|
O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti
|
bet | 196/311 | Sana | 20.12.2023 | Hajmi | 4,4 Mb. | | #125403 |
Bog'liq IJTIMOIY-FALSAFARevolyusiya (lotin. “revolutio” – to‘ntarish, burilish) – tabiat, jamiyat yoki bilish jarayonida biron–bir narsa, hodisada sodir bo‘ladigan chuqur sifat o‘zgarishi va rivojlanishni ifodalaydigan tushuncha. Revolyusiya tabiatda, masalan, geologik tuzilmalarda, bilish jarayonida, ilm va texnika sohasida sodir bo‘ladigan, sifat o‘zgarishlari tarzida namoyon bo‘ladi.
Insoniyat tarixiy taraqqiyotida bir qancha: ilmiy–sanoat, texnik, madaniy, ilmiy–texnik revolyusiyalar sodir bo‘lgan. Revolyusiya atamasidan ko‘proq ijtimoiy hodisalarda sodir bo‘ladigan, tub sifat o‘zgarishlarni ifodalash uchun foydalanildi. Bunda revolyusiya tushunchasi jamiyat hayotida sodir bo‘ladigan, “sakrashni”, bir sifat holatidan boshqa sifat holatiga o‘tishni ifodalaydi.
Inqiloblarning jamiyatning turli sohalarida, tarmoqlarida kechishini bir qator olimlar ta’kidlaydilar. Parsonsning fikricha,iqtisodiy va siyosiy sistemalar differensiatsiyasini bildiruvchi “sanoat inqilobidan” so‘ng “demokratik inqilob” keladi. Bu inqilob “ijtimoiy hamjamiyatni” siyosiy sistemadan ajratib oladi. So‘ngra "ma’rifiy inqilob"keladi va u ijtimoiy hamjamiyatdan tuzilmaning qayta tiklovchi sistemachasini ajratib olmog‘i kerak.
Dj.Bernxeym o‘zining “Menedjerlar inqilobi” asarida menedjerlar (boshqaruvchilar) bir qancha mamlakatlarda “texnologik inqilob” natijasida haqiqiy kuchga aylanib, endilikda kapitalizm o‘rniga sotsializm emas, balki “boshqaruvchilar jamiyati” kelayotganligini alohida uqtirib o‘tadi.
Revolyusiyaga jo‘shqinlik hos. Insoniyat tarixida revolyusiyalar katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Masalan olovning kashf etilishi ham inqilobiy hodisa bo‘lib insoniyat taraqqiyotining eng asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida namoyon bo‘ldi. Ilm-fan, sanoat va ishlab chiqarish, texnika soxasidagi inqilobiy hodisalar jamiyat hayotini keskin o‘zgartirib yuborish hususiyati bilan taraqqiyotni bemisl tezlashuviga sabab bo‘lgan. XVIII asrda Amerika va G‘arbiy Yevropada sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy revolyusiyalar demokratik qadriyatlarning shakllanishiga, jamiyat boshqaruvning liberalashuviga olib keldi. Insoniyat tarixan necha asrlar davomida erishish mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarga revolyusiyalar oqibatida qisqa fursatlarda erishishi mumkin. Ammo har dom ham taraqqiyotga inqilobiy yo‘l bilan erishishga bo‘lgan harakatlar ijobiy natija bilan yakunlanavermaydi. Ayniqsa bu ijtimoiy-siyosiy tusdagi inqiloblarga hosdir. Mavjud ijtimoiy-siyosiy tartiblarni, ijtimoiy tuzumni inqilobiy o‘zgartirish havfli oqibatlarga olib kelganligi tarixdan ma’lum. 1917 yilda Rossiyada sodir bo‘lgan “oktyabr” inqilobi radikal o‘zgarishlarga asoslanganligi uchun ham g‘ayriinsoniy ahamiyat kasb etdi. Uning tashkilotchilari jamiyat va inson extiyojlarini inqilobiy tarzda kapitalizm o‘rnida ma’lum bir sinf manfaatini ifodalovchi kommunistik formatsiyani qurish orqali qondirish mumkin, deb xisobladilar. Ammo bunday taraqqiyot yo‘li ko‘proq vayronkor bo‘lib chiqdi.
