|
Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishning hozirgi holati va istiqbollari
|
bet | 5/6 | Sana | 22.11.2023 | Hajmi | 32,01 Kb. | | #103654 |
Bog'liq Muqobil energiya manbalariXulosa va takliflar
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining dunyo miqyosida joriy qilinishi va foydalanilishi holati yuzasidan oʻtkazilgan tahlil koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekiston sharoitida hozirgi vaqtda muqobil energiya manbalarini keng koʻlamda rivojlantirishning maqsadga muvofiqligi hamda samaradorligi toʻgʻrisida aniq javob mavjud emas. Fikrimizcha, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni hisobga olgan holda Oʻzbekiston energetika tarmogʻini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish eng optimal va maqbul yechim hisoblanadi.
Uzoq muddatli strategiya quyidagi asosiy yoʻnalishlarni qamrab olishi zarur:
Energiya samaradorligi va energiya tejamkorligini oshirish. Barcha sohalarda, yaʼni elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilaridan tortib oxirgi isteʼmolchigacha energiya samaradorligini oshirish va energiya tejamkorligini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmas ekan, energetika sohasi uchun qilinayotgan barcha harakatlar va kapital qoʻyilmalar samara bermaydi va bekorga boʻladi, deb hisoblanadi.
Gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarishning asosiy manbayi sifatida foydalanish. Oʻzbekistonning hozirgi sharoitida, ishlab turgan issiqlik elektr stansiyalarini modernizatsiya qilish hamda qoʻshimcha 2-3 ta zamonaviy yangi elektr stansiyalarini ishga tushirish mamlakat energetika xavfsizligini taʼminlashning yetarli darajadagi samarali yechimi boʻladi.
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish. Oʻzbekistonning mavjud real imkoniyatlaridan (tabiiy-iqlim, moliyaviy-iqtisodiy, texnik-texnologik va inson resurslari) kelib chiqqan holda, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishda Bangladesh tajribasidan foydalanish eng samarali va maqbul yechim boʻladi, yaʼni aholini elektr energiyasi bilan taʼminotini davlat energetikasi tizimini chetlab oʻtgan holda peer to peer uslubida muqobil energiya taʼminotiga oʻtkazish. Buning natijasida, birinchidan, davlatning elektr energiyasi yetkazib beruvchi sifatidagi ishtirokiga barham beriladi, ikkinchidan, isteʼmolchilar intellektining (idrokining) oʻsishiga koʻmaklashiladi, uchinchidan, issiqlik elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining boʻshagan qismi sanoat sektori ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltiriladi.
Atom energiyasidan foydalanish. Istiqbolda atom energetikasi boʻyicha loyihani amalga oshirish zarur.
Elektr energiyasi bilan trans-chegaraviy savdo. Trans-chegaraviy hududlarni elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida qoʻshni mamlakatlar bilan energetika tizimi aloqalarini tiklash va mustahkamlash.
Energetikaning oqilona va samarali infrastrukturasini yaratish. Bularga energetika sohasi boʻyicha samarali ishlaydigan normativ-huquqiy bazani yaratish, elektr stansiyalari, yordamchi obyektlar va inshootlarning moddiy-texnika taʼminotini rivojlantirish, zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruv va hisob tizimlarini joriy qilish, malakali kadrlar salohiyatini tizimli ravishda tayyorlab borish kiradi.
