mulki, binolari va uskunalari, moddiy aktivlari, taraqqiyot va
gudvillga xarajatlari. Investitsiyalash maqsadida saqlab turilgan va hisobot kunidan boshlab 12
oy davomida sotilishi mumkin bo‘lmagan aktivlar bo‘lib, ularga quyidagilar kiradi:
Asosiy vositalar – ishlab chiqarish jarayonida bir yildan ortiq muddatda ishlatiladigan, har
bir donasi (komplekti) ning narxi sotib olish paytida bazaviy hisoblash miqdorining ellik
baravari va undan yuqori bo‘lgan, kelgusida korxonaga iqtisodiy naf keltiradigan aktivlar kiradi.
Ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishi barobarida ularga eskirish hisoblab boriladi.
Asosiy vositalarga er, erni obodonlashtirish, bino va inshootlar, asbob va uskunalar,
hisoblash texnikasi, ofis mebeli, transport vositalari, ishchi va mahsuldor hayvonlar va boshqalar
kiradi.
Nomoddiy aktivlar – moddiy ko‘rinishga va shaklga ega bo‘lmagan biroq ishlab chiqarish
jarayonida bir yildan ortiq muddatda ishlatiladigan, hisobda boshlang‘ich bahosiga ega bo‘lgan
va ishlab chiqarish jarayonida eskirib boradigan aktivlarga aytiladi. Ularga panent, litsenziya,
savdo markasi, tabiiy resurslardan foydalanish huquqlari, dasturiy ta’minot va boshqalar kiradi.
Uzoq muddatli moliyaviy qo‘yilmalar – foiz yoki dividend ko‘rinishda daromad olish
maqsadida uzoq vaqt davomida o‘zida saqlab turish maqsadida sotib olingan qarz va ulushli
qimmatli qog‘ozlardir.
Kapital qo‘yilmalar - qurilish yoki asosiy vositalar yoxud nomoddiy aktivlarni sotib olish
va ularni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan xarajatlar summasining yig‘indisiga tengdir.
Masalan, korxona qurilish olib borayotgan bo‘lsa, qurilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar kapital
qo‘yilmalar schyotida aks ettiriladi.
Uzoq muddatli debitorlik qarzlar – bir yildan ortiq muddatga korxona oldida qarzdor
jismoniy va yuridik shaxslar hisoblanadi.
Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar hisobda boshlang‘ich qiymati bo‘yicha aks ettiriladi.
Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar qiymatini hisobdan chiqarish ularning qiymati to‘liq
to‘laguncha yoki ob’ekt safidan chiqib ketgunga qadar bo‘lgan eskirishini (amortizatsiyani)
hisoblash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Joriy aktivlarning ikki turi mavjud.
Birinchi turi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt aylanma mablag‘ining bir qismi bo‘lib, xo‘jalik
yurituvchi sub’ektning me’yoriy operatsion tsikli davomida olinadi yoki iste’mol qilinadi.
Ikkinchi turi operatsion aktivlari bo‘lmagan, lekin savdo yoki investitsiya maqsadlarida saqlab
turilgan va ularni hisobot vaqtidan keyingi 12 oy davomida sotish kutilayotgan joriy aktivlar
doirasidan iborat. Hisobot sanasidan keyingi 12 oy davomida olinadigan yoki iste’mol
qilinadigan mablag‘lar, zahiralar va debitorlik qarzlari joriy aktivlarga kiritiladi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning operatsion tsikli - bu materiallarni xarid qilish, ishlab
chiqarish va naqd pulga yoki osonlik bilan pulga aylantiriladigan moliyaviy aktivlarga sotish
o‘rtasidagi o‘rtacha vaqtdir.
Mehnat predmeti – bu mulkning bir qismi bo‘lib, inson mehnat vositalari bilan unga ta’sir
ko‘rsatadi (2.1.- rasm).
