|
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o`zbek adabiyoti
|
bet | 60/155 | Sana | 10.01.2024 | Hajmi | 1,2 Mb. | | #133618 |
Bog'liq portal.guldu.uz-O`zbek adabiyotiNazorat topshiriqlari:
1. Asarning badiiyati, o'zbek mumtoz adabiyoti tarixida tutgan o'rni haqida nimalar deya olasiz?
2. Shayboniyxon Sulton Ali Mirzo ixtiyoridagi Samarqandni o'z tasarrufiga o'tkazganda, Movarounnahr-u Xurosonning qaysi shaharlarida xalq qo'zg'olonlari bo'lib o'tdi?
3. Shoir temuriy shahzodalarning badiiy tavsifida nimalarga ko'proq e'tibor beradi?
4. «Shayboniynoma»ning tuzilishi, yozilishi tarixi haqida nimalar bilasiz?
5. Dostonda Shayboniyxon obrazi qanday tasvirlangan? Fikrlaringizni dalillarga tayanib isbotlashga harakat qiling.
Ikkinchi asosiy masala: Hayoti va faoliyati.
2- masalaning bayoni:
Muhammad Solih 1455-yilda Xorazmda dunyoga keldi. Uning otasi Amir Nur Saidbek temuriy hukmdorlardan Ulug'bek va Jo'gi Mirzo saroyidagi e'tiborli kishilardan biri bo'lib, keyinchalik Abu Said Mirzo idorasi ostida bo'lgan Xorazm viloyatida ancha vaqt hokimlik qilgan. Bobosi Amir Shoh Malik esa Ulug'bek Mirzoning vasiysi va tarbiyachisi, shuningdek, Amir Temur va Ulug'bek Mirzo saroylarida katta nufuzga ega bo'lgan amirlardan edi. Muhammmad Solih onasining nomi ma'lum emas. «Shayboniynoma»da uning Buxorodan ekanligini dalillovchi bir bayt uchraydi:
Men bu so'z birla Buxoro keldim,
O'z onam uyini manzil qildim.
(Muhammad Solih. Shayboniynoma. Toshkent, 1989, 274-b. Izoh: Bundan keyin ushbu manbaga murojaat etilganda, qavs ichida sahifasini ko'rsatish bilan kifoyalanamiz—R.V., H.E.).
Abu Said Mirzo Hirot poytaxt Xuroson mamlakatini o'z tasarrufiga o'tkazgandan keyin, Husayn Boyqaro harbiy salohiyatini tiklash niyatida mamlakatning turli viloyatlarini qo'lga kiritish uchun harakat qila boshlaydi.
1467- yilda Husayn Boyqaroning shunday jangovor harakatlaridan biri Xorazmni qo'lga kiritishga qaratilgan edi. Manbalarda ma'lumot berilishicha, mudofaa choralarini yaxshi tashkil etolmagan Xorazm amirlari Husayn Boyqaroning hujumiga bardosh berolmay qochib ketadilar. Bundan g'azablangan Abu Said Mirzo hamma amirlarini Xorazmga jo'natib gunohi ayon bo'lgan har bir kishiga jazo berish haqida farmon beradi. Xorazm himoyasiga beparvo munosabatda bo'lganlikda ayblangan Amir Nur Saidbek zudlik bilan Hirotga olib kelinadi. Abu Said Mirzo uning butun mol-mulkini talon-taroj ettiradi, o'zini esa Ixtiyoriddin qal'asiga qamattiradi. Keyinchalik Nuriddin Abdurahmon Jomiyning iltimosiga ko'ra Amir Nur Saidbek avf etiladi. Bu voqeadan so'ng bir oz muhtojlik azobiga giriftor bo'lgan Amir Nur Saidbek keyinchalik o'z mavqeini qayta tiklashga erishadi. U yana katta amirlar qatoridan joy olishga muvafFaq bo'ladi. Biroq bu nufuzini saqlab qolish unga nasib qilmaydi. 1469-yilda Hirot taxti Husayn Boyqaro idorasi ostiga o'tgandan so'ng, Abu Said Mirzoning ko'plab yaqin amir va beklari jazoga tortiladi. Ayni paytda Marv shahrida bo'lgan Nur Saidbek ham qatl qilinadi.
