|
Mavzu: Kompyuter tarmoqlari. Reja: I. Kirish. II. Asosiy qism
|
bet | 1/9 | Sana | 04.09.2024 | Hajmi | 2,07 Mb. | | #270275 |
Bog'liq Kompyuter tarmoqlari
Mavzu: Kompyuter tarmoqlari.
Reja:
I. Kirish.
II. Asosiy qism.
2.1. Kompyuter tarmoqlarini qurishda uchragan asosiy muammolar va kompyuter tarmoqlarining klassifikatsiyasi.
2.2. Kompyuter tarmoqlarining xillari va standartlari.
2.3. Simsiz lokal tarmoqlar - Wi-fi va Bluetooth texnologiyalari.
III.Xulosa.
Kirish
Kompyuter tarmoqlari haqida turli xil nuqtai nazardan fikrlab, turli xil ma’lumotlarni keltirish mumkin. Ushbu o’quv qo’llanma axborotkommunikatsiya texnologiyalari sohasining «Kompyuter injiniringi», «Dasturiy injiniring», «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kasb ta’limi» va ularga yondosh yo’nalishlar bakalavrlari uchun mo’ljallanganligi sababli, unda asosiy e’tibor – kompyuter tarmoqlarining qurilish tamoillari, tarmoq texnologiyalari, kompyuter tarmoqlarida ma’lumotlarni uzatish jarayonlarini amalga oshirilishlarini va ularda qo’llanilgan protokollarni ko’rib chiqishga qaratildi. Kompyuter tarmoqlarida ma’lumotlarni uzatish jarayonlarini OSI modelining – fizik, kanal va tarmoq sathlarida qanday amalga oshirilganligi alohida-alohida qo’rib chiqildi. O’quv qo’llanmada keltirilgan ma’lumotlarni o’rganish natijasida, talaba zamonaviy kompyuter tarmoqlarining xillari, ularning qanday tuzilganligi va qanday ishlashlari haqida anchagina mukammal tasavvurlarga ega bo’lishilari mumkin.
Ushbu o’quv qo’llanmaning birinchi bobida kompyuter tarmoqlarining qurilish tamoillariga oid ma’lumotlar keltiriladi. Unda kompyuter tarmoqlarini qurishda uchragan asosiy muammolar, tarmoq topologiyalari, kompyuter tarmoqlarini texnologik jihatdan klassifikatsiyalash, ya’ni sinflarga ajratish, lokal va global kompyuter tarmoqlarining yaqinlashuvi degani nima ekanligi haqida tushuntirishlar berilgan.
Ikkinchi bobda zamonaviy kompyuter tarmog’ining umumlashgan strukturasi va uning xususiyatlari, kompyuter tarmoqlarining xillari, kompyuter tarmoqlarini qurishda - ochiq tizim va standart tushunchalari, standartlarning xillari, IEEE 802.x standartlarining tuzilishi va tarkibi haqida so’z yuritiladi.
Uchinchi bobda kompyuter tarmoqlari texnologiyalari, kompyuter tarmoqlarida qo’llaniladigan kommunikatsion qurilmalar va ularning qanday ishlashlarini tushuntirishlar amalga oshirilgan. Ushbu bobda lokal kompyuter tarmoqlari texnologiyalari bo’lgan Ethernet, Fast Ethernet, Wi-Fi va Bluetooth texnologiyalari, lokal kompyuter tarmoqlarining kommunikatsion qurilmalari bo’lgan kommutatorlarning tuzilishlari va ular asosida virtual lokal tarmoqlarni qurish, marshrutizatorlar va ularni qo’llaniladigan o’rniga qarab tasniflanishi, hamda global kompyuter tarmoqlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
To’rtinchi bob kompyuter tarmoqlarida adreslash va aloqa chiziqlari orqali ma’lumotlarni fizik uzatish asoslarini o’rganishga bag’ishlanadi. Unda ma’lumotlarni uzatish va kommutatsiyalash usullari, fizik sath texnologiyalari, ma’lumotlarni simsiz uzatish, simsiz tizimlar va ularning xillari keltirib o’tilgan.