Ishlab chiqarish zahiralari – mahsulot ishlab chiqarish yoki ishlarni bajarish yoki
xizmatlarni ko‘rsatishda ishlatiladigan xomashyo va materiallar, yonilg‘i, ehtiyot qismlar, yarim
tayyor mahsulotlar va butlovchi qismlar, inventar va xo‘jalik jihozlari kiradi.
Xomashyo - deganda qishloq xo‘jaligi va qazib olish sanoatining mahsulotlari,
materiallar- deganda qayta ishlash tarmoqlarning mahsulotlari tushuniladi.
2.1.-rasm. Mehnat predmetlarining tarkibi
Materiallar mahsulotni ishlab chiqarish jarayonida qatnashish roli qarab ular asosiy
materiallar va yordamchi materiallarga bo‘linadi. Asosiy materiallar mahsulotning asosini tashkil
qiladi, yordamchi materiallar esa ayrim funktsiyalarni amalga oshirishda ishlatiladi. Masalan,
asosiy vositalarning normal ishlashi uchun ishlatiladi (moylash materiallari), mehnat
predmetining sifat tavsifini o‘zgartirishi (bo‘yoqlar), xo‘jalik ehtiyojlari uchun ishlatilishi
mumkin.
YOqilg‘ilar yordamchi materiallarning tarkibi kiradi, biroq mahsulot tannarxida katta
ulushga ega bo‘lganligi va ishlab chiqarish jarayonida alohida funktsiyalarni amalga oshirganligi
uchun, buxgalteriya hisobida ular alohida guruhga ajratilgan.
yarim tayyor mahsulotlar – bir yoki bir necha tsexlarda ishlab chiqarishning
bosqichlaridan o‘tgan, lekin ushbu korxonada yoki boshqa korxonalarda qayta ishlov beriladigan
mehnat predmeti tushuniladi.
Idish - mahsulotlar (tovarlar)ni saqlash, o‘rab-joylash va tashish uchun ishlatiladigan
buyumni ifoda etuvchi moddiy ob’ekt bo‘lib, mehnat predmetining bir qismi hisoblanadi.
Ishlab chiqarish zahiralarning tarkibida foydali xizmat muddati bir yildan kam bo‘lgan
yoki qiymati belgilangan miqdordan kam bo‘lgan invetar va xo‘jalik jihozlari ham kiradi.
Inventar va xo‘jalik anjomlari tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
a) maxsus asboblar va moslamalar (muayyan buyumlarni turkumli va ommaviy ishlab
chiqarish yoki yakka tartibdagi buyurtmani tayyorlash uchun mo‘ljallangan maqsadli vazifadagi
asboblar va moslamalar);
b) maxsus va sanitariya kiyimlari, maxsus poyabzal;
v) ko‘rpa-to‘shaklar;
g) yozuv-chizuv anjomlari (kalьkulyatorlar, stol ustiga qo‘yiladigan asboblar va hokazo);
d) oshxona inventari, shuningdek sochiq-dasturxonlar;
e) ularni barpo etish xarajatlari qurilish-montaj ishlarining tannarxiga kiritiladigan
vaqtinchalik (titulda bo‘lmagan) inshootlar, moslamalar va qurilmalar;
j) foydalanish muddati bir yildan kam bo‘lgan almashtiriladigan uskunalar;
z) ovlash qurollari (trallar, yoyma to‘rlar, to‘rlar, anjomlar va hokazo).
Ehtiyot qismlar – asosiy vositalarning eskirgan qismlarini almashtirishda ishlatiladigan
mehnat predmetlari hisoblanadi.
Tugallanmagan ishlab chiqarish – ishlab chiqarishning barcha bosqichlaridan yoki texnik
nazorat bo‘limidan o‘tmagan yoki tayyor mahsulotlar omboriga tegishli hujjatlar bilan
rasmiylashtirib topshirilmagan yoki buyurtmachi tomonidan qabul qilinmagan mahsulot
hisoblanadi.
