Avtomatlashtirilgan kutubxona (AK)- bu shunday kutubxonaki, uning funksiyasi, ayniqsa, kutubxona axborot xizmati asosan avtomatlashtirish (kompyuterlar, serverlar, tashkiliy-texnika vositalari, dasturiy komplekslar) va telekommunikatsiya vositalari yordamida amalga oshiriladi. Zamonaviy AK yaratish murakkab va serxarajat tadbirdir. U yuqori malakali kasb egalari: dastur tuzuvchilar, tizimchi texniklarni jalb qilishni, kutubxonachilarni qayta tayyorlashni
taqozo etadi. Kutubxonalarni avtomatlashtirishning ixcham tarixi, avtomatlashtirilgan kutubxona tarkibi va uni tashkil etuvchi omillari, zamonaviy xalqaro formatlar, loyihalar tuzish uchun ishlab chiqilgan yo‘l-yo‘riqlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtomatlashtirilgan kutubxonada foydalaniladigan texnik va dasturiy vositalar (kompyuterlar tiplari va modellari, kutubxona axborot tizimlari) ARMning tarkibiy qismidir. ARM uchun hisoblash texnikasi, dasturiy va axborot ta’minotini tanlashdek murakkab masalalar mavjuddir. Kutubxona formatlari, maxsus dasturlar va texnika vositalariga bag‘ishlangan maxsus adabiyotlar keng ko‘lamda chop etilgan.
Kutubxonalarni avtomatlashtirish holati. Avtomatlashtirilgan kutubxona (AK) tizimlarining rivoji axborot texnologiyalarining umumiy rivojini o‘zida to‘liq aks ettiradi. Kompyuter bajaradigan ishi va tarkibiga ko‘ra odatdagi kutubxonaga juda o‘xshab ketadi. Kompyuter texnologiyasida ishlatiladigan ba’zi bir atamalar, masalan: «boshlang‘ich modullar kutubxonasi», «katalog», «yuklanadigan modullar kutubxonasi» kabilar shular jumlasidandir. Shaxsiy kompyuter orqali iste’molchiga xizmat ko‘rsatish jarayoni ham kitobxonlarga kutubxonada ko‘rsatilayotgan xizmatga o‘xshab ketadi. Katalogdan ma’lumotlar qidirish, ma’lumotlarni saqlash jarayoni, kataloglashtirish parametrlarini tasniflash va boshqalar bir-biriga o‘xshash. Bularning hammasi kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish mumkinligini ko‘rsatadi. Ya’ni kutubxonadagi asosiy jarayonlar: ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, ishlov berish, qidirish va uzatishni to‘liq avtomatlashtirish mumkin.
Kutubxonalarni avtomatlashtirish usullari joriy qilinmasdan avval ular faqat o‘zlarining kitobxonlariga xizmat qilganlar. Aniq bir kutubxonaga a’zo bo‘lgan kitobxon faqat shu kutubxona axborot resursidan foydalana olgan, mazkur kutubxonada bo‘lmagan axborot resursidan faqat «kutubxonalararo abonement»
orqali foydalanish mumkin bo‘lgan. Ammo har qanday nashrni ham «kutubxonalararo abonement» orqali jo‘natish oson ish emas. Nashrni bunday jo‘natish vaqt va mablag‘ talab qiladi. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishda yana bir cheklash bor edi: kutubxonalar kitobxonlarga nashrlarni faqat odatdagi holatda (masalan: kitob shaklida) berishlari mumkin edi. Kutubxonalarda kompyuterlardan va Internetdan foydalanish yangi imkoniyatlarni yaratadi. Bu esa o‘z navbatida turli fizik tashuvchilardan (magnitli tasmalar, disklar, SD-ROMlar va boshqalardan) foydalangan holda elektron hujjatlarning keng tarqalishiga olib keldi. Bunda masofadan turib axborot olish va axborot uzatishning roli beqiyosdir.
Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy shakllarini o‘zlashtira borgan kutubxonalar o‘z kuchlarini elektron hujjatlar va Internet resurslaridan foydalanishga yo‘naltirdilar. Bunday maqsadga erishish uchun bir qator huquqiy va texnologik masalalarni yechish va kutubxona ishi konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish zarur edi. Elektron kutubxona yaratuvchilarga shu narsa aniq bo‘lib qoldiki, maqsadga erishish uchun manfaatdor tomonlar kuchlarini birlashtirish zarur ekan. Natijada elektron kutubxonalar yaratish ishiga dastlab alohida tashkilotlar kirishgan bo‘lsa, so‘ngra bu ish milliy va xalqaro darajadagi ishga aylandi.
Kutubxonalarni avtomatlashtirishga dastlab XX asrning 60-yillari o‘rtalaridan kirishildi. Kompyuterlarni kutubxonalar ishiga tatbiq qilish bibliografik ma’lumotlar bazasi va kutubxona kataloglarini yaratishdan boshlandi. Bu ishlar maxsus EHM lar asosida bajarildi. Mashina o‘qiy oladigan (MARC) kataloglarni va yagona kataloglar tarmog‘ini yaratish bo‘yicha dastlabki natijalar olindi. O‘tgan asr 70-yillari kompyuterlarni aloqa kanallari orqali yagona tarmoqqa bog‘lash imkoni yaratildi. Bu esa o‘z navbatida, bir kompyuterdagi bibliografik ma’lumotlar bazasidan ikkinchi kompyuter orqali foydalanishga sharoit tug‘dirdi.
|