Revolyusion taraqqiyotning salbiy jihatlarini nazarda tutib, Prezidentimiz: “Takror-takror aytmoqchiman jamiyatni yangilashning inqilobiy usullariga biz mutlaqo qarshimiz va bunga qat’iy amal qilamiz. Mamlakatimizning tarixiy va milliy hususiyatlarini, xalqimiz tabiatini – mentalitetini onobatga olsak, rivojlanishining mazkur (tadrijiy taraqqiyot) yo‘li biz uchun nihoyatda maqbuldir”331, degan edi. SHuningdek, E. Giddens “Sotsiologiya” kitobida ijtimoiy-siyosiy revolyusiyaga shunday ta’rif beradi: “...ommaviy harakat etakchilari tomonidan davlat hokimiyatini zo‘rlik yo‘li bilan qo‘lga olish va bu hokimiyatdan keyinchalik radikal ijtimoiy islohotlar o‘tkazish maqsadida foydalanishdir”332. Bu fikrlar revolyusiyaga radikallik, eskini butunlay vayron etish, terror kabi hususiyatlar xos ekanligini bildiradi. Hususan fikrimizni isboti sifatida XXI asrda Ukraina, Gruziya, Qirg‘izistonda ro‘y bergan “rangli inqiloblar”ning amalda hech qanday ijtimoiy taraqqiyotning jadallashuviga ta’sir etmaganligi va aksincha jamiyatda turli beqarorliklarni keltirib chiqarganligini misol qilishimiz mumkin.
Bunday salbiy jihatlarni sanoat va texnika inqiloblarida ham kuzatishimiz mumkin. Ko‘pincha bunday inqiloblar oqibati o‘ylanmagan bo‘lib chiqadi. Tabiatga ko‘rsatilayotgan salbiy ta’sirning ham inqilobiy darajada o‘sishiga, insoniyatni qisqa muddatda qirib yuborishi mumkin bo‘lgan qurollarning yaratilishida, insonning tabiiy genetik asoslarini tubdan salbiy tomonga o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan genetik kashfiyotlarda va yangi turdagi havfli viruslar va bakteriyalarning yaratilishida ham ko‘rish mumkin.
Demak, yuqoridagi taraqqiyotning evolyusion va revolyusion shakllarini ko‘rib chiqqan holda shunday xulosaga kelish mumkin. Evolyusion taraqqiyotda o‘zgarishlar tabiiy holatga tashlab qo‘yiladi, inson faoliyati qandaydir fatalistik tus oladi. Ob’ektiv qonuniyatlar qarshisida insonlar irodasi passiv namoyon bo‘ladi. Insonlar har qancha harakat qilmasinlar, ular faqat taraqqiyotning ob’ektiv zaruriy natijalarigagina erishadilar xolos. Inson bunda ijtimoiy o‘zgarishlar sub’ekti sifatida emas, balki ko‘proq ob’ekti sifatida namoyon bo‘ladi. Revolyusion taraqqiyotda esa, ob’ektiv voqeliklar zanjiri uziladi. Inson irodasi birinchi planda namoyon bo‘ladi. Ob’ektiv qonunlar qarshisida insonning g‘alayoni yuzaga kelib, ijtimoiy o‘zgarishlarning sub’ekti sifatida o‘zini qurshab turgan olamni o‘z idealiga mos tarzda o‘zgartirishga bel bog‘laydi. Natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar u barcha narsani tubdan o‘zgartiradi. To‘g‘ri, bu jarayonda birdaniga butun insoniyat qatnashmaydi, balki alohida insonlar yoki guruhlar ishtirokida sodir bo‘ladi.
Demak ijtimoiy taraqqiyotga hos bo‘lgan evolyusion va revolyusion shakllarining aloqadorligini ob’ektiv qonuniyatlar va inson irodasi dialektikasi sifatida ham tushunish mumkin.
Hozirda har ikki taraqqiyot shakliga muqobil bo‘lgan modernizatsiyali taraqqiyot konsepsiyasi yuzaga kelgan. Taraqqiyotning modernizatsiyali shakli ob’ektiv qonunlar va inson irodasini uyg‘unlashtirishga harakat qiluvchi, taraqqiyotni ob’ektiv qonunlarga qarshi chiqmagan holda ratsional tarzda maqsadli, islohotlar orqali jadallashtirishni maqsad qilgan modernizatsiya konsepsiyasida ilgari suriladi. Modernizatsiya (fran. moderisatio, moderne - yangi, zamonaviy) -jamiyatni zamonaviy talablarga muvofiq takomillashtirish maqsadida xilma – xil o‘zgartirishlarni amalga oshirishdan iborat ijtimoiy – tarixiy jarayonni ifodolovchi tushuncha. Bu o‘zgartirishlar revolyusion ko‘rinishda amalga oshirilmaydi, balki puxta o‘ylangan islohotlar orqali amalga bosqichma-bosqich amalga oshirilib boriladi.
Modernizatsiya tushunchasi jamiyatni nazariy - metodologik tadqiq etishda ishlatiladi va bu g‘oya evolyusionizm va funksonalizm ta’sirida vujudga kelgan. Dastlabki modernizatsiya dasturlari XX asr o‘rtalarida Yevropa kolonial imperiyasining inqirozi natijasida Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidagi mamlakatlarga AQSH va Yevropa olim va siyosatchilari tomonidan kommunistik rivojlanish yo‘liga qarama – qarshi jamiyatning rivojlanish yo‘li sifatida taqdim etilgan.