Tayyor mahsulot – ishlab chiqarishning barcha boskichlaridan o‘tgan, davlat standarti yoki
texnik talabga javob beradigan, tenik nazorat bo‘lim tomonidan qabul qilingan, boshlang‘ich
hujjat bilan rasmiylashtirilgan va omborga topshirilgan mahsulotga aytiladi.
Tovarlar - magazin (do‘kon) va omborlarda saqlanayotgan qayta sotish uchun
mo‘ljallangan iste’mol buyumlari.
Kelgusi davr xarajatlari - xisobot yilida kelgusi davrlar uchun qilingan xarajatlar,
masalan obuna to‘lovlari, ijara to‘lovlari.
Pul ekvivalentlari – pulli cheklar, yo‘llanmalar, chiptalar, talonlar, markalar va boshqalar.
Pul mablag‘lari – kassadagi naqd pul mablag‘lari, hisob-kitob, valyuta va banklardagi
boshqa maxsus schyotlardagi pul mablag‘laridir.
Olinadigan schyotlar - boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning korxona oldidagi debitorlik qarzlari.
Qisqa muddatli debitorlik qarzlari – 12 oy muddatigacha yoki bir operatsion tsiklgacha
korxonaga qarzdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar.
Qisqa muddatli moliyaviy qo‘yilmalar – bir muddatigacha sotib olingan erkin muomalada
bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarga qilingan moliyaviy qo‘yilmalardir.
Joriy aktivlarni baholash quyidagi ikki bahoning eng pasti bo‘yicha – balans tuzilayotgan
sanadagi haqiqiy tannarxi bo‘yicha (sotib olish narxi yoki ishlab chiqarish tannarxi) yoki bozor
bahosi bo‘yicha (sof sotish qiymati) amalga oshiriladi.
KORXONA MABLAG‘LARINING TASHKIL TOPISH MANBALARI
Korxona mablag‘larining tashkil topish manbalariga ko‘ra ikkiga bo‘linadi. O‘z
mablag‘larining manbai va majburiyatlar. O‘z mablag‘larining manbai, korxona ta’sischilar
tomonidan kiritilgan va ishlab topilgan mablag‘laridan tashkil topadi. Ularga quyidagilra kiradi:
ustav, qo‘shilgan va zaxira kapitali hamda taqsimlanmagan foyda.
Ustav kapitali - ta’sis xujjatlarda belgilangan hissalarning (pul ifodasida) yig‘indisidir.
Ustav kapitaliga hissa shaklida qo‘shiladigan moddiy va nomoddiy aktivlar ta’sischilar
kelishuviga yoki yuridik shaxs ijroiya organining qaroriga ko‘ra baholanadi va hisobga olinadi.
Ustav kapital korxona mulkini shakllantirishning asosiy manbai hisoblanadi. Uning summasi
korxona ustavida yozilgan bo‘ladi va uning o‘zgartirilishi korxona ustaviga o‘zgartirishni kiritish
va korxonalarni ro‘yxatga oluvchi organda qayta ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘ladi.
Qo‘shilgan kapital aktsiyalarni nominal qiymatidan yuqori narxlarda dastlabki sotishdan
olinadigan emissiya daromadini, hamda ustav kapitalini shakllantirishda paydo bo‘ladigan kurs
farqlarini aks ettiradi.
Zahira kapitali mol-mulkni qayta baholash chog‘ida hosil bo‘ladigan inflyatsiya
zahiralarini, shuningdek tekinga olingan mol-mulk qiymatini aks ettiradi. SHu bilan birgalikda
qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorda rezerv kapitalini tashkil qiladi. Rezerv kapitalini
tashkil qilish uning miqdori va tartibi korxona ustavida yozilgan bo‘lishi lozim.
Taqsimlanmagan foyda - foydaning jamg‘arilayotganini ifodalaydi va mulkdorlarning
qaroriga binoan ustav kapitaliga qo‘shilishi mumkin.
