o’zining pastki va yuqori chegaralariga ega. Sug’urta tushumlarining miqdori
sug’urta to’lovlari va sug’urta tashkilotlari xarajatlari miqdoriga teng bo’lishi
sugurta baxosining pastki chegarasini bildiradi. Bunday sharoitda sug’urta
kompaniyasi asosiy faoliyatdan foyda ololmaydi. Ko’p hollarda sug’urta
bozoridagi keskin raqobat, sug’urta tashkilotlarining potentsial mijozlarni jalb etish
maqsadida tarif stavkalarini kamaytirishga majbur etadi. Chet mamlakatlarda,
sug’urtalovchilar sug’urta faoliyatidan zarar ko’rganda, bu zarar investitsiyadan
keladigan daromad hisobidan qoplanadi.
Sug’urta xizmati bahosining yuqori chegarasi talab hajmi va bank foizining
miqdori bilan aniqlanadi. Sug’urta xizmatining ma’lum bir turiga etarli darajada
talab mavjud bo’lganda, sug’urta tashkiloti mazkur
xizmat bahosini yuqori
darajada saqlab turishi mumkin. Lekin, vaqt o’tishi bilan bozorda sug’urta xizmati
ko’rsatish turlarining ko’payishi bilan, o’z-o’zidan tarif stavkalari kamayadi.
2. Sug’urta bozori hududiy joylashuviga qarab xalqaro, mintaqaviy va milliy
sug’urta bozorlariga bo’linadi. Milliy sug’urta bozori biron-bir mamlakat
hududidagi sug’urta muassasalarini va ularni faoliyatini o’z tarkibiga oladi.
Jahondagi eng yirik milliy sug’urta bozori Amerika Qo’shma shtatlaridir. Iqtisodiy
jihatdan rivojlangan mamlakatlarda yig’iladigan sug’urta tushumlarining 43
foizdan ortig’i AQSh hissasiga to’g’ri keladi. Bu erda hayotni sug’urta qiluvchi
2600 dan ortiq va boshqa umumiy turdagi sug’urta xizmatlarini ko’rsatuvchi 3800
ta kompaniya faoliyat ko’rsatmoqda. Ulardan ba’zi birlari dunyo sug’urta bozorida
ham oldingi o’rinlardadir. Masalan, “Prudenshial of Amerika” kompaniyasi
mamlakat ichki bozorida birinchi va 1992
yil boshida mavjud aktivlari, to’plagan
sug’urta mukofotlari bo’yicha uchinchi o’rinni egalladi.
Mintaqaviy sug’urta bozori deganda savdo, iqtisodiy va boshqa jihatlardan
o’zaro yaqin munosabatda bo’lgan bir nechta mamlakatlarning ichki bozori
tushuniladi. Evropa Ittifoqining sug’urta bozori yirik mintaqaviy bozordir.
Xalqaro sug’urta bozori sifatida dunyo miqyosida sug’urta faoliyatini olib
boruvchi alohida mamlakatlarning ichki bozori tushuniladi.
Jumladan, hozirgi
vaqtda Yaponiya sug’urta bozorining xalqaro darajada muxim o’rni bor va keyingi
o’n yillikda Yaponiya sug’urtachilari dunyo bozorida etakchilik qilib kelishmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, 1992 yili jahondagi eng yirik 20 ta hayotni sug’urta
qiluvchi kompaniyalar ichida 9 tasi yoki 45 foizi Yaponiyaga tegishlidir. Bu
kompaniyalarning moliyaviy salohiyati 869 mlrd. doll. miqdorida baholangan.
Sug’urta bozorlari hududiy bo’linish bilan bir qatorda sug’urta turlariga
qarab ham xilma-xil bo’lishi mumkin. Iqtisodi rivojlangan mamlakatlar
amaliyotida sug’urta bozori ikkiga bo’linadi: 1) Hayotni sug’urta
qilish bilan
bog’liq sug’urta xizmatlari bozori; 2) Umumiy sug’urta xizmatlari bozori.
3. O’zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlar sifat jihatidan yangi
bosqichga ko’tarilmoqda. Bu jarayonda sug’urta faoliyati ham rivojlanib, ravnaq
topmoqda. Sug’urta instituti bozor infratuzilmasining tarkibiy qismi sifatida uning
rivojlanishida muhim o’rin tutadi. Shu nuqtai nazardan, sug’urta faoliyatida risklar
transferi ham o’z
navbatida, bozor infratuzilmasining rivojlanganlik darajasiga
bog’liqdir.
Shu o’rinda, «infratuzilma» tushunchasi iqtisodiy ilmiy lug’atlarda turlicha:
masalan, «asosiy ishlab chiqarish sohalari va aholiga xizmat ko’rsatuvchi iqtisodiy
tarmoqlar yig’indisi» yoki «ma’lum tarmoqqa xizmat ko’rsatuvchi ishlab
chiqaruvchi va noishlab chiqaruvchi tarmoqlar majmuasi» kabi ma’nolarda
qo’llanilishini qayd etish mumkin. Xususan, sug’urta bozori infratuzilmasining
mazmun-mohiyatini ochib berishda, iqtisodiyot sub’ektining
samarali faoliyat
yuritishi uchun kafolatli shart-sharoit yaratuvchi faoliyat turlari majmuasi nazarda
tutiladi. Ma’lumki, sug’urta mahsuloti sotilishining o’ziga xos jihatlari mavjud va
bu jarayon:
- sug’urta riski haqida axborot to’plash va uni aniqlashtirish;
- sug’urta shartnomasini imzolash va uning amal qilishini ta’minlash kabi
bosqichlarni o’z ichiga oladi.
Sug’urta faoliyatida risklar transferining mazkur bosqichlari o’ziga xos
bilimni talab etadi. Ayni vaqtda ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko’ra, ma’lum
qisqa davr oralig’ida talab etilayotgan mutaxassis kompaniyaning shtatlar birligiga
kiritilishi iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanishi ham mumkin. Shuning uchun
kompaniya o’z faoliyatida, odatda boshqa soha mutaxassislari xizmatidan
foydalanadi. Demak, ta’kidlash mumkinki, sug’urta
bozori infratuzilmasi uning
professional ishtirokchilari va boshqa soha mutaxassislari o’rtasidagi o’zaro
munosabatlar sifatida sug’urta faoliyatida risklar transferining samaradorligini
ta’minlovchi omil sanaladi.
Sug’urta bozori infratuzilmasining o’ziga xosligidan kelib chiqib, shuni
qayd etish mumkinki, uning tarkibiga sug’urta
vositachilari, sug’urtachilar
uyushmasi, avariya komissari, syurveyer, aktuariy, sug’urta auditori,
maxsus
ixtisoslashgan maslahatchilar hamda baholovchi firmalar kabi sub’ektlar kiradi (1-
chizma). Shu o’rinda, London sug’urta bozori infratuzilmasi tarkibiga sug’urta
anderrayterlari ham kiritilganligini qayd etish mumkin.
1-chizma
Sug’urta bozori infratuzilmasining sub’ektlari