|
Microsoft Word alkimyogar ziyouz com docBog'liq Alkimyogar (Paulo KOELO) @worldof bookswww.ziyouz.com kutubxonasi
7
— Men esa boshqa yerlarni ko‘rishni, boshqa ayollarga qarashni xohlayman. Axir, bu
odamlar hech qachon bizning qishloqda qolib ketishmaydi-ku.
— Yurt kezish uchun ko‘p pul kerak, bolam. Bizda muqim bir joyda yashamaydiganlar
faqat cho‘ponlar, xolos.
— Iloj qancha, demak, cho‘pon bo‘laman, — dedi Santyago.
Ota hech nima demadi, ertalab unga uchta qadimgi tilla tanga solingan hamyonni tut-
qazdi:
— Bir kun daladan topib olgandim. Osmondan tushgan desa ham bo‘laveradi. O‘zingga
bir otar qo‘y sotib ol va yurt kezib mol boqib yuraver, qachonki, dunyoda bizning
qasrimizday eng zo‘r qasr va bizning ayollarimizday go‘zal ayol yo‘qligini tushunsang, bir
kun qaytarsan.
O‘g‘lini tangriga topshirib fotiha berayotganda, Santyago uning ko‘zlariga qarab, qarib
qolganiga, muqim hayotning huzur-halovati: yeb-ichishi yetarli va boshida kapasi
borligidan qoniqish hosil qilib, o‘zini xotirjam tutishiga qaramay, otasining ko‘nglida yurt
oshib, el kezib yurish ishtiyoqi so‘nmaganini payqadi.
Ufq qirmizi tusga kirdi, so‘ng quyosh botdi. Otasining gaplarini eslab kulimsiradi: u
ko‘plab qasrlarni va ko‘plab go‘zallarni ko‘rishga ulgurdi, darvoqe, ular orasida tengi yo‘q
bir hurliqo bilan ikki kundan keyin tag‘in uchrashadi. Uning bir otar qo‘yi bor, egnida
kamzuli bor, kitobi bor, kitobni xohlagan paytda boshqasiga almashtirsa bo‘ladi. Muhimi
— uning eng aziz orzusi amalga oshayotir: dashtu dala kezib, safar qilib yuribdi.
Andalusiyaning qir-adirlari zeriktirsa, xohlagan paytda qo‘ylarni sotib, dengizchi bo‘lishi
mumkin. Agar dengizda suzish joniga tegsa, bu paytga kelib u boshqa shaharlarni ko‘rib,
boshqa ayollar bilan tanishib oladi, baxtli bo‘lishning boshqacha yo‘llarini topadi.
“Bilmadim, diniy maktabda Tangrini qanday topardim”, — o‘yladi Santyago ko‘tarilib
kelayotgan quyoshga qarab.
O‘zining safarlarida u doim noma’lum yo‘llardan yurishni ma’qul ko‘rardi. Bu cherkovda
hali biror marta tunashga to‘g‘ri kelmagan, garchi bu o‘lkalarda tez-tez bo‘lib tursa-da.
Dunyo keng, cheku chegarasi yo‘q va Santyago ozroq vaqt qo‘ylarni o‘z mayliga qo‘yib
bersa, albatta, qandaydir qiziq voqeaga duch kelardi. Faqat qo‘ylar har kuni yangi
yo‘llarni topishayotganini, yaylovlar va yil fasllari o‘zgarayotganini tushunmaydi:
ularning miyasida faqat qorin to‘yg‘azish ehtiyoji bor, xolos.
“Ehtimol, biz ham shunaqadirmiz, — o‘yladi cho‘pon. — Axir, men o‘zim ham
movutchining qizi bilan tanishganimdan keyin xayolim biror marta ham boshqa ayollarga
ketmadi-ku”.
U osmonga qaradi, chamaladi, peshinga qolmay Tarifda bo‘ladi. U yerda kitobni
boshqasiga, qalinrog‘iga almashtirib olsa, suvdonini vinoga to‘ldirib, soch-soqolini
oldirsa, movutchining qizi bilan uchrashuvga shay bo‘ladi. U boshqa bir cho‘pon qizni ilib
ketgan bo‘lsa-chi, degan xayolga bormaslikka urindi.
“Hayot shunisi bilan qiziqki, tushlar rostga aylanadi”, — o‘yladi Santyago osmonga ko‘z
tashlab qo‘yib, qadamini tezlatarkan.
U Tarifda tushni ta’birlaydigan kampir yashashini esladi. Qani aytsin-chi, ikki marta
ko‘rgan bir tushning ta’biri qanaqa bo‘larkan.
Kampir mehmonni orqa tarafdagi oshxonadan turli
rangdagi plastmassa munchoqlar shodasidan yasalgan parda bilan ajratilgan xonaga
yo‘lladi. Xonada stol va ikkita stul bor, devorda Masih yuragi tasviri tushirilgan surat
ilingan.
Uy bekasi Santyagoni o‘tirg‘izdi, o‘zi uning qarshisiga o‘tirib, ikki qo‘lidan ushladi va past
Alkimyogar (qissa). Paolo Koelo
|
| |