• 1.4. Iqtisodiy statistika.
  • Asosiy tushuncha va atamalar
  • Qisqacha xulosalar
  • Nazorat va mustaqil ishlash uchun savollar va topshiriqlar
  • Asosiy adabiyotlar
  • II bob. STATISTIK KUZATISH USLUBIYATI 2.1. Hozirgi zamon O‘zbekiston Respublikasi davlat statistikasi va xalqaro statistika
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti soatov n. M., Tillaxo‘jayeva g. N




    Download 7.16 Mb.
    bet2/275
    Sana19.09.2020
    Hajmi7.16 Mb.
    #11452
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   275

    1.3. Statistika uslubiyati
    Ommaviy hodisa va jarayonlar har xil sohalarda kuzatiladi va turli tumandir, ularning kyechish sharoitlari ham, tuzilishi ham turlichadir. Demak, bunday hodisa va jarayonlar ko‘pdan-ko‘p shakllarga va turlarga ega. Ayniqsa, ijtimoiy hayotdagi hodisa va jarayonlar o‘zining murakkabligi va juda ko‘p o‘zaro bog‘lanishlarga egaligi bilan ajralib turadi. Shu sababli statistik qonuniyatlar ham ularda har xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi va turli jihatlarini ta’riflaydi. O‘z-o‘zidan ravshanki, ularni qandaydir yagona bir usul yordamida o‘rganib bo‘lmaydi. Buning uchun maxsus usullar, yo‘llar majmuasi, bilim vositalari zarur.

    Umuman olganda, uslubiyat so‘zi quyidagi lug‘aviy ma’nolarga ega: 1) bilimning ilmiy metodlari haqidagi ta’limot; 2) biror narsani nazariy tekshirish va amaliy bajarish usuli, vositasi; 3) ayrim fan tarmoqlarida qo‘llanadigan usullar, metodlar, yo‘llar, vositalar majmuasi; 4) ishlash va boshqarishdagi o‘ziga xos uslub, ya’ni maxsus yo‘llar, usullar majmuasi.




    Statistika uslubiyati - bu ommaviy hodisa va jarayonlarni o‘rganishda, unda namoyon bo‘ladigan qonuniyatlarni oydinlashtirishda ishlatiladigan o‘ziga xos uslub, ya’ni statistika fani va amaliyotida qo‘llanadigan yo‘llar, usullar, vositalar majmuasi.

    Statistika uslubiyati deganda ommaviy hodisa va jarayonni ilmiy tekshirishda va boshqarishda, unda namoyon bo‘ladigan qonuniyatlarni o‘rganish va ulardan amaliy foydalanish jarayonida qo‘llanadigan o‘ziga xos uslub, ya’ni usullar, metodlar, yo‘llar, vositalar majmuasi tushuniladi. Ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy nisbatlarini aniqlash, ularda namoyon bo‘ladigan qonuniyatlarni oydinlashtirish maqsadida amalga oshiriladigan statistik tadqiqotlar bir necha bosqichlarga, ular esa fazalarga bo‘linadi. Bosqich va fazalar o‘zining maqsadi, vazifalari va xususiyatlari bilan bir biridan ajralib turadi. Shuning uchun har bir faza va bosqichda o‘ziga xos tekshirish usullari, yo‘llari, vositalari qo‘llanadi. Shu bilan birga o‘rganilayotgan soha va masalaning xarakteriga qarab, unga mos keladigan u yoki bu usul (yoki usullar to‘dasi) aniq tekshirishda, uning muayyan fazasi va bosqichida asosiy, yetakchi qurol sifatida ishlatiladi.


    Statistik tadqiqot ikkita bosqich va bir necha fazalardan tashkil topadi va ularda o‘ziga xos usullar qo‘llanadi.

    Keng va to‘la ma’noda statistik tadqiqot ikkita bosqichdan tashkil topadi:

    1. Tasviriy statistika bosqichi

    2. Analitik statistika bosqichi.

    Birinchi bosqichda quyidagi asosiy maqsad va vazifalar ko‘zlanadi: o‘rganilayotgan obyektlarni spetsifikatsiyalash, ular haqida ma’lumotlar to‘plash va qayta ishlash, ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy me’yorlarini tavsiflovchi ko‘rsatkichlarni hisoblash, ularni ko‘rkam va ixcham shaklda va zarur hollarda so‘z bilan tavsiflash. Ikkinchi bosqichda esa ko‘rsatkichlarni statistik tahlil qilish, ular orasidagi sabab-oqibat bog‘lanishlarni aniqlash va baholash, o‘rganilayotgan obyektlar taqsimotlaridagi qonuniyatlarni oydinlashtirish, ilmiy gipotezalarni ishonchlilik jihatdan baholash va statistik xulosalarni chiqarish va hokazolar asosiy maqsad va vazifalar hisoblanadi.

    Har bir bosqichni, o‘z navbatida, fazalarga bo‘lish mumkin. Masalan, tasviriy statistika bosqichida quyidagi fazalar ajralib turadi: o‘rganilayotgan obyektlar to‘plamini, ommaviy hodisa va jarayonni spetsifikatsiyalash; ular ustida statistik kuzatish o‘tkazish; to‘plangan boshlang‘ich ma’lumotlarni ma’lum tartibga solish, umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlarni hisoblash, ularni ko‘rkam va ixcham shakllarda tasvirlash. Analitik statistika bosqichida esa quyidagi fazalar odatda ko‘zga tashlanadi: o‘rganilayotgan obyektlarning turli belgilari asosida taqsimotlarini tuzib, ulardagi qonuniyatlarni o‘rganish, hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni miqdoriy ifodalash, ularni zamonda rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish, ilmiy gipotezalarni baholash va statistik xulosalar yasash, murakkab jarayon tomonlari orasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni integral tizim shaklida bir butunlikda tahlil qilish.

