12.16. Ishlab chiqaruvchilar baholari indekslari
Ishlab chiqaruvchilar baholari indekslari sanoat, qishloq ho‘jalik, qurilish va boshqa mahsulotlar narxlari indekslaridan tarkib topadi.
Ular kuzatish uchun tanlab olingan tayanch sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan tovar - vakillar narxlarini muntazam qayd qilib borish natijalariga asoslanadi. Indekslarni tuzishda vazn qilib o‘tgan yilda ishlab chiqarishning sanoat tarmoqlari bo‘yicha tuzilishi olinadi. Odatda qayd qilish uchun joriy oyda ishlab chiqarilgan va yuklab mamlakat bozoriga jo‘natilgan mahsulotlarning haqiqiy baholari qo‘shilgan qiymat, aktsizlar va boshqa soliqlarsiz olinadi. Ro‘yxatga olinadigan narxlar tarkibiga mahsulotni tashish va ulgurji bahoni belgilashda hisobga olinmaydigan boshqa xarajatlar kiritilmaydi.
O‘zbekistonda bu indekslar 280 asosiy sanoat mahsuloti turlaridan tuzilgan tovar - vakillar to‘plami bo‘yicha hisoblanadi.
12.17. Qishloq ho‘jalik mahsulotlari bahosi indeksi
Bu indekslar qishloq ho‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan davlatga va boshqa iste’molchilarga sotilgan mahsulot vakillari to‘plami bo‘yicha o‘rtacha bozor baholarining o‘zgarishini ta’riflaydi. O‘zbekistonda tovar - vakillari to‘plami 37 qishloq xo‘jaligi mahsulot turlarini o‘z ichiga oladi. Davlat ehtiyojlari uchun sotiladigan mahsulotlar bo‘yicha baholar indeksi tayyorlov tashkilotlaridan olinadigan ma’lumotlarga asoslanadi. Barcha sotish yo‘llari bo‘yicha baholar indeksini aniqlash uchun o‘rtacha bozor baholari hisoblanadi. Bunda transport, ortish - tushirish, tayyorlash xarajatlari inobatga olinmaydi. Umumiy baholar indekslari Paashe formulasi asosida hisoblanadi.
Asosiy tushuncha va atamalar
Indeks, hududiy indekslar, halqaro indekslar, yakka indekslar, guruhiy indekslar, umumiy indekslar, zanjirsimon indekslar, o‘zgaruvchan asosli indekslar, o‘zgarmas asosli indekslar, o‘rtacha indekslar, agregat indekslar, vazn, vaznsiz umumiy indekslar, joriy vaznli Paashe indekslari, bazis vaznli Laspeyres indekslari, Fisher indeksi, o‘zgaruvchan tarkibli indekslar, o‘zgarmas tarkibli indekslar, analitik indekslar tizimi.
Qisqacha xulosalar
Indeks ko‘p qirrali tushunchadir. U turli sohalarda qo‘llanib, ma’lum maqsad uchun xizmat qiladi. Statistikada bu atama murakkab solishtirma iqtisodiy ko‘rsatkich ma’nosida ishlatiladi. Indeks umumiy ko‘rinishda o‘rganilayotgan iqtisodiy hodisalarni ikki holatda olib, ularni maxsus yo‘l bilan o‘lchashdan hosil bo‘lgan ko‘rsatkichlarni taqqoslash hosilasidir.
Hodisalarning ikki holati orasida iqtisodiy jarayon kechadi, rivojlanish yuz beradi. Indekslar ana shu rivojlanish jarayonining me’yori bo‘lib xizmat qiladi, ular hodisalarning nisbiy, o‘rtacha va mutlaq o‘zgarishlarini bir butunlikda ifodalaydi. Qiyoslash uchun hodisalar holatlarini turli jihatdan olib qarash mumkin va natijada rivojlanish jarayonining har xil qirralari oydinlashadi, jumladan ularning vaqt bo‘yicha o‘zgarishi, obyektlar va hududlararo yoki halqaro nisbatlari, reja, shartnoma yoki iqtisodiy normativlarni bajarish darajalari, iqtisodiy tuuilmalardagi ichki siljishlar namoyon bo‘ladi. Bu esa indekslarni dinamik, hududiy, halqaro, reja yoki shartnomani bajarish, tuzilmaviy o‘zgarishlar indeksi kabi turlarga tasniflash uchun nazariy- uslubiy zamin yaratadi. Shu bilan birga ular boshqa belgilar, masalan, to‘plam birliklarini qamrab olish, tuzilish shakli, hisoblash uslubi va hokazolarga qarab ham tasniflanadi. Natijada indekslarning murakkab, ko‘p pog‘onali turkumlarining oilasi vujudga keladi.
