|
Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishning hozirgi holati va istiqbollari
|
bet | 2/6 | Sana | 22.11.2023 | Hajmi | 32,01 Kb. | | #103654 |
Bog'liq Muqobil energiya manbalariQuyosh energetikasi.
Bugungi kunda gelioenergetika, yaʼni quyosh energiyasini generatsiya qilish qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning eng istiqbolli yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi, chunki mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, butun insoniyatni taʼminlash uchun 0,0125 foiz quyosh nuri, oʻsib borayotgan kelgusi ehtiyojni qondirish uchun esa 0,5 foiz quyosh energiyasi yetarli boʻladi. Mutaxassislar fikriga koʻra, quyosh energiyasi beqiyos salohiyatga ega boʻlib, uning hajmi yerdagi neft, koʻmir, gaz va boshqa resurslar jami zahiralaridan ancha koʻp hisoblanadi. Yer kurramizdagi insolyatsiya darajasini inobatga olgan holda, gelioenergetika muammoli tomonlarining hal qilinishiga toʻgʻri yondoshuv boʻlsa, elektr energiyasini ishlab chiqarishning anʼanaviy manbalaridan butunlay (yoki qisman) voz kechish uchun shart-sharoitlar yuzaga kelishi mumkin, bu bilan esa sayyoramizdagi tabiiy resurslar zahiralarini nafaqat tejash, balki ularni koʻpaytirishga ham imkoniyat yaratiladi. Insolyatsiya – sayyoramizning turli geografik nuqtalaridagi yer yuzini quyosh issiqligi bilan nurlanishi jarayoni boʻlib, bu koʻrsatkich yer sharining aniq bir joyida quyoshning faolligini bildiradi. Quyosh eng faol boʻlgan yer sharidagi hududlar bu – Saxroyi Kabir, Afrika janubi bir qismi, Avstraliyaning shimoliy qismi. Ayrim mutaxassislar fikriga koʻra, 9 million kvadrat kilometr hududda yastanib yotgan hamda yiliga har bir kvadrat maydonga 2000 dan 3000 kVtgacha quyosh energiyasini qabul qilayotgan Saxroyi Kabir bir yilda 22 milliard GVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish salohiyatiga egadir. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha xalqaro agentlik (IRENA) maʼlumotlariga koʻra, quyosh stansiyalarining jahon miqyosida oʻrnatilgan quvvatlari geometrik progressiya koʻrinishida muttasil oʻsib bormoqda. Agar ularning umumiy quvvatlari 2000-yilda 1,4 GVt (gigavatt) tashkil etgan boʻlsa, 2005-yilda esa – 5,3 GVt, 2010-yilda – 40,6 GVt, 2013-yilda – 138,9 GVt, 2015-yilda – 192,1 GVt, 2018-yilda – 514 GVt, 2019-yilda – 629 GVt, 2020-yilda – 771 GVt tashkil etdi. Agar 2010-yilda dunyo boʻyicha 34 yirik quyosh elektr stansiyalari loyihalari mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 100 dan ortiq stansiyani tashkil qilmoqda. Bugun dunyoning 40 ortiq mamlakati umumiy quvvatlari bir gigavattdan yuqori boʻlgan fotoelektrik tizimlarga egadir. Shuning bilan bir qatorda, quyosh energetikasining jadal rivojlanishi kontekstida boʻlajak salbiy oqibatlar ham koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, quyosh elektr stansiyalari rivojlanish uchun yaqin istiqbolda katta yer maydonlariga ehtiyoj sezmoqda, bu esa oʻz navbatida shu hududlar ekologiyasi, flora va faunasi uchun xavf tugʻdirishi muqarrar. Bundan tashqari, tadqiqotlar koʻrsatdiki, quyosh batareyalari tagidagi temperatura 5 gradusga past – bu qishloq xoʻjaligi rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Quyosh panellaridan foydalanish shuningdek, oʻrnatilgan quvvatlar birligiga nisbatan, atom elektr stansiyalaridan ham yuqori boʻlgan, zaharli chiqindilar paydo boʻlishiga olib keladi. Quyosh energetikasining boshqa sezilarli kamchiligi unumdorlik bilan bogʻliq boʻlib, u ishlab chiqarilgan energiyadan foydalanishdagi muammoga borib taqaladi. Quyosh stansiyalariga katta hajmdagi maydonlar zarurligi tufayli, ularda ishlab chiqarilgan mahsulotni katta shaharlar isteʼmolchilariga yetkazib berilishi mushkullashadi, bu oʻz