Uglerod chiqindilarining tarqalishini kamaytirish. Texnologiya jarayonlarini takomillashtirish, atmosferaga uglerod chiqindilari tarqalishini kamaytirishning zamonaviy usullarini joriy etish, ekologik muvozanatni saqlash uchun xarajatlarni moliyalashtirish hajmlarini koʻpaytirish.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalarini joriy qilish va riavojlantirishning qonunchilik asoslari yaratilgan. 2019-yil may oyida Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kiritilgan (OʻRQ-539). 2019-yil avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda Oʻzbekiston sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish normalari koʻzda tutilgan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi imtiyoz va preferensiyalar qonunchilik asosida mustahkamlangan, shuningdek Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalarini joriy etish boʻyicha ustivor yoʻnalishlar va aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida mamlakatning energetika tarmogʻining joriy holati atroflicha tahlil qilingan. Yoqilgʻi-energetika tarmogʻining amaldagi quvvatlari energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojning taʼminlay olmayotganligi, mamlakat iqtisodiyotidagi energiya sarfi dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha yuqoriligi taʼkidlangan. Mamlakat boʻyicha ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi umumiy hajmining atigi 10 foizi asosan gidroelektrostansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushiga toʻgʻri kelayotganligiga alohida urgʻu berilgan. Qulay tabiiy-iqlimiy sharoitlarga qaramay, quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyatlari yetarli darajada foydalanilmayapti. Iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha energiya samaradorligini oshirish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish bilan birgalikda, hozirgi kundagi davlat siyosatining dolzarb yoʻnalishlaridan biri sifatida qayta tiklanuvchi manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishni keng koʻlamda rivojlantirish zarurligi taʼkidlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida koʻzda tutilgan ustivor yoʻnalishlarni amalga oshirish va Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalarini joriy qilish va rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalarning bajarilishini taʼminlash, qayta tiklanuvchi manbalar energiyasidan foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida, nazarimizda, amaldagi qonunchilik hujjatlariga ayrim qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilishi maqsad muvofiq boʻladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni 14 moddasi birinchi qismida quyidagilar koʻzda tutilgan: “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq boʻlgan) oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran oʻn yil muddatga ozod etiladi”. Bu yerda aniqlik zarur – qaysi ishlab chiqaruvchilar (yuridik shaxslar va (yoki) jismoniy shaxslar). “Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan yashash uchun moʻljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar egaligidagi mol-mulkka qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi solinmaydi.
Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan yashash uchun moʻljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga yer soligʻidan ozod etiladi”.
Nazarimizda, 14-moddaning mazkur bandlarida qayta tiklanuvchi manbalar elektr energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisida soʻz yuritilyapti. Agar yuridik shaxs, masalan, mehmonxona sifatida qayta tiklanuvchi manba elektr energiyasidan foydalanayotgan (ishlab chiqarmayapti) boʻlsa, unga imtiyoz beriladimi yoki yoʻqmi, ushbu masala ham ochiq qolmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, imtiyozlar va preferensiyalarni, maqomidan qatiy nazar, qayta tiklanuvchi manbalari elektr energiyasidan foydalanuvchiga (ham ishlab chiqaruvchi sifatida, ham isteʼmolchi sifatida) berilishi zarur hisoblaymiz, Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni 14 moddasining esa quyidagi tahrirda bayon qilinishini taklif qilamiz:
“14-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi imtiyozlar va preferensiyalar
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, maqomidan qatiy nazar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq boʻlgan) oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran oʻn yil muddatga ozod etiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, maqomidan qatiy nazar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt dan kam) oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran besh yil muddatga ozod etiladi.
Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchilar (maqomidan qatiy nazar) qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan eʼtiboran oʻzlariga tegishli boʻlgan mulk uchun mol-mulk soligʻidan va yer soligʻidan uch yil muddatga ozod qilinadilar.
Energiya yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan berilgan amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan imtiyozlarni berish uchun asos boʻladi”.
Oʻylaymizki, soliq imtiyozlaridan tashqari, davlat tomonidan jiddiy ravishda qoʻllab-quvvatlanishiga (maqsadli kreditlar, loyihalar uchun davlat tomonidan subsidiyalar ajratish, davlat-xususiy sherikchilik tizimini joriy etish) hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish afzalliklarini targʻib qilish boʻyicha kuchli reklama faoliyatiga muqobil energetikaning rivojlanishi uchun zaruriy ehtiyoj sifatida qaralishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida (2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli) ushbu chora-tadbirlar u yoki bu shaklda koʻzda tutilgan.
