III BOB.YUNUS RAJABIY NOMIDAGI MAQOM ANSAMBLI TARIXI VA IJOD YO'LI 3.1 YUNUS RAJABIYNING SERQIRRA FAOLIYATI.
Yunus Rajabiy ko’p qirralarda ijod qilgan yetuk inson bo’lganlari uchun ularning ijodiy merosini o’rganishni bir necha qismlarga bo’lgan holda o’rganishni maqul topdim. Dastavval ustozning ilk qo’shiqlari va bastakorlik ijodi haqida yig’ilgan ma’lumotlarni keltirib o’taman.
Yoshligidanoq shirali va taʼsirchan ovozga ega boʻlgan isteʼdodli xonanda va mohir sozanda sifatida tanilgan. Uning repertuaridan maqom parchalari, "Girya", "Ushshoq", "Koʻcha bogi", "Eshvoy", "Kurd", "Qalandariy", "Gulyor—Shahnoz", "Bayot", "Dugohi Husayniy", "Chorgoh", "Miskin", "Nasrulloyi" kabi ashula va kuy turkumlari oʻrin olgan. U bir qancha qadimgi oʻzbek xalq kuy va ashulalarini qayta ishlab tiklagan: "Subhidam", "Yolgʻiz" "Sayqal", "Figʻon", "Oraz", "Begi Sultan" va boshqalar shular jumlasidandir.1
Ijrochilik faoliyatini bastakorlik bilan birgalikda olib borgan Yunus Rajabiy oʻzbek musiqali dramasining shakllanishiga muhim hissa qoʻshgan. Dastlab 1922-1925-yillarda Sh. Shoumarov bilan hamkorlikda "Farhod va Shirin" musiqlai dramasiga xalq ashulalari asosida kuylar bastalangan.
1936-yilda esa"Layli va Majnun" skpektakliga, 1933-yilda U. Ismoilov bilan hamkorlikda "Rustam"dostoni asosidagi musiqali dramasiga, 1935-yilda A. Hidoyatovning "Avaz" nomli musiqali dramasiga, 1940-yilda esa Hamza Hakimzoda Niyoziy qalamiga mansub "Xolisxon" spektakliga hamkorlikda xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan.
Keyinchalik B. Nadejdin bilan hamkorlikda "Qasos" (A. Umariy, Uygʻun, 1941), N. Mironov bilan "Qoʻchqor Turdiyev" (S. Abdulla, Chustiy, 1942), G. Mushel bilan "Muqanna" (H. Olimjon, 1943), O. Halimov bilan "Nodira" (S. Kosimov, Ya. Mamatxonov, 194243), B. Zeydman bilan "Oʻgʻil uylantirish" (H. Fylom, 1964), Sayfi Jalil bilan "Navoiy Astrobodda" (I. Maxsumov, 1968) singari musiqali dramalarni yaratgan.
U 1958-yilda B. Zeydman, D. Zokirov va T. Sodiqovlar bilan birgalikda "Zaynab va Omon" operasining yozilishida ishtirok etgan.
Yunus Rajabiy, shuningdek, "Fabrika yallasi", "Bizning davron", "Mirzachoʻlda tuy", "Oʻzbekiston", "Yangrasin Gulyor", "Dugonalarga", "Kadah", "Koshki", "Gul sochar", "Judo", "Raʼnolanmasun", "Chapandoz", "Kuygay" kabi qoʻshiq va ashulalar, "Oʻyin Bayoti", "Oʻyin Dugohi", "Paxta" singari kuylarni yaratgan2.
O’zbek maqomlari. Shashmaqom nota to’plami
Yunus Rajabiyning, ayniqsa, oʻzbek musiqa merosini toʻplashdagi xizmatlari katta. U 1935 yildan xalq, kuy va ashulalarini notaga yoza boshlagan.
Natijada Yelena Romanovskaya va Ilyos Akbarov tuzgan "Oʻzbek xalq qoʻshiqlari" (1939) toʻplamidan Yunus Rajabiy notaga olgan 29 ta xalq musiqa namunasi urin olgan. 1955—59 yillarda Yunus Rajabiy 5 jildli "Oʻzbek xalq musiqasi" (I. A. Akbarov taxririda) to’plamini nashr ettirdi.
