|
Mavzuga oid tayanch tushunchalar
|
bet | 59/155 | Sana | 10.01.2024 | Hajmi | 1,2 Mb. | | #133618 |
Bog'liq portal.guldu.uz-O`zbek adabiyotiMavzuga oid tayanch tushunchalar: Alisher Navoiy «Majolis un-nafois». Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma». Zayniddin Mahmud Vosifiy «Badoye' ul-vaqoye'». Xondamir «Habib us-siyar». Hasanxoja Nisoriy «Muzakkir ul-ashob». Somiy «Tuhfai Somiy». Mirzo Haydar «Tarixi Rashidiy». Lutf Alibek Ozar «Otashkada». Herman Vamberi. P.M.Melioranskiy. Nasrullo Davron. Ergashali Shodiyev. Amir Nur Saidbek. Abu Said Mirzo. Husayn Boyqaro. Abdurahmon Jomiy. Muhammad Shayboniyxon. Mullo Shodiy «Fathnomai xoniy». Kamoliddin Binoiy «Shayboniynoma», «Futuhoti xoniy». Ro'zbexon «Mehmonnomai Buxora». «Tavorihi guzida - nusratnoma». Xonikaxon. Alachaxon Abulmakorim. Chin So'fi.
Identiv o’quv maqsadlari:
1.Shoirning hayoti bilan tanishadilar.
2. Ijodiy merosi bilan tanishadilar.
3. Shayboniynoma yozilish tarixi bilan tanishadilar.
1-asosiy masalaning bayoni:
Muhammad Solih-o'zbek mumtoz adabiyotining taniqli namoyandalaridan biridir. XV asrning ikkinchi yarmi XVI asrning 30-yillarida yashab ijod etgan bu iste'dodli shoir haqida Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma», Zayniddin Vosifiyning «Badoye' ul-vaqoye'», Xondamirning «Habib us-siyar», Hasanxoja Nisoriyning «Muzakkir ul-ashob», Som Mirzo Somiyning «Tuhfai Somiy», Mirzo Haydarning «Tarixi Rashidiy», Lutf Alibek Ozarning «Otashkada» kabi qator manbalarda so'z yuritiladi va turli bayozlarda uning ijodidan namunalar keltiriladi. Shuningdek, shoir qalamiga mansub «Shayboniynoma» dostonidagi muallif tarjimai holiga oid qaydlar ijodkor haqida ma'lum tasavvurlarni hosil qilishda imkon beradi.
Muhammad Solih—zullisonayn shoir. U turkiy va fors-tojik tillarida ijod qildi. Alisher Navoiy «Majolis un-nafois» da shoirning «Tab'ida xeyli diqqat birla choshni bor»ligini, xattotlik bobida ham qobiliyatli ekanligini e'tirof etadi va uning quyidagi matlaini namuna sifatida keltiradi:
Nay am oshufta, gar po'shid kokul mohi tobonash,
Chi g'am az tiragii shah, chu boshad subh poyonash.
(Mazmuni: Yorning kokili yorqin oydek yuzini yopib turgan ekan, undan parishon emasman. Oxirida yana tong otishi ma'lum ekan, tunning qorong'uligidan ne g'am?)
Alisher Navoiy nazariga tushgan ushbu bayt ijodkorining yetuk shoir ekanligidan dalolat beradi. Unda oshiqning ma'shuqa visoliga vosil bo'lishiga ishonchi keltirilgan tamsil asosida yorqin namoyon bo'lgan. Shoir yorning qop-qora kokilini — tunga, uning yorqin oydek yuzini tongga o'xshatadi. Tundan so'ng tong otishi yor jamoli yuzidan sochlarini oh'shi bilan uyg'undir.
Ulug' mutafakkir Alisher Navoiyning tazkirasida Muhammad Solihning «Shayboniynoma» dostoniga munosabat bildirilmaydi. «Majolis un-nafois»dagi qaydlar Muhammad Solih ijodining dastlabki bosqichiga taalluqlidir. «Shayboniynoma» esa shoir ijodining ikkinchi bosqichi, uning Shayboniyxon xizmatiga kirganidan keyingi davriga tegishli bo'lib, doston ijod etilgan vaqtda Alisher Navoiy bu foniy dunyo bilan vidolashgan edi.
Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma»da Muhammad Solihning g'azaliyotini qoniqish bilan e'tirof etgan holda, Shayboniyxonga bag'ishlangan turkiy masnaviysini «bisyor sust va furudtur» - deya baholash bilan kifoyalanib qolmaydi. «Boburnoma» muallifi «ani o'qug'on kishi Muhammad Solih she'ridin be'tiqod bo'lur», - deya ta'kidlaydi.
Muhammad Solih sohib devon shoir sifatida go'zal nazmiy durdonalar yaratgan bo'lsa-da, undan ayrim namunalargina bizgacha yetib kelgan, xolos. Adabiyotshunos Akromjon Ibrohimov yuqorida nomlari tilga olingan mumtoz manbalar asosida Muhammad Solih she'riy merosi haqida ma'lum tasawur hosil qilish uchun ulardan namunalar keltiradi (Qarang: O'zbek adabiyoti tarixi. 5 tomlik, 3-tom. Toshkent: «Fan», 1978, 92-94-betlar). Tadqiqotchi diqqatini o'ziga jalb etgan shoirning quyidagi bayti ijodkor salohiyati haqida yaxshigina taassurot qoldirishi bilan ahamiyatlidir:
Asiri olami surat mabosh Solehi nodon,
Biyo ba olami ma'ni, ki olami digar ast in.
(Mazmuni: Surat olamining asiri bo'lma, ey nodon Solih, Ma'no olamiga kelki, bu olam boshqa olamdir) (O'sha kitob. 92-b.).
Taniqli adabiyotshunos A.Hayitmetov «Hayotbaxsh chashma» kitobida (Toshkent, 1974, 136-b.) shoirning 2 ta, E.Shodiyev esa «O'zbekiston madaniyati» gazetasida (1972 yil 11 iyul) 10 ta g'azalini turli bayoz va majmualardan aniqlab e'lon qilishdi. Biroq shoirning devoni haligacha ilm ahliga ma'lum emas. Shu bois Muhammad Solihning ijodiy salohiyatini, adabiyotimiz tarixida tutgan mavqeini hozirgacha to'la holatda saqlanib qolgan «Shayboniynoma» dostoni asosida baholash mumkin.
Dostonnning qo'lyozma nusxalari juda oz bo'lib, uning 1510-yilda, shoir hayotligi davrida ko'chirilgan nusxasi bizgacha yetib kelgan. Bu noyob nusxa Avstriya poytaxti Vena kutubxonasida saqlanadi. Mazkur qo'lyozma taniqli sharqshunos olim Herman Vamberining diqqatini o'ziga jalb etgan. Olim 1885- yilda shu nusxa asosida asarning nemischa tarjimasi bilan Venada nashr ettirdi. Shu tariqa «Shayboniynoma» XIX asrning oxirlaridan qayta ilm ahli nazariga tushib qoldi. 1908-yilda rus sharqshunos olimi P.M.Melioranskiy o'sha qo'lyozmaning fotonusxasi va H.Vamberi nashri asosida Sankt-Petrburgda asarning ikkinchi nashrini amalga oshirdi. Keyinchalik dostondan parchalar turli majmualardan o'rin ola boshladi.
O'zbekistonda «Shayboniynoma»ning to'la nashrini 1961-yida Nasrulla Davron chop ettirdi. 1989-yilda taniqli olim Ergashali Shodiyev dostonni qayta nashr ettirdi. Har ikkala nashr uchun ham rus olimi P.M.Melioranskiy e'lon qilgan nusxa asos bo'lib xizmat qilgan. E.Shodiyev «Shayboniynoma»ni qayta nashr etish jarayonida N.Davron nashridagi ayrim matniy nuqsonlarni bartaraf etishga jiddiy e'tibor qaratadi (Qarang: Muhammad Solih. Shayboniynoma. Toshkent: G'.G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti, 1989, 9-10-b.). Muhammad Solihning hayoti va ijodi haqida nomzodlik dissertatsiyasini (1950 yil) yozgan A.Ibrohimov shoir haqida atroflicha ma'lumot beradi va «Shayboniynoma»ni teran tahlil qilishga harakat qiladi (Qarang: O'zbek adabiyoti tarixi. 5 tomlik, 3-tom. Toshkent: «Fan», 1978, 88-104-b.). Ayni holat taniqli adabiyotshunos N.Mallayevning «O'zbek adabiyoti tarixi» (Toshkent: «O'qituvchi», 1976, 609-633-b.) kitobida ham kuzatiladi.
|
| |