IJTIMOIY – TARIXIY TARAQQIYOT
2-mashg‘ulot
Reja:
1. Ijtimoiy taraqqiyotning shakl va ko‘rinishlari
2. Mustqil O‘zbekistonning tadrijiy-reformistik taraqqiyoti
3. Ijtimoiy taraqqiyotning subektlari va xarakatlantiruvchi kuchlari
Tayanch tushunchalar
Ijtimoiy taraqqiyot shakli, ijtimoiy evolyusiya, ijtimoiy revolyusiya, modernizatsiya, islohot, “O‘zbek modeli”, ijtimoiy taraqqiyot sub’ekti, ijtimoiy taraqqiyotni harakatga keltiruvchi kuchlar, xalq, omma, sinf, buyuk shaxslar, ehtiyoj, manfaat.
Ijtimoiy taraqqiyotning shakl va ko‘rinishlari. Ijtimoiy taraqqiyotning kechishi bir necha shakllarda namoyon bo‘ladi: evolyusion (tadrijiy), revolyusion (inqilobiy), reformistik (islohot yo‘li). Insoniyat tarixi taraqqiyotning mana shu shakllarining dialektik birligida kechgan. Ijtimoiy taraqqiyotning shakllarini to‘g‘ri tushunish uchun ularga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Evolyusiya (lot. evolutio–avj olish, ochilish, yozilish, takomillashish)–tadrijiy rivojlanish. Evolyusiya tushunchasi keng ma’noda, rivojlanish tushunchasining sinonimi sifatida ishlatiladi. Ushbu tushuncha falsafaga nemis faylasufi G.V. Leybnitsning tabiat asta–sekin evolyusion ravishda rivoj topishi haqidagi ta’limoti tufayli kirib kelgan. Keyinchalik nemis faylasufi I.Kant bu tushunchani jamiyatga nisbatan ham qo‘lladi.
Fransuz faylasufi va sotsiologi O.Kont o‘zi kashf etgan “sotsiologiya” fanini fundamental fanlar qatoriga kiritish maqsadida ijtimoiy rivojlanishning evolyusion nazariyasini yaratdi. Inqilobiy nazariyalardan voz kechib ular o‘rniga evolyusion tamoyillardan foydalanishni qo‘lladi. Jamiyatda mavjud bo‘lgan tartibni inqilobiy yo‘l bilan emas, balki islohot bilan o‘zgartirish kerak. Evolyusion o‘zgartirishlar ijtimoiy rivojlanishni ta’minlaydi.
Keng ma’nodagi evolyusiya tushunchasi tirik va notirik tabiatda, shuningdek, ijtimoiy sistemalarda ham sodir bo‘ladigan (asosan ortga qaytmas) o‘zgarishlar jarayonini ifodalaydi.
Evolyusiya atamasi ko‘pincha tanlanish munosabatlari vositasida tartibga solinadigan, bir vaqtda ko‘p jihatlarni o‘z ichiga oladigan biologik ob’ektlar rivojlanishini ifodalash uchun qo‘llanadi. Ijtimoiy sistemalarga nisbatan esa, evolyusiya tushunchasi, odatda, jamiyatning u yoki bu ijtimoiy birliklari––muassasalari, madaniyati, mafkurasi va boshqajihatlarining umumjamiyat qismi sifatida rivoj topishiga nisbatan qo‘llaniladi. Tor ma’noda, evolyusiya revolyusiyaga nisbatan qarama–qarshi tushuncha sifatida ishlatiladi. Bunday tushunishda tub sifat o‘zgarishini ifodalaydigan revolyusiya tushunchasining aksi o‘laroq, evolyusion, miqdoriy o‘zgarishlarining asta-sekin to‘planib borishining ifodasi sifatida qaraladi.
Evolyusiyada rivojlanishning sifatiy asosi keskin o‘zgarmaydi, uning boshlanish va yakunlanish bosqichlari orasida muayyan fursat o‘tadi. Evolyusion rivojlanishda portlash hodisasi ro‘y bermaydi. Jamiyatda, organik dunyoda va jonsiz tabiatda ro‘y beruvchi o‘zgarishlarning yo‘nalishini, tartibini, qonuniyatlarini ifodalab, muayyan sistemadagi o‘zgarishlarning doimo o‘zidan ilgarigi holatidan farq qilishini ko‘rsatib turadi va fanda tarix, tarixiylik, taraqqiyot, rivojlanish, o‘sish, ravnaq topish singari tushunchalarning mazmunini ifodalaydi.
Real hayotiy jarayonlarda evolyusiya ham, revolyusiya ham, birgalikda bir–birini taqozo etgan va to‘ldirgan holda qatnashadi.
|