Unga mingga yaqin turli janrdagi oʻzbek (bir kancha tojik, uygʻur) kuy va ashulalari, Buxoro Shashmaqomi, Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari, katta ashulalar, 20-asr bastakorlari (Hamza, K. Jabborov, N. Hasanov, S. Kalonov, F. Sodiqov, T. Jalilov, M. Mirzayev va boshqalar)ning asarlari kiritilgan.
Bugungi kunda Yunus Rajabiy ijodiy-ijroviy an’analari uning nomi berilgan O‘zbekiston Radioqo‘mitasi huzuridagi «Maqom» ansambli, O‘zbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy, viloyatlarda tuzilgan maqom ansambllari faoliyatida, shuningdek, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari an’anaviy musiqa ijrochiligida hamda har to‘rt yilda bir marotaba o‘tkazib kelinayotgan «Maqom» ijrochilarining Respublika tanlovlarida ijodiy davom ettirilmoqda.3
Yunus Rajabiyning o’zbek an’anaviy musiqasi uchun qilgan yana bir muhim ishi bu maqom ansamblining tashkil etilishi asoschi bo’lganliklaridir. Quyida maqom ansamblining tashkil topishi va uning dastlabki tuzilishi haqida ustoz Ravshan Yunusov maqolalaridan olingan qimmatli ma’lumotlar keltirb o’tiladi.
Maqom ansambli deganda maqomlarni ijro etishga ixtisoslashgan xonanda va sozandalar guruhi ko’z oldimizda gavdalanadi. Ularning ijro dasturlaridan asosan maqomlar, shuningdek, oʻzbek bastakorlarining kuy va ashulalari, xalq musiqasi namunalari oʻrin oladi.
Yunus Rajabiy ijodiy merosining yana bir muhim qismi hisoblangan yo’nalish bu musiqashunoslik hisoblanadi. Ustoz ijodkor o’zi ijro etish, yaratish bilam bir qatorda musiqaning turli qonun qoidalari, elementar nazariyalari to’grisida o’zining fiklarini yozib qoldirgan.
Maqom ijrochiligining sir-sinoatlarini o’rgatuvchi mohir pedagog bo’lish bilan birga solfedjio, musiqa nazariyasi kabi fanlarni ham o’rgatgan.
Bu fanlar yuzasidan bir nechta kitoblar yozib, musiqashunoslik rivojiga ham o’z hissalarini qo’shgan. O’z shogirdlariga ilm berish jarayonida ham pedagogika bilan, ham ilmiy izlanishlar bilan shug’ullangan. Musiqashunos olim sifatida shakllanishida u zotning kitoblarga bo’lgan mehri beqiyos bo’lgani shubhasiz.
Ustoz ijodkorning yashab o’tgan va hozirgi kunda muzeyga aylangan uylariga tashrif buyurganimizda ustozning benihoya sheksiz ilmiy merosining guvohi bo’ldik. Eng e’tiborga molik bo’lgan qismi ustozning kutubxonalari edi. Olim sifatida qilgan ishlarining natijasi hisoblangan durdona asarlari nafaqat o’sha davr balki hozirgi kun maqom ijrochilari uchun ham muhim ahamiyatga ega bo’lgan asarlar hisoblanadi.
Yunus Rajabiyning ilmiy ishlari
Ilmiy ishlari sifatida 1966-1974-yillarda "Maqom" ansambli bilan ishlashi jarayonida Shashmaqomning 6 jildli yangi nashrini misol qilib keltirish mumkin. Shuningdek, 1970-yilda Toshkent grammyozuvlar studiyasida grammplastinka yozuvlar mukammal tuplamini tayyorladi. Bu ham o’sha davr musiqasi uchun katta yangilik edi. Yunus Rajabiy musiqashunos olim va mohir pedagog sifatidagi faoliyatining ulkan natijasi sifatida u kishining qo’lida tahsil olgan va hozirgi kunda o’zbek musiqa san’atining yetuk namoyondalari sifatida tanilgan insonlar misolini ko’rish orqali baholansa arziydi. T. Sodiqov, D. Zokirov, D. Soatqulov, F. Sodiqov, N. Hasanov, K. Jabborov, S. Kalonov, K. Moʻminov, O. Imomxoʻjayev, B. Dovidova, K. Ismoilova, O. Alimahsumov, T. Alimatov va boshqa ko’plab taniqli sanʼatkorlar, mohir cholg’u ijrochilari, musiqashunos olimlar va tajribali ustozlar Yunus Rajabiyning shogirdlaridir4.
