Bitiruv malakaviy ishining maqsadi: yunus rajabiy nomidagi maqom ansambli tarixi va ijod yo'li haqida yaqindan tanishtirish. Asosiy maqsadlaridan yana biri — maqom san’ati ijodiyotining shakl tuzilish xususiyatlari, tarixiy mahalliy uslublari kabi masalalari yuzasidan hozirgi zamon baxshichilik ijodi fanlarida to’plangan ma’lumot va xulosalardan xabardor qilishdan iborat.
Bitiruv malakaviy ishining vazifasi:Mavzudan kelib chiqadigan vazifalar - turli yo’nalishlarda bilimlarga ega bo’lganliklarini namoyish etishlaridan iboratdir. Maqom san’ati o’ziga xos bo’lgan xususiyatlari va uning asoslari, ilmiy uslubiyot masalalari, o’zbek xalq musiqa ijodi fanlariga joriy etilgan asosiy yo’nalish va usullari bayon etiladi.
Bitiruv malakaviy ishining predmeti: Bitiruv malakaviy ishiningpredmeti sifatida Termiz Davlat universiteti kafedrasi, Termiz ixtisoslashtirilgan san’at maktabi, o’quv qo’llanmalari, darsliklar, ilmiy risolalar, maqolalardan iborat.
I.BOB AKADEMIK YUNUS RAJABIYNING SHASHMAQOMNI YARATISHDAGI JONBOZLIKLARI.
1.1 AKADEMIK YUNUS RAJABIY HAQIDA.
Bastakor, xonanda va sozanda, akademik Yunus Rajabiy 1897 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Avval madrasada, so‘ng 1919-1922 yillarda Turkiston xalq konservatoriyasida, 1934 yilda Toshkent Oliy musiqa maktabining tayyorlov kursida, 1940—1941 yillarda Moskvada bastakorlar kursida ta’lim olgan Yu. Rajabiy xalq musiqa merosini Mirzaqosim hofiz,Sh.Shoumarov, To‘ychi Hofiz, Domla Halim Ibodovlardan o‘rgangan.Mehnat faoliyatini 1923—1925 yillarda Samarqand pedagogika bilim yurti to‘garagi o‘qituvchisi sifatida boshlab, 1925—1926 yillarda Samarqand teatrining musiqa rahbari, 1927—1959 yillarda O‘zbekiston radio qo‘mitasi qoshidagi xalq cholg‘u asboblari ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari, 1942—1945 yillarda Toshkent viloyat Yangiyo‘l musiqali drama va komediya teatrining musiqa rahbari, 1959—1976 yillarda O‘zbekiston Televideniesi va radio eshittirish Davlat qo‘mitasi huzuridagi maqom ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari vazifalarida ishladi. Yu.Rajabiy avvalo keng madaniy jamoatchilikka o‘tkir shirali ovozga ega bo‘lgan iste’dodli xonanda sifatida tanilgan edi. U aytgan «Girya», «Nolish», «Ko‘cha bog‘i», «Eshvoy», «Kurd», «Qalandari», «Shahnozi Gulyor», «Bayot», «Qaro ko‘zim», «Dugohi Husayni», «Chorgoh», «Miskin», «Nasrulloyi» kabi maqom yo‘llaridagi ashulalar, u tiklagan «Subhidam», «Yolg‘iz», «Sayqal», «Segoh», «Dugoh» va boshqa qadimgi o‘zbek kuy va ashulalari hamon tinglovchilarga estetik zavq bag‘ishlab, dillarga orom berib kelmoqda.Xonandalikni bastakorlik bilan baqamti olib borgan san’atkor o‘zbek musiqali drama janrida samarali ijod etib, kuylar, qo‘shiqlar, raqs kuylari, xor asarlari yozdi.Dastlab Xurshidning «Farhod va Shirin» (1922—1925), «Layli va Majnun» (1926), O‘.Ismoilovning «Rustam» (1933), A. Hidoyatovning «Avaz» (1935), Hamzaning «Xolisxon» (1940) spektakllariga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan bo‘lsa, keyinchalik S. Abdulla va Chustiyning «Qo‘chqor Turdiev» (1942), B. Nadejdin bilan hamkorlikda A. Umariy va Uyg‘unning «Qasos» (1941), K. Yashinning «Farhod va Shirin» (1944), G. Mushelь bilan hamkorlikda H. Olimjonming «Muqanna» (1943), Xalilov bilan hamkorlikda S. Qosimov va L. Mamatxonovning.«Nodira» (1942—1943), B.Zeydman bilan hamkorlikda H. G‘ulomning «O‘g‘il uylantirish» (1964), Sayfi Jalil bilan hamkorlikda Y. Mahsumovning «Navoiy Astrobodda (1968) kabi musiqali dramalarini va T. Sodiqov, D. Zokirov, B. Zeydmanlar bilan hamkorlikda «Zaynab va Omon» operasini yozib, o‘zbek musiqali drama janrining shakllanishiga katta hissa qo‘shdi.
