|
Adabiyotlar tahlili va metodologiya
|
bet | 2/6 | Sana | 19.12.2023 | Hajmi | 35,63 Kb. | | #123215 |
Bog'liq мотив хакида Adabiyotlar tahlili va metodologiya. Bugungi kunda ta’lim sohasiga qobiliyatli, voqeiylikni oldindan ko‘ra oladigan, to‘g‘ri qaror qabul qilish mahoratiga ega, o‘z-o‘zini rivojlantirish va o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, oqil va barkamol insonni tarbiyalash muammosi qo‘yilmoqda. Buning uchun esa, albatta, o‘quvchi yoshlarga motivlarni to‘g‘ri berishimiz kerak.
Pedagog olimlar tomonidan olib borilgan qator didaktik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ta’lim jarayoni samaradorligini oshiradigan o‘qitish omillari ichida o‘quv-biluv faoliyatiga motivlashtirish omili birinchi o‘rinda turar ekan, ya’ni ta’lim samaradorligi 92% o‘quv-biluv faoliyatini motivlashtirishga bog‘liq ekan. Inson tabiatini ozgina bo‘lsada tushunadigan kishi buning bejiz emasligini e’tirof etadi. Motivlar didaktik jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.
Faoliyat motivlari deganda o‘quv faolligi namoyon bo‘lishiga sabab bo‘luvchi barcha omillar: ehtiyojlar, maqsadlar, ustanovkalar, burch hissi, qiziqishlar va boshqalar tushuniladi.
Motiv va motivatsiya bilan bog‘liq muammolar xorij pedagog va psixologlari tomonidan ko‘plab tajribalar o‘tkazilgan holda o‘rganilgan. Amaliy natijalarga ham erishilgan. Masalan, E.Torndayk, Z.Freyd, S.Tompson, G.Rozenfeld, G.Xannikatt, R. Vudvords, J.Bruner, E.Keyron tadqiqotlarida yuqoridagi fikrlarimiz o‘z ifodasini topdi.
G.Rozenfeld o‘qish motivatsiyasi xarakterining shakllanishida quyidagi omillarni ko‘rsatib o‘tgan.
Ta’lim olish uchun o‘qish.
Ma’lum qiziqishlarsiz shunchaki o‘qish.
Ijtimoiy identifikatsiya uchun o‘qish.
Muvaffaqqiyatga erishish yoki muvaffaqqiyatsizlikdan qochish uchun o‘qish.
Majburlab yoki qo‘rqqanidan o‘qish.
Umum qabul qilingan me’yorlarga yoki axloqiy majburiyatlarga asoslangan o‘qish.
Hayotda maqsadga erishish uchun ta’lim olish.
Ijtimoiy maqsadlarga, talablarga va qadriyatlarga asoslangan ta’lim.
J.Bruner ham o‘qish motivlari masalasiga boshqacharoq yondashadi. U o‘zining “O‘quv jarayoni” nomli kitobida o‘quvchining real, yetarli darajada uzoq davom etadigan o‘qish jarayonida vujudga keladigan muammolarini amaliy va nazariy tomonlarini e’tirof etgan[2].
J.Bruner faqat o‘qishni motivatsiyalash, ya’ni har doim ham o‘qish jarayoniga undovchi, anglangan omillar haqidagina emas, shu bilan birga, o‘quvchining motivlari haqida ham fikr yuritadi. Garchi uning fikrlari umumiy xarakterda bo‘lsa ham, ulardagi ayrim yo‘nalishlar diqqatga sazovordir. Bu birinchi navbatda, o‘qish jarayonida bilish xarakteridagi motivlarning ahamiyati va yangi narsani bilishdan paydo bo‘ladigan ichki qanoat hissi, himoya masalalarining qo‘yilishidir. Shuni e’tirof etish kerakki, ushbu ichki qanoat hissi keyinchalik bilim olishga yo‘naltirilgan ijobiy motivatsiya bilan uyg‘unlashib ketadi.
Murakkab o‘quv materialini o‘zlashtirishda ichki motivning moyillik uyg‘otuvchi kuch sifatidagi ahamiyati katta, deydi J.Bruner. Masalan, mavzu o‘rganilishi jihatidan qanchalik keng bo‘lsa, o‘quvchi shunchalik ko‘p aqliy “rag‘batlantirish” (materialni tushunish va o‘z imkoniyatlari doirasini kengaytirish ma’nosida) olishi kerak, ana shunda u keyingi mavzuni yetarlicha qiziqish bilan o‘rganishga kirishadi. U rag‘batlantirish yoki jazolash borasida o‘quv jarayonining shakllarini va ularning o‘ziga xos xarakterli tomonlarini o‘rganadi. Olimning xulosasidan shu fikr kelib chiqadiki, o‘quvchilarni o‘qishga majbur qiluvchi o‘qish motivlari o‘qish faoliyatidan tashqarida bo‘lgan motivlar bilan belgilanadi. Bu paytda ta’lim jarayonidan o‘qish faoliyatiga nisbatan moyillik motivlari rolini doimo oshirib borish talab etiladi.