    U yoki bu bosqichning har bir fazasida ommaviy hodisa va jarayonlarni tekshirishning turli usullari, vositalari,yo‘llari qo‘llanadi. Masalan, obyektlarni spetsifikatsiyalash fazasida ularni oddiy yoki murakkab tasniflash, elementar yoki ierarxik birlashmalarini tuzib guruhlashlar, ikkilamchi (qayta) guruhlashning turli yo‘llari, klaster tahlil yo‘llari va hokazolar ishlatiladi. Statistik kuzatish jarayonida ishlab chiqarish yoki laboratoriya sharoitida tajriba-sinovlar o‘tkazish, hisobot yoki maxsus tekshirishlar va ro‘yxatlar amalga oshirish, anketa yoki tanlama usullarda kuzatish va boshqalar qo‘llaniladi. Hodisalar orasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni o‘rganishda analitik guruhlash, parallel qatorlarni tuzish, ularning egri chiziqlarini diagrammalarda tasvirlash, balans usuli, korrelyatsion va regression tahlil usullari, dispersion tahlil usullari, ko‘p o‘lchovli tahlil usullari (omilli tahlil, bosh komponent usuli va h.k.) va boshqa usullardan foydalaniladi. Bundan buyon so‘z asosiy usullar ustida boradi.

    Statistika nazariyasi statistik tadqiqotning ikkala bosqichi va ularning barcha fazalariga tegishli umumiy nazariyadir. U mazkur tekshirishning umumiy qoidalarini, uslubiyatini, ya’ni unda qo‘llanadigan usullarni o‘rganayotgan ommaviy hodisalarning mohiyati bilan bir butunlikda yoritadi.


    Ommaviy hodisalarni o‘rganishda matematika usullari ham ishlatiladi.

    Ommaviy hodisa va jarayonlarni miqdoriy jihatdan statistika o‘rganayotganda matematika usullaridan ham foydalanadi. Jumladan bir qator statistika metodlari algebra va sonlar nazariyasiga - to‘plamlar nazariyasi, algebraik sistemalar, chiziqli tenglamalar va tengsizliklar sistemalari hamda matritsalar, vektor va Yevklid fazolari, determinantlar va hokazolarga tayanadi.2


    Statistika nazariyasi va matematik statistika yagona fandir.

    Ammo mazkur xususiyat ularni alohida fanlar sifatida qarash uchun asos bo‘la olmaydi, chunki statistika nazariyasi va matematik statistika yagona fandir. Birinchidan statistikada sodda usullar o‘rniga murakkab, takomillashgan matematika vositalarini qo‘llanilishi umuman ilm-fan taraqqiyotidan kelib chiqadi va uning oqibati hisoblanadi. Bu jarayon nafaqat statistika taraqqiyotini, balki matematika taraqqiyotini ham aks ettiradi.

    Ikkinchidan, statistikada qo‘llaniladigan barcha matematik vositalar, ular qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, ya’ni arifmetik, algebraik yoki biror oliy matematik analiz bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘z mazmunini matematikaning tarkibiy qismi bo‘lmish ehtimollar nazariyasidan oladi va u tomonidan ochiladigan qonuniyatlarga asoslanadi.

    Ehtimollar nazariyasi ommaviy hodisalarni sifat mohiyatidan ajralgan holda, umumnazariy jihatdan butunlay musaffo tasodifiy sonlar qatori sifatida qarab muhim xossalarini o‘rganadi. Statistika esa hatto ommaviy hodisalarning umumiy qonun va qoidalarini tadqiq qilayotganda ham ularning birgina miqdoriy xususiyatlariga tayanmasdan, balki vujudga kelish mexanizmiga asoslanadi, yuzaga chiqish sabablarini hisobga oladi. Statistika kursidan matematika usullarini chiqarib tashlashga urinish, ulardan sun’iy ravishda yangi o‘quv predmeti sifatida - matematik statistikani shakllantirishga harakat qilish statistika nazariyasining asosiy boyligini hech qanday asossiz musodara qilish bilan barobardir.

    Biroq ushbu kitob umumiqtisodiy yo‘nalish bo‘yicha bakalavr darajasida mutaxassislar tayyorlash dasturiga binoan va talabalarning oliy matematik analiz bo‘yicha bilim darajalarini hisobga olib yaratilgani uchun unda matematik apparatni juda soddalashtirishga harakat qilindi. Shu bois nozik matematik yo‘llarga tayangan usullar umumiy tarzda bayon etildi. Ularni chuqur egallashni xohlovchi o‘quvchilar kitob ilovasida tavsiya etilgan maxsus adabiyotlarga murojaat qilishlari mumkin.
    1.4. Iqtisodiy statistika.
    Insoniyat turmushi, xatti-harakatlari, ijtimoiy hayot statistika qo‘llanishi va rivojlanishi uchun bepoyon makon yaratdi. Uning ilm-fan tarmog‘i va amaliy faoliyat sohasi sifatida ilk bor shakllanishida yetakchi rolni aynan turmush voqealari va yashash zaruriyati, ijtimoiy hayot hodisalari o‘ynagani bejiz emas.