«Fabrika yallasi»,«Yor-yor»,«Mirzacho‘lda to‘y», «O‘zbekiston», «Qahramonlar haqida qo‘shiq», «Bizning davron», «Vatan haqida qo‘shiq» «Xalqlar do‘stligi», «Bahor keldi», «Shodlik», «Dugonalarga», «Koshki», «Gulbargi», «G‘alaba» kabi kuy, xor asarlari, marshlari, «O‘yin bayoti», «O‘yin dugohi», «Paxta» singari raqs kuylarini ham yaratdi.O‘zbek musiqa merosini to‘plashda Yu. Rajabiyning xizmatlari nihoyatda qatta. U 1935 yildan boshlab kuy va qo‘shiqlarni,maqomlarni to‘play boshladi. Shuning natijasi o‘laroq E.Romanovskaya, A.Akbarovlar 1939 yilda tuzgan «O‘zbek xalq qo‘shiqlari» to‘plamidan Yu. Rajabiy notaga solgan 29 ta ashula va qo‘shiqlar o‘rin oldi.Yu. Rajabiy 1955—1959 yillarda (Y. Akbarov tahriri ostida) 5 jildlik «O‘zbek xalq muzikasi» to‘plamlarini nashr ettirdiki, ularga turli janrlardagi mingga yaqin o‘zbek (bir qancha tojik, uyg‘ur) kuy va ashulalar, «Buxoro Shashmaqomi», Toshkent, Farg‘ona maqom cho‘llari, qatta ashulalar, Hamza qo‘shiqlari, o‘nlab bastakorlarning asarlari kiritilgan. Maqom ansambli bilan uzoq ishlashi natijasida, 1966-1974 yillarda (F. Qaramatov tahririda) «Shashmaqom»ning 6 jildlik yangi nashrini tayyorladi.Mazkur kitoblarga izoh beruvchi 1978 yilda nashr etilgan «Muzika merosimizga bir nazar» asari maqomchilarning ijro uslublarini o‘rganishda muhim qo‘llanma bo‘ldi.Yu. Rajabiyning o‘zbek musiqa va qo‘shiq san’ati kamolotidagi katta xizmatlari 1958 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni, Respublika Davlat mukofoti (1973) bilan taqdirlandi. 1966 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi.O‘zbekiston musiqa san’atining ulkan arbobi Yunus Rajabiy 1976 yilda Toshkent shahrida vafot etdi. O‘zbekiston Televidenie va radio eshittirish Davlat qo‘mitasi qoshidagi «Maqom» ansambliga, Jizzax musiqali drama teatriga va Toshkent musiqa pedagogika bilim yurtiga, Toshkentdagi markaziy ko‘chalarning biriga Yunus Rajabiy nomi berildi.
