|
Pedagogning professional pozitsiyasi. O‘qituvchining axloqiy fazilatlari
|
bet | 3/8 | Sana | 25.01.2024 | Hajmi | 96 Kb. | | #145957 |
Bog'liq PEDAGOGLIK KASBIGA QO\'YILADIGAN TALABLAR3. Pedagogning professional pozitsiyasi. O‘qituvchining axloqiy fazilatlari.
Pedagoglik kasbini tanlagan kishi avvalo sog‘lom bo‘lishi, so‘zlarni to‘g‘ri va yaxshi talaffuz qila olishi, bosiq va asablari joyida bo‘lishi, boshqalar bilan muomalada o‘zini to‘ta olishi zarur. Shuningdek, bolalarni yoqtirish, ular bilan ishlashga mayli borlik, xushmuomalalik, kuzatuvchanlik, keng fikrlay olish, tashkilotchilik, o‘ziga va boshqalarga nisbatan talabchanlik kabi shaxsiy sifatlar mavjudligi ham kishining pedagogik ishga yaroqliligini ko‘rsatadi.
Pedagogik faoliyatga tayyorgarlik ko‘rayotgan yoshlarda ana shunday professional xususiyatlar tarbiyalanishi va mavjud bo‘lishi lozim.
O‘qituvchi deyarli har kuni o‘quvchilar bilan uchrashadi, savol-javob qiladi, ularning yaxshi ishlarini ma’qullaydi, bilimini baholaydi, nojo‘ya xatti-harakatlari uchun tanbeh beradi. Albatta o‘qituvchining fikri, mulohazalarida nisbiylik, sub‘ektivlik alomatlari mavjud. U hammaga aynan birdek juda to‘g‘ri munosabatda bo‘la olmasligi mumkin, lekin u hamma o‘quvchilarga nisbatan xolis niyatli, yaxshilik qilishga intiluvchi, adolatli kishi bo‘lishi lozim.
O‘qituvchining muhim fazilati – kishilar bilan tez til topisha olishi, ko‘pchilikka aralasha bilish, ulfatijon, dilkashlik bo‘lib, bu unda muomala madaniyatining yuksakligini ifodalaydi. Chunki o‘qituvchiga hamisha odamlar bilan aloqa qilishga, ular bilan ishlashga to‘g‘ri keladi.
O‘qituvchi odobining mohiyati, asosiy mazmuni pedagogik faoliyat uchun muhim bo‘lgan axloqiy (fazilat) sifatlarda ifodalanadi. Axloqiy fazilatlar mehnat jarayonida kishining xulqi, fe‘l-atvorini tartibga solib turuvchi qoidalar, normalar, talablar, mezonlar shaklida ifodalanadi. Insonparvarlik, vatanparvarlik, milliy g‘urur, adolat, yaxshilik qilish, burch, qadr-qimmat, mas‘uliyat, vijdon, halollik, rostgo‘ylik, poklik, talabchanlik kabi axloqiy fazilatlar o‘qituvchi obro‘sini oshiradi va pedagogik faoliyatning samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Bolalarga yaxshilik qilish, o‘qituvchilik burchi, o‘qituvchilik sha’ni, qadr-qimmati, o‘qituvchilik mas‘uliyati, o‘qituvchilik vijdoni, talabchan va adolatli bo‘lish, o‘qituvchining ma’naviy qiyofasi, halolligi, pokligi, rostgo‘yligi kabilar o‘qituvchi axloqining muhim fazilatlari hisoblanadi. Ularni chuqur va puxta o‘zlashtirish bo‘lajak o‘qituvchi uchun kata amaliy ahamiyat kasb etadi.
Yaxshilik –ijobiy axloqiy fazilat bo‘lib, xulqiy sifatlarning majmuini, inson faoliyati yoki biror xatti-harakatiga ijobiy munosabatning yig‘indisini aks ettiradi. Yaxshilik qaror topishi uchun pedagogik jarayonda yomonlikka murosasiz bo‘lish, yaxshi istak bilan xushmuomala qilish, yaxshi qiliq, yaxshi xatti-harakatlarning birligi zarur.
Burchga sodiqlik har bir kishining odobi, axloqini ko‘rsatadi. Har bir ishda, har bir masalada muallim o‘z burchiga sodiq bo‘lishi zarur. O‘qituvchi yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish sohasidagi o‘z burchini zo‘rlik tufayli yuklatilgan majburiyat emas, balki o‘z hayotining ma’nosi, ishonch va vijdon da’vati deb hisoblaydi.
O‘qituvchining kasbiy-axloqiy fazilatlaridan biri talabchan va adolatli bo‘lishdir. Pedagogik faoliyatda adolat bo‘lish bolani o‘qituvchiga bo‘lgan ishonch-muhabbatiga olib keladi. Albatta, pedagogda vijdon bo‘lishi kerak. Pedagog hech qachon o‘z fikrini o‘quvchilarga majburan o‘rgatishiga va majburan javob olishga harakat qilmasligi kerak, aks holda o‘quvchi o‘qituvchi o‘rtasidagi munosabatlar keskinlasha boshlaydi.
Bilimdonlik, halollik, rostguylik – o‘qituvchining muhim axloqiy fazilati hisoblanadi. Bu fazilatlar insoniy munosabatlarni go‘zallashtiradi. O‘qituvchining ma’naviy boyligi, bilimdonligi xalq manfaatiga, yoshlarning baxti, istiqboli, kelajagiga qaratilishi, xizmat qilishi zarur. Muallimning bilimdon bo‘lishi, insoniyat yaratgan ma’naviy boyliklarni ko‘paytirishi va uni yoshlarga astoydil o‘rgatishi, o‘z ishidan qanoat hosil qilishi, o‘z kasbini, bolalarni dildan sevib, berilib ishlashi – bularning barchasi o‘quvchi shaxsining shaxsining shakllanishiga bebaho axloqiy ta’sir etadi. O‘qituvchining ma’naviy qiyofasida halollik, rostgo‘ylik, axloqiy poklik, oddiylik va kamtarinlik muhim fazilatlar hisoblanadi.
Pedagogik faoliyatning samaradorligi ham bevosita o‘qituvchining muomala odobiga bog‘liqdir. Muallim ta’lim-tarbiya ishlari jarayonida o‘quvchilar, kasbdoshlari, ota-onalar bilan muomalada bo‘ladi. Pedagogik jarayonda sodir bo‘ladigan muomala odobida muallimning axloqiy madaniyati, tarbiyalanganlik darajasi aks etadi.
Xullas, muallim hayotga endigina kirib kelayotgan, barkamol shaxs sifatida shakllanayotgan insonlar – yoshlarga ta’lim-tarbiya beradi, shu boisdan u axloqiy fazilatli mukammal inson bo‘lishi lozim.
|
| |