3. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining milliy manfaatlarni himoya
qilish sohasidagi vazifalari
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, bugungi
kunda insoniyat “turli davlatlar va siyosiy kuchlar manfaatlaridan kelib chiquvchi ham
yaqin, ham olis manbalardan uzatilayotgan, mazmuni va ta’siri turlicha bo’lgan
mafkuraviy aqidalar muntazam ta’siri ostida yashab kelmoqda. Axborotlashgan
jamiyatda bunday ta’sirdan xoli bo’lish mutlaqo mumkin emas. Hanuz g’oyalar qudrati
qurol kuchidan ustunroq. Agar iqtisodiy, harbiy-siyosiy tazyiqning oqibatlarini oldindan
payqash mumkin bo’lsa, g’oyaviy ta’sirning oqibatini ko’ra bilish gumondir”
1
.
O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar, ko’plab jamoatchilik
tashkilotlari, turli nohukumat jamg’armalar va harakatlarning barchasi bo’lmasa-da,
ko’pchiligi o’z ommaviy axborot kanaliga, shuningdek ommaviy aloqalar xizmatiga
ega, umummilliy OAVga chiqa oladi. Tabiiyki, ular ijtimoiy-siyosiy, ommaviy va
ixtisoslashgan nashrlar orqali o’z dunyoqarashlari, dasturiy maqsad hamda vazifalarini
tarqatishga harakat qiladilar.
Lekin har qanday siyosiy yoki boshqacha tuzilma, agar u Konstitutsiyaga,
qonunchilik hujjatlariga zid bo’lmasa, bir umumiy maqsad – mamlakat mustaqilligini
mustahkamlash, bozor iqtisodiyoti munosabatlarini qaror toptirish, jamiyatning barqaror
rivojlanishini ta’minlash, fuqarolar farovonligiga erishish, ularning huquq va
erkinliklarini ro’yobga chiqarish, O’zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o’rin
1
Каримов И.А. Идеология -
бу миллатни, жамиятни, давлатни бирлаштирувчи байроқ. – Т.: “Ўзбекистон”, 1998. –
Б. 6.
107
egallashiga hissa qo’shish nuqtai nazaridan amal qilsa, maqsadga muvofiq bo’ladi.
Biroq bu tashkilotlarning hammasining ham faoliyati respublika ommaviy axborot
vositalarida munosib ravishda aks ettirilavermaydi. Faqat davlat tomonidan
moliyalashtiriluvchi axborot vositalarigagina emas, balki partiyaviy nashrlarga ham shu
fikr taalluqlidir. Kamdan-kam istisno hollarni hisobga olmaganda, ularning ishga
yondashuvlari bir xil yo’nalishda bo’lib qolmoqda. Jurnalistlar har doim ham partiya
hayotidagi o’tkir masalalarni ko’tarib chiqavermaydilar, ko’targan hollarida ham
hech bir munozarasiz, muhokamasiz, chuqur tahlillarsiz, biror masalaga aniq urg’u
bermay, ziddiyatlarni xaspo’shlash yo’lidan boradilar.
Buning oqibati o’laroq partiyalarning, ular matbuotining chetdan uyushtiriladigan
mafkuraviy, g’oyaviy tazyiqlarga (ba’zida O’zbekistonga nisbatan shunday holatlar
kuzatiladi) qarshi samarali ishi ko’rinmaydi. Vaholanki, axborot-psixologik xavfsizlikni
ta’minlash nuqtai nazaridan bunday ish ular tomonidan o’ta zarur deb qaralmog’i
lozim.
O’zbekiston Respublikasining Prezidenti ta’kidlaganidek, “Garchi hozirda jahonda
ikki qarama-qarshi siyosiy qutb yo’q bo’lsa-da, unda g’oyaviy kurash to’xtamayapti, u
turli maqsad va manfaatlarni aks ettirmoqda. Shuni ochiq e’tirof etish kerakki, bu
kurashning bosh maqsadi – insonlar, avvalo, yoshlar qalbini zabt etishdir, millatlar yoki
xalqlar, muayyan mamlakat yoki mintaqaga ta’sir o’tkazish, o’z g’oyalariga
bo’ysundirish, uning ma’naviyatini tanazzulga uchratishdir. O’z fikriga ega bo’lmaslik,
o’zganing irodasiga yoki g’oyasiga bo’ysunish har qanday iqtisodiy yoki siyosiy
mutelikdan ko’ra dahshatliroqdir”
1
.
