|
NEFT VA GAZ KONLARI GEOLOGIYASI FANINING RIVOJLANISH TARIXI VA VAZIFALARI
|
bet | 4/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi NEFT VA GAZ KONLARI GEOLOGIYASI FANINING RIVOJLANISH TARIXI VA VAZIFALARI
1.1. NEFT VA GAZ KONLARI GEOLOGIYASI FANI VA UNING MAZMUNI
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so’ng neft va gaz sanoatini rivojlantirish davr taqazosiga aylandi. 1991-2005 yillarda Respublikada neft va gazkondensatini olish 2,8 marta oshdi. «O’zbekneftegaz» xolding konmpaniyasi XXI asrga Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar orasida yoqilg’i energetika resurslarining yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri sifatida qadam qo’yib, hozir yiliga 60 mlrd. kub.m hajmda tabiiy gaz va 7 mln.tonna neft qazib olinishini ta’minlamoqda. Bunday natijaga geologik-razvedka ishlaridagi yutuqlar, loyihalash nazariyasining rivoji, neft-gaz va gazkondensat konlarini ishlatish tajribasining kun sayin ortib borishi natijasida erishilmoqda. Bunda tabiiy resurslardan foydalanishni yaxshilash ham katta ahamiyatga ega albatta. SHu nuqtai nazardan qaralganda, neft va gaz resurslarini ko’paytirish faqat ochilgan neft va gaz konlari sonini ko’paytirib borish hisobigagina bo’lmay, balki ishlatilayotgan neft va gaz konlaridan qazib olinishi mumkin bo’lgan mahsulot hajmini oshirish, ya’ni ishlanayotgan konlardagi qatlamlarda neft va gazning nobud bo’lishini keskin kamaytirish hisobiga bo’lishi kerak.
Binobarin, neft va gaz yoki gazkondensat konini ishlab chiqarishga topshirishda faqat unga tabiiy geologik ob’ekt sifatida qaralmasdan, balki xalq xo’jaligi ob’ekti sifatida qaralishi lozim. Shuning uchun ham neft va gaz konlari va ularning uyumlariga uch nuqtai nazardan yondoshish kerak.
Birinchidan, uglevodorod (UV) uyumlariga statik hamda tabiiy geologik ob’ektlar sifatida qaralishi shart.
Neft va gaz uyumlariga bunday munosabatda bo’lishdan maqsad uyumning xalq xo’jaligidagi qiymatini asoslab berish va uni ishlab chiqarish loyihalari uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni olishdan iborat. Bunday ma’lumotlar quduq ishlashining texnologik sxemasi yoki loyihasida qatlamlardagi mahsulot zaxirasini hisoblash va ularning potentsial mahsuldorligini baholash asosida olinadi.
Ikkinchidan, UV uyumlariga dinamik holatida deb qarash lozim, chunki ularni ishlatish davrida chiqarish quduqlari tubi tomon neft, gaz va suv harakatlansa, suv haydash quduqlarida esa yuqoridan pastga, ya’ni quduq tubi tomon harakatlanish jarayoni boshlanadi. Bunday holatda ob’ektni dinamik xususiyatlariga faqat uyumning tabiiy geologik xossalari (ya’ni ishlatish sistemasi)gina emas, balki uning xarakteri ham ta’sir etadi. Bunday parametrlar konni ishlatish usullarini loyihalashtirish jarayonida aniqlanadi. Boshqacha qilib aytganda, ishga tushirib yuborilgan neft va gaz uyumi ikki komponentdan - geologik (uyumning o’zi) va texnik (uyumni ishlatish uchun loyihalashtirilgan texnik vositalar sistemasi) komponentdan iborat bo’ladi va ular bir-biridan ajratib bo’lmaydigan yaxlit sistemani hosil qiladi. Bunday yaxlitlik geologik-texnik majmua deb ataladi (GTM).
Uchinchidan, UV uyumiga xalq xo’jaligi ob’ekti sifatida qarash lozim, chunki GTMning texnik komponentlarining tavsifi (quduqlar oralig’idagi masofa, quduqlarni joylashtirish, quduq tubidagi bosim va sh.k.) geologik komponentlar xususiyatlari va tavsiflari (uyumning ichki tuzilishi, jinslar va flyuidlarning xossalari va sh.k.) orqali aniqlanadi, ya’ni uyumning ishlatish sistemasining texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlari geologik sharoitlar bilan chambarchas bog’liqdir.
UV uyumini yuqorida qayd qilingan uch nuqtai nazardan tadqiq qilish uchun tegishli ma’lumotlar talab etiladi, binobarin, bunday ma’lumotlarga ega bo’lish uchun maxsus ishlarni bajarish lozim. Neft va gaz uyumiga geologik ob’ekt sifatida qaralishi uchun konni razvedka qilish, shuningdek, uyumni ishlatish sistemasini loyihalash va unga muvofiq quduqlarni burg’ilash, olingan ma’lumotlardan foydalanish kerak bo’ladi.
Uyumning shakli, o’lchami, tipi va b. xususiyatlarini aniqlashda chiqarib olish, haydash, kuzatish, nazorat qilish va boshqa turdagi quduqlardan hamda yer yuzasida joylashgan texnik vositalar yordamida bajarilgan maxsus kuzatishlar va o’lchashlardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi. Konni ishlatishning texnikiqtisodiy ko’rsatkichlari maydonning geologik tuzilish sharoitlarini aniqlash va ularni konni ishlatish rejimiga ta’sirini maxsus tadqiqotlar natijalari asosida o’rganish va tahlil qilish, tajriba ishlarini bajarish va konlarni ishlatish tajribasini umumlashtirish orqali aniqlanadi.
Demak, neft yoki gaz uyumiga xalq xo’jaligi faoliyatining ob’ekti sifatida yondoshish uyumga izlash ishlari bajariladigan manba sifatida qarashdan tubdan farq qiladi.
|
| |