|
Mustaqil ishlash uchun savol va topshiriqlar
|
bet | 71/139 | Sana | 22.02.2024 | Hajmi | 0,82 Mb. | | #160902 |
Bog'liq 1.«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi-fayllar.orgMustaqil ishlash uchun savol va topshiriqlar
1. Sub’ektiv va ob’ektiv dialektikaning o‘xshashlik va farqi nimada?
2. Dialektikaning bilish mantiqi va metodologiyasi sifatidagi asosiy xususiyatini ayting.
3. Nima uchun ziddiyat tushunchasi dialektikada bosh tushuncha hisoblanadi?
4. Dialektika kategoriyalari falsafiy kategoriyalar tizimida qanday o‘rin egallaydi?
5. Butun va qism, sistema va element kategoriyalarining qiyosiy tahlilini amalga oshiring.
6. Mohiyat va qonun kategoriyalarining o‘xshashlik va farqi nimada?
7. Mazmun va shakl, mohiyat va hodisa kategoriyalarining o‘xshashlik va farqi nimada?
8. Imkoniyatlarning qaysi turlarini bilasiz?
9. Falsafa tarixida dialektikaning asosiy kategoriyalari haqidagi tasavvurlarning evolyusiyasiga tavsif bering.
III bo‘lim. Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va ma’naviy qadriyatlari. Falsafiy antropologiya (Inson falsafasi). Globallashuv va global muammolarning falsafiy jihatlari.
Yettinchi mavzu: Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va ma’naviy qadriyatlari. Jamiyat va tarix falsafasi.
Reja:
Qadriyatlar turlari va qadriyaviy yondashuv
Qadriyaviy tizimlar va jamiyat
Markaziy Osiyo xalqlarining qadriyatlari
Tarix falsafasining mazmuni va muammolari
Sharqning an'anaviy qadriyatlari Asrlar davomida (qaryib XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshigacha) Markaziy Osiyo xalqlarining qadriyat tizimlari an'anaviy jamiyat me'yorlari doirasida rivojlandi. An'anaviy jamiyatning eng asosiy tasnifi qadimdan qaror topgan ijtimoiy-madaniy tuzilmalar va stereotiplarning saqlanishi va qayta tiklanishiga yo‘naltirilganligidir. An'anaviy
madaniyatlarning aksiologik tizimlarida tarixan vujudga kelgan va qaror topgan hayot va faoliyat usullarining barqarorligi eng oliy qadriyatlardan biri sifatida qabul qilinadi. Bunda faoliyatning har qanday novatorli, islohchilik va inqilobiy shakllari asrlar davomida muqaddaslashtirilgan, oldingi ajdodlarning qadriyaviy tajribalarini o‘zida jam qilgan me'yorlar va andozalarga qasd qilish sifatida qabul etiladi. An'anaviy jamiyatning ma'naviy sohasi, odatda, diniy-mifologik poydevorga suyanadi, mafkuraviy tizimlar eng avvalo tarkib topgan ijtimoiy madaniy ukladning saqlanishiga yo‘naltiriladi. An'anaviy jamiyatning mentalligi-introvertiv, ratsional-mantiqiy tuzilishdan ko‘ra ko‘proq obrazlarga tayanuvchi intuitiv tafakkurdir. Aynan shu sababli an'anaviy sharq jamiyatining falsafiy tizilmalari mifologiya, din, she'riyat, folklor bilan chambarchas bog‘liq. XX asrda Markaziy Osiyo xalqlari qadriyatlarining transformatsiyasi XX asrning murakkab tarixiy voqyealari barcha sobiq sovet va sobiq sotsialistik mamlakatlarining qadriyat tizimlariga turlicha ta'sir ko‘rsatdi, biroq ular Markaziy Osiyo xalqlarining o‘ziga xos madaniy hayotida alohida muhim rol o‘ynadi. Mazkur xalqlarning butun qadriyaviy tizimi (diniy qadriyatlar, milliy ehtiyojlari ma'naviy madaniyatning o‘ziga xos hodisalari, ona tillari xalqlarning mentaliteti va boshqalar) jiddiy transformatsiyaga uchradi. Bugungi kunda yuz berayotgan milliy tiklanish jarayonlari sharoitida Markaziy Osiyo xalqlarining qadriyaviy tizimining tushuncha va mohiyatini ularning XX asr va XXI asr boshlaridagi transformatsiyasini falsafiy anglab yetish zarurati tuzildi. Mazkur transformatsiyalar «umuminsoniy-milliy» kontekstda ko‘rib chiqilishi mumkin. Bir tomondan shuni esda tutish zarurki, har qanday jamiyatning butun qadriyaviy tizimi - fan, falsafa, san'at, adabiyot - faqat milliy an'analar bilan cheklanmaydi, chunki inson faqat biologik mavjudot sifatida emas, ijtimoiy mavjudot sifatida ham yagonadir. Bu