Zahiralar - hisobot yilida korxona tomonidan kelgusi xarajatlar va to‘lovlarni amalga
oshirish va ularni ishlab chiqarayotgan mahsulot tannarxiga bir maromda qo‘shib borish uchun
ichki imkoniyatlar hisobidan tuziladigan jamg‘armalardir. Ularga dargumon qarzlar bo‘yicha
rezervlar, ishchilarga mehnat ta’tili uchun rezervlar, asosiy vositalarning remonti uchun rezervlar
va boshqalar kiradi.
Maqsadli tushumlar – ma’lum bir maqsadlar uchun kelib tushayotgan pul mablag‘lari
kiradi. Ularga grant, subsidiya, a’zolik badallari, maqsadli foydalanish uchun soliqlar bo‘yicha
imtiyozlar va boshqalar kiradi.
Grantlar -- bu korxonaga qaytarib berilmaslik sharti bilan davlat, nodavlat, xalqaro
tashkilot va fondlardan aniq maqsadlar uchun kelib tushgan moddiy va nomoddiy mablag‘lar
majmuasi. Ushbu mablag‘lar faqatgina qat’iy maqsadlarga ishlatilishi lozim.
Subsidiyalar – bu korxonaga uning faoliyatini rivojlantirish maqsadida ma’lum bir
shartlarga ko‘ra davlat tomonidan berilgan yordam va imtiyozlar summasi.
Davlat subsidiyalari - xo‘jalik yurituvchi sub’ektning operatsion faoliyatiga taalluqli
muayyan sharoitlarda xo‘jalik yurituvchi sub’ektga resurslarni berish tarzida hukumat tomonidan
beriladigan yordam.
Davlat yordami - muayyan mezonlar bilan qanoatlantiruvchi bitta yoki bir qator xo‘jalik
yurituvchi sub’ektlarga iqtisodiy yordam berish uchun davlat ko‘radigan tadbir. Davlat yordami
faqat bevosita, rivojlanib borayotgan sektorlarda infratuzilmalarni vujudga keltirish yoki
raqobatchilarga savdo cheklashlarini joriy etish singari umumiy savdo shartlariga ta’sir etuvchi
hatti-harakatlar vositasida beriladigan imtiyozlarni o‘z ichiga olmaydi.
Korxona majburiyatlari bo‘lib, korxonaning jalb qilingan mablag‘lari kiradi. Ular o‘z
navbatida ikkiga bo‘linadi: qisqa va uzoq muddatli majburiyatlarga.
Hisobot kunidan boshlab 12 oy davomida qoplanishi lozim bo‘lgan majburiyatlarga joriy
majburiyatlar deyiladi;
Majburiyatlarning qolgan moddalari uzoq muddatli hisoblanadi.
Joriy majburiyatlarning tavsifi joriy aktivlar tavsifiga o‘xshashdir. Kreditorlik qarzi ish
haqi, soliqlar bo‘yicha qarzlar va boshqa operatsion xarajatlari bo‘yicha qarzlar kabi ayrim joriy
majburiyatlar joriy aktivlar hisobidan qoplanishini talab qiladi, chunki sub’ektning odatdagi
operatsiyasi tsiklida foydalaniladigan aylanma mablag‘ni tashkil etuvchi moddalar bo‘yicha
majburiy hisoblanadi. Bunday operatsiya moddalari hatto hisobot vaqtidan so‘ng 12 oydan
ortiq davr davomida ham hisob-kitob qilinishi lozim bo‘lsada, joriy majburiyatlar hisobida
tasnif qilinadi.
Joriy majburiyatlarga shuningdek, bank overdraftlari, to‘lanadigan dividendlar,
hisoblangan soliqlar, savdo bilan bog‘liq bo‘lmagan o‘zga kreditorlik qarzlari, foizlarni to‘lashni
talab qiladigan qisqa muddatli majburiyatlarning joriy qismi kiradi.
