|
Soliqlarning funktsiyalari va vazifalari
|
bet | 6/7 | Sana | 17.06.2024 | Hajmi | 0,51 Mb. | | #264120 | Turi | Referat |
Bog'liq EcUGLE-MCDs-l7Mxas2Q8-isIX2jQ6ri3.Soliqlarning funktsiyalari va vazifalari.
Soliqlarning iqtisodiy mohiyati davlat bilan huquqiy va jismoniy shaxslar o’rtasida vujudga keluvchi ob’ektiv majburiy to’lovlarga asoslangan moliyaviy munosabatlar orqali xarakterlanadi. Bu moliyaviy munosabatlar maxsus ijtimoiy xarakterga ega bo’lib, milliy daromadning bir qismi bo’lgan pul mablag’larini davlat ixtiyoriga safarbar qilishga xizmat qiladi.
Soliqlarning mohiyati ularning bajaradigan funktsiyalaridan kelib chiqadi. Har bir iqtisodiy kategoriyaning o’z funktsiyasi mavjud. Soliq ham mustaqil kategoriya sifatida o’zi bajaradigan funktsiyalarga ega bo’lib, bu funktsiyalar soliq kategoriyasining amaldagi harakatini ifodalaydi. Funktsiya deganda, odatda kategoriyaning hayotda ko’p qaytariladigan, takrorlanadigan doimiy xarakatlarini tushunish lozim.
Soliqlarning funktsiyalari to’g’risida turli xil qarashlar mavjud. Sobiq sotsialistik mamlakatlar iqtisodchilari o’rtasida soliqlar ikki funktsiyani bajaradi, degan qarash keng tarqalgan edi. Bu ikki funktsiya sifatida fiskal va nazorat funktsiyalari tan olinardi. Ularning fikriga ko’ra eng asosiy funktsiya bu soliqlarning fiskal funktsiyasidir, chunki fiskal funktsiyasiz nazorat funktsiyasining mavjud bo’lishi mumkin emas.
G’arb iqtisodchilari ko’pchiligining nazariyalari angliyalik iqtisodchi J.M.Keynsning kontseptsiyasiga asoslanadi. Bu kontseptsiyaga ko’ra, soliqlar fiskal funktsiyasidan tashqari iqtisodiyotni tartibga solish, rag’batlantirish va daromadlarni boshqarish vositasi funktsiyalariga ega, soliqning bu funktsiyalari uni iqtisodiyotni tartibga solish va iqtisodiy barqaror o’sishni ta’minlash vositasi sifatida foydalanish zarurligidan kelib chiqadi.
Neokeynschilik yo’nalishi vakillari bo’lgan L.Xarrot, N.Kaldor, A.Xansen va P.Samuelsonlarning fikriga ko’ra, soliqlar iqtisodiyotni tartibga solish funktsiyasiga ega. Ular soliq stavkalarini o’zgartirish va turli imtiyozlar berish yo’li bilan bu funktsiyani bajarish mumkin deb hisoblaydilar.
Soliqlarning daromadlarni boshqarish funktsiyasi yuzaga kelishiga frantsuz iqtisodchisi E.De.Jirardenning nazariyasi asos bo’lgan. Bu nazariyaga ko’ra, soliqlar yordamida soliqqa tortishning progressiv shkalasini qo’llash yo’li bilan jamiyat a’zolari o’rtasidagi mulkiy tengsizlikka barham berish mumkin. Hozirgi kunda bu nazariyaning davomchilari bo’lib, amerikalik iqtisodchilar A. Ilersik, G. Koul, frantsuz iqtisodchilari M.Klyudo, J.Furaste hisoblanishadi. Ularning fikriga ko’ra, davlat soliqlardan va transfert to’lovlaridan foydalanish yo’li bilan jamiyat milliy daromadini kambag’allar foydasiga qayta taqsimlaydi. Bu nazariyalar soliqlarning daromadlarni tartibga solish funktsiyasi mavjud degan xulosa kelib chiqishiga sabab bo’ldi.
I.Malmiginning fikriga ko’ra, soliqlar uch funktsiyani bajaradi, ya’ni fiskal, taqsimlash va rag’batlantirish. Uning fikriga ko’ra birinchi funktsiya davlat daromadlari manbalarining tashkil topishi bilan bog’liq, ikkinchisi huquqiy va jismoniy shaxslarning daromadlarini taqsimlashni nazarda tutadi. Rag’batlantirish funktsiyasi turli imtiyozlar va engilliklar berish yo’li bilan amalga oshiriladi.7
O’z-o’zidan ko’rinib turibdiki, g’arb iqtisodiy adabiyotlaridagi daromadlarni boshqarish funktsiyasi I.Malmiginda taqsimlash funktsiyasi sifatida namoyon bo’lmoqda.