Muhammad Solih «Shayboniynoma»da yoshlik yillarida bo'lib o'tgan bu voqealarni quyidagicha xotirlaydi:
Laqabi Solih-u o'zi tolih,
Nur Said o'g'li Muhammad Solih.
Mundoq ayturki, xudodin taqdir,
Chun otam ishiga berdi tag'yir —
Chiqdi Xorazm diyori qo'lidan,
Xivaqu Kot hisori qo'lidan.
Tushti andin guzori Marv son,
Anda sovrildi ev-u eli bari.
Ayladi no'sh shahodat jomi,
Anga no'sh o'ldi saolat jomi.
Mani gardun sitami qildi yetim,
Ayladi kishvari g'am ichra muqim.
Xorliqlar bila o'stum bisyor,
Zorlig'lar bila ko'rdum ozor.
Har falokatki bo'lur dunyoda,
Hech qaysidin eman ozoda.
Muhammad Solih mana shunday kulfatlar bilan qarshilashganiga qaramay, yoshlik chog'larida qunt va havas bilan o'qiydi. Zamonasining ulug' donishmandi va shoiri, naqshbandiya tariqatining yirik peshvosi Abdurahmon Jomiydan tahsil oladi. U arab va fors-tojik tilini mukammal o'rganishga harakat qiladi. Shu tillarda bitilgan adabiy asarlar bilan yaqindan tanishadi. Shuningdek, tarix, falsafaga oid asarlarni sevib mutolaa qiladi. Xattotlik sirlarini puxta o'rganib, bu sohada ancha muvafTaqiyat qozonadi. Shoirning o'z e'tirofiga ko'ra, u goh Xurosonda, goh Sarnarqandda temuriy hukmdorlar saroyida xizmat qiladi. Jumladan, u Sulton Husayn Boyqaro saroyida mulozimlik bilan mashg'ul bo'ladi. Biroq bu faoliyat uzoqqa cho'zilmaydi. Muhammad Solih otasi mol-mulkining talon-taroj bo'lishi hamda fojiali vafot etishiga temuriylar sababchi bo'lganidan nafratlanganligi bois Shayboniyxon xizmatiga o'tganligini ta'kidlaydi. Alisher Navoiy esa «Majolis un-nafois»da uning saroydan ketishini quyidagicha izohlaydi: «Anga ham g'arib sahv (xato — R.V., H.E) tushtikim, Sulton Sohibqiron (Husayn Boyqaro) qullig'idin g'aybat (ko'zga ko'rinmaslik, yashirinish) ixtiyor qildi. Ba'zi derlarki, bexudlig' (aqlsizlik) olamida yamon musohiblar (do'stlar) ani bu yamon yo'lg'a tutubturlar» (Asarlar. 13. 146-b.). Shunday qilib, Muhammad Solih Alisher Navoiy e'tirof etgan «yamon muhosiblaplaridan biri Mullo Abdurahimning taklifi bilan 1499-yilda Shayboniyxon xizmatiga o'tadi.
Bu davrda Movarounnahrni tarqoqlik va boshboshdoqlik bilan idora etayotgan temuriy hukmdorlarga qarshi mulktalablik iddaosi bilan ketma-ket hujum uyushtirib turgan Shayboniyxon Muhammad Solihning taklifmi mamnuniyat bilan qabul qiladi. U shoirga «amir ul-umaro» («ulamolar amiri»), «malik ush-shuaro» («shoirlar sultoni») unvonlarini beradi. Shayboniyxonning bunday iltifoti o'ziga xos siyosiy ahamiyatga molik edi. Bu bilan u temuriylardan norozi bo'lgan yirik amaldorlar, olim-u shoirlarni o'ziga og'dirib olishga intilardi. Shayboniyxon «samimiyat»iga ishongan Muhammad Solih singari mulkni idora etishga qodir, harbiy salohiyatga ega bo'lgan kishilar unga sadoqat bilan xizmat qila boshladilar. Bunday xizmatning har qanday mukofotga loyiqligini teran idrok etgan Shayboniyxon, manbalarda ma'lumot berilishicha, Buxoroni egallab, Samarqand tomon otlanganida, Muhammad Solihni o'z o'rnida Buxoroda dorug'a vazifasida qoldiradi.
