|
Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishning hozirgi holati va istiqbollari
|
bet | 4/6 | Sana | 22.11.2023 | Hajmi | 32,01 Kb. | | #103654 |
Bog'liq Muqobil energiya manbalariShamol energetikasi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga koʻra, yer yuzidagi shamol energiyasi global salohiyati 1200 TVt tashkil qilib, uning zahiralari sayyoramizdagi barcha daryolar gidroenergiyasi zahiralaridan 100-marta koʻpdir. Shamol energetikasi 80 dan ortiq mamlakatlarda yaratilgan boʻlib, ularning uchdan bir qismi 1 GVt yuqori boʻlgan oʻrnatilgan shamol energetikasi quvvatlariga egadir. 2019-yil davomida oʻrnatilgan shamol generatorlarining oʻrnatilgan quvvatlari 600 GVtdan oshib ketdi. Bunda 2009-yildan buyon dunyo miqyosida oʻrnatilgan jami shamol generatorlarining umumiy quvvatlari AQSH, Xindiston, Xitoy, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida shamol energetikasining jadal rivojlanishi hisobiga yiliga oʻrtacha 38-40 GVt ortib bordi. Dunyoning bir qator mamlakatlarida, hisob-kitoblarga koʻra, shamol stansiyalari yordamida generatsiya qilinadigan elektr energiyasi ulushi anʼanaviy energetika tarmogʻi bilan real tarzda raqobat qilmoqda. Wind Europe maʼlumotlariga asosan, 2019-yilda Daniyada shamol generatorlari yordamida mamlakatda yalpi ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 48 foizi ishlab chiqarildi, ushbu koʻrsatkich Irlandiyada – 33 foiz, Portugaliyada – 27 foiz, Germaniyada – 26 foiz, Buyuk Britaniyada – 22 foiz, Ispaniyada – 21 foiz, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari boʻyicha oʻrta hisobda – 15 foizni tashkil etdi. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, shamol generatorlarining quvvati generator pichogʻining harakatlanishi uchun maydon kengligi va uning yerdan balandligiga bogʻliq boʻladi. Masalan, «Vestas» (Daniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 3MVt quvvatli turbinaning umumiy balandligi 115 metr, minoraning balandligi 70 metr i pichoqlar diametri 90 metrni tashkil etadi. Shamol generatori elektr tokini shamol tezligi sekundiga 3 metrga yetganda ishlab chiqarishni boshlaydi hamda sekundiga 25 metrdan oshganda toʻxtatadi. Shamol tezligi sekundiga 15 metrga yetganda maksimal ravishda elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shuningdek, tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, shamol tezligi ikki barobar oshganda, yaʼni sekundiga 5 metrdan sekundiga 10 metrga yetganda, shamol generatori quvvati 8-marta koʻpayadi. Shamol oqimlarining tezligi yuqori boʻlmagan hududlarda vertikal oʻq atrofida aylanadigan shamol generatorlarini (rotorli yoki karusel koʻrinishidagi) qoʻllash eng samarali konstruksiya hisoblanadi. Bunday shamol rejimida generatorlarning vertikal qurilmasi katta samara berishi mumkin. Bundan tashqari, vertikal koʻrinishdagi shamol generatorlarining yana bir ustunlik tomoni – ularning shovqinsizligi hamda 20-yil xizmat muddati davomida xizmat koʻrsatish zaruriyatining mavjud emasligidadir. 1 MVt quvvatli shamol generatori 20-yil xizmat muddati davomida taxminan 29 ming tonna koʻmir yoki 92 ming barrel neftni tejash imkonini beradi.Oʻzbekistonda sanoat miqyosida shamol energetik qurilmalaridan foydalanish borasida amaliy tajriba shakllangan. Masalan, 2010-yilda Toshkent viloyatining Chorvoq suv ombori yaqinida Koreyaning «Doojin Co» kompaniyasi tomonidan quvvati 170 kVt va qiymati $ 2 millionga teng boʻlgan dastlabki shamol energiyasi qurilmasi oʻrnatildi. Ikkinchi va Markaziy Osiyodagi eng yirik – 750 kVt quvvatga ega, shamol aylanasi 50 metrga va minora balandligi 65 metrga teng boʻlgan shamol energiyasi qurilmasi (Xitoy tomonidan ishlab chiqarilgan) 2012-yilda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani “Yubileyniy” poselkasida oʻrnatildi. Germaniyaning GEO-NET i INEC-GOPA kompaniyasi mutaxassislari tomonidan shamolning oʻrtacha yillik tezligi sekundiga 5,5 metr boʻlgan sharoitda sanoat miqyosida elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini aniqlash boʻyicha 2014-2015-yillarda oʻtkazilgan tadqiqot-izlanishlar koʻrsatdiki, Oʻzbekistonning shamol energetikasi boʻyicha texnik salohiyati 520 GVtdan ortiqdir, bu maʼlumot 2015-yil aprel oyida Toshkent shahrida shamol energetikasini rivojlantirishga bagʻishlangan milliy konferensiyada ochiqlandi. Oʻzbekistonning asosiy iqtisodiyot idorasi hisob-kitoblariga koʻra, “2030-yilgacha mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasiga muvofiq elektr energiyasi isteʼmoli ikki marta oshib – 105 milliard kVtga yetadi, bu esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish rivojlanishning bir yoʻnalishi emasligini, balki dolzarb zaruriyat ekanligini bildiradi”. Energetika sohasidagi taniqli mutaxassisning fikriga koʻra, “amalga oshirilgan hisob-kitoblar hayratga soladi: shamol energetikasi sohasi boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 17 ming kvadrat kilometrga joylashtiriladigan 520 ming MVt oʻrnatilgan quvvatlar yordamida yiliga 1,07 trillion kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilishi mumkin, bu faqat dastlabki taxminiy baho”. Germaniya mutaxassislari tomonidan shamol energetikasi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlarni ustivor darajada avvalo eng yuqori salohiyatga ega boʻlgan Navoiy viloyati va Qoraqalpogʻistonga hududlariga yoʻnaltirish zarur deb tavsiya berilgan. Mutaxassislar tomonidan Buxoro va Samarqand viloyatlari ham shamol energetikasini rivojlantirish boʻyicha salohiyatga ega hududlar sifatida tavsiya qilingan. Ushbu mutaxassislar fikriga koʻra, “anʼanaviy energetika jami ehtiyojni qondira olmaydi, bunda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi emas, balki elektr energiyasini isteʼmolchilarga yetkazib berish muammosi koʻzda tutilmoqda. 20-30 xonadon istiqomat qiladigan aholi punktlariga 50-yil davomida ham oʻzini oqlamaydigan koʻp kilometrli elektr uzatish liniyalarini tortish maqsadga muvofiq emas. Kichik aholi punktlari katta va keng maydonlarda toʻplangan boʻlib, ularga lokal energiya taʼminoti qurilmalarini oʻrnatib berish foydaliroq boʻladi – shamol va quyosh energiyasi manbalari bu yerlarda bemalol anʼanaviy elektr manbalari bilan raqobat qila oladi, chunki, birinchidan, ular yangilanib boradi, ikkinchidan, sarf-xarajat qilinmaydi, uchinchidan, energiyani transportirovka qilish shart emas”. Germaniya tadqiqotchilari xulosasiga koʻra, Oʻzbekiston sharoitida, texnikaviy jihatlarni inobatga olgan holda, 3 MVt quvvatli 100 metr diametrdagi rotorli shamol qurilmalaridan foydalanish eng optimal yechim hisoblanadi.
Birlashgan Arab Amirliklari «Masdar» kompaniyasi tomonidan 2021-yil aprel oyida Zarafshonda quvvati 500 MVt hamda loyihaviy qiymati $ 600 millionga teng boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish ishlari boshlandi. Mazkur elektr stansiyasini 2024-yil oxirida foydalanishga topshirish natijasida 500 ming uy xoʻjaliklarini taʼminlash uchun elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishiladi, yiliga 1,1 million tonna karbonat angidridning atmosferaga chiqarilishining oldi olinadi. Imzolangan kelishuvga binoan shamol elektr stansiyasi quvvatlari 500 MVt dan 1,5 GVt yetkaziladi, bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlarini uch marta oshirish imkoniyatini beradi. Kompaniyaning shuningdek, kelgusida Oʻzbekistonga shamol elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish maqsadli koʻrsatkichlarini 2030-yilga borib 3 GVt yetkazishda hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga 26 foiz elektr energiyasini ishlab chiqarishda yordam koʻrsatishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, 1 MVt shamol elektr qurilmalari quvvatini yaratish uchun sarflanadigan kapital qoʻyilmalar ulushi $1,5-2 millionni tashkil qilib, bu esa bugʻ-gaz qurilmalarini qurishga sarflanayotgan mablagʻlar bilan tengdir, shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan 1 kVt.soat elektr energiyasi tannarxi esa 3 sent va undan yuqori narxlarni tashkil qilmoqda.
|
| |