ayniqsa, axborotlashtirish, kompyuterlashtirish, tezkor aloqaning zamonaviy tizimlari rivoj topgan hozirgi dinamik davrga dahldordir. Barcha mamlakatlar va qit'alarning hayotiy manfaatlari, asosiy muammolari eng muhim jihatlar bo‘yicha mos keladi. Umuminsoniy muammolar umuminsoniy qadriyatlar tizimini shakllantirish zaruratini taqozo qiladi. Boshqa tomondan, milliy (yagona sifatida), mintaqaviy (alohida sifatida), umuminsoniy (umumiy, yalpi) qadriyatlar dialektikasini hisobga olgan holda yoshlarni milliy an'analar, urf- odatlar, rasm-rusumlarga, milliy til va san'atga hurmat ruhida tarbiyalash zarur. Agar inson o‘z xalqining milliy madaniyatini, tarixini, ma'naviy qadriyatlarini yaxshi bilsa va qabul qilsa, u holda u dunyodagi boshqa xalqlarning madaniyati va falsafasini ham yaxshi qabul qiladi, ular haqida o‘z mustaqil fikriga ega bo‘ladi deb ishonish mumkin. Xalqlarning ko‘plab an'analari, urf-odatlari, udumlari va qadriyat tizimining boshqa unsurlari butun XX asr davomida saqlanib kelgan bo‘lishiga qaramay, bu tizimning ko‘plab komponentlari transformatsiyaga uchradi. Bir qator an'analar butunlay yo‘qolib ketgan bo‘lsa, boshqalari o‘zlarining ichki qadriyaviy mazmunini o‘zgartirdi. Oilaviy, maishiy, bayram urf- odatlari sirasiga ko‘plab yangi unsurlar kirib keldi, badiy madaniyatning tubdan yangi turlari (portet xaykaltaroshligi, portret rasmchiligi, opera, balet, operetta va boshqalar) paydo bo‘ldi. Markaziy Osiyo xalqlari tillarida, shu jumladan o‘zbek tilida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Alifbo va imlo bir necha marta isloh qilindi: arab alifbosining transformatsiyasi va uni o‘zbek tili xususityalariga moslashtirilishi (XX asrning 20-yillari boshida), lotin yozuvining birinchi davri (1929-1940), kirillitsa davri (1940 yildan XX asrdaning 90-yillarigacha), lotin yozuviga ikkinchi marta o‘tish (XX asrning 90-yillari). Leksika sezilarli darajada o‘zgardi: eski turmush tarzi bilan bog‘liq butun bir leksik qatlam yo‘q bo‘lib ketdi va ko‘plab yangi so‘zlar paydo bo‘ldi. O‘zbek xalqining qadriyatlari O‘zbek jamiyatida qadimdan o‘z qadriyatlar tizimi, dunyoqarash mezonlari va odamlarning xulq-atfor me'yorlari shakllangan. Bu me'yoriy doira - an'anaviy maishiy
madaniyatning o‘ziga xos o‘zagi. Uning asosida odamlarning bir nechta avlodlari tomonidan ishlab chiqilgan, o‘zbeklar uchun an'anaviy bo‘lgan dunyoqarash tushunchalari yotadi. An'anaviy xulq-atvorning qoliplari ongning etnik va diniy shakllari bilan chambarchas bog‘liqdir. Axloqiy-ma'naviy an'analar va tushunchalarning katta qismi islom aqidalari bilan mustahkamlangan yoki aholi tomonidan shunday (islom an'analari sifatida) qabul qilinadi. O‘zbek jamiyatida jamoa institutlari ulkan ahamiyat kasb etadi. Sharq kishisi ularsiz o‘zini tasavvur eta olmaydi va ular uning qadriyaviy mezonlariga o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Asrlar davomida har bir kishining hayoti qat'iy reglamentga bo‘ysungan holda kechgan va bosqichma-bosqich belgilanib qo‘yilgan. Mazkur hayot bosqichlarining har biri jamoaning tajribasi, moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlashi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Oilaviy-qarindoshlik va qo‘ni-qo‘shnichilik jamoalari singari integratsion institutlar yuksak qadriyat mezonlari deb hisoblanishining sababi mana shundadir. Bir hayotiy bosqichdan boshqasiga o‘tishi faqat ayrim oila doirasidagi voqyea bo‘lib qolmasdan, bunday marosimlarga butun oilaviy-qarindosh jamoalar va qo‘ni-qo‘shnilar jamoasi jalb etilar edi. Sharq sotsiumi alohida bir shaxsning manfaati emas, balki ijtimoiy manfaatlar, oila va jamoa manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishga asoslangan. An'anaviy jamoalarda esa shaxs manfaatlari guruh manfaatlari sanaladi. Sharqda shaxs o‘zini jamiyatdan alohida tarzda tasavvur eto olmaydi. Shu bois o‘zbek jamiyatida