navbatida ishlab chiqarilgan energiyaning yoʻqotilishiga olib keladi. Masalan, Xitoyda quyosh energiyasining oʻrtacha 30 foizi yetarli elektr uzatish infratuzilmasining yoʻqligi tufayli yoʻqotilmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga koʻra, maksimal qulay sharoitlardagi quyosh nuri oqimining zichligi bir kvadrat metrga 250 Vt tashkil qiladi. Zarur miqdordagi elektr energiyasini olish uchun quyosh kollektorlarini katta hududga – 130 ming kvadrat metr maydonga joylashtirishga toʻgʻri keladi. Elektr energetikasi sohasida milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida quyosh energetikasini rivojlantirish zaruriyati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kun tartibida ham turibdi. Oʻzbekistonda energetika sohasining ushbu tarmogʻini rivojlantirish istiqbollarini batafsil oʻrganish masalalariga sobiq sovet tuzumi davridan boshlab, yaʼni fundamental va amaliy tadqiqotlar asosida quyosh energiyasi tabiatini oʻrganish uchun Toshkentda fizika-texnika instituti hamda quyosh konsentratorlari yordamida ilmiy izlanishlar oʻtkazish uchun “Fizika-quyosh” instituti tashkil etilgan vaqtdan buyon yaqindan eʼtibor berib kelingan. Lekin Oʻzbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish istiqbollari yuzasidan izlanishlar olib borish maqsadida “Fizika-quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tarkibida maxsus boʻlinma “Geliopoligon” 2003-yilda tashkil qilindi. 2013-yilning noyabrida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Quyosh energiyasi boʻyicha Osiyo anjumani xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, mutaxassislarni Oʻzbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish istiqbollarini koʻrib chiqish hamda sherik-mamlakatlarda qoʻshma energetik loyihalarni amalga oshirish uchun toʻpladi. Shu davr mobaynida mamlakatimizda quyosh panellarining muhim komponentlari – kremniy, quyosh batareyalari, quyosh konsentratorlarini ishlab chiqaradigan korxonalarni tashkil qilish boʻyicha bir qator loyihalar amalga oshirildi. Xalqaro quyosh energiyasi institutining maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2014-2017-yillarda Namangan viloyati Pop tumanida fotoelektrik tajriba stansiyasi (quvvati 130 kVt), Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatida (112 kVt), Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti Maydanak observatoriyasida (27 kVt), Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida joylashgan Qandim gazni qayta ishlash kompleksida (1,2 MVt), Toshkent davlat texnika universiteti energetika fakultetida (20 kVt), Xalqaro quyosh energiyasi institutida (28 kVt) quyosh stansiyalari qurildi va ishga tushirildi. Yuqorida taʼkidlanganidek, har bir hududning salohiyati insolyatsiya (er yuzining quyosh issiqligi bilan nurlanishi jarayoni) koʻrsatkichi darajasi bilan belgilanadi. World Bank Group, Global Solar Atlas internet maʼlumotlariga koʻra, bu koʻrsatkich Oʻzbekistonning turli geografik nuqtalarida bir biridan farqlanadi (kamaygan holda): Oʻzbekiston janubi – Qashkadaryo va Surxondaryo viloyatlari shimoli-gʻarbiy hududlari (1); Zarafshon vohasi – Samarkand, Buxoro, Jizzax viloyatlari, Navoiy viloyati janubiy hududlari (2);
Oʻzbekiston shimoliy qismi – Qoraqalpogʻiston janubi, Xorazm viloyati, Navoiy viloyati shimoliy qismi (3); Fargʻona vodiysi – Andijon, Namangan i Fargʻona viloyatlari (4). «Solnechnaya radiatsiy. Tablitsa insolyatsii» sayti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning alohida aholi punktlari gorizontal yer yuzasiga tushadigan umumiy (toʻgʻridan-toʻgʻri va yoyilgan) quyosh radiatsiyasi MDj/kv.m (kvadrat metrga tushadigan quyosh radiatsiyasi birligi) haqiqiy bulutli sharoitda quyidagicha tashkil qiladi:
|
| |