|
Naqqoshlik san’ati tarixi, rivojlanish bosqichlari va maktablari
|
bet | 3/11 | Sana | 14.02.2024 | Hajmi | 3,5 Mb. | | #156240 |
Bog'liq ANDIJON QISHLOQ XO’JALIGI2. Naqqoshlik san’ati tarixi, rivojlanish bosqichlari va maktablari
Amaliy bezak san‘atining alifbosi bo’lgan naqqoshlik tabiat manzarasini ma‘lum unsurlar vositasida o’ziga xos yo’sinda ifodalovchi shunday rangli tasvirki, bu tasvirda unsurlarning ma‘lum bir qonuniyat asosida o’zaro uyg’unlashuvi yotadi. Naqqoshlik amaliy san‘atning barcha turlari (kashtachilik, zardo’zlik, gilamchilik, yog’och va ganch o’ymakorligi, kandakorlik va h.k.)ning asosi bo’libgina qolmay, alohida san‘at turi sifatida milliy me‘morchilik (ustunlarni, shiftlarni, to’sin va vassalarni, bino devorlarini, gumbaz va mehroblarni bezatish)da ham keng qo’llaniladi.
Badiiy naqqoshlik ranglarning uyg’unligida va o’ziga xos kompozitsiyalarda go’zallik yaratish san‘atidir. Naqqosh usta o’z ishida ranglarning tabiiy jilosidan va uyg’unligidan, bejirim shakldan, material fakturasidan mohirlik bilan foydalanib, yorqin ifodalikka erishadi.
O’zbekistonning an‘anaviy me‘morchiligida naqqoshlik asosan shiftlarni, jimjimador araqilarni, saroy ustunlarini, masjidlar, yog’ochdan yasalgan buyumlarni bezashda qo’llanilgan. Nozik o’simliksimon-geometrik naqshdagi o’zaro singib ketgan novdalar, shoxlar va hashamatli tasvirlangan gullarning ritmik harakati, o’zbek ustalarining ishlaridagi islimi va girih naqshlarining klassik motivlari shiftlarning shakliga moslangan. Naqsh ko’proq interyerlarni va yopiq ayvon, peshayvonlarni bezashga xizmat qiladi.
Naqqoshlik san‘ati tarixi insoniyatning badiiy madaniyati bilan bir qatorda nihoyatda qadimiydir. Ibtidoiy jamoa tuzumidan bizgacha ashyoviy dalillar – mehnat va ov qurollari, uy, anjom va bezak buyumlari, odamlar yashagan manzil qoldiqlari yetib kelgan. Bu manbalarga ko’ra, hali yozuv vujudga kelmasdan burun chizmatasvir yozuv vazifasini bajargan. Bunday chizma tasvirlar naqqoshlikdagi naqsh elementlarining ibtidoiy ko’rinishi, ya‘ni asosi hisoblanadi6.
Paleolit davrida ham amaliy-dekorativ san‘at namunalari keng tarqala boshladi. Buyumlarni naqsh bilan bezashga, turli taqinchoqlarga, tumorlarga ehtiyoj paydo bo’lganligi arxeologlar tomonidan topilgan ashyoviy buyumlarda namoyon bo’lmoqda.
Odamlarning o’troq holga o’tishlari, tabiat qonun-qoidalarini kuzatishi simmetriya, ritm, shakl kabi tushunchalarni chuqurroq anglashiga sabab bo’ldi. Natijada bir xil elementlarning tekis qaytarilishi yoki oralab kelishi asosida vujudga keladigan o’ziga xos naqqoshlik san‘atini maydonga keltirdi.
Naqqoshlik yangi tosh (neolit) asrida keng yoyildi, dekorativ- amaliy san‘atning taraqqiy etishiga ta‘sir ko’rsatdi va yordam berdi7.
Kulolchilik va boshqa buyumlarni naqsh bilan bezash keng tus oldi. Parallel, spiralsimon va to’lqinsimon chiziqlar, aylanalar shu davrdagi ko’pgina naqshlarning asosini tashkil etdi. Geometrik naqshlar asta- sekin sxematik odam, hayvonlar va o’simliklar dunyosidan olingan shakllar bilan boyitilib, mazmunan kengayib bordi. Uning elementlari koinot kuchlarining ramziy belgilarini aks ettira bordi. Masalan, to’lqinsimon chiziq – harakat, suv ramzi va hokazo. Naqqoshlik san‘ati endilikda dekorativ funksiyani bajaribgina qolmay, balki shu bilan birga, kishilarning g’oyaviy va falsafiy tushunchalarni ham ifodalay boshladi.
