|
GEOLOGIYA FANIDA SISTEMA TUSHUNCHASI VA UNING TIPLARI
|
bet | 11/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 2.2. GEOLOGIYA FANIDA SISTEMA TUSHUNCHASI VA UNING TIPLARI
Sistema to’g’risidagi tasavvurlar. Har qanday ob’ekt sistema deb qaralishi va o’z navbatida bir necha tushunchaga ega bo’lishi mumkin. Har qanday ob’ekt echilayotgan masalaning mazmuniga bog’liq holda sistemaning bir necha ko’rinishida ifodalanishi mumkin. Buni ikki xil litologik tarkib qumtosh va alevrolitdan iborat linzasimon tuzilgan faraziy terrigen kollektor misolida ko’rib chiqamiz (2.1-rasm).
2.1-rasm. Linzasimon terrigen kollektor - sistema (M.M.Ivanova va b., 1985): 1 – qatlam usti; 2 – qatlam tagi; 3 – mineral zarra; 4 – qumtosh namunasi; 5 – alevrolit namunasi; 6 – jinsnokollektor
Sistemaning muhim tushunchalaridan biri to’plamlar nazariyasidir, bunda sistemaga birtalay ob’ektlar ko’rinishida qaraladi. Masalan, linzaga mos holda, quyidagi ko’plab moddiy ob’ektlarni ajratish mumkin. Dastlab linzani bir butun, yaxlit moddiy ob’ekt deb qaraymiz, u o’z navbatida qumtosh va alevrolit jinslardan tarkib topgan, jinslar esa sement b-n o’zaro birikkan son-sanoqsiz mineral zarralardan iborat. Sement moddalar qumtosh va alevrolitlardagi zarralarni biriktirib, bir butun-yaxlit ob’ektga aylantiradi. Bunday sistemaning emerjent xususiyatlari sifatida uning ochiq g’ovakliligi va o’tkazuvchanligini ko’rsatish mumkin, ular linzasistemada suyuqlik va gazlarni to’planishiga hamda filtratsiyalanishiga imkoniyat yaratadi. Ma’lumki, mineral zarralar bunday xususiyatlarga ega emas. Shu sababli linzaning g’ovakliligi yoki o’tkazuvchanligi kabi emerjent xususiyatlarini o’rganish uchun linzani mineral zarralardan yirikroq tuzilgan ko’p sonli ob’ektlardan tarkib topgan deb qarashimiz lozim. Tog’ jinslari namunalariga shunday ob’ektlar sifatida, butun linza sistemaga esa ko’pdan-ko’p namunalar sifatida qaraladi. Jinsning litologik tavsifi bunday sistemaning emerjent xususiyati deb sanaladi. Sistemaning emerjent xususiyatini o’rganishda uni turli litologik tarkibli jinslardan tuzilgan va ko’pdan-ko’p ob’ektlar to’plamidan iborat linza deb tasavvur etish lozim. 2.1rasmdagi linza-sistema ikki ob’ektdan - qumtosh va alevrolitdan tuzilgan. Demak, sistemani tuzuvchi ko’pdan-ko’p ob’ektlarning shartli o’lchamiga bog’liq holda uni turli usullarda tuzish mumkin.
Sistemani turli o’lchamdagi qismlarga ajratish uning juda muhim xususiyatini ierarxik tartibini (yaxlit sistema elementlarining yuqori tartibdan pastki tartibga qarab joylashishini) belgilaydi va ierarxik tushuncha deb ataladi. U komponent, kichik sistema va element kabi tushunchalarga asoslanadi. Ierarxik tushuncha sistemaning tuzilish darajasini ajratish imkonini beradi.
Bir gorizontal qatorga taalluqli kichik sistemalar va elementlar yig’indisi ierarxik daraja yoki struktura darajasi deb ataladi. 2.1-rasmda keltirilgan faraziy linzada quyidagi strukturaviy darajalarni ajratish mumkin: 1) mineral zarralar darajasi bu darajada sistema linza ko’p elementlar mineral zarralar yig’indisidan iborat; 2) mineral zarralar to’plamidan iborat tog’ jinslari namunasi darajasi namunalardan olingan ma’lumotlar asosida linzaning litologiyasini, uning g’ovakliligini, o’tkazuvchanligini va b. xususiyatlarining o’zgarishini o’rganish; bu darajada linza ko’pdan-ko’p namunalar kichik sistemalar to’plamidan iborat deb faraz qilinadi; 3) linzaning ikki xil litologik tarkibga ega bo’lgan qismlari (qumtosh va alevrolit) darajasi ikki xil komponentdan iborat; 4) linzani bir butun yaxlitlik darajasi linzaning tarkibiy qismlarga bo’linmas qismi deb qaraladi va shakli, o’lchami fazoviy joylashishi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ushbu misolda birinchi daraja elementlar darajasi, ikkinchi daraja kichik sistemalar darajasi, uchinchi daraja komponentlar darajasi va to’rtinchi daraja yaxlit sistema darajasidir.
