13
1.2. SHaxslararo munosabatlarda muloqotning ahamiyati
Muloqot odamlar amalga oshiradigan faoliyatlar ichida yetakchi oʻrinni
egallab, u insondagi eng muhim ehtiyojni — jamiyatda yashash va oʻzini shaxs deb
hisoblash bilan bogʻliq ehtiyojini qondiradi. SHuning uchun ham uning har bir
inson uchun ahamiyati kattadir.
Muloqot - odamlarning birgalikdagi faoliyatlari ehtiyojlaridan kelib
chiqadigan turli faolliklari mobaynida bir-birlari bilan oʻzaro munosabatlarga
kirishish jarayonidir. Yahni, har bir shaxsning jamiyatda bajaradigan faoliyatlari
(mehnat, oʻqish, oʻyin, ijod qilish va boshqalar) oʻzaro munosabat va oʻzaro tahsir
shakllarini oʻz ichiga oladi. CHunki har qanday ish odamlarning bir-birlari bilan til
topishishni, bir-birlariga turli xil mahlumotlarni uzatishni, fikrlar almashinuvi kabi
murakkab hamkorlikni talab qiladi. SHuning uchun ham har bir shaxsning
jamiyatda tutgan oʻrni, ishlarining muvaffaqiyati, obroʻsi uning muloqotga kirisha
olish qobiliyati bilan bevosita bogʻliqdir.
Bir qarashda osongina tuyulgan shaxslararo muloqot aslida juda murakkab
jarayon boʻlib, unga odam hayoti mobaynida oʻrganib boradi. Muloqotning
psixologik jihatdan murakkab ekanligi haqida B.F.Parigin shunday yozadi:
«Muloqot shunchalik koʻp qirrali jarayonki, unga bir vaqtning oʻzida quyidagilar
kiradi:
a) individlarning oʻzaro tahsir jarayoni;
b) individlar oʻrtasidagi axborot almashinuvi jarayoni;
v) bir shaxsning boshqa shaxsga munosabati jarayoni;
g) bir kishining boshqalarga tahsir koʻrsatish jarayoni;
d) bir-birlariga hamdardlik bildirish imkoniyati;
e) shaxslarning bir-birlarini tushunishi jarayoni».
Aslida har bir insonning ijtimoiy tajribasi, uning insoniy qiyofasi, fazilatlari,
xattoki, nuqsonlari ham muloqot jarayonlarining mahsulidir. Jamiyatdan ajralgan,
muloqotda boʻlish imkoniyatidan mahrum boʻlgan odam oʻzida individ sifatlarini
14
saqlab qolishi mumkin, lekin u shaxs boʻlolmaydi. SHuning uchun muloqotning
shaxs taraqqiyotidagi ahamiyatini tasavvur qilish uchun uning funkqiyalarini tahlil
qilamiz.
Har qanday muloqotning eng elementar funktsiyasi - suhbatdoshlarning
oʻzaro bir - birini tushunishlarini tahminlashdir. Bu oʻzbeklarda samimiy salom -
alik, ochiq yuz bilan kutib olishdan boshlanadi. Oʻzbek xalqining eng nodir va
buyuk hislatlaridan biri ham shuki, uyiga birov kirib kelsa, albatta ochiq yuz bilan
kutib oladi, koʻrishadi, soʻrashadi, xol - ahvol soʻraydi. SHunisi xarakterliki,
tahziyaga borgan chogʻda ham ana shunday samimiyatli qabulni his qilamiz.
Uning ikkinchi muhim funktsiyasi ijtimoiy tajribaga asos solishdir. Odam
bolasi faqat odamlar davrasida ijtimoiylashadi, oʻziga zarur insoniy xususiyatlarni
shakllantiradi. Odam bolasining yirtqich hayvonlar tomonidan oʻgʻrilanib ketilishi,
soʻng mahlum muddatdan keyin yana odamlar orasida paydo boʻlishi faktlari shuni
koʻrsatganki, «mauglilar» biologik mavjudot sifatida rivojlanaveradi, lekin
ijtimoiylashuvda ortda qolib ketadi. Bundan tashqari, bunday xolat boladagi bilish
qobiliyatlarini ham cheklashi koʻplab psixologik eksperimentlarda oʻz isbotini
topdi.