T.O.Solomanidinaning ta’kidicha, kasbiy faoliyatda motivlari kuchini oshirish psixologik shart-sharoitlari nafaqat o‘quv jarayoni bilan balki, shaxsni ijtimoiy. siyosiy, huquqiy, g‘oyaviy, milliy ruhda tarbiyalash orqali ham amalga oshiriladi[3].
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari motivlari sohasini o‘rganishga oid anchagina ilmiy tadqiqot ishlari pedagog olimlar tomonidan olib borilishiga qaramay, motivlar sohasining muammolari hali ham yetarli darajada o‘rganilmaganligi sezilmoqda.
Keyingi yillarda o‘zbek pedagog olimlari tomonidan ham o‘quvchilar o‘quv-biluv faoliyatini tadqiq etishga oid qator keng qamrovli didaktik tadqiqotlar olib borildi. Shunday ishlar qatoriga O.Roziqov, K.Zaripov, N.Ortiqov, B.Adizov, R.Safarova, R.Asadova, U.Musayev, H.Nazarova, G.Najmiddinova, A.Hamroyev kabi olimlarning izlanishlarini kiritish mumkin. Garchand, bu ishlarda motivlarning turli qirralari yoritilgan bo‘lsada, ularda o‘quv-biluv faoliyatini motivlashtirishning ayrim masalalari bayon qilingan, xolos.
Xususan, R.Safarova o‘quvchilarning amaliy faoliyati til materiallarini o‘zlashtirish ehtiyojiga ko‘ra boshqarilishi zarurligi xususida fikr yuritgan. U o‘quvchilarning qiziqishi, faolligi oshirilgan sari amaliy faoliyati ham rivojlana borishini ta’kidlagan[4].
K.Zaripov esa o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimida o‘quvchilarning bilish faoliyatini boshqarish komponentlarini ajratib ko‘rsatadi[5].
N.Ortiqov o‘quvchilar faoliyatida qiziqish, intilish, maqsad, ishonch kabi qator xarakterli xususiyatlarni ajratadi. Bular faoliyatning mahsuldorligi va yo‘nalishini belgilaydi[6].
O.Roziqov o‘quv topshiriqlarida mazmun, maqsad, vazifa, usulni ularning invariantlari sifatida ajratgan. U o‘quv topshiriqlari invariantlarini o‘quvchilarning o‘quv-biluv faoliyatini tashkil etish, boshqarish vositasi sifatida asoslagan edi[7].
B.Adizov boshlang‘ich ta’limni ijodiy tashkil etish orqali, A.Hamroev esa boshlang‘ich sinf ona tili ta’limi sharoitida o‘quvchilarning o‘quv-biluv faoliyatini kuzatib, uni an’anaviy ta’lim metodikasidan farqli o‘laroq, ijodiy tashkil etish natijasida o‘quvchilarning o‘quv-biluv faoliyatiga rag‘bati, layoqati va qiziqishi oshirilishi mumkinligini asoslab beradilar.
G.Najmiddinova tadqiqotlarida o‘quvchilarning o‘quv-biluv faoliyatini shakllantirish masalalariga alohida yondashilib, o‘quv materiali va uning ustida ishlash orqali o‘quvchilarda o‘quv-biluv faoliyatini motivlashtirish mumkinligi asoslab beriladi[8].
O‘quv-biluv faoliyatiga oid psixologik tadqiqotlar ilmiy izlanishlarning katta qismini tashkil etadi. L.S.Vigotskiy inson faoliyati va psixikasi – ruhiyatining uzviy bog‘liqligi tamoyilini asoslagan edi: psixika faoliyatsiz, faoliyat psixikasiz amal qilmaydi. L.S.Vigotskiyning qarashlarini S.L.Rubinshteyn o‘z tadqiqotlarida yanada rivojlantirdi. S.L.Rubinshteynning ta’kidlashicha, hissiyotlar faoliyat dinamikasi, sur’ati va tonusini belgilaydi. Shuning uchun ham har bir yosh davri uchun xos bo‘lgan motivlar sohasining belgilangan rivojlanish qonuniyatlari ta’limning yangi dasturlarini ishlab chiqish hamda unda maxsus vazifalarni belgilash orqali o‘quv-biluv motivlarini faollashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi[9].
A.N.Leontev esa motivlar insonga faoliyati uchun, shuningdek, o‘quv faoliyati uchun ham turtki bo‘ladi va uni yo‘naltiradi deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha, faoliyat – bu subektning borliqqa faol munosabatidir. Motiv va maqsadning bir-biriga mos kelishi faoliyatning eng muhim xususiyatidir[10].
|
| |