|
Neft va gaz konlari geologiyasi ta’rifi
|
bet | 5/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasiNeft va gaz konlari geologiyasi ta’rifi. Neft, gaz va gazkondensat uyumlarini xalq xo’jaligi ob’ekti sifatida o’rganish, uyumni ishlab chiqarishga tayyorlash (razvedka jarayonida), tadqiqotlarni shuningdek, tasdiqlangan sxema yoki loyihalarni (oxirigacha razvedka qilishda, konni sanoat miqyosida burg’ilashda, kondan foydalanishni boshqarishda) amalga oshirish uchun maxsus kuzatuvlar va tadqiqotlarni bajarish ko’p vaqt va harajatlarni talab etadi. Bunday maqsadlar uchun ajratilgan mablag’lardan maqsadga muvofiq ravishda foydalanish katta davlat ahamiyatiga ega bo’lgan vazifadir. Turli tadqiqotlar va geologik qidiruv ishlari yo’nalishini aniqlash, ishning maqsadi va vazifalariga mos keladigan ma’lumotlarni tahlil qilish va umumlashtirish uyumlar va ularda sodir bo’ladigan jarayonlar to’g’risida ishonchli ma’lumotlar olish, loyihalashtirilayotgan ishlab chiqarish sistemasini va konni ishlatishni tartibga solish, kondan foydalanish samaradorligini oshirish kon-geologiyasi fanining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Neft va gaz konlari geologiyasi fani yuqorida qayd etilgan nuqtai nazarlardan kelib chiqqan holda neft, gaz va gazkondensat uyumlarini tadqiq qilish va shularga mos ilmiy va amaliy vazifalarni hal etish bilan shug’ullanadi. Neft va gaz konlari geologiyasi fani geologiya fanining tarmog’i bo’lib, neft va gaz uyumlarini dastlabki (tabiiy) holatida va ishlatish jarayonida o’rganish, ularning xalq xo’jaligidagi ahamiyatini aniqlash, yer qa’ridan oqilona foydalanish tadbirlarini ishlab chiqish bilan shug’ullanadi.
Shunday qilib, neft va gaz konlari geologiyasi fanining asosiy maqsadi neft va gaz konlari va uyumlarini xalq xo’jaligida katta ahamiyatga ega bo’lgan ob’ekt sifatida o’rganish, ularni ishlab chiqarishni tashkil etishning eng samarali usullarini geologik asoslash, atrof muhitni asrash va undan oqilona foydalanishni tashkil etish, ular to’g’risidagi har tomonlama to’liq ma’lumotlarni to’plash, umumlashtirish va tahlil etishdan iboratdir.
1.2. NEFT VA GAZ KONLARI GEOLOGIYASI FANI RIVOJLANISHINING ASOSIY DAVRLARI
Neft, gaz va gazkondensat konlarini ishlatish nazariyalari bilan chambarchas bog’liq bo’lgan neft va gaz konlari geologiyasi fanining rivojlanishida bir qancha davrlarni ajratish mumkin.
Birinchi davr neft va gaz sanoatining dastlab tashkil topishidan boshlab 1918 yilgacha bo’lgan vaqtni o’z ichiga oladi. Bu davrda Rossiyada neft faqat Apsheron yarimoroli va Maykop rayonidan olinar edi. 1871 yilga (Rossiyada neft sanoatining paydo bo’lishining rasmiy sanasi) qadar neft olish texnikasi amalda bo’lmagan. Neft qo’lda qazilgan, chuqurligi 150 m, kengligi 1-1,5 m ga teng bo’lgan quduqlardan yog’och chelaklarda olinar edi. Kubanda (1864 y., Kudako daryosi) va Apsheron yarimorolida (1869 y., Boloxona) qazilgan, chuqurligi 40-70 metrgacha bo’lgan quduqlardan birinchi marta neft favvora (fontan) bo’lib otilib chiqqan.