    Statistika yagona mustaqil fan sifatida gavdalanishi va turli sohalarda qo‘llanishiga sabab uning predmeti bo‘lmish ommaviy hodisa va jarayonlar hamma sohalarda ro‘yobga chiqishi va umumiy xislatlarga ega bo‘lishidir. Shu bilan bir qatorda ayrim sohalarda ular o‘ziga xos sharoitlarda yuzaga chiqadi va ularning ta’siri ostida xususiy xususiyatlarga ham ega bo‘ladi. Shu tufayli statistik qonuniyatlar namoyon bo‘lish me’yori ham, rivojlanish shakllari ham har bir sohada o‘ziga xos yo‘l bilan kechadi. Bu esa statistika uslubiyatini muayyan soha sharoitiga muvofiqlashtirishni, unga mos keladigan usullarni qo‘llashni, sharoit o‘zgarishi bilan ularni shaklan va mazmunan takomillashtirib turishni, yangilarini yaratib, eskilari o‘rniga ularni ishlatishni talab etadi va haqiqatda ham shunday bo‘lmoqda. Pirovard natijada har bir soha statistikasi yagona statitisika fani doirasida ma’lum darajada mustaqil fan va shu bilan birga uning muhim tarmog‘i, yo‘nalishi sifatida shakllanadi.

    Iqtisodiy statistika ana shunday fanlar qatoriga kiradi va yagona statistika fanining juda muhim tarmog‘i hisoblanadi. xuddi shuningdek uning chegarasida mustaqil yo‘nalish sifatida tarmoq statistikalari - mikroiqtisodiy statistika, makroiqtisodiy statistika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoq va sohalar statistikalari vujudga keladi va rivoj topmoqda.

    Iqtisodiy jarayon - bu insonlarning doimo takrorlanib turuvchi xatti-harakatlari majmuidir. Ijtimoiy taraqqiyotning muayyan tarixiy sharoitida mazkur xatti-harakatlar ma’lum holatda takrorlanadi, ya’ni o‘ziga xos qonuniyatlar bilan xarakterlanadi. Bu qonuniyatlar ayrim harakatlarda yoki ularning funksiyalari orasida doimo takrorlanuvchi bog‘lanishlar (yoki munosabatlar) namoyon bo‘lishini ifodalaydi. Bunday tub bog‘lanishlar iqtisodiy qonunlar deb ataladi. Ularni, har qanday tabiat yoki jamiyat qonunlari kabi uchta turkum (tip) ga ajratish mumkin: sababiyat qonunlari, tuuilma (tuzilish) qonunlari va funksional qonunlar.

    Sababiyat qonunlari - bu shunday bog‘lanishlarki, ular bir voqea (yuqoridagi holda harakat yoki harakatlar majmui) sodir bo‘lgandan so‘ng doimo boshqa ma’lum voqea ro‘y berishini ifodalaydi, odatda bunday izchil ketma-ketlik zamonda kuzatiladi. Birinchi voqea sabab deb, ikkinchisi esa - oqibat deb ataladi.

    Tuuilma (birgalikda mavjud bo‘lish) qonunlari - bu ikkita yoki undan ortiq voqealarni hamisha birgalikda ro‘y berishini ifodalovchi bog‘lanishlardir. Hamisha bir vaqtda sodir bo‘ladigan hodisalar hisobiga voqealarning ma’lum qonuniy tuzilishi shakllanadi, mana shundan tuuilma qonunlarning nomi kelib chiqadi. Nihoyat, funksional qonunlar - bu miqdoriy o‘lchanadigan voqealar orasidagi bog‘lanishlar bo‘lib, ularni matematik funksiyalar shaklida ifodalash mumkin.

    Iqtisodiy jarayonga tegishli ayrim yakka harakatlarda mazkur zaruriy yoki muhim bog‘lanishlar (munosabatlar) sof holda namoyon bo‘lmaydi. Bundan tashqari, faqat ayrim hollarda uchraydigan, lekin harakatning boshqa takrorlanishida yuzaga chiqmaydigan bog‘lanishlarni ham kuzatish mumkin. Ular yordamchi yoki tasodifiy bog‘lanishlar deb atalib, iqtisodiy qonunlar amal qilishi uchun to‘siqlar paydo qiladi. Matematiklar bunday holatni asl bog‘lanishlarni aynashiga, bir muncha buzilishiga sabab bo‘ladigan tashqi shovqinlar deb ham yutiradilar.


    Stoxastik yoki statistik qonunlar - bu bir turli hodisalarni ommaviy takrorlanishida namoyon bo‘ladigan qonunlar.

    Shuning uchun iqtisodiy qonunlar iqtisodiy jarayonni shakllantiruvchi xatti-harakatlar faqat ko‘p marotaba takrorlangan sharoitdagina namoyon bo‘ladi. Buni nazarga olib, ular stoxastik yoki statistik qonunlar xarakteriga ega deb gapiradilar. Stoxastik yoki statistik qonunlar - bu bir jinsli hodisalarni ommaviy takrorlanishida namoyon bo‘ladigan qonunlar. Erkin bozor munosabatlari sharoitida ular erkin raqobat ta’siri natijasi bo‘lib stixiyali ravishda amal qiladi. Bir iqtisodchi olim ta’biri bilan aytganda, bunday qonunlar “tartibsiz alg‘ov-dalg‘ovlar orasidan faqat ko‘r-ko‘rona amal qiladigan o‘rtacha sonlar qonuni sifatida o‘ziga yo‘l ochadi”. Hozirgi zamon bozor iqtisodiyoti sharoitida ham iqtisodiy qonunlar o‘rtacha sonlar qonuni tarzida ro‘yobga chiqishi o‘z kuchini saqlaydi, ammo ular endi butunlay stixiyali ravishda tartibsiz alg‘ov-dalg‘ovlar orasida emas, balki u yoki bu darajada davlat tomonidan tartibga solingan ijtimoiy iqtisodiy muxit sharoitida amal qiladi.