Ularning ijodi va olib borgan samarali ishlari orqali Yunus Rajabiy timsolini ko’klarga ko’tarish mumkin. Sababi, shogirdning namunali ulg’ayishi, o’z ustida ishlashi, shuningdek, san’atning rivoj topishi, avloddan avlodga bexato yetkazib berilishi uchun ustoz ko’prik vazifasini o’taydi. Yunus Rajabiy esa aynan shu vazifalari mohirona uddalagan o’zbek musiqa san’ati rivojidagi mustahkam ko’prikdir.
Yunus Rajabiyning o’zbek an’anaviy musiqasi uchun qilgan yana bir muhim ishi bu maqom ansamblining tashkil etilishi asoschi bo’lganliklaridir. Quyida maqom ansamblining tashkil topishi va uning dastlabki tuzilishi haqida ustoz Ravshan Yunusov maqolalaridan olingan qimmatli ma’lumotlar keltirb o’tiladi.
Maqom ansambli deganda maqomlarni ijro etishga ixtisoslashgan xonanda va sozandalar guruhi ko’z oldimizda gavdalanadi. Ularning ijro dasturlaridan asosan maqomlar, shuningdek, oʻzbek bastakorlarining kuy va ashulalari, xalq musiqasi namunalari oʻrin oladi.
20 asrning boshlariga qadar Maqom ansamblilari Buxoro, Samarqand, Xiva, Qoʻqon, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda, xususan saroy sharoitida faoliyat kursatgan.
Keyinchalik Maqom ansamblilari yangicha shart-sharoitlarda mumtoz milliy musiqa ijodiyotini keng targʻib qilish maqsadida qayta tuzilgan. Oʻtmishda Maqom ansamblilari tomonidan maqomlar yaxlit turkum holda yoki ularning alohida-alohida cholgʻu va ashula qismlari ijro etilgan.
Bunda, Shashmaqom Talqin, Nasr, Savt kabi shoʻbalarini aytishga ixtisoslashgan hofizlar talqinxon, nasrchi, savtxon deb yuritilgan. Ularga tanbur, doyra yoki ixcham cholgʻu ansambli joʻrlik qilgan.
Jumladan, 19-asrning oxirida Buxoroga mos Maqom ansambli tarkibida, odatda, 2 ta tanbur, dutor, qoʻbiz (yoki sato), doira va 2—3 nafar joʻrovoz hofizlar boʻlgan. 1920-yillarda tashkil topgan Sharq musiqa maktablarida, Samarqand musiqa va xoreografiya institutida maqom ijrochiligidan saboq berishda Opga Jalol Nosirov, Ota Gʻiyos Abdugʻani, Domla Halim Ibodov, Hoji Abdulaziz Rasulov, Matyoqub Harratov kabi yirik maqomchi ustozlar xizmat qilganlar.
Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" ansambli tashkil topdi. 1959-yilda akademik Yunus Rajabiy tashabbusi bilan ushbu maqom ansambli jamlandi. 1927-yilda tashkil topgan Yunus Rajabiy rahbarligidagi oʻzbek xalq cholgʻulari ansambli 1989-yildan Yunus Rajabiy nomidagi Respublika radiosi huzurida shuningdek, Hoji Abdulaziz Rasulov, Domla Halim, Toʻychi hofiz kabi atoqli hofizlarning boy ijodiy-ijrochilik anʼanalariga tayanib ish tutdi. Ansamblga tajribali xonanda va sozandalar jalb etilib, milliy cholgʻulardan tanbur, dutor, chang , rubob, gʻijjak, sato, nay, qoʻshnay, doira va boshqa kiritildi.
Ansambl tomonidan, asosan, Buxoro va Fargʻona-Toshkent makom yoʻllari mukammal oʻrganilishi hamda noyob ijro uslublari oʻzlashtirilishida F. Sodiqov (1961—76 yillarda changchi va musiqa rahbari), J. Sultonov, O. Imomxoʻjayev, A. Haydarov, K. Ismoilova, B. Dovidova, O. Alimahsumov, O. Qosimov, T. Alimatov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar — K. Moʻminov, A. Ubaydullayev, B. Zirkiyev, I. Katayev, S. Aminov, Sh. Ergashev, X. Qodirova, H. Yusupova, Z. Sodiqov, I. Qodirov, shuningdek, I. Toʻrayev, D. Sottixoʻjayev, U. Otayev va boshqalarning ulushi katta boʻldi.
