Kirish
Mazkur uslubiy ko’rsatma O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2009 yil 14 avgustdagi 286-sonli «Talabalar mustaqil ishlarini tashkil etish to’g’risida»gi buyrug’i bilan tasdiqlangan «Talabalar mustaqil ishini tashkil etish va nazorat qilish» bo’yicha yo’riqnoma, Muxammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Farg’ona filiali Kengashining 2020 yil 29 avgustdagi 1-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan «Operatsion tizimlar» fani bo’yicha Ishchi o’quv dasturi asosida ishlab chiqilgan.
«Operatsion tizimlar» fanidan tayyorlangan ushbu uslubiy ko’rsatma axborot - kommunikatsion texnologiyalari sohasidagi oliy ta’limning barcha ta’lim yo’nalishlari 1- va 4–bosqich bakalavriatura talabalarining mazkur fandan mustaqil ishini tashkil etish va nazorat qilishda foydalanish uchun tavsiya etiladi.
Mustaqil ishning o’ziga xosligi shundaki, o’quv faoliyatining bu qismi talabalarning mustaqil faolligi hamda tegishli professor-o’qituvchilarning nazorati asosida tashkil etilib, o’quv rejada semestr bo’yicha ajratilgan soatlar hajmiga ko’ra amalga oshiriladi.
Mazkur uslubiy ko’rsatmada talabalar mustaqil ishlarining asosiy shakllari va ularning mazmuni, mustaqil ishni amalga oshirishda talaba bajarishi lozim bo’lgan vazifalar, mustaqil ishni bajarish bo’yicha maslahatlarni tashkil etish, ularni nazorat qilish va baholash tartibi bayon etilgan.
Oliy ta’limning Davlat ta’lim standartiga ko’ra “Kompyuter injiniringi”,“Telekommunikatsiya injiniringi“ ta’lim sohalarida o’qitiladigan “Operatsion tizimlar” fani dasturi muxandislik ishida zarur bo’ladigan: turli masalalarini hal qilish va EHMlarda turli dasturlarni ifodalash, tahlil qilish va yechish, eng maqbul (optimal) jihozlash usulini tanlash va yechimlarni tahlil qilish tizimlari, operator ish o’rnini jihozlash va loyihalashda qo’llaniladigan texnologiyalar tushunchalarini o’z ichiga olgan bo’limlaridan tashkil topgan.
«Operatsion tizimlar» fani bo’yicha talabalar mustaqil ishlarini tashkil etish ularda axborotlar va ular bilan ishlashga doir bilim, dunyoqarash, ijtimoiy faollik va mustaqil fikrlashni shakllantirishga qaratilgan tadbirlar tizimini o’z ichiga oladi. U o’quv rejasi va fanlar dasturlarida ko’zda tutilgan zarur bilimlar va ko’nikmalarning talabalar tomonidan oqilona, kam vaqt va kuch sarflab o’zlashtirilishini ta’minlaydi.
«Operatsion tizimlar» fanini o’qitish jarayonini takomillashtirish, talabaning qiziqishlarini, anglash faolligini va mustaqil ishlarini rivojlantirish yo’nalishida boradi, bunda talabalarning ijodiy fikrlashi, mustaqil o’qish ko’nikmasi va layoqatlari shakllanadi.
|