Unda modernizatsiya bozor qonuniyatlariga asoslangan iqtisodiyot va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan jarayon sifatida ifodalangan edi. Modernizatsiya nazariyasining paydo bo‘lishida U.Rostouning “Iqtisodiy o‘sish bosqichlari” asari va T.Parons, E. SHilza kabi olimlarning izlanishlari nazariy asos bo‘lib xizmat qildi.
Modernizatsiya nazariyasining rivojlanishida bir qancha maktablar farqlanadi va mazkur maktablarning rivojlanishida quyidagi davrlarni ajratish mumkin: 1) 1950–yillarning ikkinchi yarmi va 1960-yillarning birinchi yarmini o‘z ichiga olgan modernistik ta’limotning vujudga kelishi va klassik modernizatsiya nazariyasining rivojlanishi; 2) 1960-yillarning oxiri va 1970-yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda modernizatsiya neomarksizm va boshqa nazariyalar tomonidan keskin tanqid ostiga olindi; 3) 1980–yillar modernizatsiyaning postkritik, ya’ni tanqiddan keyingi davri bo‘lib, bu davrda modernizatsiyaga oid tadqiqotlar yanada keng yoyildi, turli modernizatsiya maktablarining konvergensiyasi sodir bo‘ladi; 4) 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarni o‘z ichiga olgan postmodernizm davri. Bu davrga Markaziy, SHarqiy Yevropadagi shuningdek Ovrosiyo davlatlaridagi ulkan transformatsiya jarayonlari katta ta’sir etdi.
Modernizatsiya nazariyasi jahon ijtimoiy taraqqiyoti bilan birga doimiy evolyusion rivojlanishdagi ta’limot hisoblanadi. SHu sababli modernizatsiya paradigmasi doirasida ko‘plab nazariy–metodologik yondoshuv va ijtimoiy taraqqiyotni turli tomonlarini ifodolovchi modellar vujudga kelgan. Bunday modellarning asosiylari sifatida mutaxassislar linear (U. Rostou, A. Organskiy, M. Levi, D. Lerner, N. Smelzer, S. Blek, SH. Eyzenshtadt) alohida (parsialnoe) (M. Levi; 1966), ko‘pchiziqli (E. Tiriakyana, P. SHtompki, R. Robertson, U. Bek, K. Myuller, V. Sapfa, A. Turen, S. Xantington), aktor (T. Piraynen, T. Parsons, N. Lukman), strukturaviy (G. Terborn) modernizatsiya modellarini e’tirof etadilar. Mazkur maktablarning mushtarak tomoni, ularning barchasida jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy sohalarini takommillashtirish uchun xilma-xil o‘zgarishlar qilish asosida taraqqiyotga erishish g‘oyasining mavjudligidir. Klassik va zamonaviy modernizatsiya nazariyalarini farqlash mumkin. Agar klassik modernizatsiya jarayonlarning maqsadi ham rivojlangan, ham rivojlanmagan davlatlarda kapitalistik munosabatlarga asoslangan iqtisodiyot va fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo‘lsa, zamonaviy modernizatsiya nazariyalarining asosida har bir jamiyat rivojlanishida an’analarning muhim ahamiyatga ekanligi etirof etiladi, kapitalistik munosabatlar sistemasini miqdoriy rivojlantirishdan, sifatiy rivojlantirishga o‘tish yotadi. Bunda modernizatsiya jarayonlari jamiyatning barcha sohalarini qamrab oladi va Xantington ta’kidlaganidek,modernizatsiya o‘z ichiga industrializatsiya, urbanizatsiya, savodxonlikning o‘sishi, jamiyatdagi farovonlik va ijtimoiy ta’minot, shuningdek murakkab va ko‘p tomonlama kasbiy tuzilmalarni oladi.
Demak ijtimoiy taraqqiyotning modernizatsiya shakli ratsional vositalar orqali, puxta va aniq rejalarga asoslangan islohotlar orqali taraqqiyotga erishishni ifodalaydi. Hozirda taraqqiyotning bu shakli eng maqbul yo‘l sifatida tan olingan bo‘lib, xususan bizning mamlakatimiz ham mustaqillik yillarida “O‘zbek modeli” nomini olgan taraqqiyotning modernistik-reformistik yo‘lidan jadal odimlamoqda. Biz tanlagan mazkur yo‘l aksariyat adabiyotlarda evolyusion taraqqiyot yo‘li sifatida e’tirof etiladi. Vaholanki, bu modelga modernizatsiyali islohot yo‘li sifatida qaralsa ko‘proq maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
|
| |