Beshinchi bobda kompyuter tarmoqlarida ma’lumotlar almashinish jarayonlarini tashkil qilish haqida so’z yuritilgan. Unda ochiq tizimlarning o’zaro birgalikda ishlash modeli – OSI, uning umumiy tavsifi, OSI modelining sathlari va ularning bajaradigan vazifalari keltirilgan. Bunda kanal sathida ma’lumotlar almashinish jarayonini tashkil qilish, kanal sathining kompyuter tarmoqlarida ma’lumotlarni uzatish jarayonida tutgan o’rni va tarmoq sathida ma’lumotlar almashinishni jarayonini tashkil qilish xususiyatlari ko’rib chiqilgan.
Oltinchi bobda TCP/IP protokollari asosida tarmoqda o’zaro ishlashni tashkil qilish, TCP/IP protokollari stekining tuzilishi va uning xususiyatlari, TCP/IP steki protokollarining ma’lumotlar birliklari, IP paket va uning tuzilishi, tarmoq sathining asosiy protokoli va IP marshrutlash chizmasi, hamda transport sathining asosiy vazifasi va uning protokollari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
2.1 KOMPYUTER TARMOQLARINI QURISHDA UCHRAGAN ASOSIY MUAMMOLAR VA KOMPYUTER TARMOQLARINING KLASSIFIKATSIYASI
Kompyuter tarmog’i – bu apparat va dasturiy tashkil etuvchilardan iborat bo’lgan, hamda birgalikda kelishilgan holda ishlaydigan murakkab kompleksdir. Kompyuter tarmog’ini tashkil etuvchilari quyidagi to’rt qatlamdan biriga tegishli bo’lishi mumkin:
1.Kompyuterlar;
2.Kommunikatsion qurilmalar;
3.Operatsion tizimlar;
4.Tarmoq ilovalari.
Hozirgi paytda birinchi qatlam vositalari sifatida imkoniyatlari o’rtacha bo’lgan shaxsiy kompyuterlardan tortib, to maynfremlar va superkompyuterlargacha bo’lgan kompyuterlar qo’llanib kelmoqda.
Ikkinchi qatlam - bu kommunikatsion qurilmalar qatlamidir. Ushbu o’quv qo’llanmada e’tibor, aynan kommunikatsion qurilmalarga va ular asosida qurilayotgan zamonaviy kompyuter tarmoqlarining tuzilishlarini o’rganishga qaratilgandir.
Kompyuterlar tarmoqda ma’lumotlarni ishlashni amalga oshiruvchi asosiy vosita hisoblanadi, ammo 15-20 yillar davomida kommunikatsion qurilmalar ham tarmoq tarkibida katta ahamiyatga ega bo’lgan vositalarga aylanib ulgurdi. Kommunikatsion qurilmalar hisoblangan – ko‘priklar, kommutatorlar va marshrutizatorlar kabi qurilmalar tarmoqning yordamchi vositalaridan, kompyuterlar va operatsion tizimlar kabi asosiy vositalarga aylandi. Bunda kommunikatsion qurilmalarni, tarmoqning ko’rsatgichlariga ham va uning narxiga ham ta’siri nazarda tutilmoqda. Bugungi kunda kommunikatsion qurilma - murakkab maxsuslashtirilgan ko’pprotsessorli kompyuter, ya’ni kompyuter ichidagi kompyuter sifatida qaralishi mumkin. Ularni ham konfiguratsiyalash, optimizatsiyalash va administratsiyalash amalga oshiriladi. 1.1-rasmda, Internet tarmog’i va unga ulangan turli xil kompyuter tarmoqlarining soddalashtirilgan ko’rinishlari keltirilgan.
1.1-rasm. Internet tarmog'i va unga ulangan turli xil kompyuter tarmoqlarining soddalashtirilgan ko’rinishlari.
Kompyuter tarmoqlarini qurishda uchragan asosiy muammolardan birinchisi, bu tarmoq tarkibiga kirgan qurilmalar - kompyuterlar, printerlar, modemlar, konsentratorlar, kommutatorlar, marshrutizatorlar o’rtasida ma’lumotlarni uzatishni amalga oshirish muammosi hisoblangan. Kompyuter tarmoqlarida ma’lumotlarni uzatish yoki almashinish jarayoni ketma-ket tarzda joylashtirilgan bitlar, ya’ni 0 va 1- lar ko’rinishida amalga oshiriladi (1.2-rasm).
1.2-rasm. Kompyuter tarmog’ida ma’lumotlarni uzatish.
