|
Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc Pdf ko'rish
|
bet | 30/67 | Sana | 11.02.2024 | Hajmi | 394,69 Kb. | | #154681 |
Bog'liq Chingiz-Aytmatov-Sarvqomatdilbarimwww.ziyouz.com kutubxonasi
30
o‘rmalab chiqish demakdir. Oldinga — yuqoriga — orqaga, yana ilgariga — oldinga — orqaga, yana
va yana... Ammo o‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q, qor gupillab urib turibdi.
Motorni yurgizdim. Mashina qattiq o‘kirib, balandlik sari qo‘zg‘aldi. Tishimni tishimga qo‘yib,
tinimsiz ravishda ilonizi yo‘llarni asta-sekin bosib o‘taverdim. Nihoyat, tepalikka ham chiqib oldim.
Endi tik qiyamalik, yo‘l tuzatuvchilar uchastkasiga burilib ketadigan muyulishga qadar bir tekis
nishablik, undan keyin esa dovonga so‘nggi hujum boshlandi. Bir amallab pastga tushib oldim va to‘rt
kilometrcha cho‘zilib yotgan to‘g‘ri yo‘ldan mashinani yeldek uchirib borib, yuqoriga ko‘tarila
boshladim. Mana, u olg‘a intilib tobora yuqorilashib bormoqda... Ammo boyagi tezlab kelayotgani
ko‘pga bormadi, tezlik borgan sari pasaya bordi. Motorni ikkinchi, so‘ngra birinchi tezlikka qo‘yib
haydadim. Rulni mahkam ushlagancha, o‘zimni orqaga tashladim. Bulut parchalari orasidan yulduzlar
mo‘ralashib qarashardi. Mashina joyidan qimir etmas va u yog‘iga tortolmasdi. G‘ildiraklar bir yerda
g‘irillab aylanib, chetga surilardi, men akseleratorni jon-jahdim bilan bosdim.
— Qani, yana! Yana ozgina! Qimtib yubor! — deb qichqirib yubordim.
Cho‘zib-cho‘zib ingrayotgan motor titrab-qaltirab dirillay boshladi-da, birdaniga o‘chdi-qoldi.
Mashina sekingina orqaga keta boshladi. Jonholatda tormoz berdim, to‘xtamadi. Pritsepning og‘irligi
bilan borgan sari tezroq sirg‘alib, pastga tomon g‘ildirab tu-shaverdi, nihoyat, mashina qoyaga urilib,
taqqa to‘xtadi. Hammayoq jimjit bo‘lib qoldi. Kabina eshigini ochib, tashqariga qaradim. Xuddi
o‘ylaganimdek! Padariga la’nat! Pritsep yo‘l yoqasidagi ariqqa tushib ketgan edi. Endi uni hech
qanday kuch bilan chiqarib bo‘lmasdi. O‘zimni yo‘qotib, dovdiraganimcha, yana motorni yurgizdim,
zo‘r berib mashinani oldinga qarab hayday boshladim. G‘ildiraklar o‘z o‘rnidan qo‘zg‘almay g‘irillab
aylanardi. Mashina bor kuchi bilan ilgariga qarab intildi, butun tanasi dirillab ketdi-yu, ammo joyidan
siljimadi. Men mashinadan sakrab tushdim-da, pritsepga tomon chopib bordim. Uning g‘ildiraklari
ariqqa chuqur botib ketgan edi. Nima qilish kerak? Boshim qotib qolgan edi, g‘azab bilan pritsepga
otildim, uning g‘ildiragini qo‘llarim va butun gavdam bilan itara boshladim. So‘ngra kuzovning ostiga
kirib boshim sirqirab og‘rib ketgunicha yirtqich hayvon singari bo‘kirib, pritsepni yelkam bilan yo‘lga
surib chiqarishga urinib ko‘rdim, ammo qayoqda deysiz! Holdan toyib, yo‘lga yuztuban yiqildim va
qor aralash loyni quchoqlab alamimdan yig‘lab yubordim. Keyin o‘rnimdan turdim-da,
gandiraklaganimcha mashina zinasiga kelib o‘tirdim.
Yiroqdan. motorning guvillagan ovozi eshitildi. Ikki chiroqcha balandlikdan pastdagi tekis yo‘lga
yog‘du sochib tushayotgan edi. Bu shofyorning kimligini va yarim tunda taqdir uni qayoqqa va nima
uchun haydayotganini bilmasdim, ammo bu chiroqlar go‘yo meni quvlab yetib, ushlab oladigandek
seskanib ketdim. Qaroqchi singari pritsep ilgagiga qarab yugurdim, uni mashina bilan ulab turgan
metall o‘qni sug‘urib olib, chetga uloqtirdim va kabinaga irg‘ib chiqib, pritsepni ariqda
qoldirganimcha, mashinani yuqoriga qarab yeldek uchirib ketdim.
Qandaydir tushunib bo‘lmaydigan dahshatli qo‘rquv ta’qib etardi meni. Orqamdan kelayotgan
mashina nazarimda xuddi izma-iz quvib yetib kelayotgandek tuyulardi. Mashinani shunchalik tez
haydardimki, azbaroyi yo‘lni yod bilganimdan biron yerga urib ham olmadim. Agar ko‘zlarimni
bog‘lab qo‘yganlarida ham xuddi shunday qilgan bo‘lardim.
Tongotarda dovondagi bazaga yetib keldim. Nima qilayotganimni o‘zim ham anglamay, aqldan
ozgan kishidek, eshikni musht bilan qoqa boshladim. Eshik lang ochildi. Asalga qaramay, boshdan-
oyoq loyga belanganimcha uyga kirdim. Entikkanimcha allaqanday bir nam narsaning ustiga o‘tirdim.
Bu kursi ustiga uyib qo‘yilgan kir uyumi ekan. Papiros olish uchun qo‘limni cho‘ntagimga tiqqan
edim, qo‘limga mashina kalitlari ilindi. Men uni jahl ustida kuchim boricha chetga uloqtirdim va
boshim «shilq» etib tushdi, urib po‘la qilib tashlangandek, tinka-madorim qurib, shalpayganimcha
o‘tirardim. Ko‘zlarim polda. Stol yonida Asal o‘z og‘irligini yalang oyoqlarining dam unisiga, dam
bunisiga solib turardi. Unga nima ham deya olardim? Asal polda yotgan kalitlarni olib, stol ustiga
qo‘ydi.
— Yuvinib olasizmi? Kechqurun suv isitib qo‘yganman, — dedi u sekingina.
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
|
| |