Respublikamiz madaniy jamoatchiligi 1997 yilda Yunus Rajabiyning 100 yillik yubileyini keng nishonladi. O‘zbek milliy madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shganligi uchun u 2000 yilda «Buyuk xizmatlari uchun»ordeni bilan mukofotlandi. Bastakorlik faoliyati bilan Yunus Rajabiy, o‘zidan mangu asarlar ijod qilib qoldirdi. Uning dastlabki mashhurlikka erishgan asarlari, “Bahor marshi”, “Yoshlar marshi”, “O‘rtoqlar”, “Komsamol marshi” kabi cholg‘u asarlari “Xammamiz” (Jig‘ay she’ri), “G‘alaba” (Uyg‘un she’ri), “Gulbog‘lar” (Habibiy sh’eri), “Yor ila” (Muqumiy g‘azali), keyingchalik “Yor mehri” (A.Navoiy g‘azali), “Hajringda” (Furqat), “Muhabbat dashti” kabi asarlarni ijod qildi. Hamid Olimjon so‘zi bilan aytiladigan asarlari orasida «Kuygay» ashullasi alohida e’tiborga sazovor. Ma’lumki. Yunus Rajabiy musiqa teatrlarda ham, musiqa rahbari bo‘lib faoliyat yuritgan. Ana shu faoliyati davomida “Muqanna” nomli spektaklga musiqa bastalaydi. Uning adabiy matni muallifi Hamid Olimjon hisoblanib, shoir 1942-yilda «Muqanna» she’riy tragediyasini tugatganidan keyin o‘sha kezlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tashkil etilgan musiqali drama teatri uchun mazkur asarning musiqiy matnini tayyorlab bergan va bu asarga aruz vaznida bitilgan bir qancha g‘azallarni kiritgan. «Kuygay» g‘azali ham «Muqanna» musiqali dramasi uchun yozilgan ashulla matni bo‘lib, u spektaklda Guloyim va Muqannaning dueti tarzida ijro etilgan. “Kuygay” ashullasi “Muqanna” musiqali dramasiga kuy bastalagan mashhur
o‘zbek bastakori va hofiz san’atkor Yunus Rajabiy hamda uning farzandi Hasan
Rajabiy ijrosida xalqimiz o‘rtasida mashhur bo‘lgan. Hamid Olimjonning bu mashhur g‘azali hozir ham ko‘plab xushovoz xonandalar ijrosida aytilib keladi. G‘azal bunday misralar bilan boshlangan;
So‘zingning sharpasi tekkanda olam bob, bob kuygay, Dengizlar, daryolar,hattoki ko‘llarda xubob kuygay. Kamondek qoshlaring, kipriklaringdin
o‘q otar doim, Sening yoding bilan tinmay hama noz-u itob kuygay.
G‘azal aruz she’riy tizimining “hazaji musammani solim” bahrida yozilgan
bo‘lib, bastakor Yunus rajabiy ushbu so‘zlarni ansmabl jo‘rligida farg‘ona Toshkent mahalliy uslubiga hos ravishda mumtoz yo‘nalishdagi ohanglarga solgan. “Kuygay” asari haqida musiqashunos T.G‘ofurbekov “rajabiycha” mustaqil bastakorlik uslubiga xos boqiy bitiklar…1 ” deb ataydi. Akademik ko‘p yillar mobaynida maqom san’atini keng ommaga yetkazuvchi,
hamda targ‘ib qiluvchi O‘zbekiston radiosi qoshidagi tuzilgan “Maqomchilar
ansambili”ga rahbarlik qildi. Ushbu maqom ansambli ijrosida “Shashmaqom”ning
ashula bo‘limiga kirgan barcha sho‘balar va ko‘plab cholg‘u yo‘llari magnit lentalari va grammafon plastinkalarga yozib olingan va hozirgi kungacha mumtoz
musiqamizning merosi sifatida qadrlanib saqlanib kelmoqda. Ushbu ansambl bilan
ishlash, rahbarlik qilish, Yunus Rajabiy uchun katta musiqiy labaratoriya vazifasini
bajargan edi. Dastavval ushbu maqom ansambili jami 13 ijrochidan tashkil topgan
bo‘lib, keyingchalik ijrochilar tarkibi kengaytirilgan va hozirgi kunga qadar “ustoz
shogirt” an’analari davom ettirilib maqom ansambili o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Yunus Rajabiyga ansambl bilan ba’zi maqom sho‘balarini ijro etish jarayonida
ayrim qismlar yetishmayotganday tuyulardi va ularni to‘ldirishni taqzo etardi.
Bunday paytlarda esa o‘ylangan kamchilik joylarga mos keladigan kuy jumlalar,
namud avjlari yoki savt va taronalarga o‘xshash ayrim qismlar bilan to‘ldirishga
xarakat qilingani tog‘risida ma’lumot berib, ular haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tgan
masalan, “Navo” maqomidagi “Savt I”, “Mustazodi Navo”, “Qashqarchayi
Mustazodi Navo”, “Soqiynomayi Mustazodi Navo” , yoki “Bayot” ning “Sheroziy” variantining faqat uchtasi o‘sha davrgacha aytilib kelingan bo‘lsa, Yunus Rajabiy unga Talqincha “Bayot Sheroziy IV” va soqiynoma usulida “Bayot Sheroziy V” Soqiynoma qismlarini bastalagani xususida, “Мусиқа меросимизга бир назар” kitobida zikr etgan. Shuni ta’kidlash joizki akademik, Yunus Rajabiyning o‘zbek musiqa san’ati rivojida olib borgan faoliyati serqirralidir. Birinchidan, ijrochilik, ikkinchi yo‘nalish bastakorlik, uchinchi yo‘nalish an’anaviy musiqa namunalarini notaga olish bilan bog‘liq etnograf-musiqashunoslik, to‘rtinchisi maqom ansambliga rahbarlik,beshinchisi o‘zbek xalq va mumtoz musiqalarini maqomchilar ansambliga o‘rgatib, beshinchisi o‘zbek xalq va mumtoz musiqalarini maqomchilar ansambliga o‘rgatib, magnit tasmalariga yozdirgan va meros qilib qoldirgan xazinabon, oltinchi betakror shogirtlarni yetishtirishda rahnamolik qilgan ustoz, yettinchi musiqa ijodiyotida ibrat sifatida faoliyat yuritgan yagona akademik.