Shunday ekan, OAVning tahririyatlari o’z ishida auditoriya manfaatlari va
ehtiyojlaridan kelib chiqmog’i, uning e’tiboriga mavjud har xil nuqtai nazar va
fikrlarni havola qilmog’i, islohotlarning borishi, ularning turli ijtimoiy guruh, tabaqa va
boshqa qatlamlarning hayotiga ta’siri haqida ma’lumotlar etkazib turmog’i lozim.
Afsuski, respublikamiz matbuoti ko’pincha, ayniqsa, kimningdir fikri umumiy qabul
qilingan me’yorlarga to’g’ri kelmagan hollarda ortiqcha ehtiyotkorlik ko’rsatib, uni rad
etadilar, u haqda lom-lim demaydilar.
Holbuki, agar bunday fikr ba’zi kishilar ongida paydo bo’lib, boshqalarga ham
ta’sir o’tkaza boshlasa, shunday vaziyat yuzaga keladiki, muayyan masalada axborot
tanqisligi sababli turli-tuman mish-mishlar, noto’g’ri talqinlar, uydirmalar urchib ketadi.
Bularning barchasi jamiyat axboriy xavfsizligiga tahdid tug’dirish uchun qulay muhitni
yuzaga keltiradi. Natijada milliy manfaatlar ham xavf ostida qolishi mumkin.
Axborot, aloqa tarmoqlarini, jamiyat hayotini ta’minlovchi o’ta muhim
infratuzilma tizimini murakkablashtirish ham yana bir xavf manbaidir. Bu xavflar
ataylab qilingan yoki tushunmaslik oqibati, texnik va dasturiy ta’minotdagi uzilishlar
yoki nuqsonlar, jinoiy uyushma yoxud jinoyatchi unsurlar tomonidan amalga oshirilgan
zararli ta’sirlar bo’lishi mumkin.
Mulk egalarining kichik bir guruhi qo’lida ommaviy axborot vositalari to’planib
qolishi ham xavf manbai bo’la oladi. Bu sohadagi monopoliya, odatda, biror ijtimoiy
ahamiyatga molik voqea haqida jamoatchilikda noto’g’ri fikr uyg’otish, shuningdek
jamiyatning axloqiy negizlarini barbod qilish uchun zamin yaratadi.
1
Каримов И.А. Идеология - бу миллатни, жамиятни, давлатни бирлаштирувчи байроқ. – Т.: “Ўзбекистон” , 1998.
– Б. 6.
108
Hozirgi dunyoda davlatlarning bir-biriga qarama-qarshi turishi hamon saqlanib
qolayapti. Buni shu bilan izohlash mumkinki, mamlakatlardan har birining o’z
manfaatlari bor va bu davlatlararo munosabatlarda u yoki bu siyosatni o’tkazishni
taqozo etadi. Shu asosda kelib chiqadigan ziddiyat, albatta, axborot sohasida ham
namoyon bo’ladi. Ilmiy adabiyotlarda “axborot qarama-qarshiligi” degan ta’rif qaror
topgan: bu auditoriyaga atrofda bo’layotgan biror voqea-hodisaga nisbatan o’z
mulohazasi, qarashlari, fikrlarini ikkinchi tomon g’oyasi va izohini rad etish yo’li bilan
tiqishtirishga urinishni anglatadi.
Jurnalistning mahorati dolzarb muammolar va fikrlarning jamoatchilik hukmiga
etkazilishda, zarur bo’lsa, ular atrofida munozara uyushtirish va batafsil sharhlab
berishda ko’rinadi. Garchi bahs-munozara haqiqatni to’liq yuzaga chiqarmasa-da, shu
haqiqat izlanganining o’ziyoq muhimdir. Zero, bu auditoriyani o’ylashga, mulohaza
qilishga, o’zini tashvishlantirayotgan masalalarga javob topishga undaydi. Aks holda
jamoatchilik fikrida turg’unlashuv yuz beradi. Tafakkur qilmaydigan, mulohaza
yuritmaydigan jamiyat chet ta’siriga tushib qolishi mumkin. Ayniqsa, O’zbekiston
axborot kengligida ommaviy axborot vositalarining ko’pgina chet el kanallari faollik
ko’rsatayotgan hozirgi paytda bunday ehtimollik juda kuchlidir. Oldingi boblarda sanab
o’tilgan etakchi xorijiy ommaviy axborot vositalari bu borada o’zaro raqobatlashibgina
qolmay, bizning axborot bozorimiz uchun O’zbekiston OAV bilan ham kurash olib
bormoqdalar. O’z-o’zidan ravshanki, ular auditoriya ongiga ko’pincha o’z
mamlakatlarining manfaatlari buyurgan g’oyaviy qarashlarni singdirish payidan
bo’ladilar,
Agar mamlakatimiz OAV biror xususda jimlik saqlashni yoki biror narsani
e’tiborsiz qoldirishni afzal biladigan bo’lsalar, ularning xorijlik hamkasblari ayni shu
narsa haqida o’zlaricha sharhlab va talqin qilib jar soladilar. O’zbekiston matbuoti
bayon etishi mumkin va joiz bo’lgan nuqtai nazarning yo’qligi yoki ancha kechikib
munosabat bildirilishi shunga olib keladiki, dastlabki axborot tufayli paydo bo’lgan
fikrni o’zgartirish mushkullashadi, chunki bu erda gap biror narsaga ishonch hosil
qilgan kishini qayta ishontirishdek qiyin vazifa ustida boradi.