Quduqlarni jihozlash texnikasining mukammal bo’lmaganligi tufayli ko’pincha neftli qatlamning qalinligini to’liq ochish imkoniyati bo’lmagan (qo’lda qazilgan quduq va burg’ quduqlarida qatlam bosimiga qarshi bosim yarata olinmagan), qatlamdan chiqayotgan bosimli neftni bo’ysindirib olish va tartibga solish juda qiyin kechgan. Odatda ochilgan neftli qatlamning qalinligi 1-3 m gacha borardi. Bu davrda konni ishlatishda qandaydir biron asoslar mavjud bo’lmagan. SHuning uchun ham quduqdan mahsulot qazib chiqarish jarayoni hech bir ilimga amal qilinmagan holda borar edi. Nefti bor yerlar alohida shaxslar tomonidan baholanar va ayrim hollarda oldi-sotdi asosida qo’ldan-qo’lga o’tib turardi. Bu vaqtda amerikalik geolog Briggsning 1868 yilda olg’a surgan farazi amalda edi. Olimning ilmiy faraziga ko’ra neftni quduqlar tubi tomon haydaydigan yagona kuch
faqat neftda erigan gazning taranglik kuchi bo’lishi mumkin, deb qaralar edi. O’sha davr tushunchasiga binoan neft chiqaradigan har bir quduqning qatlamga ko’rsatadigan ta’siri uzoqqa bormaydi, deb hisoblanar va uni ta’sir radiusi deb atashar edi. Agarda quduqlar bir-biridan ikki ta’sir radiusiga teng masofada olisda bo’lsa, u holda quduqlar bir-biriga ta’sir etmasligi kerak edi. Binobarin, bunday sharoit kon-geologik tadqiqotlarining rivojlanishiga imkon bermadi.
Shunday bo’lsa ham o’sha davrdagi yirik olim va muhandislar neftning miqdorini chamalash va zaxiralarini hisoblash, sanoat miqyosida razvedka ishlarini bajarish metodikasi asoslarini yaratish va neft olishning samarali texnologiyasini takomillashtirish sohasida dastlabki qadamlarni qo’yganlar.
Darhaqiqat, 1888 yilda geolog A.M. Koshin birinchilardan bo’lib hajmiy metod asosida neft zaxirasini hisoblab chiqdi. XIX asrning 90- yillarida A.M. Koshin quduq debitini vaqt davomida o’zgarib borishi to’g’risidagi statistik ma’lumotlarni tahlil qilib, Boku rayonidagi 4 ta eski maydondagi neft koni zaxirasini hisoblab chiqdi. Bunday ish neft quduqlarining mahsulot berish miqdorini o’zgarishidagi ba’zi bir qonuniyatlarni aniqlashga va mahsulot miqdorini asta-sekin kamayib borishini anglatuvchi «egri chiziq» metodini ishlab chiqishga sabab bo’lgan. Egri chiziq metodi quduqdan olinadigan neftni bashoratlashda foydalanish uchun ishlab chiqildi. R.Arnold va R.Anderson 1908 yilda AQShdagi Kaliforniya neft konlari uchun egri chiziqlar metodini taklif qilishdi.
1905 yilda I.N.Strijev hajmiy metod asosida Grozniy rayoni konlaridagi neftning zaxirasini hisoblab chiqdi. 1910-1912 yillar mobaynida yirik geolog-neftchi olim, neft geologiyasi fani asoschisi I.M.Gubkinning Maykop neft rayoniga oid ilmiy asarlari nashr etildi. O’sha paytda I.M.Gubkin birinchi marta o’ziga xos bo’lgan «panjasimon» uyumlarning hosil bo’lishini har tomonlama tushuntirib berdi va neftning stratigrafik uyumlari to’g’risidagi tushunchani fanga kiritdi. Olim birinchilardan bo’lib strukturalar xaritasini tuzish metodini yaratdi.
1910-1917 yillarda S.I.Charnotskiy «egri chiziq metodi»ni takomillashtirib, quduqlarning dastlabki mahsuldorligi ularning zichligiga bog’liqligini hisoblash metodini taklif etdi.
Shu davrlarda quduqlarni o’rganishda geofizik metodlardan foydalina boshlandi. 1906-1916 yillarda mashhur geolog olim D.V.Golubyatnikov Ozarbayjon va Dog’istonning 300 tadan ortiq neft quduqlaridagi qatlamlarning temperaturasini muntazam o’lchab bordi. Shuningdek, u birinchilardan bo’lib neft konlari geologiyasining ba’zi masalalarini hal etishda geotermiyani qo’llash mumkinligini aniqladi.
Shuni qayd etish lozimki, o’sha davrlarda neft zaxiralarini hisoblash, neftni qazib olish va geologik ma’lumotlarni mukammallashtirish borasida bajarilgan ishlarda izchillik etishmas va ko’proq tasodifiy holda bajarilar edi.
Neft va gaz geologiyasi fani rivojlanishining birinchi davrida, ya’ni XIX asrning 80-yillarida O’zbekistonda neft olish va qayta ishlash sanoati boshlang’ich holatda bo’lgan. 1880-1883 yillarda Qamishboshidagi Lokan (Farg’ona viloyati) uchastkasida 4 ta razvedka qudug’i qazilgan. Ularning qoldiqlari shu kunga qadar saqlanib qolgan.