Ma’lumotlarni almashinish jarayonida qaysi qurilmalar ishtirok etayotganiga qarab, bunda uch xil holatni keltirish mumkin:
1.Kompyuter va tashqi qurilma o’rtasida ma’lumot almashinish (1.3- rasm);
2.Yonma-yon joylashgan ikki kompyuter o’rtasida ma’lumot almashinish;
3.Bir-biridan uzoq masofalarda joylashgan kompyuterlarning aloqa kanallari orqali ma’lumot almashinishi.
1.3-rasm. Kompyuter tarmog’ida, kompyuter-kompyuter va kompyuter-printer o’rtasida ma’lumot almashinish. Kompyuter bilan tashqi qurilma o’zaro axborot almashinish.
Kompyuter bilan tashqi qurilma o’zaro axborot almashinishi uchun, kompyuterning tashqi interfeysi qo’llaniladi. Bu yerda interfeys deganda - kompyuter bilan tashqi qurilmani bog’lovchi o’tkazgichlar va ular orqali axborot almashinish qoidalari to’plamini tushunish kerak bo’ladi. Kompyuter tarafidan interfeys – tashqi qurilma kontrolleri deb ataladigan maxsus apparat va dasturiy vositasi, hamda mos tashqi qurilmaning drayveri deb ataladigan kontrollerni boshqaruvchi dastur yordamida amalga oshiriladi. 1.3-rasmning o’ng tomonida kompyuter bilan printer o’rtasida bog’lanishni amalga oshirishda qo’llanilgan vositalar ko’rsatilgan.
Tarmoqqa ulangan kompyuterlar o’rtasida ma’lumot almashinish jarayoni esa ancha murakkab bo’lib, u yillar davomida takomillashtirilib kelinmoqda. Hozirda tarmoq orqali matnli ma’lumotlar bilan bir qatorda, tovush, grafika va video ma’lumotlarni katta-katta hajmlarda va katta tezliklarda uzatishlar amalga oshirilmoqda.
Ko’p sonli kompyuterlarni tarmoqqa birlashtirish jarayonida qator yangi muammolar paydo bo’la boshlagan. Bunday muommolar sirasiga fizik bog’lanishlarning shaklini, ya’ni topologiyasini tanlash muammosini ham qiritish mumkin.
Kompyuterlarni tarmoqqa birlashtirish nazariyasida, graflar nazariyasida qo’llaniladigan iboralar, tushunchalar va undagi qoidalardan foydalanilgan. Shunga ko’ra kompyuter tarmog’ining topologiyasi deyilganda - shunday grafning konfiguratsiyasi tushuniladiki, bunda grafning cho‘qqilariga tarmoqdagi kompyuterlar, konsentratorlar, kommutatorlar, marshrutizatorlar kabi qurilmalar, uning qirralariga esa fizik bog’lanishlar mos keladi. Tarmoqdagi kompyuterlar ko’pincha - stansiyalar yoki tarmoq tugunlari ham deb ataladi.
Tarmoqning fizik bog’lanishlari konfiguratsiyasi, kompyuterlar orasidagi elektr bog’lanishlar orqali aniqlanadi va bu shakl, tarmoqning mantiqiy bog’lanishlari konfiguratsiyasidan farq qilishi ham mumkin bo’ladi.
Tarmoqning mantiqiy bog’lanishlari konfiguratsiyasi deganda, undagi ma’lumotlarni uzatish yo‘llarining shakli tushuniladi. Bunday yo’llar tarmoqdagi kommunikatsion qurilmalarni sozlash paytida hosil qilinadi.
Tanlangan elektr bog’lanishlar topologiyasi tarmoqning ko’pgina ko’rsatgichlariga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, zahira bog’lanishlarning mavjudligi, tarmoqning ishonchliligini oshiradi va axborot uzatish kanallarini bir maromda yuklash imkonini beradi. Qo’shimcha stansiyalarning ulash mumkinligi esa, tarmoqni osonlikcha kengaytirish imkonini beradi. Tarmoqni qurish arzonroq tushadigan bo’lishini hisobga olib ham, topologiyalarni tanlash amalga oshiriladi.
Kompyuter tarmoqlarini qurishda ishlatiladigan asosiy topologiyalarni ko’rib chiqamiz (1.4-rasm).
|
| |