Muloqotning yana bir muhim vazifasi - u odamni u yoki bu faoliyatga
hozirlaydi, ruhlantiradi. Odamlar guruhidan uzoqlashgan, ular nazaridan qolgan
odamning qoʻli ishga ham bormaydi, borsa ham jamiyatga emas, balki faqat
oʻzigagina manfaat keltiradigan ishlarni qilishi mumkin. Masalan, koʻplab
tadqiqotlarda izolyatsiya, yahni odamni yolgʻizlatib qoʻyishning uning ruhiyatiga
tahsiri oʻrganilgan. Masalan, uzoq vaqt termokamerada boʻlgan odamda idrok,
tafakkur, xotira, hissiy xolatlarning buzilishi qayd etilgan. Lekin ataylab emas,
taqdir taqozosi bilan yolgʻizlikka mahkum etilgan odamlarning maqsadli
faoliyatlar bilan oʻzlarini band etishlari u qadar katta salbiy oʻzgarishlarga olib
kelmasligini ham olimlar oʻrganishgan. Lekin baribir har qanday yolgʻizlik va
muloqotning yetishmasligi odamda muvozanatsizlik, hissiyotga beriluvchanlik,
xadiksirash, xavotirlanish, oʻziga ishonchsizlik, qaygʻu, tashvish hislarini keltirib
chiqaradi. SHunisi qiziqki, yolgʻizlikka mahkum boʻlganlar mahlum vaqt oʻtgach
15
ovoz chiqarib, gapira boshlasharkan. Bu avval biror koʻrgan yoki his qilayotgan
narsasi xususidagi gaplar boʻlsa, keyinchalik nimagadir qarab gapiraverish
ehtiyoji paydo boʻlar ekan. Masalan, bir M.Sifr degan olim ilmiy maqsadlarini
amalga oshirish uchun 63 kun gʻor ichida yashagan ekan. Uning keyinchalik
yozishicha, bir necha kun oʻtgach, u turgan yerda bir oʻrgimchakni ushlab oladi va
u bilan dialog boshlanadi. «Biz, deb yozadi u shu hayotsiz gʻor ichidagi tanho tirik
mavjudotlar edik. Men oʻrgimchak bilan gaplasha boshladim, uning taqdiri uchun
qaygʻura boshladim...»
SHaxsning muloqotga boʻlgan ehtiyojining toʻla qondirilishi uning ish
faoliyatiga ham tahsir koʻrsatadi. Odamlar, ularning borligi, shu muhitda oʻzaro
gaplashish imkoniyatining mavjudligi fakti koʻpincha odamni ishlash qobiliyatini
ham oshirarkan, ayniqsa, gaplashib oʻtirib qilinadigan ishlar, birgalikda yonma -
yon turib bajariladigan operatsiyalarda odamlar oʻz oldida turgan hamkasbiga
qarab koʻproq, tezroq ishlashga kuch va qoʻshimcha iroda topadi. Toʻgʻri, bu
hamkorlikda oʻsha yonidagi odam unga yoqsa, ular oʻrtasida oʻzaro simpatiya hissi
boʻlsa, unda odam ishga «bayramga kelganday» keladigan boʻlib qoladi. SHuning
uchun ham amerikalik sotsiolog hamda psixolog Jon Moreno asrimiz boshidayoq
ana shu omilning unumdorlikka bevosita tahsirini oʻrganib, sotsiometrik
texnologiyani, yahni soʻrovnoma asosida bir - birini yoqtirgan va bir - birini inkor
qiluvchilarni aniqlagan va sotsiometriya metodikasiga asos solgan edi.
SHunday qilib, muloqot odamlarning jamiyatda oʻzaro hamkorlikdagi
faoliyatlarining ichki psixologik mexanizmini tashkil etadi. Qolaversa, hozirgi
yangi demokratik munosabatlar sharoitida turli ishlab chiqarish qarorlarini yakka
tartibda emas, balki kollegial - birgalikda chiqarish ehtiyoji paydo boʻlganligini
hisobga olsak, odamlarning muomala madaniyati va muloqat texnikasi mehnat
unumdorligi xamda samaradorlikning muhim omillaridandir.
|