Arabcha maqom ( – o‘rin, joy, tovush, parda, daraja va hokazo, ko‘plik shakli maqomot – ) atamasi o‘tmishda turli ma’noda ishlatilib kelingan. «Musiqa istilohida esa maqom – musiqa cholg‘ularida kuy va ashulalarni tashkil etadigan tovushlarning joy¬lashadigan o‘rni, ya’ni pardalardir... Maqom – ma’lum lad2 asosiga mos keladigan va muayyan pardadan boshlanadigan kuy va ashula¬lar majmuasidir. Hozirgi kunga qadar maqom kuy va ashula yo‘llari turkumi ma’nosini ifodalab keldi»3. Kasbiy musiqaning yuksak namunalari bo‘lgan maqomlar aksariyat musulmon Sharq xalqlari mumtoz musiqa merosining salmoqli qismini tashkil etadi.
Maqom san’ati o‘zining ko‘p asrlik tarixiga ega. Bu tarixni o‘zaro farqli ikki yirik davrga ajratish mumkin. Birinchi davr mazmunini maqomlarning makon-zamon nuqtayi nazaridan juda qadimiy kelib chiqish ildizlari, dastlabki kuy-ohang qatlamlarini o‘rganish masalalari tashkil etadi. Tabiiyki, bu davrda, hozirda ma’lum tom ma’nodagi maqomlar bo‘lmagan, albatta. Chunki, maqom tizim¬larining shakllanish jarayonlari ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning ma’lum bosqichi bilan shartlangan. Zotan, tayanch manbalari juda qadim bo‘lgan maqomlar «xalqlarning o‘ziga xos musiqa boyliklari asosida kasbiy sozanda va xonandalar tomonidan yaratilgan va uzoq madaniy-tarixiy taraqqiyot jarayonida mustaqil musiqa janri sifatida yuzaga kelgan4». Bunda saroy madaniyati ham zarur obyektiv omil sifatida muhim o‘rin tutgan edi.
Qadimgi davr musiqachilari «saroy estetikasi»ga muvofiq musiqa asarlarini ijod etishlarida xalq og‘zaki ijodida to‘plangan badiiy tajriba va musiqa boyliklari asqotgan bo‘lishi tabiiydir. Bunda ular el orasida yoyilgan ma’lum kuy va aytimlarni ijodiy qayta ishlagan holda ularning yanada murakkab va mukammal ko‘rinishlarini zuhur etishga intilgan bo‘lishlari mantiqiy mulohazalarga to‘g‘ri keladi.
O‘z navbatida, shu tarzda shakllana boshlagan bastakorlik an’analari esa, «ustoz-shogird» vositasida keyingi avlod musiqachi (ijodkor-xonanda va sozanda) lari tomonidan ijodiy o‘zlashtirilib borilgan. Bunga Sharq madaniyatida yuzaga kelgan nazira badiiy an’analari misol bo‘lishi mumkin. Shu kabi jarayonlar hamda boshqa omillar o‘laroq ko‘p asrlik tarix silsilasida mumtoz kasbiy musiqaning eng salobatli va eng mukammal zuhuri bo‘lgan maqom tizimlari yuzaga kela boshlagan edi. Tom ma’nodagi maqomlar tarixi ham aslida turli davr va qatlam musiqa namunalari (qadimiy va o‘rta asrlar xalq musiqasi, basta¬korlik ijodiyoti va b.) asosida usluban badiiy yaxlit bo‘lgan salo¬batli musiqiy tizimlar shakllantirilgan paytdan e’tiboran boshlanadi. Bu o‘rinda atoqli maqomshunos olim, ustoz Is’hoq Rajabovning quyidagi fikrlari e’tiborlidir: «Tom ma’nodagi «maqom»larning ham kuy, ham lad tushunchalarining paydo bo‘lishi Sharq xalqlari musiqa madaniyati ancha taraqqiy etgan davrlariga to‘g‘ri keladi. Maqomlarning yuzaga kelishi – inson tafakkurining juda uzoq davr¬larda olib borgan izlanishlarining samarasidir. Maqomlar insonning musiqa haqidagi tushunchalari, musiqaviy-estetik qarashlari barka¬mol bo‘lgan, kishilarning ongi va saviyasi yuksalgan bir davrda yuzaga kelgan. Maqomlar tizimining shakllanishi jahon ilmu fanining rivojlanishi bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Sharq musiqa olimlari musiqani tibbiyot, falsafa va matematika fanlari bilan bog‘liq ekanligini uqdirib o‘tganlar». Darhaqiqat, so‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning natijalari ham ustoz I. Rajabovning bu fikr-mulohazalari asosli ekanligini ko‘rsatmoqda. Bino¬barin, salobatli maqom tizimlarining yuzaga kelishi kishilik jami¬yati taraqqiyotining ma’lum bosqichiga dahldor bir qator omil¬lar bilan shartlangan bo‘lib, shulardan quyida ko‘rsatilgan beshta omilning bo‘lishi zaruriydir:
