|
O‘zbekiston respublikasi axborot texnologiyalari va I bo‘lim. Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi
|
bet | 54/139 | Sana | 22.02.2024 | Hajmi | 0,82 Mb. | | #160902 |
Bog'liq 1.«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi-fayllar.orgBahouddin Naqshband asos solgan so‘fiylik ta’limotining nazariy asoslaridan birini Xudo, dunyo va insonning o‘zaro nisbati muammosi tashkil etadi. Bu bosh muammo talqinida so‘fiylarni ikki yo‘nalish – teistik va panteistik yo‘nalishlarga ajratish mumkin. Alloh hamma narsaning yaratuvchisi deb e’tirof etilgan, insondan tashqarida turgan, dunyo uzra yuksalgan va bilish mumkin emas deb e’lon qilingan bo‘lsa, so‘fiylar ta’limoti monoteizm shakl-shamoyilini kasb etgan, dunyo va Xudo tushunchalari tenglashtirilgan taqdirda bunday ta’limot panteistik deb hisoblangan58.
Bahouddin Naqshband hayotning mazmunini Haqiqat (Alloh)ga erishishga intilishda ko‘rgan va Haqiqat (Alloh)ga erishish tashqi narsalar haqidagi bilim – shariatga asoslanadi va ichki narsalar haqidagi bilim – tariqat jarayonida yuz beradi, deb hisoblagan. U shariat Qur’oni karim va hadislarni bilishdan kelib chiquvchi diniy qonun-qoidalar to‘plami ekanligidan kelib chiqqan. Tariqat odam Haqiqatga erishish uchun qaysi bosqichlardan o‘tishi, Allohni anglash va u bilan birikish uchun qanday to‘siqlarni yengishi lozimligini belgilaydi. Bunda bilish jarayonida shariatdan tariqatga o‘tish darhol yuz bermaydi. Faqat shariatni o‘zlashtirish va uning talablarini bajarish orqali Haqiqat yo‘lidan jadalroq va samaraliroq borish mumkin.
Odam bilishning har bir bosqichi (mistik yo‘l manzillari)dan oldinma-ketin o‘tib o‘z maqsadiga yaqinlashadi. So‘fizm nazariyasi va amaliyoti ongning tashqidan ichkiga, ochiqdan yashiringa sayohatini nazarda tutadi. Bahouddin Naqshband tariqat ezoterik (yashirin, mistik) fan, u hammaga ochiq emas, uni faqat o‘zini Haqiqatga baxshida etgan odamlar anglab yetishi mumkin, deb hisoblagan.
So‘fizmda mistik bilish zamirida «O‘zini bilgan odam o‘z Allohini biladi» degan tamoyil yotadi. O‘zini o‘zi bilish orqali Allohni bilish maqsadga erishishning eng qisqa yo‘lidir. Bahouddin Naqshband yaratgan ta’limotning asosida «Dil ba yor-u, dast ba kor», ya’ni «Ko‘ngil yorda, qo‘l – ishda», degan shior yotadi.
Xulosalar. G‘arb va Sharqda o‘z tafakkur uslubida bilimlarni ifodalash va o‘zlashtirishning o‘z mexanizmlari va shakllari, bilim va haqiqatga eltuvchi yo‘lni yorituvchi o‘z mo‘ljallari mavjud. Sharq ta’limotlari va tafakkur uslubini Sharq amaliyoti va tajribasidan olingan Sharqqa xos usullar va metodlar yordamida tushunish va ichdan anglab yetish mumkin.
Shuni ta’kidlash lozimki, gnoseologiyaga tatbiqan bilish nazariyasi va epistemologiya nomlarining qo‘llanilishini o‘rinli deb bo‘lmaydi. Zotan, «episteme» so‘zi «pistis» - e’tiqod so‘zi bilan uzviy bog‘liq. Biroq, biz biladigan (gnosio) va biz ishonadigan (pistio), mavjudligiga e’tiroz bildirmaydigan narsalar – falsafiy va ilmiy bilimlarning hozirgi darajasida mazmunan har xil tushunchalardir. Shu bois G‘arbiy Yevropa falsafasida epistemologiyaning mazmuni ikki xil, ba’zan esa – uch xil talqin qilinadi.
Umuman olganda, hozirgi zamon falsafasida gnoseologiya bilish jarayonining umumiy, aniqroq aytganda – falsafiy mohiyati hamda umumiy muammolariga e’tiborni qaratadi. Epistemologiya esa, bizning muayyan narsalar haqidagi bilimlarimiz va (yoki) e’tiqodlarimizning ishonchlilik darajasini o‘rganadi.
Demak, epistemologiya gnoseologiyaning tarkibiy qismi yoki uning amaliy ifodasidir. Tom ma’nodagi epistemologiya hozirgi kunda ilmiy, haqiqiy bilimning mazmunini, shuningdek diniy e’tiqodlarning gnoseologik mohiyatini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Bunda esa bilish (ong)ning mohiyati to‘g‘risida bahs yurituvchi falsafiy ta’limot ma’nosidagi «gnoseologiya» atamasidan foydalaniladi. Shu bilan biz avval gnoseologiya muammolari doirasini aniqlab olishga harakat qilamiz.
Gnoseologiya yoki bilish nazariyasi falsafiy bilimlar (falsafa fani) bo‘limi bo‘lib, unda 1) insonning dunyoni bilish imkoniyati 2) insonning o‘zlikni anglash jarayoni; 3) bilishning bilmaslikdan bilim sari yuksalishi, 4) bilimlar tabiati va ularning mazkur bilimlarda aks etuvchi narsalar bilan o‘zaro nisbati o‘rganiladi.
Shunday qilib, umuman olganda, gnoseologiya ong, bilish, bilimni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Shaxsiy va ijtimoiy tajribada biz ongning mavjudligini aniq sezamiz, ongning o‘z-o‘ziga, boshqa odamlarga va umuman jamiyatga ta’siri natijalarini fiziologik darajada his qilamiz va ko‘ramiz. Biroq bu jarayonda ongning o‘zi ko‘rinmaydi. Moddiy dunyo hodisalaridan farqli o‘laroq, ongni kuzatish mumkin emas. U go‘yo vaqt va makon chegaralaridan tashqarida turadi. Gnoseologiyaning vazifasi bu ko‘rinmas ongni idrok etish, uning moddiy narsa va hodisalar dunyosi bilan o‘zaro aloqalarini aniqlash, uni o‘z muhokama va tadqiqot predmetiga aylantirishdan iborat.
Gnoseologiyaning asosiy muammosi bizning barcha bilimlarimiz tajribada sinalganmi? degan «oddiy» masalani yechishdan iborat: Bu savolga javob izlash va masalaning yechimini topishda gnoseologiyada ikki muxolif an’ana: bilimlarimiz tajribada sinalganini qayd etuvchi empirizm va buni inkor etuvchi ratsionalizm to‘qnashadi.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
O‘zbekiston respublikasi axborot texnologiyalari va I bo‘lim. Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi
|