Soliqlarning funktsiyalari ularning mohiyatini amaliyotda harakat qilayotganligini ko’rsatadi. Shunday ekan, funktsiya doimo yashab, soliq mohiyatini ko’rsatib turishi zarur. Bugun paydo bo’lib ertaga yo’q bo’lib ketadigan holatlar soliq funktsiyasi bo’la olmaydi. Demak, funktsiya kategoriyasi doimiy, qat’iy takrorlanib turadigan voqelikni ifodalaydi. Shunday uslubiy yondashishdan kelib chiqib soliqlar funktsiyasini aniqlash kerak.
Soliqlarning funktsiyalari masalasida katta bahslashuvlar mavjud, lekin yagona bir fikrga kelingan emas. Ko’pchilik iqtisodchilar soliqlarga fiskal, boshqaruvchi, rag’batlantiruvchi, nazorat funktsiyalari xos deb ta’rif berishadi.
Fikrimizcha, soliqlarning quyidagi asosiy funktsiyalarini ajratib ko’rsatish maqsadga muvofiqdir:
1. Soliqning fiskal funktsiyasi.
2. Tartibga solish funktsiyasi.
3. Rag’batlantirish funktsiyasi
4. Soliqning nazorat funktsiyasi.
5. Soliqni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funktsiyasi.
1. Soliqlarning asosiy funktsiyasi - fiskal funktsiya hisoblanib (lotincha fiscus so’zidan olingan bo’lib, xazina degan ma’noni anglatadi), bu funktsiyaning mohiyati shundan iboratki, soliqlar yordamida davlatning moliya resurslari hosil qilinadi hamda davlat faoliyat ko’rsatishi uchun moddiy sharoit yaratiladi. Soliqlar orqali korxonalar va fuqarolar daromadining bir bo’lagini davlat apparati, mamlakat mudofaasi, noishlab chiqarish sohasining umuman o’z daromadlari manbaiga ega bo’lmagan qismini (ko’pgina madaniyat muassasalari, jumladan, kutubxonalar, arxivlar va boshqalar) yoki lozim darajada rivojlanishini ta’minlash uchun o’zining mablag’i etishmaydigan tarmoqlarni (fundamental opgan, teatrlar, muzeylar, ko’plab o’quv yurtlari va hokazo) saqlab turish maqsadida undirib olish yo’li bilan davlat byudjetining daromad qismini shakllantirish soliqlarni fiskal funktsiyasining eng muhim elementi hisoblanadi.
Ishlab chiqarishning rivojlanishi bilan fiskal funktsiyaning ahamiyati oshib boradi. Ishlab chiqarish ijtimoiy tusdaligining chuqurlashishi fan-texnika taraqqiyotining rivojlanish munosabati bilan asosan soliqlar hisobiga shakllantiriladigan moliyaviy resurslar oqimini ko’paytirishning real zarurati yuzaga keladi. Davlat iqtisodiy va ijtimoiy tadbirlarga ko’proq e’tibor bergan sari ko’p moliyaviy resurslarni sarflamoqda, lekin soliq tizimi o’zining fiskal funktsiyasi va vazifalarini bajarishi jarayonida ishlab chiqarish o’sishiga, jamg’arish jarayoniga halal bermasligi, ijtimoiy adolatni buzmasligi hamda xalq xo’jaligining umumiy tuzilmasida buzilishlar va chetga chiqishlar sodir bo’lishiga yo’l qo’ymasligi, bozor jarayoniga putur etkazmasligi kerak.
Soliqlarning ushbu funktsiyasi orqali hosil bo’ladigan pul resurslari davlat fondi (davlat byudjeti) orqali qayta taksimlanadi, ular ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga, ustuvor tarmoqlarni investitsiyalashga yo’naltiriladi.