Quduqlar zarbali usulda qazilib, chuqurligi 36,2 m. gacha, kengligi 219 mm (8 dyum)gacha etgan. Dastlabki quduqlardan 5 t dan 12 t gacha neft qazib olingan.
Tadbirkorlardan birinchi bo’lib D.P. Petrov neftni sanoat asosida olaboshlagan. 1885 yilda D.P. Petrov bir qancha neftli uchastkalarni sotib oladi va Sho’rsuv rayonida qo’l kuchidan foydalangan holda ikkita quduq qazitadi. Bu quduqlardan ikkita ishchi tagida klapani bo’lgan uzun chelak bilan bir sutkada 400-500 kg, bir yilda esa 100130 tonnagacha neft olardi. D.P. Petrov o’zining kichkina zavodida bu neftni haydash yo’li bilan kerosin olib, Toshkent, Andijon va boshqa shaharlarda sotgan.
Shunday qilib sobiq Turkistonda butunlay yangi sanoat neft sanoati tashkil topib, sekin-asta takomillashib bordi va keyinroq O’zbekiston xalq xo’jaligining asosiy tarmoqlaridan biriga aylandi.
Farg’ona vodiysida dastlab qazilgan quduqlar yer yuzasidan unchalik chuqur bo’lmagan. Bu yerda 4 ta neftli gorizont borligi aniqlangan. 1901 yildan boshlab quduqlarni mexanizmlar yordamida burg’ilash boshlangan. Dastlabki quduqning chuqurligi 278 m ga borgan va 1904 yilning sentyabr oyida bu quduqdan neft favvora bo’lib otilib chiqqan. Quduqning 1 sutkalik mahsuldorligi 130 t ni tashkil etgan.
Bu voqea o’lka sanoatchilarida zo’r qiziqish uyg’otdi. 1904 yilda birinchi bo’lib «Chimyon» neft korxonasi bunyod etildi. O’sha yili Chimyon qishlog’iga yaqin bo’lgan joydagi, Vannovsk temir yo’l bekatida neftni haydaydigan zavod qurildi. Yaqin 4 yil mobaynida Farg’ona vodiysida Yorqo’ton, Santo konlari ishga tushirildi va neftni uzoqqa uzatadigan Chimyon-Vannovsk quvurining qurilishi nihoyasiga etdi. Neftni haydash zavodi rekonstruktsiya qilindi (qaytadan tiklandi).
XX asr boshida Qo’qon shahrida Farg’ona neft sanoati shirkati tashkil etildi (1900 y.) 1904 y. oktyabr oyida tashkilotning nomi o’zgartirilib, «Chimyon» Farg’ona neft va tog’ sanoati Aktsiyadorlik jamiyati deb ataldi. 1907 yildan boshlab jamiyat boshqaruvi Sankt-Peterburgga ko’chirildi.
Farg’ona vodiysida sanoat miqyosida neft borligi aniqlangandan so’ng vodiyga xorijiy kapitalni kiritish boshlandi. 1906 yilda ko’pchilik neftli uchastkalarning egalari bu uchastkalarni sotish to’g’risida Frantsiya va Amerikadagi sindikatlar bilan muzokaralar olib borishdi. 1907 yilda «Chimyon» neft konini va Vannovsk neftni haydash zavodini Bokudagi «Aka-uka Nobellar» neft sanoati firmasi sotib oladi va
O’zbekistonda neft sanoatini milliylashtirish davrigacha zavodni ishlatishadi.
Shuni aytish kerakki, dastlabki davrlarda neft-gaz konlari geologiyasi fanini rivojlanishi O’zbekstonda neft sanoatiga nisbatan sekin taraqqiy etgan. Burg’ilash ishlari qo’l kuchi bilan bajarilgan. 1901-1917 yillar mobaynida Chimyon, Yorqo’ton va Santo maydonlarida hammasi bo’lib 34,9 ming m , ya’ni yiliga o’rtacha 2 ming m quduq qazilgan. Umuman neft va gaz konlari geologiyasi fani rivojlanishining birinchi davriga oid ilmiy adabiyotlarda O’zbekiston haqida ma’lumot deyarli yo’q. O’sha davr tadbirkorlarining maqsadi faqat neft olish bo’lgan bo’lsa ajab emas, binobarin, bu davrda konlar geologiyasi deyarli hech kimni qiziqtirmagan.
|
| |