    Iqtisodiy statistika predmeti - bu iqtisodiy qonunlarning miqdoriy ifodalanishi, ommaviy iqtisodiy jarayonlarning miqdor-sifat aniqligini o‘rganish.

    Shunday qilib, iqtisodiy statistika iqtisodiy qonunlarning aniq makon va zamon sharoitida miqdoran ro‘yobga chiqishini, ommaviy iqtisodiy hodisa va jarayonlarning miqdor-sifat aniqligini o‘rganadi.

    Iqtisodiy hodisa va jarayonlar ierarxik tuzilish jihatidan makroiqtisodiy va mikroiqtisodiy darajadagi voqealardan tashkil topadi.

    Butun dunyo, ayrim mamlaktlar, katta mintaqalar bozorlari miqyosida yuzaga chiqadigan hodisa va jarayonlar makroiqtisodiy jarayonlar deb ataladi. Masalan, dunyo yoki mamlakat bozorlarida to‘plama taklif va talabni shakllanishi, aholining ish bilan bandligi va ishsizligi, baholar darajasining shakllanishi va o‘zgarishi, milliy valyutalarning qadrsizlanishi va inflyatsiya darajasi, investitsiya jarayonlari, milliy boyliklarning shakllanishi va ulardan foydalanish va hokazolar.

    Mikroiqtisodiy jarayonlar deganda korxona, firma miqyosida, ayrim tovar va xizmatlar, mehnat va moliyaviy bozorlarda ro‘y beradigan voqealar oqimi tushuniladi. Masalan, muayyan bozorda u yoki bu tovarga talab yoki taklif shakllanishi, korxona ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyati natijalarining shakllanishi, firma iqtisodiy aktiv va passivlari shakllanishi, ishlovchi kuchlardan, moddiy va moliyaviy resurslardan foydalanish va hokazolar.




    Iqtisodiy statistika umum statistika usullariga asoslangan, lekin iqtisodiyot sharoitiga muvofiqlashtirilgan uslubiyatga ega.

    Iqtisodiy statistika makro va mikroiqtisodiy hodisa va jarayonlarni o‘rganish jarayonida umumstatistik usullar va vositalar xazinasidan keng foydalanadi. Ulardan ko‘rko‘rona foydalanmasdan, balki u dastlab o‘rganilayotgan iqtisodiy hodisalarning xususiyatlarini, ularning rivojlanish qonuniyatlaridagi o‘ziga xos jihatlarni hisobga olib, ularni shaklan va mazmunan qayta ishlab chiqadi, o‘zining tekshirish sharoitiga to‘la muvofiqlashtiradi, ya’ni yangilangan nazariy qoidalar, uslubiyat yaratadi. Makroiqtisodiyot o‘zining murakkabligi, ya’ni hodisalar to‘plami juda katta hajmdaligi, ko‘p qatlamli tuzilishga ega ekanligi, ular orasidagi o‘zaro bog‘lanishlar chatishib, chigallashib ketishi va boshqa xislatlar bilan ajralib turadi. Shuning uchun makroiqtisodiy statistika uslubiyati murakkab ko‘p o‘lchovli usullar tizimlariga, jumladan yuqori darajada agregatlashgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi, ko‘p o‘lchovli o‘rtachalar, guruhlashlar va indekslar tizimi, ko‘p o‘lchovli bog‘lanishlarni tahlil qilish usullari majmui va hokazolarga tayanadi.

    Mikroiqtisodiyot esa, aksincha, sodda, oddiy jarayonligi bilan xarakterlanadi. Ayrim korxonalar odatda bir necha faoliyat turlarini birlashtiradi, ishlab chiqaradigan mahsulot turlari va assortimenti kam, foydalaniladigan mehnat va moddiy resurslar deyarli bir xil, ularda mikroiqtisodiy jarayonlar sodda holda ro‘y beradi, mikro bozorlar esa bir yoki bir necha predmetligi bilan ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun mikroiqtisodiy statistika uslubiyati oddiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar va tahlil usullariga asoslanadi.




    Makroiqtisodiy statistika mikroiqtisodiy statistika uchun nazariy-uslubiy asosdir, korxona, tarmoqlar va bozor statistikalari uning mustaqil bo‘limlaridir.

    Makroiqtisodiy statistika mikroiqtisodiy statistika uchun nazariy-uslubiy asosdir, korxona, tarmoqlar va bozor statistikalari uning ma’lum darajada mustaqil bo‘lgan bo‘limlari hisoblanadi.

