|
O‘zbek tili fanidan o‘quv- uslubiy majmua
|
bet | 67/122 | Sana | 30.11.2023 | Hajmi | 0,59 Mb. | | #108788 |
Bog'liq “Boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi O‘zbek-fayllar.orgBildirishnoma, bildirish
Muayyan muassasa (tarkibiy qism) rahbariga xizmat faoliyati bilan bog‘liq muhim masalalar yuzasidan yoki yuqori idora, mansabdor shaxsga biron-bir voqea va hodisa haqida xabar berish zarurati tug‘ilganda taqdim etiladigan mufassal yozma axborot. Unda, odatda, bayon qilinayotgan masalalar bo‘yicha tuzuvchi (yozuvchi)ning takliflari aks etadi. Kimga yo‘llanishiga qarab bildirishnoma ichki va tashqi turlarga ajraladi. Ichki bildirishnoma rahbar shaxs yoki bo‘lim boshlig‘i nomiga yoziladi. U toza qog‘ozga qo‘lda, mashinkada yoki kompyuter yordamida yozilishi mumkin. Bunday bildirishnomalar muallif tomonidan imzolanadi. Tashqi bildirishnoma, ya’ni rahbar tomonidan yuqori idoraga yoki mansabdor shaxsga yoziladigan bildirishnoma, odatda, xos ish qog‘oziga ikki nusxada yoziladi. Hujjatning ikkinchi nusxasi muassasaning o‘zida qoldiriladi. Bunday bildirishnoma rahbar tomonidan imzolanadi. Bildirishnoma tashabbus, axborot va hisobot xususiyatiga ega. Bu xususiyatlar hujjat matni sarlavhasidayoq o‘z aksini topadi. Tashabbus bildirishnomasi matnida tegishli masala yuzasidan umumiy yoki aniq takliflar ilgari surilib, rahbarni ularni hal qilishga undaydi (masalan, Nizomiy nomidagi universitetda mukofotlash to‘g‘risidagi nizomning buzilganligi haqida). Axborot bildirishnomasi, odatda, umumiy holati rahbarga ma’lum bo‘lgan muayyan jarayon to‘g‘risida xabar beradi. Masalan, Chinoz tumani Navoiy nomidagi fermer xo‘jaligida chigit ekishning borishi (1999-yil 10-apreldagi holati) haqida. Hisobot bildirishnomasi ma’lum bir ishning tugallanishi haqida yoki biron-bir ko‘rsatma, tavsiya, rejaning ijrosi to‘g‘risida rahbarni xabardor qilishiga qaratilgan bo‘ladi (masalan, O‘zR Fanlar akademiyasi Tarix institutida yangi topilgan qo‘lyozmalarni o‘rganish ishlarining borishi haqida). Muayyan vazifa yoki majburiyatlarning bajarilishi haqidagi hisobot bildirishnomasi amaliyotda raport ham deyiladi. Asli fransuzcha bo‘lib, rus tili orqali ona tilimizga o‘zlashgan mazkur so‘zning muqobili sifatida "BILDIRISH" atamasini qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bildirishnomaning zaruriy qismlari:
1. Bildirishnoma yo‘llangan rahbarning lavozimi, ismi va otasi ismining bosh harflari hamda jo‘nalish kelishigidagi familiyasi.
2. Bildirishnomani tayyorlagan shaxsning lavozimi, ismi va otasi ismining bosh harflari hamda chiqish kelishigidagi familiyasi.
3. Matn sarlavhasi.
4. Hujjat turining nomi (bildirishnoma). 5. Bildirishnomaning matni (mazmuni).
6. Qancha varaqdan iboratligi ko‘rsatilgan ilovalar ro‘yxati (agar ilovalar bo‘lsa).
7. Bildirishnoma tayyorlovchi xodim yoki rahbarning imzosi (agar bildirishnoma bir necha shaxs tomonidan tayyorlangan bo‘lsa, u barcha mualliflar tomonidan imzolanadi).
1990-yilda nashr etilgan «O‘zbek tilida ish yuritish» qo‘llanmasida ushbu hujjat «bildirgi» nomi bilan berilgan edi. O‘tgan yillar mobaynida bu nom amaliyotda chuqur qo‘llanilmadi. Shuning uchun mualliflar «raport» atamasini «bildirish» tarzida ifodalashni maqsadga muvofiq deb topdilar.
8. Bildirishnoma taqdim etilgan sana (sana muallif yoki muassasa rahbari tomonidan bildirishnoma imzolanayotgan paytda qo‘yiladi). Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, zaruriy qismlari va yozilish shakli jihatidan bildirishshnomalar xizmat ma’lumotnoma (spravka)lariga yaqin turadi. Farqi shundaki, ma’lumotnomalarda asosan talab qilingan, so‘ralgan voqea-hodisalar haqidagina axborot beriladi, bildirishnomalarda esa voqea-hodisalarni sanash bilan birga, ularni keltirib chiqargan omilar tahlil qilinadi va tegishli xulosalar chiqarilib, takliflar bildiriladi. Bildirishnoma tayyorlayotgan shaxsning xulosa va takliflari aniq-ravshan va ishonarli bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun ham bildirishnomalarda chiqarilgan xulosalarni tasdiqlovchi, voqea-hodisalarga, qonunchilik ko‘rsatmalariga, tegishli hujjatlarning raqam va sanasiga hamda bayon etilgan masalani bevosita muassasa misolida o‘rganish yoki sinab ko‘rish natijasi borligi boshqa dalillarga havola qilinishi zarur. Bildirishnoma yozilishiga sabab bo‘lgan dalillar, voqealar bayon qilinishi, ikkinchi qismida esa xulosalar va aniq xatti-harakatlar haqidagi takliflar aks ettirilishi zarur. Bizningcha, bunday xatti-harakatlar bayon qilingan voqealar munosabati bilan yuqori idora yoki mansabdor shaxs tomonidan amalga oshirilishi kerak. Agar bildirishnomada bayon qilinayotgan ma'lumotlar aniq bir sana yoki vaqt oralig‘iga taalluqli bo‘lsa, xuddi ma’lumotnomadagidek, ushbu vaqt matndan alohida zaruriy qism sifatida ajratilib, matn oldidan joylashtiriladi. Masalan, «1997-yil 1-yanvardagi holatga ko‘ra» yoki «1999-yilning 1-yanvaridan 1-sentabrigacha bo‘lgan davr uchun». Bu ma’lumotlarni matn sarlavhasiga qo‘shib yuborish ham mumkin (1-ilovaga qarang).
E’lon
Ko‘pchilikni yoki ma’lum guruhdagi shaxslarni yaqin orada (kelgusida) bo‘ladigan biron-bir tadbir-majlis, uchrashuv, suhbat, shuningdek, ishga, o‘qishga qabul qilish va boshqalar haqida xabardor qilish uchun qo‘llanuvchi yozma axborot.
E’lonning zaruriy qismlari: 1. Hujjatning nomi (e’lon). 2. E’lon qilinayotgan tadbirning vaqti, o‘tkazilish joyi. 3. Tadbir mavzusini o‘zida aks ettiruvchi matn. 4. Tadbir o‘tkazuvchining nomi (odatda, bo‘ladigan tadbirni e’lon qilayotgan tashkilot, organning nomi «Ma’muriyat», «Kuzatuv kengashi», «Yozuvchilar uyushmasi», «Tashkiliy qo‘mita» tarzida beriladi). E’lon mavzusiga va undan ko‘zlangan maqsadga ko‘ra turli shakllarda bo‘lishi mumkin (2-ilovaga qarang).
|
| |