1. Rivojlangan shahar madaniyati.
2. Aniq fanlarning rivojlanganligi.
3. Falsafiy tafakkur (tasavvuf ta’limoti)ning shakllanganligi va uning badiiy ijodiyotda in’ikos etishi.
4. Kasbiy musiqa qatlamining (bastakorlik, cholg‘uchilik, xonandalik) mavjudligi.
5. Musiqa ilmining rivojlanganligi.
Movarounnahr diyoridan jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy kabi qomusiy allomalar yetishib chiqdi. Buyuk vatandoshlarimiz – Abu Abdullo Xorazmiy (780–850), Ahmad Farg‘oniy (797–865) va Abu Ray¬hon Beruniylarning (973–1048) ilmiy faoliyatlari bois aniq fan¬lar (algebra, astronomiya, geometriya) rivojlandi, Sharq xalqlari orasida ishq falsafasi bilan yo‘g‘rilgan komil inson ta’limoti keng yoyildi va uning ijobiy ta’siri badiiy ijod jabhalarida ham ko‘rina boshladi.
Aynan shu davrlarga kelib nafislar davrasida samo‘ (qalban zavqli tinglash) amaliyoti keng yoyildi, musiqaga tasavvuf namoyandalari tomonidan nozik ta’riflar berildi. Jumladan, taniqli muhaddis, shayx Abu Bakr Buxoriy-Kalobodiyning (vaf. 994-y.) «nag‘ma – jon quvvati va ruh ozig‘i turur» iborasi mazmunan teranligi bilan musiqa haqida shakllanayotgan ko‘pgina qarash¬larga muhim asos bo‘ldi. Bu ibora hozirga qadar ham musiqaga berilgan chuqur ma’noli go‘zal ta’riflar qatorida ma’lum va mash¬hurdir.
Ayni paytda kasbiy musiqa qatlami yangi bosqichga yuk¬saldi, musiqa ilmi alohida fan sifatida uzil-kesil shakllandi. Bu davrga kelib kasbiy musiqachilarning maqomi baland bo‘lganligining guvohi bo‘lamiz. Jumladan, saroylarda nomlari Sharq olamida mashhur xonanda va sozanda-bastakorlarning faoliyat ko‘rsatishlari oddiy holga aylangan edi. Xalifalar ularga izzat-ikrom namunalarini ko‘rsatganliklari haqida yozma manbalarda ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Xususan, al-Isfahoniyning «Kitobul-ag‘oniy» («Qo‘shiqlar kitobi»)da qayd qilinishicha, xalifa Xorun ar-Rashid (786–809) saroyida Ibrohim al-Mavsiliy, Is’hoq al-Mavsiliy, Ibn Jomiy kabi atoqli san’atkorlar o‘zlarining noyob xonandalik va bastakorlik iste’dodlari bilan ko‘p olqish¬larga sazovor bo‘lganlar. Shuningdek, bu davrda eng yaxshi ash¬ulani tanlab olishga qaratilgan o‘ziga xos ko‘rik-tanlovlar ham o‘tkazilib turilgan9. Bizning diyorimizda ham kasbiy musiqachilar maqomi baland bo‘lganligini IX asr oxiri – X asr birinchi yarmida Buxoroda faoliyat ko‘rsatgan Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy (860–941), Alibek Tanburiy, Abulabbos Baxtiyor, Abu Nasr Mutrib kabi san’atkorlar misolida ko‘rish mumkin. Xususan, iste’dodli shoir, mahoratli sozanda va xushovoz xonanda Abu Abdulloh Rudakiy Buxoro hokimi Nasr II ibn Ahmad Somoniy (914–943) saroyida xizmat qilgan. Sharq musiqa ilmining asoschisi va, ayni paytda, mohir musiqa amaliyotchisi Abu Nasr Forobiyning (873–950) nomi esa butun Sharq olamining yirik sha¬harlarida mashhur bo‘lgan.