Muqobil energetikadan sanoat miqyosida foydalanish bilan birgalikda, qayta tiklanuvchi manbalar elektr energiyasidan individual foydalanishni rivojlantirish zarur, chunki bu davlat elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi maʼlum qismining individual foydalanuvchilaridan boʻshashiga hamda uni sanoat sektori hamda ijtimoiy soha ehtiyojlarini toʻlaroq qondirishga yoʻnaltirilishiga imkoniyat yaratadi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, Oʻzbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunida koʻzda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan tashqari, ikki asosiy toifaga boʻlgan holda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish yordamida rivojlantirish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning 1-toifasi – tadqiqotlar va ishlanmalar uchun mablagʻlar ajratish, sotuvni subsidiyalash, kichik foiz stavkalari asosida qarz va kreditlar berish, soliq imtiyozlari va boshqalar);
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning 2-toifasi – mukofotlar mexanizmini joriy qilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish.
Bu mexanizm shundan iborat boʻladiki, quyosh va shamol elektr qurilmalari egalari har bir kVt.soat elektr energiyasi uchun, yaʼni elektr energiyasini sotishdan olingan tushumga qoʻshimcha ravishda qatiy belgilangan mukofotlar beriladi.
Mukofot stavkasi qurilma turi, yaʼni foydalaniladigan energiya turi, qurilma quvvati va foydalanishga topshirish muddatiga bogʻliq boʻladi. Elektr energiyasini sotishdan olingan tushum va mukofot stavkasi oʻrtasidagi farq oxirgi isteʼmolchi narxiga qoʻshiladi, ragʻbatlantirish koʻrinishidagi ushbu qoʻshimcha kompensatsiya toʻlovlari – qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash instrumenti boʻlib hisoblanadi.
Muqobil elektr energetikasini rivojlantirish sohasida koʻzda tutilgan maqsadlarga erishish uchun, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli qarori 3-ilovasida koʻzda tutilgan barcha tashkilotlar, korxonalar va muasssalar tomonidan quyosh fotoelektrik stansiyalari va quyosh suv isitish qurilmalari bilan jihozlash ishlarining, istisnosiz tarzda, ustivor ravishda bajarilishiga erishish.
Bu muqobil energetikani rivojlantirish borasida taʼsirchan tashviqot hamda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga jiddiy turtki boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekistonda muqobil energetikani rivojlantirishni quyidagi bosqichlarga boʻlish mumkin:
birinchi bosqich – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli qarori 3-ilovasida koʻzda tutilgan tadbirlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash.
ikkinchi bosqich – davlat subsidiyasi va maqsadli kreditlash, shuningdek davlat-xususiy sherikchilikni joriy qilish yordamida, amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan uzib qoʻyilgan holda, uzoq aholi punktlarini va yakka infratuzilma obyektlarini, dacha uchastkalari, dam olish zonalari va boshqa shu kabilarni muqobil elektr energetikasi bilan qamrab olish;
uchinchi bosqich – shaharlar, poselkalar va aholining zich boʻlib yashaydigan boshqa aholi punktlaridagi koʻp qavatli uylar, xususiy maorif va maktabgacha tarbiya muassasalari tomlarida davlat subsidiyasi va davlat-xususiy sherikchilik instrumentlarini qoʻllagan holda fotoelektrik stansiyalar oʻrnatish;
toʻrtinchi bosqich – shahar va qishloq joylarida yakka holda joylashgan tarzda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik tuzilmalarini (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli qarori 3-ilovasida koʻzda tutilmagan marketlar, doʻkonlar, kafelar, boshqa savdo nuqtalari) qayta tiklanuvchi energiya manbalariga ommaviy tarzda oʻtkazish;
beshinchi bosqich – shaharlar va qishloqlardagi bir qavatli uylar (mahalla, qishloq va ovul), shu jumladan, xususiy issiqxonalar, fermalar, nonvoyxonalar va boshqa obyektlarni muqobil energetikaga oʻtkazish. Qishloq xoʻjaligidagi juda koʻp sonli irrigatsiya nasoslari hamda oliy taʼlim muassasalarini muqobil energetikaga oʻtkazish.
|
| |