Neft va gaz konlari geologiyasida ko’pgina masalalarni hal qilishda terrigen jinslarni ularni tuzuvchi mineral zarralar darajasida o’rganish zaruriyati tug’ilmaydi. Bunday holda 2.1-rasmdagi linzani kam sonli ierarxik darajadagi linza sifatida o’rganish mumkin, bunda elementlar sifatida (keyinchalik bo’linmas ob’ekt ko’rinishida) namunalar, kichik sistema sifatida komponentlar olinadi. Sistema ierarxik ketma-ketlik bo’yicha o’rganilganda elementlar, kichik sistemalar va komponentlarning bo’linish darajasi tadqiqotlarning aniq bir maqsadiga ko’ra amalga oshiriladi. Agar o’rganilayotgan masalalarning hajmi, mazmuni o’zgarsa, dastlab element yoki kichik sistema sifatida o’rganilayotgan ob’ektlar keyinchalik kichikroq masshtabdagi sistema sifatida o’rganilishi va shu bilan birga uning ichki ierarxiyasi saqlanib qolinishi yoki buning aksi bo’lib, keyingi tadqiqotlarda sistema ayrim yirikroq sistemaning elementi sifatida qaralishi mumkin. Demak, biz o’rganayotgan faraziy linza neft-gazli qatlamni tadqiq qilayotganimizda ushbu, yangi, yirikroq sistemaning bo’linmas elementi sifatida qaraladi.
Sistemaga yaxlit, bo’linmas ob’ekt sifatida qaralishi uning yana bir (ko’pdan-ko’p va ierarxik bo’linishdan tashqari) butunligidan darak beradi. Har bir ierarxik darajada sistema elementlari qandaydir xususiyatlar to’plami bilan tavsiflanadi. Bunday xususiyatlar ro’yxati sistema sifatida o’rganilayotgan (masalan, zaxiralarni hisoblashda bir ro’yxatdan olingan xususiyatlar o’rganiladi, konlarni ishlatish loyihasini tuzish xususiyatlari boshqa ro’yxatdan olinadi) ob’ektlar uchun belgilanadi. Ierarxiyaning har qanday darajasiga tegishli elementlar xususiyatini uch guruhga bo’lish mumkin: I tartibli xususiyatlar bular tufayli har bir element sistemaning asosiy maqsadiga erishish imkoniyatini yaratadi; II tartibli xususiyatlar elementlar orqali sistemaga kirib qoladigan nokerak, zararli xususiyatlar; III tartibli xususiyatlar sistemani asosiy maqsadiga nisbatan neytral (foydali ham, zararli ham emas) xususiyatlar bo’lib, ulardan I va II tartibli xususiyatlarni o’rganishda turli korrelyatsiya (taqqoslash)lar orqali foydalanish mumkin.
Masalan, agar linzaga ob’ekt sifatida qaraladigan va undan neft chiqarib olinadigan bo’lsa, u holda I tartibli xususiyatlarga jinslarning g’ovakliligi va o’tkazuvchanligini kiritish mumkin, ular sistemada neft to’planishiga sababchi bo’ladi va neftni jinsdan chiqarib olish imkoniyatini ta’minlaydi. II tartibli xususiyatlarga jinslardagi gil sement miqdorining ko’pligini kiritish mumkin, gil jinslar namlanganda ko’pchiydi, hajmi ko’payadi, bunday sharoitda linza ichida qatlam bosimini saqlash va neftni siqib chiqarish maqsadida suv haydalganda bo’kkan gil jinslar ish samaradorligini pasaytiradi. Quduqlarda aniqlanadigan va o’lchanadigan hamda keyinchalik tog’ jinslarining g’ovakliligini, neftga to’yinganligini, qalinligini aniqlashda qo’llaniladigan turli geofizik parametrlar III tartibli xususiyatlarga mansub.
Sistemaning turli xususiyatlari, uning kichik sistemalari va elementlari o’zaro bog’liq bo’lib, ozmi-ko’pmi biri ikkinchisining yuzaga kelishiga sababchi bo’ladi. Binobarin, har qanday sistemani ko’pdan-ko’p xususiyatlarning to’plami deb qarash joiz, demak, bunda ma’lumki, sistemani tuzuvchi ob’ektlar sifatida uning moddiy qismining ayrim xususiyatlarigina qatnashadi, ushbu sistemaning strukturasi sifatida esa xususiyatlar oralig’idagi turli bog’lanishlar majmui namoyonlanadi. Sistema ishga tushganda elementlar xususiyatlari turlicha ifodalanadi. Sistemaning ichki va tashqi jarayonlarining o’zaro bog’liqligi hamda elementlar yoki kichik sistemalarning o’ziga xos ravishda namoyon bo’lishi elementlar funktsiyasi deb ataladi. Bunday hollarda sistemaning funktsiyalanishi sodir bo’ladi.
Sistemaning vaqt davomida bir-birini almashtira oladigan ayrim ob’ektlar holati majmuidan hamda unda rivojlanadigan ayrim jarayonlar to’plamidan iborat deb faraz etish mumkin. Bu holat sistemaning protsessual vaziyatini bildiradi. 2.1-rasmdagi faraziy linzani neft qazib chiqarish ob’ekti deb qaraydigan bo’lsak, konni ishlatishning turli bosqichlarini uning holati sifatida qabul qilamiz. Bunday hollarda elementlar davrlar orasidagi bog’liqlik sifatida quduqlarga yalpi suv bostirish yoki quduqlarni ishlatish usulini o’zgartirish kabi jarayonlarni yoki sistema holatidagi qandaydir boshqa xarakterli o’zgarishlarni qabul qilish mumkin.
Demak, geolog o’rganayotgan har qanday ob’ektni sistema deb qabul qilish mumkin. Tadqiqotchining aql-zakovatiga, malakasiga ko’ra o’rganilayotgan ob’ektsistema quyidagi beshta: ko’p miqdordagi, ierarxik, yaxlit, funktsional va protsessual ko’rinish olib ularni o’rganish ketma-ket yoki bir yo’la yondoshish orqali amalga oshiriladi. Sistemaning bunday ko’rinishlardagi o’zaro bog’liqligi 2.2-rasmda aks etgan.
|
| |