jamoa an'analari, rasm-rusum va urf- odatlari qadrlanib avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Bular insonning nafaqat ma'naviy- madaniy talablarini qondirishga, balki sharq jamiyatida insonning sotsial statusini belgilashda ham juda katta ahamiyat kasb etadi. Kollektivning ma'naviy hayot tarzi O‘zbekistonda keng tarqalgan, o‘zbeklarning ma'naviy dunyosini tavsiflovchi sotsio-normativ madaniyatning qatlamini tashkil etuvchi mahalla nomli qo‘shni-hududiy jamoa tashkilotlarida juda yaxshi saqlanib qolgan. Mehmondo‘stlik - o‘zbek hayotining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri, mehmon har bir oilada hurmat va izzat qilinadi. Mehmon kutishning an'anaviy udumlariga rioya qilinadi. Bu udumlar taklif qilingan mehmonlarni kutishda ham, taklifsiz kelgan mehmonlarni qabul qilishda ham saqlanadi. Barcha hollarda ham ushbu udum mehmonga hurmat, uning mazkur xonadonda o‘zini bemalol his qilishga sharoit yaratishga tayyorlik ruhi bilan sug‘orilgan. O‘zbek sotsiumida atrofdagi kishilarning fikri va ularning hurmatiga sazovor bo‘lishdan iborat qadriyaviy mezon har doim yuksak bo‘lib kelgan. O‘z xulq-atvorining an'anaviy standartlarga muvofiqligi - o‘zbek mentalititetining eng muhim tarkibiy qismi. O‘zbeklarning ijtimoiy me'yoriy madaniyatida inson xulq-atvorining amalda hayotdagi barcha standart holatlar uchun an'ana tomonidan belgilab qo‘yilgan qoidalarini ko‘rish mumkin. Ular bolalikdan boshlab shakllantiriladi. Ayrim neordinar, istisno holatlarda ham insonning an'anaviy xulq-atvor me'yorlarining tashuvchilari sifatida namoyon bo‘luvchi oqsoqollar va hurmatli kishilar bilan maslahat qilmay, mustaqil qaror qabul qilishi kamdan- kam uchraydi. O‘zbeklarning qadriyaviy mezonlar tizimining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri katta yoshli, keksa kishilarga hurmat va izzat bilan qarashdir. Ko‘p hollarda bobolar va buvilar oilaning nominal boshliqlari hisoblanadi (hatto ular keksaliklari sababli boshchilik qila olmagan hollarda ham). Oilaning barcha qolgan a'zolari ularning qarorlari va maslahatlariga quloq soladilar. Bayramlarda, hayitlarda keksa qarindoshlarni ziyorat qilish, ularga sovg‘alar va noz-ne'matlar olib borish an'anasi saqlanib qolmoqda. Keksalar haqida g‘amxo‘rlik qilish birinchi o‘rinda turadi va ko‘p hollarda namoyon bo‘ladi. Bolalarning o‘z ota-onalari hamda keksa, yolg‘iz qolgan qarindoshlarini boqishlari va ularga vasiylik qilishlaridan iborat an'anaga qat'iy rioya qilinadi. O‘zbek tilida «savob ish» degan tushuncha bor. Bevalarga, yetimlarga yordam berish ana shunday ishlardan hisoblanadi. Urishib qolganlarni yarashtirish ham ezgu ish hisoblanadi.
Ana shu savob olish an'anasi doirasida uyda non yopilgan kunlari qo‘shnilarga chiqarish yoki tovoqda taom kirgizish odati mavjud. Iltimos bilan murojaat qilgan kishiga rad javobi berish rasm emas, unga qo‘ldan kelganicha yordam berish zarur. Uning iltimosini qondirishning iloji bo‘lmagan hollarda ham iltimos birdaniga rad qilinmaydi, balki uning ko‘nglini ko‘taruvchi so‘zlar aytiladi. O‘zbeklarning qadriyaviy tizimlarining shakllanishida ajdodlarning ma'naviy merosi katta ahamiyat kasb etadi. Xalq orasida tarqalgan hikmatli so‘zlar, mashhur arboblarning ishlari va faoliyati haqidagi rivoyatlar, avliyolar hayotidan olingan diniy hikoyalarning axloqiy- ma'naviy tarbiya uchun ahamiyati katta. Shu sababli ular omma orasida keng tarqalgan. O‘zbek jamiyatida inson xulq-atvorining an'anaviy etikasi butun bir hayotiy tizimni tashkil etgan. Unda shaxsning ma'naviy xulq-atvoriga hamma vaqt alohida ahamiyat berilgan. Yuz bergan jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy transformatsiyalarga qaramay, unda davr davomida jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solib kelgan va me'yor vazifasini bajargan an'anaviy axloqiy negiz saqlanib qolgan.
|
| |