Muhammmad Solih Shayboniyxonning juda ko'plab yurishlarida u bilan birga ishtirok etadi. Bir oz muddat Qunduzda bo'ladi. 1504-yilda Shayboniyxonning ukasi Sulton Mahmud vafot etgach, hukmdorining ruxsati bilan Buxoroga keladi. 1504-1505-yillarda Xorazmning qamal qilinishida qatnashadi. Shayboniy qo'shinlari Xorazmga otlanib Qorako'lga kelganda, Chorjo'y hokirni Amir Yorali uni sovg'a-salomlar bilan qarshi olib, o'zining taslim bo'lganini ma'lum qiladi. Shayboniyxon Muhammad Solihni Chorjo'y hokimi qilib qoldiradi. Viloyatda tartib-intizomni o'rnatgan Muhammad Solih yana hukmdori ortidan Xorazmga yo'l oladi. Bu orada qamalda qolgan Xorazm hokimi Chin So'fi Xuroson hukmdori Husayn Boyqarodan madad so'raydi. Husayn Boyqaro Shayboniyxonni chalg'itish maqsadida goh Qunduz, goh Chorjo'y va Movarounnahrning boshqa viloyatlariga hujumlar uyushtira boshlaydi. Muhammad Solih yana Chorjo'yga qaytadi. Shahar qal'asini mustahkamlaydi, askarlami jangga tayyorlaydi. «Shayboniynoma»dan ma'lum bo'lishicha, temuriy hukmdorlar Muhammad Solihni o'zlariga og'dirib olish niyatida unga elchi yuboradilar. Elchi Chorjo'y hokimining asli chig'atoy ulusidan ekanligini eslatib, uning tilidan quyidagilarni bayon qiladi:
Dedilar: «Sen chig'atoy elisen,
Ushbu yerda Chig'atoy xayli sen.
Na deb o'zbek bila yovar bo'ldung?
Xong'a bu yanglig' chokar bo'ldung?».
Muhammad Solihning temuriylardan nafratlanganligi, ularga nisbatan ko'nglida kek saqlab turgani muallifning dostonda bitilgan quyidagi javoblarida ham yanada yorqinroq namoyon bo'ladi:
Men dedim: «Senga javobim o'qtur,
Mundin o'zga base so'zum yo'qtur.
Javringizdin otam o'ldi netoyin,
Boshima qayg'u o'kuldi netoyin?
Men otam qoni bila qctlonomen,
Men o'zum jonim uchun qotlonomen».
Muhammad Solih yana qaytib Xorazmga, Shayboniyxon huzuriga boradi. Xurosonning chegara viloyatini qo'lga kiritgunlariga qadar o'sha yerda qoladi. Shoirning 1506-yildan keyingi hayoti haqida ma'lumotlar juda oz saqlanib qolgan. Manbalarda e'tirof etilishicha, u Ashxobod yaqinidagi Niso shahriga dorug'a etib tayinlanadi. Bu yerda u Shayboniyxon vafot etgunga qadar, 1510-1511-yillargacha faoliyat ko'rsatganligi taxmin qilinadi. Keyinchalik u Buxoroga qaytib, umrining oxiriga qadar shu yerda istiqomat qilgan. Ikniy manbalarda shoirning vafot etgan sanasi Lutf Alibek Ozarning «Otashkada» asaridagi qaydga asoslanib hijriy 941, melodiy 1535-yil ekanligi ma'lum qilinadi.
|
| |