Temir asrida ham dekoartiv-amaliy san‘at yetakchi o’rinni egallaydi. Bezash ishlarida geometrik naqshlardan tashqari, syujetli kompozitsiyalardan foydalanish alohida rivojlandi.
O’rta Osiyoning qadimgi davri san‘ati va madaniyatini o’rganishda yer ostidan, qabrlardan topilgan turli dekorativ amaliy san‘at namunalari, jang, ov va mehnat qurollari ham muhim rol o’ynaydi. Sopol buyumlar, bronza, oltin va kumushdan ishlangan, kishilar ehtiyoji uchun ishlatiladigan buyumlar yuzasi naqshlar bilan bezatilgan, bo’rtma tasvir va haykallar bilan pardozlangan. Ayrim buyumlar yuzasiga esa hayotiy voqealar aksi tushirilgan.
O’rta Osiyo hududidagi me‘moriy yodgorliklar, arxeologik topilmalar (Qo’yqirilganqal‘a, Tuproqqal‘a, ko’hna Urganch, qadimgi Termiz, Ayritom, Varaxsha, Afrosiyob va boshqa joylardan topilgan naqsh namunalari) o’lkamizda bu san‘atning qadimdan rivojlanganligidan darak beradi.
O’zbekiston hududidagi arxeologik qazilmalar Xorazm, So’g’d, Baqtriya va boshqa viloyatlarda ham naqqoshlik san‘atining rivojlanganligidan dalolat beradi. Olimlarimiz bu fikrni Surxondaryo viloyatidagi Fayoztepa (I-II asr), Dalvarzintepa (II asr) Xorazmdagi Tuproqqal‘a (III-asr) qazilmalaridan topilgan rasm, naqsh qoldiqlari orqali isbotlab berganlar.
V-VIII asrlarga oid Afrosiyob va Varaxsha saroylarining devoriy surat qoldiqlari esa birmuncha yaxshi saqlanib qolgan.
Ajdodlarimiz bu kabi devoriy rasmlarda insoniylik, baxt, ona tabiatga cheksiz muhabbat, shodlik, mehr va yovuzlik kabi sifatlarni rang va chiziqlar yordamida unsiz tovushlar orqali ifodalashgan.
Bizgacha yetib kelgan qadimiy zargarlik va misgarlik san‘ati noyob namunalarida ham ajdodlarimizning nozik didi, mohir qo’li va teran zakovati bilan yaratilgan naqsh bezaklarini o’sha turlarga xos bejirim yechimlarda bajarilganligi kishini hayratga soladi. Masalan, Dalvarzintepadan topilgan oltin zirak (er. III asri) ixcham aylanma (silindrik) sirt yuzasi oddiy ritmik jihatdan nihoyatda mutanosib joylashtirilgan to’rt bargli gul naqsh bezagi tushirilgan.
VII asrning oxiri – VIII asrning boshlarida O’rta Osiyoga islom madaniyatining kirib kelishi, badiiy bezak – naqqoshlik san‘atining yanada rivojlanishiga sabab bo’ldi. Mahobatli tasvirlardagi jonli mavjudotlar o’rnini tabiat tasvirlari, o’simliksimon va geometrik elementlar ishtirokidagi naqsh namunalari egalladi. Yangi-yangi g’oyalar o’zbek naqqoshligiga o’z ta‘sirini o’tkazdi. Bino, buyum, kiyim, idish va qurollarning naqsh bilan bezatilishi jamiyat va davr talabi bo’lib qoldi. Masjid, xonaqoh, madrasa, maqbaralarning jimjimador, hashamatli bo’lishida naqshning ahamiyati beqiyos bo’ldi8.
Arab yozuvlari o’zlashtirilishi natijasida naqshli yozuv – hattotlik uslubi paydo bo‘ldi. Bu uslubda arab yozuvi naqshlar bilan birga chizildi.