Olingan uzoq va qisqa muddatli qarzlar – bu mos ravishda 1 yildan ko‘p va 1 yilgacha
bo‘lgan muddatga boshqa yuridik va jismoniy shaxslardan vaqtinchalik moliyaviy yordam
sifatida olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha qarzlar summasi.
Olingan uzoq va qisqa muddatli kreditlar - bu mos ravishda 1 yildan ko‘p va 1 yilgacha
bo‘lgan muddatga banklardan kredit shartnomalari asosida olingan kredit resurslarini qaytarish
bo‘yicha qarzlar summasi.
Mol etkazib beruvchilar (ta’minotchi, pudratchilar)ga to‘lanadigan schyotlar – bu
olingan tovar-moddiy boyliklar uchun mol etkazib beruvchilar (ta’minotchi, pudratchilar)ga
o‘tkazilmay qolingan qarz summasi.
Xaridorlardan olingan avanslar - bu xaridorlardan tovar-moddiy boyliklarni sotib olish
uchun oldindan kelib tushgan pullar bo‘yicha qarz summasi.
Muddati kechiktirilgan uzoq va qisqa muddatli qarzlar – bu soliqlar va boshqa to‘lovlar
bo‘yicha muddati mos ravishda 1 yildan ko‘p va 1 yilgacha bo‘lgan davrga uzaytirilgan qarz
summasi.
Byudjetga qarzlar – bu hisobot davrida hisoblangan, lekin byudjetga o‘tkazib berilmagan
soliq va to‘lovlar bo‘yicha qarz summalari.
Ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha qarzlar – bu ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha hisobot davrida
hisoblangan, lekin tegishli davlatning byudjetdan tashqari fondlariga o‘tkazib berilmagan qarz
summasi.
Ish xaqi bo‘yicha qarzlar – bu korxonaning xodimlariga hisoblangan va vaqtincha
saqlanayotgan ish haqlarini to‘lanmay qolingan qismi.
Ta’sischilar oldidagi qarzlar – bu ta’sischilarga hisoblangan, lekin to‘lanmagan
dividendlar bo‘yicha korxonaning qarzi, shuningdek ta’sischilar safidan chiqib ketgan
shaxslarning ustav kapitalidagi hissasini qaytarilmagan qismi.
Boshqa kreditorlar oldidagi qarzlar – bu turli xizmatlar, foizlar, kamomadlar, da’volar va
boshqa to‘lovlar bo‘yicha korxonaning boshqa yuridik va jismoniy shaxslar olidagi qarzi.
Uzoq muddatli asosda aylanma mablag‘dan pul bilan ta’minlanadigan, foizlar to‘lashni
talab qiluvchi majburiyatlar (12 oy davomida hisob-kitob qilinmaydigan majburiyatlar) uzoq
muddatli majburiyatlar hisoblanadi.
Hisobot sanasidan boshlab to‘lanishi lozim bo‘lgan majburiyatlarning dastlabki muddat 12
oydan ko‘proq bo‘lsa, sub’ekt majburiyatni uzoq muddatli asosda qayta moliyalashtirishni
rejalashtirayotgan bo‘lsa yoki bu majburiyat moliyaviy hisobot ma’qullagunga qadar
to‘ldiriladigan, qaytadan moliyalashtirishga yoki to‘lovlar muddatini o‘zgartirishga qaratilgan
bitim bilan qo‘llab-quvvatlansa, bunday sharoitda uzoq muddatli majburiyatlar sifatida tasnif
etilishi lozim.
Joriy majburiyatlardan chiqarib yuboriladigan har qanday qisqa muddatli qarz miqdori uni
taqdim etishni qo‘llab-quvvatlovchi axborot bilan birgalikda buxgalteriya balansiga izohlarda
ochib berilishi lozim.
Majburiyatlar taraflarning kelishuviga binoan pul bilan aks ettiriladi.
Sud qarori bo‘yicha yuzaga kelgan majburiyatlar tegishli summada aks ettiriladi.
