1. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik:
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi;
oʻz faoliyatini qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida boshqa davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldida hisobdordir;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor tomonidan boshqariladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Agentlik direktorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi farmonlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tasdiqlanadi.
2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni taʼminlash, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori boʻlgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash;
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish;
fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga oid axborotlarni tarqatish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻqitishni tashkil etish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish;
vazirlik va idoralarning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining ushbu masalalar boʻyicha birgalikdagi samarali faoliyatini tashkil etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa xalqaro vositalarini joriy etish va samarali faoliyat koʻrsatishini tashkillashtirish, zamonaviy usullar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida korrupsiyaga qarshi monitoring olib borish, shuningdek, ularning mazkur sohadagi faoliyati boʻyicha reytingini tuzish;
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini taʼminlash, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro standartlarni va ilgʻor xorijiy amaliyotni joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali faoliyat koʻrsatishini hamda deklaratsiyalarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil etish, shuningdek, ushbu jarayonda aniqlangan korrupsiya holatlariga oʻz vaqtida taʼsir choralari koʻrilishini taʼminlash;
davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar toʻqnashuvini hal etish standartlarini joriy etishda koʻmaklashish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
byudjet mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimining samaradorligini tahlil qilish, shuningdek, uni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda mamlakatning imijini mustahkamlash va uning xalqaro reytinglardagi oʻrnini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
korrupsiyaning holati, tendensiyalari va sabablari hamda korrupsiyaga qarshi choralar koʻrishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning taʼsirchanligini oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shu maqsadda ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorning boshqa vakillari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Agentlik:
har yili ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida milliy maʼruzani tayyorlaydi hamda uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻlgan qoʻmitalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining tegishli qoʻmitasi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imijiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qiladi hamda natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi;
korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida jamiyat va davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanilishiga erishish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish tizimi samaradorligini tahlil qiladi va uni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzishni tashkillashtiradi;
davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida davlat buyurtmachisi ISO 37001 korrupsiyaga qarshi standartini qoʻllashni koʻzda tutuvchi talabni oʻrnatadi;
joylarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hududiy dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;
korrupsiya holatlariga doir materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga taqdim etadi.
4. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:
byudjet mablagʻlarining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bogʻliq materiallarni talab qilish, olish va oʻrganish;
oʻz vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan oʻrnatilgan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish;
davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini oʻrganish;
korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tizimli korrupsiyaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish maqsadida qonunchilik, shu jumladan, jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini oʻrganish;
oʻrganish va boshqa tadbirlar natijalari boʻyicha toʻplangan materiallarni faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari boʻlgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq choralar koʻrish, jumladan, jinoyat ishlarini qoʻzgʻatish uchun huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlariga taqdim etish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish;
ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini toʻxtatish yoki bekor qilish toʻgʻrisida
koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni kiritish;
davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirishlar hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish.
Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va murojaatlari oʻn kun ichida koʻrib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.
5. Belgilansinki:
Agentlik xodimlarining tarkibi yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa sohalar boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar orasidan toʻldiriladi;
Agentlikning hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni taqdim etish, taftish va tekshirishlar oʻtkazish, mutaxassislar ajratish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi talablarini bajarish davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolar uchun majburiydir;
Agentlik xodimlari oʻz vakolatlari doirasida korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlarini oʻrganish hamda tahlil qilish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ushlab turilganlarni va qamoqqa olinganlarni saqlash joylari, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga va hujjatlar bilan tanishishga haqli;
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy ravishda Agentlik bilan kelishilishi lozim.
6. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari
Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi oʻrinlarda – Milliy kengash) va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik Milliy kengashning ishchi organi etib belgilansin.
Agentlik Milliy kengash faoliyatini samarali tashkiliy-uslubiy qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ish rejalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda Milliy kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini tashkil etishni taʼminlasin.
7. Agentlik uch oy muddatda:
Agentlikni yuqori malakali kadrlar bilan, birinchi navbatda, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amaliy ish tajribasiga ega va Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir shaxslar orasidan toʻldirilishini;
Agentlik faoliyati tashkil etilishini tartibga soluvchi hujjatlar paketi, shu jumladan, Agentlik tuzilmalari toʻgʻrisida nizomlar va xodimlarining odob-axloq qoidalari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Agentlikni xodimlar bilan toʻldirish konkurs asosida xalqaro standartlarga muvofiq Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi;
Agentlikka birinchi marta ishga qabul qilinadigan xodimlar ishdan ajratilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning nazariy va amaliy masalalari, xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni oʻrganishni qamrab oluvchi maxsus oʻquv dasturlari boʻyicha taʼlim oladi.
8. Agentlik:
a) Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarning mablagʻlarini jalb qilgan holda, 2020-2021 yillarda barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”)ni bosqichma-bosqich joriy etish choralarini koʻrsin;
b) davlat xaridlari sohasida masʼuliyatni oshirish va korrupsiyani bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuraturasi bilan birgalikda uch oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini, shu jumladan, xarid qilish tartib-taomillari turlarini belgilash va ijrochini tanlash shartlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda eʼlon qilish, shuningdek, davlat xaridlarini tanlov va tender savdolari orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda faqat elektron shaklda amalga oshirish tartibini joriy etish boʻyicha takliflarni kiritsin;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy banki va Hisob palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan, uy-joy kommunal xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, qurilish va energetika sohalarida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish va undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati boʻyicha oʻrganish oʻtkazsin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda doimiy asosda davlat xaridlarida affillanganlik, shu jumladan, xaridlar ishtirokchilarining oxirgi benefitsiar egalariga taalluqli manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash va oldini olish choralarini koʻrish maqsadida masofaviy monitoring oʻtkazsin.
9. Agentlik zimmasiga:
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tarmogʻining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini taʼminlash;
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha
|