Guruhiy indekslar tabiati jihatidan yakka va umumiy indekslar o‘rtasida oraliq o‘rinni egallaydi. Ayrim bir jinsli tarkibiy unsurlarning o‘zgarishini ifodalovchi yakka indekslarga nisbatan ular umumiy indeks xarakteriga ega. Bu holda gurhiy indekslar ushbu unsurlarning o‘rtacha o‘zgarishini o‘lchaydi va ikki shaklda: o‘zgaruvchan va o‘zgarmas tarkibli indekslar ko‘rinishida tuziladi.
Umumiy to‘plam chegarasida muayyan bir jinsli unsurlar o‘zgarishini ifodalovchi indeks sifatida ular yakka indekslar xususiyatiga ega. Bu holda guruhiy indekslar o‘rtacha darajalarni bevosita taqqoslashga asoslanadi.
Indekslar iqtisodiy mazmun va talqinga ega bo‘lishi uchun ularning asosida yotadigan ko‘rsatkichlar predmetlik, moddiylik xarakteriga ega bo‘lishi kerak. Aks holda ular mavhum, arifmetik son bo‘lib qoladi, xolos. Ammo bu asosiy talabni tor chegarada ko‘rsatkichlarning bir o‘lchamligini yuzaki ta’minlash ma’nosida talqin etish noto‘g‘ridir. Indekslar real hodisalar o‘zgarishini ma’lum sharoitda va jihatdan kerakli aniqlik darajasida ifodalasa, demak ular iqtisodiy mazmunga ega va asosiy talabga javob beradi. Ushbu bobda ko‘rib chiqilgan barcha indekslar bu talab - shartni qoniqtiradi.
Yakka, vaznsiz va o‘zgarmas vaznli umumiy indekslar shaklan nisbiy miqdorlarga ko‘proq yaqinlashsa ham, ammo mazmunan ulardan farq qiladi, chunki ular ham nisbiy o‘zgarish bilan birgalikda o‘rtacha va mutlaq o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beradi, predmetlik, moddiylik talabiga asoslanadi. Shu bilan birga bu indekslar o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Vaqt bo‘yicha teskarilanish, omillar teskarilanishi, doiraviy aylanma bo‘yicha teskarilanish, o‘lchov usuliga nisbatan barqarorlik kabi xislatlari bilan ular boshqa indekslar toifasidan ajralib turadi.
Bu xususiyatlar o‘zgaruvchan bazis yoki joriy vaznli (Laspeyres va Paashe usuli) umumiy indekslar uchun xos emas. Shu sababli indekslarning test nazariyasi vujudga kelib, unga binoan yuqorida ko‘rsatilgan xossalar ideal indekslarni tuzishda asosiy mezonlar sifatida qabul qilinishi kerak. Bunday indekslar ushbu nazariya asoschisi Ivring Fisher nomi bilan Fisher indekslari deb ataladi. Ular Laspeyres va Paashe usulida tuzilgan agregat indekslardan hisoblangan geometrik o‘rtacha indekslar bo‘lib, yuqoridagi xossalarga ega bo‘lgan indekslar turkumini to‘ldiradi.
Umumiy indekslarning asosiy shakli agregat indekslarni hisoblash, sifat ko‘rsatkichlar uchun ularni Paashe usulida, ya’ni joriy vazn bilan, miqdoriy ko‘rsatkichlar uchun esa Laspeyres usulida(bazis vazn bilan) tuzish haqidagi statistikaga oid darslik va qo‘llanmalarda xanuzgacha keng targ‘ib etib kelinayotgan metodologik yechim - tavsiya na nazariy va na amaliy jihatdan asosga ega. Har qanday agregat indeks surati yoki maxrajidagi ko‘rsatkichlardan biri real, hayotda mavjud bo‘lgan iqtisodiy voqeani o‘lchovchi ko‘rsatkich emas, u ma’lum shart bilan hisoblab topilgan shartli ko‘rsatkichdir. Demak, uning predmetligi, moddiyligi, iqtisodiy realligi bu holda shartli tushunchadir. Indeksning iqtisodiy mazmuni qaysi davr ko‘rsatkichi vazn qilib olinishi bilan belgilanmaydi. Balki u qanday sharoitda va bog‘lanishda, rivojlanish jarayonining qaysi jihatini oydinlashtirishi, o‘lchashi bilan indeksning iqtisodiy mohiyati aniqlanadi. Ana shu jihatdan har bir indeks hodisa o‘zgarishining asosiy me’yori bo‘lib, uning nisbiy, o‘rtacha mutlaq miqdorini aniqlash imkonini beradi. Shu bilan birga har bir indeks nazariy va amaliy jihatdan ijobiy tomonlarga ham, kamchiliklarga ham ega. Ideal indekslar yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas.