Potentsial majburiyatlar dastlabki haqiqiy bahosi bo‘yicha aks ettiriladi.
Xo‘jalik operatsiyalari deganda, xo‘jalik jarayonlarni amalga oshirishda korxona
mablag‘larining harakati tushuniladi.
Iqtisodiy sub’ekt tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat ta’minot, ishlab chiqarish va
sotish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu faoliyatni uzluksiz olib borishi uchun mahsulot
ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatishda doimo tovar-moddiy qiymatliklarga
ehtiyoj sezadi. Ushbu ehtiyojini qondirish uchun korxona xo‘jalik jarayoni 3ta faza: ta’minot
jarayoni, ishlab chiqarish jarayoni va sotish (realizatsiya) jarayoni muntazam ravishda olib
boradi.
Ta’minot jarayoni. Har qanday korxona o‘z xo‘jalik faoliyatini boshlashdan oldin avval
unga kerak bo‘lgan moddiy boyliklar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Korxona zarur bo‘lgan
moddiy qiymatliklarni mol etkazib beruvchilardan tuzilgan shartnomaga asosan oladi.
Shartnomada muayyan moddiy qiymatlikning nomi, soni, sifati, bahosi, assortimenti va qaysi
muddatda olib kelinishi ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Ta’minot deb atalmish bu jarayonni, odatda, korxonaning maxsus ta’minot bo‘limi
xodimlari olib boradilar. Ushbu jarayonsiz faoliyatning keyingi jarayonlari, ya’ni ishlab
chiqarish va sotish jarayonlari amalga oshishi mumkin emas. SHuning uchun korxona ning
doimiy faoliyat ko‘rsatishi aynan ta’minot jarayonining uzliksizligiga bevosita bog‘liqdir.
Ishlab chiqarish jarayoni – moddiy boyliklarni yaratish jarayonidir. Ishlab chiqarish
jarayonida ish kuchi bilan mehnat vositalarining qo‘shilishi natijasida ishlab chiqarish va shaxsiy
iste’mol uchun tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun
korxona tegishli moddiy qiymatliklardan foydalanib ishlab chiqarish jarayonida buxgalteriya
hisobida ishlab chiqarishga qilingan xarajatlarni maqsadga muvofiqligi nazorat qilinadi. Ushbu
bosqichda tashkilotning kelgusidagi foydasiga asos solinadi.
SHuni ta’kidlash joizki, korxona tomonidan bajarilgan ishlar, masalan qurilish-montaj
ishlari, ko‘rsatilgan xizmatlar, masalan auditorlik xizmati, chakana savdo, bank xizmati ham
ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi. Bunday ishlab chiqarish jarayonining natijasi bo‘lib
bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat hajmi hisoblanadi, ularga sarflangan xarajatlar bajarilgan
ish yoki xizmatning tannarxini tashkil qiladi.
Sotish (realizatsiya) jarayoni. Ishlab chiqarish jarayonidan so‘ng yaratilgan daromadni
taqsimlash va keyingi ishlab chiqarishni amalga oshirishdan mahsulotlarni sotish fazasiga keladi.
Sotish jarayonida tayyor mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqaruvchidan iste’molchilarga berish
hisoblanadi.
Sotish jarayoni deganda ishlab chiqarish jarayonida yaratilgan tayyor mahsulotlarni,
bajarilgan ishlarni, ko‘rsatilgan xizmatlarni xaridorlarga sotish tushuniladi. Ushbu jarayonda
tayyor mahsulot, tovar, bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmat pulga aylanadi, sotuvchi va sotib
oluvchi o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblar bo‘yicha qarzlar vujudga keladi. Sotish jarayonida
korxonaning yalpi tushumi, sotilgan mahsulot (tovar, ish, xizmatlarning) tannarxi, sotishdan
olingan foyda yoki zarari, sotish jarayonining xarajatlari, unga doir soliqlar va boshqa
ko‘rsatkichlar hisobga olinadi.