Jahon amaliyotida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari va yuqori daromad oluvchi shaxslar uchun progressiv stavkalar belgilash ham qo’llanadi, ya’ni aholining kam daromad oladigan qismini ijtimoiy himoya qilish maqsadida daromadlarning bir qismi qayta taqsimlanadi. Bunday yondashuvlar soliqqa tortiladigan daromad aniqlanayotganida soliqqa tortilmaydigan minimum miqdoridagi daromad qo’shilmaydi, ayni paytda ortiqcha daromadlar soliqqa qonun xujjatlarda belgilangan stavkalar bo’yicha soliqqa tortiladi.
Ayrim soliq turlari ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda joylarda korxonalar faoliyatining iqtisodiy shart-sharoitlarini o’zgartirishga majbur etib, moliyaviy resurslarni makrodarajada qayta taqsimlashga olib keladi.
2. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida soliqlarning ikkinchi muhim funktsiyasi ularning iqtisodiyotdagi tartibga soluvchanlik roli hisoblanadi, ya’ni davlat soliqlar orqali tovarlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va sotishning iqtisodiy shart-sharoitini tartibga soladi va bu bilan xalq xo’jaligi tarmoqlarining iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun muayyan «soliq muhiti»ni yaratadi. Ushbu funktsiya orqali soliq tizimiga ta’sir ko’rsatadi, ya’ni muayyan tarmoqda ishlab chiqarish sur’atlarini rag’batlantiradi yoki jilovlab turadi, sarmoyaning bir tarmoqdan soliq muhiti eng ma’qul bo’lgan boshqa tarmoqqa qo’yilishini kuchaytiradi yoki pasaytiradi, shuningdek aholining to’lovga qobil talabini kengaytiradi yoki kamaytiradi.
Soliqlarning tartibga soluvchi sifatidagi funktsiyasining ahamiyati bozor sharoitida o’sib boradi, bu davrda tadbirkorlarni ma’muriy qaram qilish usullari yo’q bo’lib ketadi yoki juda oz holda qoladi, korxonalar faoliyatini farmoyishlar, ko’rsatmalar va buyruqlar yordamida idora qilish huquqiga ega bo’lgan «yuqori tashkilot» tushunchasining o’zi asta-sekin yo’qola boradi. Biroq iqtisodiy faollikni izga solib turish, uning rivojlanishini jamiyat uchun maqbul bo’lgan yo’nalishda rag’batlantirish zarurati saqlanib qoladi.
3. Rag’batlantirish funktsiyasi soliq tizimining eng muhim funktsiyalaridan biri bo’lib, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moddiy xom-ashyo resurslari, shuningdek moliyaviy va mehnat resurslari, jamg’arilgan mol-mulkdan samarali foydalanishga rag’batlantiruvchi ta’sir ko’rsatadi, ya’ni soliq yukini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moliyaviy ahvolni mustahkamlashga, shuningdek xorijiy investitsiyalar faoliyatini jonlantirishni rag’batlantiradi. Soliqlarning rag’batlantirish funktsiyasi orqali davlat xalq xo’jaligi taraqqiyotini rag’batlantiradi, bu bilan fiskal funktsiyani bajarish uchun bazani kengaytiradi, ishlab chiqarishni soliqlarning rag’batlantirish funktsiyasi orqali rag’batlantirib, davlat oqilona soliq siyosatini olib borish bilan soliq yukini kuchaytirmasdan xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning erkin faoliyat ko’rsatishi ta’minlanadi.
4. Soliqlarning nazorat funktsiyasi soliq to’lovchi tomonidan taqdim etilgan soliqqa tortish ob’ekti, soliqqa tortiladigan baza, imtiyozlar singari va tegishli soliq ko’rsatkichlarining hisob-kitoblarini taxliliy ishlarni amalga oshirishdek ancha murakkab jarayondan iborat. Soliq hisobi soliq idoralariga belgilangan soliq hisobi shakllari orqali soliq to’lovchilar o’zlarining soliq majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini yanada samarali nazorat qilish imkonini beradi.
5. Soliqlarni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funktsiyasi ham muhim ahamiyat kasb etib, bu funktsiya orqali xarajatlar hajmi va soliqlar davlatning qanday ijtimoiy-iqtisodiy funktsiyalarini bajarishga sarflanganligi to’g’risida axborot berib turilishi juda zarur. Shunday qilinsa, soliqlarning byudjetga tushishi to’liq, o’z vaqtida va oson kechadi.