Nazorat va mustaqil ishlash uchun savol va topshiriqlar
Indeks deganda nimani tushunasiz?
Indeks usulining funksiyalari nimalardan iborat?
Indeksning qanday turlarini bilasiz?
Indekslar yordamida qanday masalalar yechiladi?
Indeks usuli yordamida qanday jarayonlar o‘rganiladi?
Indekslarning nisbiy miqdorlardan farqi bormi? Bor bo‘lsa ularni ko‘rsatib bering.
Joriy davr va joriy ko‘rsatkich nima? Bazis (zaminiy) davr va ko‘rsatkich-chi?
Yakka indeks deganda nimani tushunasiz?
Yakka indekslarning qanday turlarini bilasiz?
Yakka indekslarga qanday xususiyatlar xos?
Guruhiy indekslar nima? Ular qanday xususiyatlarga ega?
12. Guruhiy indekslarga misollar keltiring.
Guruhiy indekslar qanday shakllarda tuziladi?
Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetida shartnoma asosida o‘qiydigan talabalar uchun bir yillik o‘qish haqi quyidagicha bo‘lgan:
1-jadval
TDIUda bir yillik o‘qish haqi
O‘qish shakllari
|
Bir yillik haq
(ming so‘m)
|
Talabalar soni
|
2001/2002
|
2000/2001
|
2001/2002
|
2000/2001
|
Bakalavriat:
|
|
|
|
|
Kunduzgi
|
310,0
|
240,0
|
2907
|
2517
|
Sirtqi
|
130,0
|
100,0
|
1995
|
1984
|
Ikkinchi soha
|
155,0
|
120,0
|
1146
|
1154
|
Magistratura
|
340,0
|
260,0
|
642
|
414
|
O‘qish haqi uchun yakka indekslarni, guruhiy indekslarni (bakalavriat va magistratura uchun alohida) va umumiy indekslarni hisoblang.
Umumiy indeks deganda nimani tushunasiz?
O‘zbekistonda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish oldingi yilga nisbatan oshgan (foiz):
1996
|
1997
|
1998
|
1999
|
2000
|
6,3
|
6,5
|
5,8
|
6,14
|
6,4
|
1995 yilga nisbatan har qaysi yil sanoat ishlab chiqarish hajmi qanday o‘zgargan?
2000 yilda O‘zbekistonda qishloq ho‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 1995 yilga nisbatan 13,7% oshgan, 1997 yilga nisbatan esa 12,4% oshgan. 1997 yilda 1995 yilga nisbatan u qanday o‘zgargan?
1995 yilga nisbatan O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 1998 yilda 11,7%, 2000 yilda esa 21,1% ko‘paygan. 2000 yilda 1998 yilga nisbatan u qanday o‘zgargan?
O‘rtacha vaznsiz indekslarning qanday turlarini bilasiz? Ular qanday xususiyatlarga ega?
Karli arifmetik o‘rtacha vaznsiz indeksi qanday tuziladi va qachon qo‘llanadi? Garmonik o‘rtacha vaznsiz indeks-chi? Geometrik o‘rtacha vaznsiz indeks-chi?
Dyuto vaznsiz umumiy indeksi qanday tartibda tuziladi va qachon qo‘llanadi?
Agregat indekslar nima? Ular qanday tartibda tuziladi?
Agregat indekslarni tuzishda vazn masalasi nima uchun tug‘iladi va qanday yechiladi?
Paashe joriy vaznli agregat indeksi qanday tartibda hisoblanadi va qachon qo‘llanadi? Ularning nazariy va amaliy jihatdan ijobiy va salbiy tomonlarini tushuntirib bering.
Namangan shahar bozorlarida 2002 yil may va iyun oylarida mahsulotlarni sotish narxlari haqida quyidagi ma’lumotlar berilgan.
12-jadval
Namangan shahar bozorlaridagi narx-navolar
Mahsulot nomi
|
O‘lchov birligi
|
Sotilgan miqdori
|
1 birlik narxi (mln.so‘m)
|
May
|
Iyun
|
May
|
Iyun
|
Go‘sht
|
T
|
400
|
500
|
2,0
|
1,8
|
Kartoshka
|
T
|
600
|
450
|
0,12
|
0,15
|
Erkaklar ko‘ylagi
|
Ming dona
|
50
|
50
|
5,0
|
5,0
|
Ayollar tuflisi
|
Ming juft
|
30
|
35
|
18,0
|
15,5
|
12-jadval ma’lumotlariga asosan Namangan shahar bozorlari uchun narxlar, savdo jismoniy hajmi va tovar aylanmasi Paashe agregat indekslarini hisoblang.