Buxgalteriya hisobining muhum ob’ekti bo‘lib hisoblangan xo‘jalik faoliyati faqatgina uni
tashkil etuvchi jarayonlarni doimiy va uzluksiz ravishda amalga oshirib borgan holda mavjud
bo‘ladi. Bu jarayonlarni bir-birisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, chunonchi ta’minotsiz - ishlab
chiqarish, ishlab chiqarishsiz esa sotish jarayoni amalga oshmaydi. Sotish bo‘lmasa korxonaga
pul kelib tushmaydi, pulsiz esa ta’minot, ishlab chiqarish jarayonlarini yangidan takrorlab va
rivojlantirib bo‘lmaydi. Bundan shunday xulosa qilsa bo‘ladiki, xo‘jalik faoliyati mablag‘larni uzluksiz
aylanishidan va ko‘payib borishidan iboratdir.
Xo‘jalik faoliyatining barcha jarayonlari buxgalteriya hisobining muhim ob’ektlari bo‘lib
hisoblanadi. Har bir jarayonda yuz bergan operatsiyalar buxgalteriya hisobida o‘zining miqdoriy
o‘lchovini va sifat tavsifini topadi.
Korxona mablag‘ining aylanishining boshqa fazalari muomala jarayonida amalga
oshiriladi. Muomala jarayoni korxonani moddiy qiymatliklar bilan ta’minlash va tayyor mahsulotlarni
sotish fazasidan iborat. Hamma jarayonlar ta’minot, ishlab chiqarish va sotish jarayonlari ayrim-ayrim olingan xo‘jalik operatsiyalar iborat bo‘ladi.
MOLIYAVIY HISOBOTNING ELEMENTLARI
Moliyaviy ahvol – korxona mulkida bo‘lgan iqtisodiy resurslarni mavjudligi va ularga
qarama-qarshi bo‘lgan jami kapitaldir. Moliyaviy ahvolni faqat ma’lum davrga aniqlash
mumkin.
Iqtisodiy resurslar = Jami kapital
Korxonaning jami kapitalini ikki turga bo‘lish mumkin:
- xususiy kapital;
- jalb qilingan kapital (kreditorlik qarzlar - majburiyatlar).
Iqtisodiy resurslarni buxgalteriya hisobida aktivlar deb, kreditorlik qarzlarni esa -
majburiyatlar deb ataladi. Unda moliyaviy ahvolning tenglamasi quyidagi ko‘rinishda tasavvur
qilinadi:
Aktivlar = Majburiyatlar + Xususiy kapital
Ushbu tenglama balans tenglamasi sifatida ma’lum. Uning ikki qismi albatta bir-biriga
teng bo‘lishi kerak.
Aktivlar – kelgusida iqtisodiy naf olinishi kutiladigan, o‘tib ketgan davrlardagi hodisalar
natijasida vujudga kelgan va korxona nazoratida bo‘lgan iqtisodiy resurslardir. Aktivlar uch
asosiy tavsiflarga ega:
- kelgusi iqtisodiy nafni, ya’ni pul mablag‘lari yoki uning ekvivalentlarning oqimiga
bevosita yoki bilvosita kiritilgan imkoniyatlarni o‘z ichida saqlaydi;
- kelgusida olinadigan ushbu iqtisodiy naflar korxona tomonidan nazorat qilish imkoniyati
mavjud bo‘lishi kerak;
- oldin sodir bo‘lgan hodisa yoki bitimlarning natijasi hisoblanadi.
Majburiyatlar – o‘tib ketgan davrlarda sodir etilgan hodisalar natijasida paydo bo‘lgan
korxonaning qarzdorligidir, ushbu qarzlarni qaytarish esa korxonaning resurslarini kamayishiga
olib keladi. Majburiyatlar ham uch asosiy tavsifga ega:
- o‘zida mavjud bo‘lgan (ammo kelgusi emas) majburiyatni ifodalaydi, buning natijasi esa
aktivlar bilan haq to‘lanishi yoki xizmatlarni bajarilishiga olib keladi;
- majburiyatni bajarish korxona uchun majburiy va deyarli muqarrar bo‘ladi;
- o‘tib ketgan davrlarda sodir etilgan hodisalar natijasida paydo bo‘ladi.