    Iqtisodiy statistika sotsial bilishning muhim qurolidir. U turmush voqealarini anglash, iqtisodiy nazariyalar mohiyatini bilish, ularning qoidalari va tushunchalarini tekshirish imkoniyatini yaratadi. “Biz uchun, - deb yuzadi amerika iqtisodichisi va statistigi Ogayo shtati Universiteti professori E.Keyn, - iqtisodiy statistika - bu iqtisodiy nazariya qoidalarini kuzatilgan faktlar yordamida tekshirish usuli haqidagi fan, shunday fanki, u muvoffaqiyatli va muvoffaqiyatsizlikka uchragan ilmiy tekshirish sohalarini aniqlash imkonini beradi, hamda (zarur bo‘lgan taqdirda) qoniqarsiz g‘oyalarni qayta ko‘rib chiqish uchun nazariyotchiga go‘yo qaytaradi”.3

    Bozor iqtiodiyoti sharoitida aksariyat makroiqtisodiy jarayonlarni tekshirishda tanlama kuzatish usulini qo‘llash zarurati tug‘iladi, chunki ular miqyos va hajm (son) jihatidan shunchalik ulkanki, yoppasiga kuzatish imkoni bo‘lmaydi. To‘plama taklif va talab hajmi, iste’mol baholari va ishlab chiqarish baholarining umumiy darajasi, ishsizlik soni, milliy iqtisodiyotda bandlik soni, yashirin (xufyona) iqtisodiyot rivojlanish darajasi, valyutani qadrsizlanish darajasi va shu kabi hodisalar haqida ma’lumotlar tanlama kuzatish usuli yordamida aniqlanadi. Shuning uchun AQSh ma’muriy xizmatlar Hay’ati tomonidan iqtisodiy statistikani «zaruriy darajada to‘liq bo‘lmagan axborotdan aniq xulosa olish uchun xizmat qiladigan usullar yig‘imi»4 deb atashida ma’lum asos bor.

    Asosiy tushuncha va atamalar
    Statistika, miqdor, sifat, statistika obyekti va predmeti, statistika uslubiyati (metodologiyasi) yoki uslubi (metodi), statistik qonuniyat, tasviriy statistika, analitik statistika, ommaviy hodisa, ommaviy jarayon, matematik va statistik ehtimol, statistika tarmoqlari, iqtisodiy statistika
    Qisqacha xulosalar
    Statistika deganda ilk bor mamlakatning iqtisodiy va siyosiy ahvolini sonlar va iboralar yordamida izohlash tartibi haqidagi fan tushunilgan bo‘lsa ham, hozirgi kunda bu so‘z ko‘p ma’noda qo‘llaniladi: Statistika-bu: 1)turmush, jamiyat hayoti haqidagi aniq sonlar, ko‘rsatkichlar to‘plami; 2) mazkur ma’lumotlarni to‘plash, ishlash,umumlashtirish, saqlash va yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat sohasi; 3) ommaviy jarayonning ustidan ko‘p kuzatishlar o‘tkazish natijasida olingan umumlashtiruvchi mezonlar, ko‘rsatkichlar;4)ilm-fanning maxsus sohasi.Statistika fani ommaviy hodisa va jarayonlarni o‘rganadi, ularda namoyon bo‘ladigan statistik qonuniyatlarni aniqlaydi, ularning me’yorini belgilaydi. U o‘z uslubiyatiga ega va ommaviy jarayonni o‘rganish uslubi sifatida moddiy dunyo va ilm-fanning hamma sohalarida qo‘llanadi. Ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy, ommaviy hodisalarni bilishda,idrok qilishda statistika beqiyos katta rol o‘ynaydi. Bu sohada olib borilgan tekshirish va kuzatishlarni umumlashtirish natijasida statistika fan sohasi tarzida shakllanganligi va taraqqiy etib kelayotganligi bejiz emas. Uning uslubiyati barkamol topishida matematika va boshqa aniq fanlar hissasini ham inkor etib bo‘lmaydi.

    Iqtisodiy statistika yagona sttatistika fanining tarkibiy qismi va tarmog‘idir. Shu bilan birga uning o‘rganish obyekti muhim o‘ziga xos tomonlarga egaligi va ularga umumstatistik usullarni moslashtirish yo‘li bilan yangi mazmun va shakllar baxsh etilgani va natijada birmuncha takomillashgan uslubiyat yaratilganligini hisobga olib iqtisodiy statistikani ma’lum darajada mustaqil fan deb qarash ham mumkin.


    Nazorat va mustaqil ishlash uchun savollar va topshiriqlar


    1. Statistika atamasi qanday kelib chiqqan va ilk bor nimani anglatgan?

    2. Statistika so‘zi hozir nimalarni bildiradi?

    3. Statistika predmetli fanmi?

    4. Statistika uslubmi?

    5. Statistika universal fanmi?

    6. Ommaviy hodisa va jarayon nima va ular qanday xususiyatlarga ega?

    7. O‘zbekistonda yagona samolyotsozlik korxonasi bor. Bu ommaviy hodisami? Tushuntirib bering.

    8. Sentyabr’-oktyabr’ oylarida Toshkentda ko‘pincha yomg‘ir yog‘adi. Bu yil sentyabr’ oyida yomg‘ir bo‘lmadi. Oktyabr’ oyida yog‘adimi? Javobingizni statistik jihatdan izohlab bering.

    9. Talabalar statistika darslariga yomon qatnashdilar. Imtihon qanday yakunlanadi? O‘z fikringizni statistik tafakkur jihatdan izohlab bering.

    10. Iqtisodiy statistika qanday fan?

    11. Statistik qonuniyat nima? U dinamik qonuniyatdan qanday farq qiladi?

    12. Katta sonlar qonunining mohiyati nimadan iborat? Statistika uchun u qanday ahamiyatga ega?

    13. O‘z xatti-harakatlaringizda statistika g‘oyalarini ishlatasizmi? Misollar keltiring.

    14. Paxta qabul qiluvchi tovarshunos nima uchun aravadagi paxtaga nazar tashlab chiqadi va u yoki bu joyidan ushlab ko‘radi?

