|
O‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi pedagogik konfliktlarni hal etishda Ijodkorlik
|
bet | 7/7 | Sana | 08.06.2024 | Hajmi | 36,24 Kb. | | #261595 |
Bog'liq Pedagogik konfiliklarni bartaraf etish sharti va omillari (2)O‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi pedagogik konfliktlarni hal etishda Ijodkorlik pedagogikasi imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar. Ijodkorlik pedagogika imkoniyatlaridan foydalangan holda ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasidagi pedagogik konfliktlarni bartaraf etish bo‘yicha quyidagilarni amalga oshirish dolzarb bo‘lib turganligini ta’kidlab o‘tish lozim:
o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi pedagogik konfliktlarni bartaraf etish bo‘yicha Ijodiy metodikani ishlab chiqish;
Ijodkorlik metodikasidan foydalangan holda o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi pedagogik konfliktlarni bartaraf etish metodologiyasi bilan bo‘lajak o‘qituvchilarni oliy pedagogik ta’lim jarayonida chuqur qurollantirish;
v) bo‘lajak o‘qituvchilarni oliy pedagogik ta’lim jarayonida Ijodkorlik pedagogikasidan foydalanish bo‘yicha kasbiy bilim, kasbiy ko‘nikma va kasbiy malakalarini tarkib toptirish;
g) Ijodkorlik pedagogikasi asoslari va undan pedagogik konfliktlarni bartaraf etish metodikasi masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini muntazam amalga oshirib borish.
Diqqat qilinsa, bu ishlarni amalga oshirish bilan bo‘lajak o‘qituvchilar o‘quvchilar va ota- onalar o‘rtasidagi pedagogik konfliktlarni bartaraf etishning ijodiy metodikasi bilan qurollanadi. Buning natijasida ularning pedagogik konfliktlar bilan ishlash faoliyat ko‘lami kengayadi.
Shunday qilib Ijodkorlik pedagogikasi asoslaridan tayangan holda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi pedagogik konfliktilarni bartaraf etish keng imkoniyatlarga ega. Shu sababli bu masala bo‘yicha bo‘lajak o‘qituvchilarning metodik va texnologiya jihatdan qurollanishi dolzarb bo‘lib turibdi.
3.Pedagogik konfliktlarni oldini olishda muomala madaniyati va muloqot qoidalarining ahamiyati xususida.
Milliy mentalitetimizda muomala madaniyati asosan o‘zaro hurmat asosida “Assalomu alaykum. Va alaykum assalom” dan boshlanadi. Ana shu so‘zlar orqali insonlar bir-birlari bilan muloqotga kirishadi, bir-birlari bilan tanishadi va o‘z muammolari, ehtiyojlarini qondirib, muammolarini ham hal qilishlari mumkin. Bu so‘zlarni kishi tomonidan yoqimli va beg‘araz ifoda etilishi suhbatdoshining ham kayfiyatini ko‘tarib, murojaat qilayotgan insonga nisbatan mehrini oshiradi. Shuning uchun ham xalqimizda “Salom qanday bo‘lsa, alik ham shunday”, degan naql bor. Salomlashish odobiga rioya qilish, suhbatdoshga nisbatan iliq va do‘stona munosabatda bo‘lish kishilar ko‘nglidagi ko‘pgina ilmoqli tugunlarni yechish uchun sharoit yaratadi.
Ma’lumki, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, ularni barkamol shaxslar sifatida shakllantirish muammosi har doim ham, har qanday jamiyatning asosiy vazifasi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda Oliy ta’lim muassasalarida “Pedagogik konfliktologiya” fanini o‘qitishdan maqsad asosan o‘quv jarayoni sharoitida turli shakl va turdagi nizolarning oldini olish orqali ta’lim samaradorligiga erishish, pedagogik va o‘quvchilar jamoasida do‘stona ruhiy barqarorlikni ta’minlashni ko‘zda tutadi. Ushbu maqsadlarga erishishning zaminida o‘zaro muomala madaniyati va muloqot qoidalari yotadi.
Shaxs ma’naviyatining uzviy bir bo‘lagi muomala madaniyati bo‘lsa, xulq-atvor, odob-axloq, nutqiy faoliyat tushunchalari uning zamiriga kiradi. Asrlar osha har bir xalqqa xos bo‘lgan, milliy-ma’naviy qadriyatlar yuksak madaniyat ramziga aylangan urf-odatlar, yurish-turish, yashash tarzi barchasi kishi shaxsiyatida aks etishi tabiiy.