Laspeyresning bazis vaznli agregat indekslari haqida nimalarni bilasiz? 12.9-jadval ma’lumotlariga asosan Namangan shahar bozorlari uchun narxlar, savdo jismoniy hajmi va tovar aylanmasi agregat indekslarini Laspeyres usulida hisoblang! Olingan natijalarni Paashe indekslarni hisoblash yakunlari bilan taqqoslab, farqlarini tushuntirib bering.
Edjuart-Marshall agregat indekslarni qanday tuziladi? Ular qanday xususiyatlarga ega?
12-jadval ma’lumotlari asosida Edjuart-Marshall usulida narxlar, sotish jismoniy hajmi va tovar aylanmasi indekslarini hisoblang.
Indeks test nazariyasining mohiyatini tushuntirib bering.
12-jadval ma’lumotlariga ko‘ra Fisher usulida narxlar, sotish jismoniy hajmi va tovar aylanmasining umumiy indekslarini hisoblang.
Vaznli o‘rtacha indekslar haqida nimalarni bilasiz? Ularni mustaqil indekslar shakli ekanligini asoslab bering.
Vaznli arifmetik o‘rtacha indeks qanday tuziladi va qachon qo‘llanadi? Vaznli garmonik o‘rtacha indeks-chi? Vaznli geometrik o‘rtacha indeks bo‘lishi mumkin-mi?
Namangan shahar bozorlari uchun umumiy narxlar va savdo jismoniy hajmi indekslarini vaznli arifmetik o‘rtacha va vaznli garmonik o‘rtacha indekslar shaklida hisoblash uchun 12-jadval ma’lumotlarini qanday tartibda qayta ishlab chiqish kerak?
Iste’mol indekslar deganda nimani tushunasiz? Ularni hisoblashda statistika fanining qanday usullari va indekslarning turlari qo‘llanadi?
Iste’mol savati nima? U qanday tartibda tuziladi?
Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi indekslari qanday tartibda tuziladi va indekslarning qaysi turlariga tayanadi?
Real YaIM va YaIM deflyatori haqida nima ayta olasiz? Ular qanday tuziladi?
Qishloq ho‘jalik mahsulotlarini xarid qilish narxlari indekslari haqida nimalarni bilasiz? Ularni hisoblash tartibini tushuntirib bering.
Qurilish smeta narxlari (qiymati) va investitsiyalar jismoniy hajmi indekslari nima va ular qanday tartibda tuziladi?
Transport va boshqa xizmatlar tarif indekslari haqida nimalarni bilasiz?
Sovet tuzumi davrida yaratilgan va hozirgi zamonda ham chop etilayotgan o‘quv qo‘llanmalarda «agregat indekslar umumiy indekslarning asosiy shakli, sifat ko‘rsatkichlar uchun ularni Paashe usulida (joriy vazn bilan), miqdoriy ko‘rsatkichlar uchun esa – Laspeyres usulida (bazis vazn bilan) tuzish kerak» degan uslubiy qoida keng targ‘ib etiladi. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi? O‘z qarashingizni isbotlab bering.
O‘zaro bog‘langan indekslar tizimi nima? Bunday indekslar qanday bog‘lanish turkumi (tipi)ni ifodalaydi? Additiv tipdagi bog‘lanishni indeks usulida o‘rganib bo‘ladimi?
Iste’mol narxlari va sanoat ishlab chiqarish indekslariga haqiqiy ma’lumotlar asosida misollar tuzib yeching. Olingan natijalarni izohlab bering.
2001 yil mart oyida O‘zbekiston iqtisodiyoti nominal ish haqi (hisoblangan haq) fevral oyiga nisbatan 6,4% ko‘paygan, iste’mol narxlari indeksi esa 2,9% oshgan. Real ish haqi qanday o‘zgargan?
2001 yil birinchi choragida nominal (joriy narxlar) YaIM O‘zbekistonda o‘tgan yil birinchi choragiga nisbatan 57,3% oshgan, ishlab chiqaruvchilar narxi indeksi esa 57,2% ko‘paygan. Real YaIM qanday o‘zgargan? Ushbu davrda O‘zbekiston aholisi 1,1% ko‘paygan. Jon boshiga real YaIM qanday o‘zgargan?
|