Forobiy Damashqda bo‘lgan paytida Amir Sayfuddavla ibn Hamdon unga yaxshi munosabatda bo‘lgan. Ibn Xallikon (1211–1282) bergan ma’lumotga ko‘ra, Forobiy Halab shahrining amiri bo‘lgan Sayfuddavla ibn Hamdon (916–964) huzurida juda katta obro‘-e’tibor qozongan. Quyidagi mashhur rivoyat ham Ibn Xal-likon tomonidan bayon etiladi: «Sayfuddavla mutribu mashshoqlarni chaqirtiradi. Chorlangan mashshoqlar qaysi kuyni mashq qilsa, Abu Nasr, sen falon joyda falon xatoga yo‘l qo‘yding, deb uning kam¬chiligini ko‘rsatib turadi. Buni ko‘rib, Sayfuddavla Abu Nasrdan – bu san’atdan ham xabaring bormi, deyman – deb so‘raydi. – Ha, – dedi Abu Nasr, u shunday dedi-yu, belidagi to‘rvasini ochib, undan bir necha cho‘p oldi, ularni bir-biriga uladi, so‘ng chalib mashq qila boshlagan edi, davrada o‘tirganlar o‘zlarini tutolmay kula bosh¬lashdi. Keyin olim o‘sha cho‘plarni boshqacha qilib biriktirib chal¬ gan edi, yig‘ilganlar piq-piq yig‘lashga tushishdi.
Musiqa ilmi. Bu davrda Sharq musulmon olamida mumtoz musiqaning universal qonuniyatlari qaror topgan bo‘lib, uning jadal shakllanishida musiqa ijodkorligi qatorida musiqashunoslik ilmining ham hissasi salmoqlidir. Sharq musiqa ilmining kamol topishida esa, qadimgi yunon olimlarining asarlari ham poydevor yanglig‘ asos bo‘ldi. Jumladan, Bag‘doddagi «Baytul-hikma» aka¬demiyasi olimlari qadimgi yunon olimlarining musiqa ilmiga doir bir qator asarlarini – Aristoksenning «Kitabur-ru-us», (Archay), «Kitobul-iyqo’» (Book of rhythm), Psevdo-Evklidning «Kitabun-nag‘am» (Introductio Harmonica), «Kitobul-qonun» (Sectio canon), Nikomaxning «Kitobul-musiqa al-kabir» (Opus Major on Music), Ptolomeyning «Kitobul-musiqa» (Harmonica) – o‘sha davrda ilm tili maqomida bo‘lgan arabchaga tarjima qildilar1 Bu hol, o‘z navbatida, qadimgilarning musiqiy qarashlarini nafaqat Sharq olamida, balki keyinchalik G‘arbga ham keng yoyilishida muhim omil bo‘lgan edi.
Xullas, hozirda qayd etilgan omillar o‘laroq o‘rta asr Sharqining yirik (Markaziy) shaharlarida maqom tizimlari yuzaga kela boshla¬gan edi.
Maqomlar tarixini o‘zaro farqli ikki yirik davrga ajratish mumkin. Birinchi davrni maqom¬larning qadimiy kelib chiqish ildizlari, dastlabki kuy-ohang qat¬lamlari tashkil etadi. Tabiiyki, bu davrda tom ma’nodagi maqom¬lar bo‘lmagan. Zotan, bizgacha yetib kelgan maqomot tizimlarining shakllanish jarayonlari ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning ma’lum bosqichiga dahldor bo‘lib, bu ikkinchi davrni tashkil etadi.
Olimlar orasida mavjud qarashlarga ko‘ra, maqomlarning eng qadimiy namunalari payg‘ambarlardan meros qolgan. Bu haqda XVI asr ikkinchi yarmi XVII asr birinchi choragida yashab ijod etgan vatandoshimiz, mashhur musiqachi va olim Darvish Ali Changiyning «Tuhfat us-surur» nomli risolasida ma’lumotlar bor.