Shuningdek kitobda maqomlarga kiritilgan avj va namudlar haqida juda ko’p
to‘xtalib o‘tiladi masalan, “Ushshoqi Xo‘qand” da ilgari “Avji Zebo pari” kichik
shaklda aytilgan,Yunus Rajabiy esa avjni to‘la qilib ishlab, “Namudi Ushshoq” va
“Namudi Uzzol” larni kiritganliklari haqida bayon etadilar, yoki “Chapandozi
gulyor” ilgarigi variantlarida kuplet xolida ijro etib kelingan, hamda ashullaning
oxirgi misrasining avji usulsiz bo‘lib, katta ashulalarga xos avj qo‘llanilardi, uni
Yunus Rajabiy usulga solib “Namudi Ushshoq”ni bastalaganlar. Shuningdek
“Qo‘qon Ushshog‘i” asariga maqomchilar ansambliga o‘rgatish jarayonida “Zebo
pari”, “Namudi Ushshoq”lar qo‘shilgan va ushbu asar qayta ishlangan va
mukammallashtirilgan. Rajabiy Ota “Dilxiroj” kuyiga katta avjdan oldin keladigan
avjiga “Namudi Segoh” ni qo‘shib ishlagan, “Navro’zi Sabo” ga esa “Namudi Oraz” ni kiritganlar hamda “Kurd” va “Cho‘li Kurd” kuylarining avjidan keying turk avjini kiritgan. Bastakor Yunus Rajabiyning xalq kuyi asosida qayta ishlangan “Rajabiy” kuyi haqida ma’lumot berilar ekan, kitobni 53- betini o‘qib quyidagicha ma’lumotga ega bo‘lamiz. Ushbu kuy XIX- asrning ikkinchi yarmida “Rajabiy” taxallusi bilan ijod etgan bastakor tomonidan yaratilgan va uni ilik marta kapelmeyster E.Leysek notaga olgan hamda puflama orkestrga moslab qayta ishlagan. Asar 1891- yili Toshkentda ochilgan xalq qishloq xo‘jaligi vstavkasida namoyish qilingan. Rajabiy ota ushbu kuyga maqom qismlariga xos ravishda namudlar bog‘laganlar. Ushbu asarni “O‘zbek xalq musiqasi” II- jildida 334-336 betlarida nota na’munasi keltirilgan. Yunus Rajabiy bastakorlik ijodi rang barangdir. Uning ijodida qo‘shiqdan tortib musiqali drama, hammualliflikdagi opera asarlarini ko‘rishimiz mumkun. Uning kuy va ashulalarida maqom an’analari, vohaviy xususiyatlar, mavzuli, shahliy va usul jihatlari mumtozona uyg‘unlashgan. Xalq musiqa merosidagi unutilib borayotgan namunalarni tiklash va ularni an’anaga xos zamonga mos tariblashtirish ishlari XX-asr o‘zbek mumtoz musiqa san’atida jadal sur’atlarda rivojlandi. Dastavval bu savobli ishga Xamza Xakimzoda Niyoziy qo‘l urgan bo‘lsa, Yunus Rajabiy ijodida ham bu an’anani kuzatamiz.Hazrat Navoiy asarlarida ushbu amal “Nag‘mapardoz”, “Lahnpardoz” kabi iboralar bilan keltirilgan bo‘lib, “Nag‘mapardoz” amali Yunus Rajabiy ijodida yuksak ahamiyat kasb etadi. U bir qancha qadimiy o‘zbek xalq kuy va ashulalarini qayta ishlagan. Xususan “Subhidam”, “Yolg‘iz”, “Sayqal”, “Fig‘on”, “Oraz”,
“Begi Sulton” asarlari shular jumlasidandir.
|