Ommaviy axborot vositalariga nisbatan yana shuni aytish zarurki, sport sohasida
bo’lganidek, bu erda ham eng yaxshi himoya – hujumdir, va noilojlikdan, ular xurujiga
qarshi majburan qilinadigan hujum emas, balki sodir bo’layotgan voqea-hodisalarni o’z
vaqtida, zudlik bilan xolis yoritish orqali muxolif tomonni “qurolsizlantirish”, ularning
fisq-fujur gaplariga o’rin qoldirmaslik, ya’ni ulardan ham ildamroq axborot etkazish
ma’nosidagi sa’y-harakatdir. Lekin, afsuski, jahon axborot maydonida o’quvchi,
tinglovchi va tomoshabinning ongi-shuurini, qalbini ovlash uchun olib borilayotgan bu
ko’zga ko’rinmas raqobat kurashida O’zbekiston jurnalistlari tashqi axborot kanallariga
bo’sh kelib qolayotgan hollar kam emas. Bunday vaziyatni ma’muriy buyruqbozlik
bilangina o’nglab bo’lmaydi. Chunki bu erkin “bozor”da har kim o’zi xush ko’rganini
xarid qiladi, o’qiydi, ko’ngliga yoqsa, eshitadi va ko’radi, chunki bu uning
manfaatlariga, qiziqishlariga mos keladi.
O’tgan asrning 70-yillaridayoq G’arb OAVda quyidagicha tartib qaror topgan edi:
axborot vositasining navbatdagi sonida joylashtiriladigan materialni taqdim etuvchi
bo’limga beriladigan birinchi savol shunday bo’lardi:
- Material kimlarga mo’ljallangan? Uni kimlar o’qiydi deb o’ylaysiz? Yoshi? Jinsi?
Ma’lumoti? Auditoriya nimani kutadi, manfaati qanday? Uning ruhiy dasturi qanday?
Moddiy ahvoli-chi? Va hokazo.
109
Materialni taklif qiluvchi o’sha savollarga aniq javob berishi lozim edi. Shuning
uchun jurnalist o’z chiqishini auditoriyaning yoshi, jinsi, bilim darajasi, madaniyati,
siyosiy qarashlari, ya’ni o’quvchilar, eshituvchilar va tomosha qiluvchilarning
qiziqishlariga moslashtirishi kerak bo’lgan
1
.
OAV ko’zlagan “nishoni” aniq, o’z dalil-isbotlari ishonarli bo’lishi haqida
qayg’urishi lozim. “Men yozayotgan maqola kim uchun?” – jurnalist amal qiladigan
asosiy qoidalardan biri shunday bo’lmog’i kerak. Mo’ljallagan auditoriyasini oldindan
bilish jurnalistga o’z materiali etkazayotgan xabar qanday qabul qilinishini to’g’ri
taxminlash imkonini beradi.
Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida jamiyatning ijtimoiy tabaqalashuvi yuz
bermoqda. Har bir qatlamning o’z ijtimoiy mo’ljallari bor. Lekin bizda ommaviy
axborot vositalari ma’lum darajada tarmoqlangan, zamonaviy jamiyatning o’ziga
xosliklarini go’yo hisobga olgandek bo’lsa-da, barchasi bir qiyofada ko’rinadi.
O’zbekiston auditoriyasi mamlakatimiz OAV kanallariga murojaat etib, ko’pincha
ularda bizni qurshab olgan olam bilan, kishilik jamiyatining hozirgi rivojlanish darajasi
bilan mutanosiblikni ko’rmaydi.