    15. Statistika uslubi qanday masalalarni o‘rganishda qo‘llanadi? O‘qituvchi talaba bilimini baholashda qo‘llaydimi? Misollar keltiring va tushuntirib bering.


    Asosiy adabiyotlar


    1. Харли Алик. Статистика. Первая книга. Пер. с анг. – М.: Финансы и статистика, 2004, 312 стр.

    2. Н.М.Соатов. Статистика. Дарслик.–Т.: Тиббиёт нашриёти, 2003, 5 – 35 б.

    3. И.И. Елисеева, М.М. Юзбашев. Обшая теория статистики. М.: Финансы и статистика, 2004, 3 – 19 стр.

    4. М.Р.Ефимова, Е.В.Петрова и др. Общая тиория статистики. Учебник –М.: ИНФРА, 2004, 3 – 24 стр.

    5. Э.Кейн. Экономическая статистика и эконометрия. М.: Статистика, 1977, 3 – 48 стр.

    6. Экономическая статистика под ред. Ю.Н. Иванова. М.: Инфра-М,2003, 3 – 19 стр.

    7. Geraid Kaller, Brian Warrack, Hanry Bartel. Statistics for Management and Economis. Belmont, California, 1990, 1000 стр.

    II bob. STATISTIK KUZATISH USLUBIYATI
    2.1. Hozirgi zamon O‘zbekiston Respublikasi davlat statistikasi va

    xalqaro statistika
    Iqtisodiy voqealarni bilish jarayonida statistika muhim rol o‘ynaydi. Har qanday davrlarda bo‘lganidek, bozor iqtisodiyotida ham iqtisodiy hodisalarni o‘rganish ular ustida statistik kuzatishni yo‘lga qo‘yishdan boshlanadi, bu jarayonda hayotiy voqealar (faktlar) qayd qilinib, ular hisobga olinishi natijasida boshlang‘ich ma’lumotlar to‘planadi. So‘ngra ularni qayta ishlash yo‘li bilan umumlashgan statistik axborot va ko‘rsatkichlar yaratiladi. Ularni statistika uslubi yordamida tahlil qilib ommaviy jarayonlarning statistik qonuniyatlari aniqlanadi. Va nihoyat, bozor hodisalarini bilish jarayoni iqtisodiy qonuniyat va qonunlarni ta’riflash bilan yakunlanadi. 1- tarhida bu jarayon qanday o‘zaro bog‘langan bosqichlar ketma-ketligida kyechishi tasvirlangan.

    2.1-tarh. Iqtisodiy voqealarni bilish jarayonining bosqichlari.

    Demak, bilish faoliyati o‘zining so‘nggi bosqichida abstrakt fikrlashning eng yuqori darajasida amalga oshadi va u iqtisodiy nazariya, bozorshunoslik, boshqarish va boshqa maxsus fanlarning ilmiy qoida va tushunchalarini tatbiq etish bilan yakunlanadi. Bilish faoliyatining asosiy birinchi uchta bosqichi statistikaga aloqadordir. Shundan ham turmush voqealarini anglashda, ularni ilmiy tekshirishda statistika qanchalik ahamiyatga ega ekanligi haqida umumiy tasavvur hosil qilish mumkin.

    Ilmiy ma’lumotlarni iqtisodiyot va jamiyat taraqqiyoti bilan doimo uyg‘unlashtirib iqtisodiy bilimlarni takomillashtirish zaruriyati statistika oldiga iqtisodiy kategoriya va qonunlarni aniq joy va zamon sharoitida miqdoriy namoyon bo‘lishi ustidan muntazam ravishda kuzatish olib borishni dolzarb masala qilib qo‘ydi. Bu funksiyani amaliy tasviriy statistika amalga oshiradi.


    Bozor iqtisodiyoti va rejali ho‘jalik statistikalari orasida juda katta farq mavjud.

    Markazlashgan rejali ho‘jalik va bozor iqtisodiyoti sharoitlarida statistika har xil respondentlar (ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar) va axborot iste’molchilari guruhiga turlicha ta’sir etadi.



    Rejali ho‘jalik sharoitida davlat rejasi ishlab chiqarish regulyatori bo‘lib, xalq xo‘jaligining barcha ierarxik doiralarida iqtisodiyot ishtirokchilarining xatti-harakatlarini, xulq atvorlarini aniqlaydi. Shuning uchun iqtisodiy hodisalar, shu jumladan, yakka-yakka hodisalar nisbatan kamroq tasodifiy kuchlar ta’sirida bo‘lib, mikroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni ham birmuncha barqaror rivojlanishi va turg‘un bo‘lishini ta’minlaydi.