IX-X asrlarda O’rta Osiyoda naqqoshlik san‘ati avj olib rivojlandi. Me‘morchilikda g’isht qalab naqsh solish hamda binolarning ichki tomoniga ganch va yog’och o’ymakorligini qo’llash yuzaga keldi. Naqshlar murakkablashib bordi. Ularning yangi nusxalarida ramz, tasvirlar, timsol, duo-afsunlar, tasbeh va boshqalar qo’llanila boshlandi. Buyuk allomalar, Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Qoshg’ariy va boshqalarning ilmiy, tibbiy, ma‘naviy hamda diniy kitoblari zarhal naqshlar bilan bezatildi.
XI-XII asrlarda naqqoshlikda geometrik naqshlar ko’p ishlatildi.
Bunga IX-XII asrlarda girih san‘atining ravnaq topishi asos bo’ldi.
Geometrik naqshlar tekis va bo’rtma yuzalar hisobi usullarining takomillashuvi natijasida peshtoq hamda ravoq kabilarni bezashda ham ishlatildi.
XIII asrda yuksaklikka ko’tarilgan milliy madaniyatni Chingizxon qo’shinlari izdan chiqargan bo’lsa-da, lekin butkul yo’qolmadi.
Temur va temuriylar davrida esa o’zbek milliy xalq amaliy san‘atining barcha turlari qatorida naqqoshlik ham yuksak darajada rivojlandi. Undagi bezaklar yanada badiiylashtirildi. Ko’plab tarixiy inshootlar qurilib, ular koshinlar, serhasham yozuvlar va turli o’yma naqshlar bilan bezatildi.
XIV-XV asrlarda binolarni koshin va parchinlar bilan bezash avj oldi. Koshin va parchinlardan ajoyib naqshlar hosil qilishga erishildi.
Nusxa ko’chirish, kitobat (miniatyura) san‘atlari ham rivoj topdi.
Mirak Naqqosh, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib kabi ko’plab naqqosh-musavvirlar Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Amir Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy va ko’plab buyuk zotlarning asarlarini ajoyib naqshlar va miniayura bilan bezadilar.
XV asrda naqqoshlikda kundal texnikasi paydo bo’ldi.
Kundal – me‘morchilikda devorga bo’rtib ishlangan bezak texnikasi. Mo’yqalam bilan devorga surtilgan qizil kesak bo’rtma shakl oladi, ustidan bo’yoq va zarhal beriladi. Zamin zarhalga, asosiy bo’rtma naqsh elementlari turli-tuman ranglarga bo’yaladi yoki aksincha, bo’rtma naqsh zarhalga, zamin esa turli rangga bo’yaladi.
XVI-XVII asrlarga kelib syujetlarni kundal usulida naqshlar bilan bezash rivoj topdi.
XVI asrlarda boshlangan o’zaro ichki urushlar va nizolar madaniyatning, naqqoshlik san‘atining rivojlanishiga ham salbiy ta‘sir etdi.
Buxoro, Xiva, Qo’qon xonliklari vujudga kelishi bilan hunarmandlar yana markaziy shaharlarga yig’ila boshladilar. Shu vaqtdan boshlab naqqoshlik yana boshqa xalq amaliy san‘at turlari bilan birga gullab-yashnay boshladi. Abdulazizxon madrasasi (XVI asr) Baland masjid (XVI asr) Xo’ja Zayniddin xonaqohi (XVI asr) Samarqanddagi Tillakori madrasasi (XVII asr) zarhal naqshlarda (kundal texnikasi) bilan bezatildi. Naqqoshlikda lojuvard, yashil, qizil, tilla hal bo’yoq tuslarining o’zaro bog’lanishi asosidagi ―turunj‖, ―namoyon‖, ―girih‖ kompozitsiyalaridan tashkil topgan naqsh namunalari ko’plab ishlandi.
XIX-XX asr boshlarida turar joy binolari, mahalla machitlari, saroy va o’quv binolari, choyxonalarning devor va shiftlari jimjimador naqshlar bilan bezatila boshlandi. Devorlar yuzasiga daraxtlar,
guldastalar, guldonli guldastalar, gulli butoqlar jonli chiziqlar bilan chizildi. Ana shu devorlarda yaratilgan nashqlar o’zining mutanosibligi, puxtaligi, ranglarining uyg’unligi, bichimi, nafisligi, badiiyligi bilan diqqatga sazovordir.
