Alkimyogar (qissa). Paolo Koelo
www.ziyouz.com kutubxonasi
1
Paulo KOELO
ALKIMYOGAR
Insonning Yerdagi umri mobaynida amalga oshiradigan ishlari nimalardan iborat? O‘z
Taqdiri yo‘lidan borib, ko‘ngliga tukkan orzu-umidlarini amalga oshirishi uchun insonga
eng zarur narsa nima?..
“Alkimyogar” romani mana shunday ko‘lamli, mazmunan falsafiy, mohiyatan esa oddiy
insoniy muammo haqida.
Asar muallifi— hozirgi zamonning mashhur yozuvchisi braziliyalik Paulo Koelo.
“Alkimyogar” Richard Baxning “Oqcharloq Jonatan” yoki “Sharpalar” asarlariga
o‘xshamaydi. Ekzyuperining “Kichik Shahzoda”siga ham o‘xshash tomonlari juda kam.
Biroq negadir “Alkimyogar”ni o‘qiganda beixtiyor o‘sha rivoyat-qissalar yodga tushadi.
Zotan, bu asar aynan hozirgi zamon kitobxonlari uchun yozilgandek va “Alkimyogar”ning
turli davlatlar arboblariyu, mashhur san’atkorlar hamda hozircha bir yuz o‘n yetti
mamlakatdagi millionlab adabiyot muxlislari tomonidan sevib o‘qilishi shundan
dalolatdir.
“Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat barqaror: agar siz chindan nimanidir orzu
qilsangiz, unga albatta erishasiz. Zotan, bu orzu Olam Qalbida ham tug‘iladi va ayni
shuning o‘zi sizning Yerda mavjudligingiz tasdiqi, sizning taqdiringizdir”, deb yozadi P.
Koelo.
Tarjimon
Ahmad OTABOY tarjimasi
ORZU YO‘LIDAGI TO‘RT TO‘SIQ
“Sofiya” nashriyoti chop etgan “Alkimyogar” romanining birinchi nashrini qo‘lga olib, chin
dildan quvondim. Bir necha yil mobaynida rossiyalik tashabbuskor kitobxonlar bu kitobni
imkon darajasida yoyishga urinishdi— Internetga joylashdi, qo‘lbola
kitob shaklida
tayyorlab almashib o‘qishdi, asar matnining fotonusxasini chiqarishdi. Biroq barcha sa’y-
harakatlarga qaramay, turli bahonayu sabablar bois, hozirgacha “Alkimyogar”ni kitob
tarzida
nashr etib, bozorga olib kirishning iloji bo‘lmagan edi.
Mana, nihoyat uni nashr qilib, talab darajasida tarqatishga jur’at etadigan nashriyot
chiqib qoldi. Romanda hikoya qilingan cho‘pon bola Santyagoning sayohati bilan bog‘liq
voqealar asosida yotgan tub ma’no-mazmun— bu “O‘z Taqdiring” tushunchasidir. “O‘z
Taqdiring” nima degani? Bu Xudo
tomonidan bizga buyurilgan, umrimiz mobaynida ado
etishimiz lozim bo‘lgan oliy majburiyat, har qaysimizning bosib o‘tadigan o‘z yo‘limizdir.
Biz har safar biror-bir amalni quvonch va
hafsala bilan bajarganimizda, O‘z Taqdirimizga