    Rejali boshqarish sharoitida statistikaning asosiy funksiyasi davlat rejalarini bajarish ustidan nazorat qilishdan iborat. shu maqsad jihatdan mikroiqtisodiy ko‘rsatkichlar eng muhim ahamiyatga ega, chunki iqtisodiyotning quyi darajalarida davlat rejasini bajarish yuqori darajalarda ham uning bajarilishini ta’minlovchi zamin hisoblanadi. Mikroma’lumotlar ochiq bo‘lib, statistika va boshqa maqsadlarda ham ulardan foydalanish mumkin. Hamma respondentlar korxona, tashkilotlar va muassasalar o‘z faoliyatilari haqidagi ma’ulumotlarni hisobot shaklida statistika tashkilotlariga taqdim etishga majburdir, chunki ular davlat va jamoa mulki shakllaridagi umumxalq mulki hisoblanadi. Barcha respondentlar uchun tegishli hisobot ma’lumotlarini taqdim etish va boshqa statistik tekshirishlarga mutaxassislari va moliyaviy resurslari bilan jalb qilinishlari haqidagi va davlat boshqaruv tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qarorlar qonun kuchiga ega. Bu esa davlat statistika tashkilotlarini ularga nisbatan katta huquqlar bilan ta’minlaydi. Rejali boshqarish sharoitida ho‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati ayrim tasodifiy kuchlar ta’siridan holi emas, bu davlat rejasini bajarish ko‘rsatkichlari subyektlar bo‘yicha tebranishida o‘z ifodasini topadi. Statistika asosiy sotsial va iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari va qonuniyatlarini aniqlashi kerak. Buning uchun u mikroma’lumotlarni agregatlashtirish yo‘li bilan makroko‘rsatkichlar tuzib chiqadi, ularda tasodifiy kuchlar ta’siri bir-birini qirqib, umumiy barqarorlik, turg‘unlik qaror topadi. Bunday makroiqtisodiy axborotlardan oliy firqa va davlat tashkilotlari boshqaruv maqsadlarida ham, targ‘ibot va tashviqot uchun ham foydalaniladi. Ularning ko‘p qismi keng ommadan sir saqlanib, maxfiy tamg‘a bilan muxrlanib, “yopiq” materiallarni tashkil etadi. Makroiqtisodiy va ijtimoiy axborotlarni matbuotda e’lon qilish, ularni oshkorlikka maftun etish faqat oliy firqa tashkiloti ixtiyoridagi huquqiy masala hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoiti uchun esa yuqorida zikr etilgan jihatlarning butun qarama-qarshi holati xarakterlidir. Mikroma’lumotlar “tijorat siri” bo‘lib, makroaxborotlar esa barcha foydalanuvchilar uchun ochiq oshkoralikka ega. Axborotlarni iste’mol qiluvchilar birgina hukmron firqa va davlat tashkilotlaridan iborat bo‘lmasdan, balki ular oppozittsion firqa va boshqa jamoa tashkilotlarini, bozor tuuilmalari – tijorat korxona va tashkilotlari, uyushmalar, ilmiy-tekshirish muassasalari va o‘quv yurtlari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlar va boshqalarni, xalqaro va ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslarni o‘z ichiga oladi. Rasmiy va norasmiy statistika o‘z vazifasini hamma uchun xizmatlar ko‘rsatishda, ijtimoiy axborot infratuuilmasi sifatida faoliyat qilishida, deb biladi. Boshqacha aytganda, u bozor iqtisodiyotining axborot infratuuilmasi hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida statistika roli funksiyalari va egallaydigan mavqeida rejali ho‘jalikka nisbatan yana boshqa farqlar ham mavjud.

    Xo‘sh, statistik ma’lumotlarni qanday olish mumkin?

    Ularni avvalambor, turli bosma matbuot vositalaridan olish mumkin. O‘zbekistonda chiqadigan gazeta va jurnallarda ayrim korporatsiya va korxonalarning, tijorat banklarining moliyaviy hisoblari bosilib chiqadi. O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga va ayrim sohalariga oid ko‘p statistik ma’lumotlar “Iqtisodiy axborotnoma”, “Ekonomicheskoe obozrenie” (iqtisodiy sharhlar), “Dengi i kredit” (pul va kredit), “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi” jurnallarida va “O‘zbekiston iqtisodiy yo‘nalishlari” loyihasi nashrlarida bosilib chiqmoqda.

    Ammo statistik axborotlarning asosiy manbai bo‘lib, O‘zbekiston Davlat Statistika Qo‘mitasi va uning mahalliy tashkilotlari tomonidan bosib chiqariladigan “O‘zbekiston Respublikasining … yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari” va boshqa statistik to‘plamlar (“… yilda O‘zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligi” deb nomlangan) xizmat qiladi.

    Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi “Davlat statistikasi haqida” va Respublika Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish haqida”gi 24 dekabr 2002 yil UP-3183 sonli Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 8 yanvar 2003 yil 8 – sonli qaroriga asosan tuzilgan bo‘lib, mamlakatimizda statistika sohasida yagona siyosat ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi mustaqil yuridik shaxsdir.

    Davlat Statistika qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi va milliy manfaatlariga muvofiq, ilmiy asoslangan uslubiyat, xalqaro andoza va qoidalar asosida tuzilgan va taraqqiy etgan axborot tizimini barpo etib, yagona davlat siyosatini amalga oshiradi hamda davlat idora va boshqaruv organlari, ho‘jalik yurituvchi boshqa subyektlarning respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid statistik ma’lumotlarga bo‘lgan talabini qondiradi.




    O‘zbekiston Davlat Statistika Qo‘mitasi tizimi – statistik ma’lumotlarni ishlab chiqaruvchi va iste’molchilarga yetkazib beruvchi fabrika

    Davlat Statistika qo‘mitasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistikasi to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa rasmiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiradi.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tuman (shaharlar) statistika bo‘limlari bilan birgalikda Davlat Statistika qo‘mitasining yagona tizimini tashkil etadi. 2.2-tarhda bu tizimning tuzilishi tasvirlangan.