Muayyan ruhiy holatni shakllantirish uchun hozir XX asr boshlaridagi singari
ko’plab kunlar va haftalar talab etilmaydi. Telealoqa tizimi bunga bir necha soatda,
hatto to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatuvda erishishi mumkin. Buning uchun, masalan, Si-en-en
telekanali mehmonxonalardan birining tomidan turib AQSh aviatsiyasi Iroq poytaxti
Bag’dodni qanday bombardimon qilganini on-layn rejimida
ko’rsatganligini eslash
kifoya.
Kishilarning yashash joylaridan qat’i nazar, yuqori texnologiyalar ular
turmushining barcha sohalarini turli tarzda va turli shaklda qamrab olib, ta’sir ko’rsatish
uchun imkoniyat yaratadi. Shu boisdan shaxs va jamiyatning axborot-texnologik
xavfsizligi maqsadlarida tashqi kanallar noxush ta’sirining oldini olishni ko’zlab,
axborotga erkin ega bo’lish uchun sharoit va kafolat yaratish, g’ayriqonuniy axborot-
psixologik ta’sirdan himoyalanish, ommaviy axborot erkinligini ta’minlash zarur.
Agar mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari o’z auditoriyasining axborotga
bo’lgan xohish-istaklari, his-tuyg’ulari, ruhiyatlariga ayni kutilgan paytda to’liq javob
bera olsa, yangiliklarning boshqa manbalarini qidirishga ehtiyoj ham, hoxish ham
qolmaydi. Hatto tashqi axborot kanaliga to’qnash kelganlarida ham, u taqdim etayotgan
ma’lumotni ko’r-ko’rona qabul qilavermasdan, har bir narsani tanqidiy mulohaza qilib
ko’rishga tayyor bo’lishadi.
Ayniqsa, favqulodda holatlarda fuqarolarning axborot-psixologik xavfsizligini
ta’minlash haqida gapirganda, shuni afsus bilan ta’kidlash kerakki, bunday paytda
bizning matbuotimiz sarosimaga tushib, nima qilarini bilmay qoladi. Jurnalistlarimiz
jadallik ko’rsatish o’rniga sustkashlik qilib, o’zlarini yo’qotib qo’yishadi. Vaholanki,
xalqaro jurnalistikada favqulodda mazmunli axborot birinchi o’rinda turishi kuzatiladi.
2000 yil avgustida Rossiya atom suvosti kemasi halokatga uchraganida, 2001 yil
sentyabrda Nyu-Yorkdagi egizak binolar – Jahon savdo markaziga hujum
uyushtirilganida shunday bo’ldi. Amerikalik va rossiyalik jurnalistlar tufayli bu fojialar
milliy doiradan chiqib, umumjahon, global fojiaga aylandi.
O’zbekistonda ham favqulodda hodisalar yuz bergan. 1999 yil fevralda, 2000 yil
avgust, 2005 yil may oylarida shunday voqealar sodir bo’ldi. Afsuski, mamlakat OAV
1
Ученова В.В. Горизонты публицистики: опыт и проблемы. – М.: “Мысль”, 1981. – Б. 195.
110
ular haqida xabar berishda o’zlarini ko’rsata bilmadilar. Faqat vaqt o’tgach, ularda
ushbu hodisalar sabab-oqibatini ochib beruvchi materiallar paydo bo’lmadi.
Keyinchalik rasmiy tergovlar va sud jarayonida bu qo’poruvchilik harakatlarini
uyushtirgan ekstremistlar maqsadi faqat Markaziy Osiyoda beqarorlik paydo qilish
bilangina cheklanib qolmasdan, O’zbekistonda davlat to’ntarishini ham amalga oshirish
bo’lganligi tasdiqlandi. Agar jurnalistlar o’sha paytning o’zidayoq aniq ma’lumotlar
bilan chiqishlar qilganlarida, faqat mamlakatimizdagina emas, balki jahon miqyosida
jamoatchilik fikri samarali shakllantirilgan bo’lar edi. Ommaviy axborot vositalarimiz
bu bilan O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning xalqaro terrorizmga qarshi kurashda
xalqaro hamjamiyat kuchlarini birlashtirishga qaratilgan chaqirig’i amalda tatbiq
etilishiga o’z hissalarini qo’shgan bo’lardilar.