XX asr boshlarida naqqosh ustalar: Olimjon Qosimjonov, usta Sherali Hoji, Rauf Nazarov, ustazoda Yoqubjon Raupov, Vakil va Sobir Isayevlar Toshkentdagi Romanovlar saroyini, hozirgi xalq amaliy san‘ati muzeyi binosini va boshqa binolarni sharqona naqsh namunalari bilan bezadilar. 1947 yilda qurib bitkazilgan O’zbekiston Davlat opera va balet katta teatri binosining bezak ishlarida usta Vakil va Sobir Isayevlar, Yoqubjon Raupov, Olimjon Qosimjonov, Jalil Hakimovlar samarali mehnat qildilar. Teatr binosini 1966 yilda qayta ta‘mirlash ishlarida ham mohir usta Jalil Hakimovning xizmatlari katta bo’ldi. 1990 yillar O’zbekiston naqqoshlik va yog’och o’ymakorligi san‘ati tarixida yangi bosqich bo’ldi. 90-yillarga kelib, mustaqil ijod bilan shug’ullanayotgan ―professional‖ xalq ustalarining aksariyati, markaz va uyushmalar tarkibiga a‘zo bo’lgan holda ijod qila boshladilar. Respublika maxsus ijodiy-ishlab chiqarish ―Usto‖ birlashmasiga a‘zo bo’lgan ustalar davlat ahamiyatiga molik yirik obyekt va qurilishlarda qatnashsalar, ― “Musavvir va ―Hunarmand” ilmiy ishlab chiqarish markazlari a‘zolari uyda ijod qilardilar va mahsulotlarini mana shu markazlar orqali tarqatardilar. Markaz esa ularga metodik yordam ko’rsatadi, ustalar ijodini keng omma orasida, Respublika va xorijdagi yirik ko’rgazmalarda targ’ib qiladi.
Hozirda, naqqoshlik san‘ati o’zining avvalgi yuksak mavqeini qayta tiklamoqda. Toshkent shahri va Respublikaning boshqa yirik shaharlarida qurib, foydalanishga topshirilayotgan yoki qayta ta‘mirdan chiqarilayotgan qator diniy va dunyoviy xarakterdagi qurilishlarga bo’lgan talab kun sayin ortib bormoqda. ―Ustoz birlashmasining Toshkent shahri va viloyatlardagi bo’linmalarida ishlayotgan ustalar bunday yirik obyektlarda faol qatnashmoqdalar.
Usta naqqoshlardan M.Toʻrayev, A.Ilhomov, S.Mahmudov, Q.Shoislomov, H.Nuraliyev, S.Shukurovlar naqqoshlik rivojiga katta hissa qoʻshdilar. Naqqoshlik buyumlari bilan ustalar xorij koʻrgazmalarida ham faol qatnashadi. Malakali naqqosh ustalarning ishlari qadimdan usta-shogird usulida tayyorlangan. Hozirgi kunda ham shu usulda naqqosh ustalarni tayyorlash saqlangan, shuningdek, maxsus bilim yurtlari, kollejlarda, badiiy markazlarda naqqoshlik boʻyicha ham mutaxassislar tayyorlanad9i.
Diyorimizning turli viloyatlarida naqsh bilan ziynatlangan me’moriy yodgorliklar, idish, buyum, mehnat qurollarida umumiylik kuzatilsa-da, Buxoro, Xiva, Farg’ona va boshqa joylarning o’ziga xos naqsh uslublari, keyinchalik maktablari shakllangan. O’zbekiston naqqoshlik maktablarini asosan Toshkent, Farg’ona, Buxoro, Samarqand va Xiva maktablari tashkil etadi. Ushbu maktablarning texnik, uslubiy va kompozitsion tomonlarida ko’pgina o’xshashliklar bo’lsa-da, har bir naqqoshlik maktabi o’zining naqshlar tizimi, kompozitsiyaning tasvirlanishi, rang koloriti bilan ajralib turadi.
O’zbek naqqoshlari asosan ko’k (lojuvard) zangori (havo rang, osmoni), yashil, sariq, qizil ranglarda naqsh ishlaydilar.
Naqqoshlikning uslublari avloddan-avlodga o’tgan (masalan, axtadan foydalanish, bo’yoq tayyorlash, oldin naqshning asosiy chiziqlarini chizib, zaminni bo’yab olish va hokazolar), lekin yozib qoldirilmagan.
Ustaning naqsh ishlash sirlarini faqat shogirdlarigina yaxshi bilganlar.
|
| |