Xususiy kapital – barcha majburiyatlarni chegirib tashlangandan keyin korxonaning
aktivlarini bir qismidir, ya’ni xususiy kapital – bu mulkdorning firmadagi egaligiga oid ulushidir.
Bu qoldiq ulush sifatida ta’riflanadi, chunki firma aktivlaridan majburiyatlarni ayirgandan keyin
qolgan summasini tashkil etadi. Xususiy kapital aktsiyadorlik (kiritilgan) kapital va
taqsimlanmagan foydani o‘z ichiga kiritadi.
Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotning to‘rt elementi
Daromadlar – bu korxonaning asosiy faoliyat natijalari bo‘lgan aktivlarni kelib tushishi
yoki ko‘payishi yoxud majburiyatlarni kamayishi shaklida vujudga keladigan, odatda tovarlarni
sotilishi, ijara xizmatlari yoki korxona resurslarini foydalanish uchun berilishidan olinadigan
ijara daromadlari, foizlar, mualliflik gonorarlari yoki dividendlar shaklidagi iqtisodiy resurslarni
ko‘payishidir.
Xarajatlar - bu aktivlarni sarflanishi yoki kamayishi yoxud majburiyatlarni ko‘payishi
shaklida vujudga keladigan va pirovard natijasida xususiy kapitalni kamaytiradigan iqtisodiy
resurslarni kamayishi, ammo aktsiyador kapitalni ta’sischilari orasida taqsimlanishi bundan
mustasnodir.
Foyda - bu xo‘jalik sub’ektiga ta’sir etadigan asosiy va boshqa faoliyat, hodisalar va
sharoitlar natijasida kapitalning ko‘payishi bo‘lib, xususiy kapitalga to‘lanadigan kapital bundan
mustasnodir.
Foyda(F) – bu korxonaning daromadlari (D) va xarajatlari (X) o‘rtasidagi ijobiy farq,
ya’ni F = D > X
Demak, daromad qanchalik ko‘p bo‘lib, xarajat kam bo‘lsa, korxonaning foydasi
shunchalik ko‘p bo‘ladi
Zararlar – bu asosiy faoliyat va barcha xo‘jalik muomalalari, hodisalar, sharoitlar
natijasida xususiy kapitalning kamayishi bo‘lib, xarajatlar yoki xususiy kapitalning taqsimlanishi natijasidagi kamayish bundan mustasnodir.
Zarar (Z) – bu korxonaning daromadlari (D) va xarajatlari (X) o‘rtasidagi salbiy farq, boshqachasiga xarajatlarning daromaddan ko‘p bo‘lishi, ya’ni:
Z = D < X
Demak, korxona daromadga qanchalik ko‘p xarajat bilan erishsa, uning zarari shunchalik ko‘p bo‘ladi.
Korxonaning faoliyat natijalari ko‘rsatkichlari buxgalteriya hisobining eng ma’suliyatli
bo‘limi, chunki ushbu ko‘rsatkichlarning miqdori ularni hisobda to‘g‘ri aks ettirilganligiga va
jamlanganligiga, hisobotlarni to‘g‘ri tuzilganligiga bevosita bog‘liq.
SHunday qilib, buxgalteriya hisobining predmeti va ob’ektlarini tashkil etuvchi
iqtisodiyotning quyi bo‘g‘ini bo‘lgan korxonalar faoliyatini aniq, batafsil ma’lumotlarda
ifodalab, ularni boshqaruv organlariga, mulkdorlarga va boshqa qiziquvchilarga o‘z vaqtida
etkazib berish ushbu soha xodimlarining jamiyatda tutgan o‘rnini yanada ham oshishining
muhim garovidir.
|
| |