Yana bir juda muhim yo’nalish borki, u ham xavotir uyg’otmasligi mumkin
emas. Aytib o’tilganidek, bizda mo’may daromad ketidan quvib, ommaviy auditoriya
nog’orasiga o’ynovchi ko’plab nashrlar paydo bo’ldi va bo’layotir, ular ayni o’sha
mijozlarining past saviyalari, to’pori didlariga mos ravishda ish tutishadi. Adadi yuqori
va tinimsiz oshib borayotgan gazeta-jurnal tarzidagi mazkur nashrlarning o’ziga xos
jihati shundaki, ular asosan chet el materiallarini ko’chirib bosish bilan
shug’ullanishadi. Ustiga-ustak bu ishga bir tomonlama yondashadilar: har qaerdan
yulqib olingan materiallari ko’pincha pornografiya, zo’ravonlik, maishiy janjallar yoki
chet el kino, estrada, sport va boshqa soha “yulduzlari” turmushining ikir-chikirlari
haqida bo’ladi. Natija shundayki, bugungi kunda yigit-qizlarimiz mamlakatimiz
hayotidagi mavjud muhim muammolardan ko’ra yoshlarning g’arbdagi suyukli
peshvolari qanday yashashlariyu, nimalar eb-ichishlari, qaerlarga yo’llari tushib, qanday
mashg’ulotlar bilan band bo’lishlarini yaxshiroq biladilar.
Yaratuvchilik g’oyalariga kelsak, ushbu nashrlardan ularni topib bo’lmaydi.
Bunday g’oyalar har bir qalbda paydo bo’lishi uchun jamiyat ma’naviyati va
aql-zakovatini yuksaltirish kerakka o’xshaydi. Lekin yuqori ma’lumotli va ma’naviyatli
jamiyatda ham bo’lar-bo’lmasga hadeb yuzaki pand-nasihat qilinavermasligi, xulq-atvor
tarbiyasiga, quruq o’gitvozlikka ruju qo’yilavermasligi lozim. Chunki bu aks samara
berishi mumkin. Bunday “aql o’rgataverish”lardan sho’rolar davrida omma bezor
bo’lgan. Endilikda ekranda Rossiya telekanallarida, Bi-bi-si, “Diskaveri”, “Neshnl
geografik” kanallarida tayyorlaniladigan ma’rifiy ko’rsatuvlarga o’xshagan dasturlar
sonini ko’paytirish maqbuldir.
Axborotlashgan jamiyat – bilimlar jamiyati, umr bo’yi davom etadigan uzluksiz
ta’lim jamiyati bo’lib qolishi lozim. Bu axborot-psixologik xavfsizlikka bevosita
daxldordir. Shuning uchun O’zbekiston televideniesi kadrlar tayyorlash, ularning
madaniy va ta’lim darajasini oshirishga qaratilgan milliy dasturni amalga oshirish
doirasida aholini zarur ma’lumotlar bilan ta’minlashdek muhim vazifani bajarishi kerak.
Axborot-psixologik xavfsizlikka erishish fuqarolar bilan davlat o’rtasidagi yaqin
aloqani amalga oshiruvchi jamoatchilik institutlarini tashkil etish bilan jips bog’liq.
OAV ana shunday institutlardan biri bo’lmog’i lozim. Hozirgi kunda bu soha asosan
davlat ta’sischiligidagi matbuot nashrlaridan iborat. Albatta, davlat o’z manfaatlarini
himoya qilish imkoniga ega bo’lishi kerak, lekin bu holda OAV ishiga ma’muriy
buyruqbozlik uslubi asosida ta’sir etish, aralashish ishtiyoqi sezilarli darajada saqlanib
qoladi. Bundan qutulishning yo’li ijtimoiy institutlar, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi,
Ommaviy axborot elektron vositalari milliy Assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy
111
axborot vositalari va axborot agentliklarini qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat
fondi, axborot agentliklari faoliyatini faollashtirishdan iborat.
Fuqarolik jamiyatiga xizmat qilishga da’vat etilgan jurnalistika haqida
gapirganda, shuni nazarda tutish kerakki, uning fuqaroviy mavqei iqtisodiy jihatdan
baquvvat, lekin amalda jurnalistlik odobini bir chetga surib qo’yishga tayyor turgan
nopok kimsalar ta’siridan himoyalangan bo’lishi lozim.
Shunday qilib, yuqorida bayon etilganlardan xulosa qilish mumkinki, O’zbekiston
ommaviy axborot vositalari shaxs, jamiyat va davlatning axboriy-psixologik
xavfsizligini ta’minlashda o’z sohalaridagi faoliyatni tartibga soluvchi qonunlarga,
shuningdek kasb odobi me’yorlariga rioya qilishlari kerak.
|