|
Psixologiyaning tadqiqot metodlari va tarmoqlari
|
bet | 9/10 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 116,61 Kb. | | #111066 |
Bog'liq PSIXOLOGIYANING TADQIQOT METODLARIShakllantiruvchi (ta’limiy) tajriba – psixik jarayon, shaxs holati yoki sifatini tadqiq etish va shakllantirish metodi. Masalan, bolalarda ma’lum sinf masalalarini echa olish qobiliyatini shakllantirish. Sinaluvchilar tegishli masalalar bilan tanishtirilib, ularni echish tartibi tushuntiriladi. So‘ngra ularga zarur malaka va ko‘nikmalarni orttirishga ko‘mak beriladi. Tajriba yakunida olingan natijalar baholanadi.
Dala tajribasi o‘z xususiyati bilan laboratoriyadagi bilan o‘xshashdir, faqat u insonning real hayotidagi voqelikda o‘tkazilishi bilan farq qiladi. Masalan, oliy o‘quv yurtida ta’limning yangi dasturini kiritish bo‘yicha tajriba olib boriladi, buning ustiga, dastur o‘quv jarayoniga real tartibda kiritiladi. Tadqiqotchilarni tajriba natijasida talabalar bilimining yaxshilanashi yoki ularning avvalgidek saqlanib qolishi qiziqtiradi. Buning uchun ular tajribagacha va tajribadan so‘ng talabalar bilimini tekshiruvdan o‘tkazadilar va tajribaning samaradorligi yuzasidan xulosa yasaydilar.
Qayd etish tajribasi deb, vazifasi ma’lumotlarni oddiy ravishda qayd etish va ta’riflash, ya’ni, jarayonga tadqiqotchi tomonidan faol aralashuvsiz haqiqatda ro‘y beradigan voqelarni qayd etishdan iborat bo‘lgan tajribaga aytiladi. Qayd etish tajribasi tabiiy tajribadan vazifalarning real holati oddiy qayd etilishi va olingan natijalar o‘zaro tajribagacha va tajribadan so‘ng solishtirilmasligi bilan farq qiladi. Masalan, bolalarda xotiraning rivojlanish darajasini aniqlash. Sinaluvchilarga materialni eslab qolish va namoyish qilishga doir vazifalar qatori taklif etiladi. Ularni bajarish natijalariga ko‘ra, xotiraning rivojlanganlik darajasi aniqlanadi.
Assotsiativ tajriba – K.G. YUng, M. Vertgeymer va D. Klyayn tomonidan bir vaqtda taklif etilgan va shaxs motivatsiyasini tadqiq etishga mo‘ljallangan loyihalash metodi. Bu metodda sinaluvchiga rag‘bat so‘zlar to‘plamiga javoban miyaga kelgan so‘zlarni iloji boricha tez aytish taklif etiladi. Bunda yuzaga kelgan tasavvurlar rag‘bat-so‘z va sinaluvchining javobi o‘rtasidagi bir xil tasavvurlarning turi, qaytarilishi, vaqtiga ko‘ra qayd etiladi.
S.L. Rubinshteyn tajribaning to‘rt xil o‘ziga xos xususiyatiga ta’rif bergan edi. Birinchidan, tajribada kuzatuvchi vaziyatga faol aralasha olmaydigan kuzatishdan farqli ravishda tadqiqotchining o‘zi o‘rganayotgan hodisani yuzaga keltiradi. Ikkinchidan, tadqiqotchi o‘rganilayotgan jarayonning kechishi va ifodalanishi sharoitlarini o‘zgartirishi mumkin. Uchinchidan, tajribada o‘rganilayotgan jarayonni aniqlash uchun qonuniyatli aloqalarni o‘rnatish maqsadida, alohida sharoitlarni o‘zgarishli tarzda istisno qilish imkoni mavjud. Va, nihoyat, to‘rtinchidan, tadqiqotchi olingan ma’lumotlarning matematik qayta ishlanishini qo‘llagan holda sharoitlarning miqdoriy nisbatlarini ham o‘zgartirishi mumkin.
Keyingi yillarda psixologik tashhislash metodlari, test sinovlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.
Psixologiyaning ob’ektiv metodlariga, shuningdek, psixologik tashhislash, aniq shaxs, odamlar guruhi, u yoki bu psixik vazifaning holatlari, xususiyatlarini baholash yoki aniqlash maqsadida qo‘llaniladigan test sinovlari ham kiradi.
Test deb, bir xil shaklda tuzilgan, qisqa, vaqt bo‘yicha chegaralangan, miqdoriy kattalik bilan ifodalangan individual tafovutlarni o‘rnatish uchun mo‘ljallangan psixologik tashhislash sinoviga aytiladi. Testlar yordamida odamlarni o‘zaro bir-biri bilan solishtirgan holda o‘rganish, ular psixologiyasi va hulq-atvoriga baho berish mumkin. Test sinaluvchining o‘zini tutishini belgilovchi qat’iy qoida bo‘yicha sinaluvchilar bajarishi zarur bo‘lgan vazifalar to‘rlamidan iborat. Testlarning bajarilishi javoblarning to‘g‘riligi mezoni bo‘yicha baholanadi. To‘g‘ri bajarilgan vazifalar uchun ballar belgilab qo‘yilgan. Testning rag‘bat materiali barcha sinaluvchilar tomonidan bir xilda qabul qilinishi kerak.Testlar bir necha mezonlarga ko‘ra tasniflanadi. Maqsadga ko‘ra, tanlash, ajratish, tasniflash teslariga bo‘linadi. Mazmuniga ko‘ra,: a) umumiy qobiliyatlar uchun (intellektual va kreativ); b) maxsus qobiliyatlar: shaxs testlari, yutuqlarga erishish testlari, mezonli-yo‘naltirilgan testlarga ajratiladi. SHakliga ko‘ra testlar individual va guruhli bo‘lib, quyidagi turlarga bo‘linadi:
- verbal va noverbal (taqdim etilgan vazifalarning shakliga ko‘ra);
- blankli testlar («qalam va qog‘ozli») – sinaluvchiga taqdim etilish shakliga ko‘ra;
- asbobli testlar (maxsus asboblar yordamida);
- kompyuter testlari.
|
| |