Maqomlarda mavjud muhim musiqiy qatlamni xalq og‘zaki musiqa ijodiyotining ko‘hna namunalari tashkil etadi. Hayratlanarli tomoni shundaki, maqomlarda xalq musiqasining hatto eng qadimiy namunalariga oid «izlari» ham saqlangan. Xususan, bu izlarni biz¬gacha yetib kelgan «Navro‘zi Ajam», «Navro‘zi Xoro», «Navro‘zi Sabo» nomli maqom asarlarida ko‘ramiz. Bu asarlarning kuy negizlarida mutaxassis olimlar tomonidan «xalq kuyining eng qadimiy namunasi» («birlamchi chiziq» – G. Shenker) tarzida tasnif etil¬gan quyi oqim kuy-ohanglari yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu hol bejiz emas, albatta. Ko‘pgina Sharq xalqlari uzoq o‘tmishdan buyon Navro‘z bayramini nishonlash munosabati bilan ma’lum kuy va ashulalarni ijro etganlar. O‘ziga xos mavsumiy marosim musiqasi sifatida xalq an’anaviy hayotidan o‘rin olgan bu toifa kuylar keyinchalik maqom tizimlariga kiritilib, o‘zining yuksak rivojlangan ko‘rinishlariga ega bo‘lganligi aniq.
Maqom manbalari qatorida «goh» (ya’ni, «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh», «Panjgoh» shaklidagi) kuy tuzilmalari ham e’tiborga molik. Aksariyat olimlar bu kuylarni qadimiy kitoblarni ma’lum ohanglarda o‘qish an’anasiga dahldorligini, shu jumladan, «Avesto»dagi «got» madhiyalariga borib taqalishini faraz qiladilar. Bu o‘rinda Avestodagi «Catheha» so‘zi keyinchalik dariy (forsiy) tiliga «Gah» shaklida o‘tganligi va yana qator holatlar inobatga olinadi. Ammo etnomusiqashunoslik sohasidagi so‘nggi natijalar «goh» kuylarining ildizlari faraz etilayotgan davrlardan ham qad¬imiyroq ekanligini ko‘rsatmoqda.
Garchand, maqomlarda qadimiylikka oid ko‘plab musiqiy yodgorliklarning unsurlari topilsa ham, ular asl holida qayta jonlanishiga kafolat yo‘q.Demak, maqomlarning eng qadimiy tarixi aslida tom ma’nodagi maqomlar tarixi bo‘lmay, balki ko‘proq ularning kelib chiqish man¬balari bo‘lgan ko‘hna davr kuy qatlamlariga dahldordir. Xuddi ana shu turli qatlam musiqa namunalari asosida usluban badiiy yax¬lit musiqiy tizimlarining shakllanish davrlaridan, bevosita mumtoz maqomlar tarixi ham boshlanadi.
Dastlabki maqom tizimlari qachon va qanday shaklda bo‘lganligi xususida aniq ma’lumotlarga ega emasmiz. Bu borada sosoniylar saroyida (shoh Xusrav Parviz davrida – 590–628) xizmat qilgan mashhur musiqachi Borbad (vaf. 627) ijodiy merosi, xususan, unga nisbat beriladigan «Xusravoniy» tizimi diqqatni o‘ziga jalb etadi. Musiqashunos olimlar «Xusravoniy» tizimi keyinchalik maqomot tizimlari yuzaga kelishida asos bo‘lganligi, uning maqomlar shakl¬lanishiga ta’sir etganligini taxmin qiladilar.
Shuni aytish kerakki, Sharq musulmon olamida maqom tizimlarining paydo bo‘lishi uchun zarur omillar IX–X asrlarda yuzaga kelgan edi. Zero, aynan shu davrlarda aniq fanlar rivojlandi, vatan¬doshimiz Abu Nasr Forobiyning (871–950) musiqashunoslikdagi buyuk xizmatlari o‘laroq, Sharq musiqa ilmiga asos solindi, kas¬biy musiqa amaliyoti yangi bosqichga ko‘tarildi. Ana shu omil¬lar ta’sirida o‘rta asr Sharqining yirik (makaziy) shaharlarida O‘n ikki maqom tizimi yuzaga kelgan edi.
|