|
Microsoft Word alkimyogar ziyouz com doc Pdf ko'rish
|
bet | 57/67 | Sana | 28.11.2023 | Hajmi | 308,52 Kb. | | #106877 |
Bog'liq Alkimyogar (Paulo KOELO) @worldof bookswww.ziyouz.com kutubxonasi
57
Dengiz hanuz shu chig‘anoq ichida, demak, u o‘z Taqdiri yo‘lida. Va u chig‘anoqni, toki
sahroda tag‘in to‘lqinlar oqib o‘ynamaguncha, tark etmaydi.
Ular otlariga minishdi va Misr ehromlari tomon yo‘l tortishdi.
Santyagoning yuragi xavfdan ogoh etib belgi bergan chog‘da quyosh mag‘ribga og‘a
boshlagan edi. Ular bu daqiqalarda ulkan qum barxanlari orasida borishardi. Santyago
Alkimyogarga qaradi, biroq u aftidan hech nimani payqamagandi. Besh daqiqada keyin
bo‘zbola oldinda ikki nafar suvorining qorasini aniq-tiniq ko‘rdi. U gapirmoqchi bo‘lib
og‘iz juftlagan ham ediki, ikkita o‘ntaga, o‘nta-yuztaga ko‘paydi va oxir-oqibat
barxanlarni son-sanoqsiz lashkar qopladi.
Suvorilar havorang kiyimda edi. Ularning sallalari qora tasma bilan tang‘ib boylangan,
yuzlari esa ko‘zlarigacha havorang mato bilan bekitilgan.
Hatto uzoqdan ham bu ko‘zlar ruh qudratini namoyon qilib, yo‘lovchilarga o‘limni
daraklardi.
Santyago bilan Alkimyogarni lashkargohga olib kelishdi, chodirga itarib kiritib yuborishdi,
bo‘zbola hali bunaqasini ko‘rmagan edi; ularni qabila boshlig‘iga ro‘para qilishdi. Uning
tevaragida harbiy sardorlari saf tortib turishardi.
— Bular ayg‘oqchilar, — ma’lumot berdi asirlarni boshlab kelganlardan biri.
— Yo‘q. Biz yo‘lovchilarmiz, xolos.
— Uch kun burun sizlarni dushmanlarimiz qo‘nalg‘asida ko‘rishgan. Sizlar qaysidir bir
jangchi bilan gaplashgansiz.
— Men sahro yo‘llarini bilaman va yulduzlarga qarab yo‘l topaman, — javob qildi
Alkimyogar. — Sizlarning dushmanlaring qancha ko‘pligi va ular qay tomonga harakat
qilayotgani menga qorong‘u. Men lashkargohingizgacha o‘zimning do‘stimni kuzatib
keldim.
— Kim o‘zi bu? — so‘radi qabila boshlig‘i.
— Alkimyogar, — javob qildi Alkimyogar. — U tabiatning jamiki kuch-qudratidan
boxabar va senga o‘zining g‘aroyib iste’dodini ko‘rsatishni istaydi.
Santyago miq etmay, qo‘rquv ichida tingladi.
— Musofir bizning o‘lkamizda nima qilib yuribdi, — so‘radi boshqa bir harbiy sardor.
— U sizning qabilaga pul olib keldi, — javob qildi Alkimyogar va bo‘zbola og‘zini juftlab
ulgurmay boshliqqa uning hamyonini uzatdi.
Qabila boshlig‘i indamay oltinni oldi — unga ko‘p qurol sotib olsa bo‘lardi.
— “Alkimyogar” degani nima? — so‘radi harbiy sardorlardan biri.
— Bu tabiat va olamning sirini biladigan odam. Agar xohlasa, u lashkargohingizni birgina
shamolning kuchi bilan yo‘q qiladi.
Arablar kulib yuborishdi. Ular urushning vayron qiluvchi kuchiga ko‘nikishgan edi,
shamolning bunday qudratga egaligiga ishonishmasdi. Biroq ularning yuragiga qo‘rquv
oraladi. Ularning bari sahroyi edi, shu boisdan ham sehrgarlardan cho‘chishardi.
— Buni u qanchalik uddalay bilishini men ko‘rishni istayman, — dedi eng katta boshliq.
— Bizga uch kun muhlat bering. Va mening hamrohim, sizga o‘z kuchini ko‘rsatish
uchun, shamolga aylanadi. Agar buni u uddalay bilmasa, biz hayotimizni sizga
topshiramiz.
— Shunday ham menga tobe bo‘lgan hayotni menga topshirishning hojati yo‘q, — qat’i
javob qildi harbiy boshliq.
Biroq uch kun kutishga rozi bo‘ldi.
Santyago qo‘rquvdan tamom dovdirab qoldi. Alkimyogar uni qo‘lidan tortib chodirdan
olib chiqdi.
Alkimyogar (qissa). Paolo Koelo
|
| |