Munosabat, shubhasizki, shaxsning muomala madaniyatidan kelib chiqadi. Bu esa barkamollik belgisi bo‘lgan ta’lim va tarbiyaga, ma’naviyat va ma’rifatga borib bog‘lanadi. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlodgina yurtning porloq kelajagidir. Qushning parvozini qo‘sh qanotisiz tasavvur qilish mumkin bo‘lmaganidek, insonning iqboli va yurt istiqbolini ham ta’lim-tarbiya va ma’naviyat-ma’rifatsiz tushunish, idrok etish mushkul.
Allomalarimizning e’tirof etishlaricha, mulk sohibi bo‘lishdan ko‘ra, ko‘ngil sohibi bo‘lish sharofati haqida mumtoz adabiy merosimizda ibratomiz fikrlar bisyor. Inson dilini ovlash, unga mehr berish, samimiy tilaklar izhor etish ilinji sharq adabiyotida juda sharaflanib, ta’riflangan. Sababi, dunyoda bir ilm borki, bu adabiyotning bosh mavzusi bo‘lib kelgan. Bu insonshunoslikdir. Ushbu ilmning ibtidosi esa inson diliga yo‘l izlashdir. Ilmu fan ham, ma’naviy madaniyat va san’at ham shu haqda bosh qotirib kelgan. Bu esa komil inson konsepsiyasidir.
Inson qalbiga yo‘l topilmasa, barcha sohalarning rivoji, jamiyat taraqqiyoti haqidagi so‘z puchga aylanadi. Insonning ongu shuuri, qalbigina ulug‘ va qutlug‘ ishlarga qodirdir. Bu qalbda dunyoqarash va tafakkur qudrati bor. Tafakkur va ongning yuksakligiga erishmasdan turib oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizning ro‘yobini tasavvur etish mushkul.
“Inson xushfe’l, kamsuqum, xokisor, oliyhimmat, muloyim, beozor bo‘lsa, ko‘pchilikning e’tirofu e’tiboriga tushadi. Chunki, e’tirof e’tiborga, e’tibor ehtiromga, ehtirom esa e’zozga eshik, ezgulikka beshikdir. Odamzotinng kimligini, ma’naviyatini atrofdagilariga bo‘lgan munosabatidan anglab olish qiyin emas. Chunki, muomala inson xulq-atvorining ziynatidir. Kishi xulqi bilan nazarga ham, hazarga ham duchor bo‘lishi hech gap emas”.
Dunyo go‘zallik qonuniyatlariga binoan qurilarkan, demak, insonning xulqi va nutqi ham, ko‘rinishi va kiyinishi ham, munosabati va muloqoti ham go‘zal bo‘lishi maqsadga muvofiq. Xalqimizning “O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar” — degan o‘giti bejiz emas. “Til yarasi bitmas, tig‘ yarasi bitar” — deganida ham inson uchun zarur bo‘lgan muomala jarayoniga e’tibor zaruriyatini sezish qiyin emas.
“Qalbga yo‘l ma’rifatdan boshlanadi. Ma’naviyatli inson kimga, nima haqda, qachon, qayerda, qanday qilib va qancha aytishni biladi va amal qiladi, shu asnoda obro‘ qozonadi, e’tiborga tushadi. Bir so‘z va bir xatti-harakat e’tirofga yoxud e’tirozga, nazarga yoxud hazarga, yaxshilikka yoxud vahshiylikka sababkor qilishi hech gap emas. Shundagina voizning o‘zi ham, so‘zi ham joiz bo‘ladi, suhbatdoshi qalbida iz qoldiradi. Ma’rifatli inson madaniyatli ayni damda ma’naviyatlidir. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash ma’naviyatdandir. Johil kishi so‘zning qiymatini va o‘zining qadrini bilmagani uchun xushmuomalada bo‘lolmaydi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va olishish uchun esa bilim, tafakkur, yuksak darajadagi xulqiy va nutqiy madaniyat zarur;”
“Gʻurbat izlaganga–g‘urbat bu dunyo,
Illat izlaganga–illat bu dunyo,
Kim neni izlasa, topar begumon,
Hikmat izlaganga–hikmat bu dunyo” – deb yozadi shoir Sadriddin Salim Buxoriy.
Ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida odamzot tabiatidagi maqbul va nomaqbul xislatlarni qayd eta turib, insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytarguvchi ilm bu axloq ekanini ta’kidlaydi. “Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko‘z ila bor narsalarni ko‘rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo‘ladur. Ammo nafsning surati ko‘zga ko‘rinmaydurgan, aql ila o‘lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmak kabidur.
Ma’rifatli, ma’naviyati yuksak bo‘lgan o‘qituvchilar muomala madaniyati ko‘pchilikka ibrat bo‘la oladi. Bunday toifadagi o‘qituvchilarni o‘quvchilar jon- dilidan yaxshi ko‘rib, bergan topshiriqlarini bekamu-ko‘st bajaradilar. Xushmuomalalik, xushfe’llik, beozorlik, muloyimlik, hayo-ibolilik har doim ham ularning husniga husn, obro‘siga obro‘ qo‘shgan. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida “Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q” – deya bejiz ta’kidlamagan. Beandishalilik, befahmlik, befarosatlik esa kishini aqldan, hayodan judo qiladi. Sharq odobnomasida qayerga borish, qanday so‘rashish, qayerda o‘tirish, qanday so‘zlash, kimlarning suhbatida bo‘lish muomala madaniyatining mezonlari sifatida ko‘p bor tilga olingan. Sa’diy Sheroziy “Shirin so‘zli shilgay dushman po‘stini, dag‘al so‘zli dushman qilgay do‘stini” — deya o‘rinli ta’kidlagan.
Bugungi Yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlarini uchinchi renesans poydevorini yaratishga qodir raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlash muammosi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilariga mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi.
Oliy pedagogik ta’lim muassasalarida tarbiyaga oid fanlarni o‘qitish jarayonida talabalarga xushmuomalalilikni, inson qalbiga yo‘l topish tilsimlarini o‘rgatish zarurati mavjudligini unutmaslik kerak. O‘zaro do‘stona munosabatlar, shirinsuxanlik, dilkashlik orqali har doim ham sodir bo‘ladigan pedagogik konfliktlarni oldini olish imkoniyati paydo bo‘ladi. O‘quv jarayonida pedagogik nizolarning oldi olinishi talabalarining nafaqat ta’lim samaradorligini ta’minlaydi, balki muomala madaniyatlarini takomillashishiga ham xizmat qiladi.
Ma’lumki, konfliktlar inson hayotining ajralmas tarkibiy qismi sifatida e’tirof etiladi. Bo‘lajak o‘qituvchilarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan pedagogik konfliktlarni profilaktika qilish, korreksiyalash va bartaraf etish ko‘nikmalarini shakllantirib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Chirchiq davlat pedagogika instituti “Pedagogika va menejment” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlar diqqatga sazavordir. “Pedagogika va psixologiya” hamda “Ta’lim muassasasini boshqarish” yo‘nalishidagi ikkinchi va uchinchi kurs talabalari bilan bevosita o‘quv jarayonida o‘zaro hamkorlik asosida dual darslarni tashkil etish orqali sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini olish ko‘nikmalari shakllantirib borilmoqda.Talabalar passiv ravishda tayyor bilimlarni o‘zlashtiruvchi sub’yekt sifatida emas, balki mustaqil ravishda fikrlab, ilm izlash sirlaridan voqif bo‘lish, mulohaza yuritish va xulosa qilish kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdalar. Yangi zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni olib borish o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda har bir mutaxassis o'z kasbini mukamal darajada bilishi va seva olishi lozimdir. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda institut auditoriyalarida tahsil olayotgan talabalar – Yangi O‘zbekistonning bo‘lajak o‘qituvchilari mashg‘ulotlarda egallagan bilim, ko‘nikma va malakalari orqali o‘quvchi-yoshlarni barkamol insonlar qilib tarbiyalashdyek jamiyat buyurtmasini muvaffaqiyatli hal eta olishlariga ishonamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar:
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi. // www.ziyonet.uz.
Umarova Z. Boshlang‘ich ta’limda konfliktologiya. Darslik. – Toshkent, 2023.
Основы творческой педагогики. // www.pedagog.ru.
To’ychieva G.U., Asadova E. Yoshlar va konfliktlar yechimi. Manual.T.2003.
To’ychieva G.U. Yoshlar va konfliktlar yechimiga o’rganish. T.2008.
|
| |