Biz soliq funktsiyalarini qisqacha ko’rib chiqishimiz soliqlar moliya resurslarini tiklash, xo’jalik faoliyatini tartibga solish va daromadlarni ijtimoiy jihatdan ahamiyatli maqsadlar uchun qayta taqsimlash bo’yicha muhim vazifalarni bajaradi deb xulosa chiqarishimiz uchun imkon beradi.
Soliqlar bajaradigan vazifalar ko’pchilik mamlakatlarning soliq qonunchiligida umumiy o’xshashliklarga ega. Ana shunday an’anaviy soliq vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
1. Umumdavlat vazifalarini hal qilish uchun davlatga zaruriy moliyaviy resurslar ta’minlab berish. Soliqlarning fiskallik funktsiyasi ushbu vazifani hal qilish maqsadlariga xizmat qiladi. Bu vazifani hal qilish davlatning iqtisodiyotga qay darajada aralashuviga ko’p jihatdan bog’liq. Bu ko’rsatkich qanchalik yuqori bo’lsa, soliqlarning fiskallik funktsiyasi shunchalik faol bo’ladi. Ammo soliqlarning ushbu vazifasi faqat iqtisodiy jarayonlarni qamrab olmaydi, balki davlatning noishlab chiqarish xarajatlari ko’payishi ham davlatning ortiqcha moliyaviy resurslarga muhtojligini keltirib chiqaradi.
2. Mamlakat iqtisodiyotida qulay investitsiya muhitini yaratishga ko’maklashish. O’zbekiston Respublikasida soliqlarning ushbu vazifasini bajarishi o’ziga xos xususiyatlarga ega. Asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, hozirgi kunda sarmoyalarning asosiy qismi savdo va xizmatlar sohasiga yo’naltirilayotganligi tashvishli holdir. Buning asosiy sababi foyda normasining bu sohalarda kattaligidir. Soliqlar sarmoyalarni bevosita mahsulot ishlab chiqarish sohasiga yo’naltirishning qudratli vositasi bo’lishi kerak.
3. Aholining mehnat faolligini rag’batlantirish. Soliqlar deyarli barcha mamlakatlarda ushbu vazifani bajaradi. Chunki ular aholi daromadlarini tartibga solishning muhim vositasi hisoblanadi. Daromadlardan olinadigan soliq stavkalarining eng yuqori chegarasini sezilarli darajada pasaytirish ishchi kuchining taklifi bilan bog’liq salbiy oqibatlarning oldini olishi mumkin. 70-80 yillarda Shvetsiyada soliq stavkalarini aholi daromadlariga progressiv ravishda qo’llash malakali ishchilarning boshqa mamlakatlar tomon migratsiyasiga olib kelgan.
4. Iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish maqsadida daromadlarni taqsimlashning samaradorlik va adolat printsiplari o’rtasidagi muvofiqlikka erishish. Amaldagi soliqlarga barqarorlik va moslanuvchan soliq stavkalarining xosligi soliqlarning uzoq muddatli vazifalarini amalga oshirishga zamin yaratadi. Milliy va xorijiy investorlar kapital qo’yilmalarini amalga oshirar ekan, ular o’zlarining soliq majburiyatlarini aniq bilishi kerak. Soliq turlari va stavkalari barqaror va tez-tez o’zgarmaydigan bo’lishi kerak. Soliq tizimiga mustahkam ishonch bo’lgan taqdirda uzoq muddatli investitsiyalarning harakati oshib boradi.
Yuqorida aytib o’tganimizdek, soliqlarning byudjetga ijobiy ta’siridan tashqari, muhim iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sohasida ham ulardan faol foydalanish mumkin. Narx-navoning isloh qilinishi, tashqi savdoning erkinlashtirilishi, mehnat bozorining isloh qilinishi va hokazolar yangi paydo bo’lgan tijorat tuzilmalarini moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlash zaruratini yuzaga keltiradi. Bu vazifani soliq stavkalarini tabaqalashtirish yo’li orqali hal etish mumkin.
Shunday qilib, soliqlarning vazifalari ularni amalga oshirish muddatiga qarab, qisqa muddatli, o’rta va uzoq muddatli vazifalarga bo’linadi. Bu vazifalar mazmuniga ko’ra bir-biridan farq qiladi. Soliqlar nafaqat davlat byudjetining tushumlariga bo’lgan ehtiyojlarni qondirishga balki davlat daromadlarini byudjetning o’rta muddatli rejada hayotiyligini yaxshilash maqsadida moslashuvchanligini amalga oshirishga ham xizmat qilishi mumkin.
|
| |