    2.2-tarh O’zbekiston davlat statistikasi tashkilotlarining tuzilishi



    Davlat statistika qo‘mitasi ko‘p qirrali vazifalarni bajaradi

    Davlat statistika qo‘mitasi zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklangan:

    -xalqaro statistika andozalari va qoidalariga mos ilmiy asoslangan statistika uslubiyati va ko‘rsatkichlar tizimini ishlab chiqish;

    -mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini ifodalovchi statistik axborotlarni yig‘ish, tayyorlash, saqlash va tahlil qilish;

    -davlat hokimiyati va idoralariga statistik axborotlarni taqdim etish (qonunlarga muvofiq);

    -respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni aks ettiruvchi statistik ko‘rsatkichlarning haqqoniyligi, xolisligi, tezkorligi, barqarorligi va o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash;

    -xorijiy davlatlar statistika xizmatlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan statistika axborotlarini elektron ayri boshlashni amalga oshirish hamda axborotlar to‘plab borish;

    -respublikada yagona statistik axborotlar makonini shakllantirish va qo‘llab quvvatlash;

    -milliy hisoblamalar tizimi va yakuniy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni, ularga bo‘lgan talabga e’tiboran, ishlab chiqish hamda respublikada statistika tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish.

    O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo‘mitasi haqidagi Nizom”da davlat statistika tizimining boshqa funksiyalari, burch va vazifalari batafsil bayon etilgan. Davlat Statistika qo‘mitasi qoshida Statistik Kengash tuzilgan bo‘lib, u davlat statistikasini rivojlantirish, faoliyat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha kollegial maslahatchi tashkilot hisoblanadi. Uning a’zolari O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan bo‘lib, iqtisodiy vazirlik va idoralarning yetakchi mutaxassislari, siyosiy tashkilotlar, jamg‘armalar va boshqa jamoatchilik vakillari, ilmiy tekshirish institutlari va oliy o‘quv yurtlarining olimlarini o‘z ichiga oladi.


    Ma’muriy idoraviy statistika O‘zR Davlat statistika qo‘mitasi vakolat bergan axborotlarni o‘z tizimlmasi doirasida to‘playdi va taqdim etadi.

    Ayrim vazirliklar, idora va korxonalarda statistika ishlari bilan maxsus bo‘linmalar shug‘ullanadi. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash, suv xo‘jaligi, respublika yer fondidan foydalanish, davlat moliyaviy resurslari, soliqqa tortish, pul aylanmasi va hokazolar haqidagi ko‘rsatkichlar tegishli ma’muriy-idoraviy statistika tomonidan to‘planadi va umumlashtiriladi.


    Xalqaro statistika tashkilotlari - ma’lumotlarning mamlakatlararo taqqoslamaliligini ta’minlaydigan standartlar yaratuvchi va ularni amalga oshiruvchi tashkilotlardir.

    “O‘zbekiston Respublikasini amaliyotda qabul qilingan hisob va statistika tizimiga o‘tkazish Davlat Dasturi” ishlab chiqilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 24 avgust 433-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Bu dasturda ko‘zlangan asosiy tadbirlar o‘tgan davrda amalga oshirildi, jumladan, milliy hisobchilikning asosiy hisoblamalari yaratildi, moliya, pul, baholar statistikasi qaytadan ishlab chiqildi, bir qator tarmoq va soha statistikalari xalqaro andozalar asosida isloh qilindi. Amalga oshirilmay qolgan masalalar va boshqa yangi tadbirlarni o‘z ichiga olgan “2005 yilgacha O‘zbekiston davlat statistikasini isloh qilish tizimini Kompleks Dasturi” ishlab chiqildi. Hozirgi kunda hayotda amalga oshirilmoqda.

    Xalqaro statistikani tashkil etish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va uning ixtisoslashgan muassasalari, Xalqaro mehnat tashkiloti (MOT), sog‘liqni saqlash butun dunyo tashkiloti (VOZ), Oziq-ovqat komissiyasi (FAO), maorif, madaniyat va fan sohasida hamkorlik komissiyasi (YuNESKO) hamda boshqa xalqaro tashkilotlar - Ovropa iqtisodiy hamkorligi, xalqaro valyuta fondi,butun dunyo banki, iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot xalqaro tashkiloti va boshqa muassasalarning statistika xizmatlari diqqat markazida turadi. Ular turli mamlakatlar statistik ma’lumotlarining taqqoslamaligini ta’minlash maqsadida xalqaro andoza (standart) va tavsiyalarni ishlab chiqadi, xalqaro taqqoslashlarni amalga oshiradi, mamlakatlar guruhi, mintaqa va butun dunyo bo‘yicha statistik ma’lumotlarni bosib chiqaradi. Bosma to‘plamlar orasida BMT yilnomasi Statistics Yearbook, butun dunyo banki yilnomasi International Financial Statistics (Yearbook), xalqaro valyuta fondi blyuteni Bulletin of IMF, Xalqaro demografiya tashkiloti yilnomasi Demographic Yearbook, Xalqaro mehnat tashkiloti yilnomasi Yearbook of Labour Statistics ayniqsa diqqatga sazovordir.

    Xalqaro statistika instituti statistika sohasida xalqaro ilmiy markazdir, u 1887 yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy vazifasi - statistik usullar va ishlamalarni unifikatsiyalash, davlat statistikasi uslubini takomillashtirish, statistika nazariyasi rivojlanishiga ko‘maklashish. Mustaqil Davlatlar Xamdo‘stligi (MDX) a’zo mamlakatlari statistika xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish bilan 1992 yilda tuzilgan MDH Statistika Qo‘mitasi shug‘ullanadi. U MDH a’zo - mamlakatlari bo‘yicha statistik to‘plamlarni nashr etadi.



    Download 7.16 Mb.
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   275




    Download 7.16 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti soatov n. M., Tillaxo‘jayeva g. N

    Download 7.16 Mb.