|
Tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan malakaviy talablar
|
bet | 2/8 | Sana | 15.01.2024 | Hajmi | 41,28 Kb. | | #138073 |
Bog'liq 1-Mavzu2.Tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan malakaviy talablar.
Har bir ishni, shu jumladan, ilmiy ishni sifatli bajarish uchun tadqiqotchi kasbiy malakaga ega bo‘lishi lozim. Sifatli ish – bu ilmiy muammoni yangicha yondashuv asosida xal qilish, yangi xulosaga kelish, ma’lumotlarni yangi xossa yoki qonuniyatni ochish imkoniyatini beradigan darajada tasniflash, umumlashtirish va tushuntirish, o‘zida yangi natijalarni aks ettirgan maqola, risola yoki dissertatsiya yozishdir.
Kasbiy malakani o‘zi nima? Kasbiy malaka ma’lum faoliyatni ijro etish uchun zarur bo‘lgan fazilatlarga (uquv, zehn, mahorat va boshqalarga), nazariy va tajribaviy amallarni bajarish usullaridan foydalana bilish xislatiga ega bo‘lishdir.
Kasbiy malakaga ega bo‘lishni asosida qobiliyat, ya’ni, u yoki bu ishni bajarishga yaraydigan layoqat, moyillik yotadi. Ishga bo‘lgan qobiliyatni psixologik, intellektual, pedagogik jihatlari (sifatlari) mavjud.
Faylasuflar va psixologlarni aytishlaricha, ilmiy faoliyatni unumdor bo‘lishida tadqiqotchidagi qiziqish va hayratda qolish qobiliyati yetakchi rol o‘ynaydi. Qiziqish shunday nuqtaga qaratiladiki, u qiziquvchanlikka, qiziqish tug‘dirgan predmetga berilib ketishiga aylanadi. Bunday holatga tushgan inson qiziqish uyg‘otgan masala bilan shug‘ullanmasdan yura olmaydi, muammo va uni hal qilish ishtiyoqi butun vujudini qamrab oladi.
Har bir kishida barmoqlar bo‘lsada, mo‘yqalam va bo‘yoqlar sotib ola olsa ham, lekin bu uni rassom qilmaydi. Qiziqishdan tashqari yana o‘quv, tirishqoqlik, mahorat, faollik kabi xislatlar darkor.
Tadqiqotning samarali bo‘lishini muhim sharti ishga berilib ketish, ishni muntazam amalga oshishi. Muttasil izlanish jarayonida ilhom, nogahon yorishish, ijodiy tush ko‘rish shaklida namoyon bo‘ladigan ruhiy holatlar sodir bo‘ladi.
Kasbiy malaka uchun zarur bo‘lgan sifat va xislatlar, ularni bir-biriga ilhombaxsh impulslar berishi 1-rasmda ifodalangan.
1-rasm
Kasbiy malakani takomillashtirishni muhim pedagogik yo‘li tadqiqotchida qayd etilgan sifatlarni shakllantirish va tarbiyalashdan iboratdir.
Avvalambor, kasbiy yo‘nalishni tanlash paytida strategik maqsadni aniqlab olish lozim. Kim bo‘lmoqchisiz: muhandismi, texnologmi, nazariyotchimi? Tanlangan kasbiy yo‘nalishni qaysi sohasi: fundamental nazariy izlanishmi yoki konstruktiv qurilmalarni yasash,kashfiyotmi yoki ixtiro qilish sizni ko‘proq qiziqtiradi? Har sohada izlanish olib borish va ijod qilishni o‘ziga xos xususiyatlari mavjud.
Tabiatan berilgan qobiliyatni qo‘yilgan maqsadni amalga oshirishga qaratish kerak.
Maqsadni ro‘yobga chiqaradigan ma’naviy kuch motiv (bois)dir. Motiv yoki bilish motivatsiyasi inson faoliyatini ob’ektga yo‘naltiradi, istak, maylni harakatga keltirish orqali tadqiqotchiga izlanish energiyasini beradi.
Faoliyat yo‘nalishi va barqarorligini ta’minlaydigan xislat ruhiy ko‘rsatmadir. Bu xislat tadqiqotchi faoliyatini tartibga soladi, boshqaradi. Ruhiy ko‘rsatma orqali tadqiqotchida faoliyat maqsadi va motivatsiyasi birlashadi, o‘zgarayotgan vaziyatda ham izlanish energiyasi kamaymaydi.
Shunday qilib, maqsad, motivatsiya va ruhiy ko‘rsatma tadqiqot jarayonida birlashadi, kasbiy malakani shakllanishida ma’naviy asos bo‘lib xizmat qiladi . (2-rasm).
2-rasm
Motivatsiyasi shakllangan izlanuvchi yetarli sharoit bo‘lmaganda ham, hech narsani bahona qilmasdan tadqiqotni amalga oshirib boraveradi.
Fan tarixida motivatsiya kuchini ko‘rsatadigan misollar ko‘p. VIII asr boshida ummaviya xaliflaridan Xamid bin Muoviya «falsafa toshi» muammosi bilan shunday qiziqib ketadiki, hatto xalifalikdan voz kechadi va qolgan umrini fanlarni, xususan, kimyoni o‘rganishga bag‘ishlaydi.
Tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan xislatlardan biri tirishqoqlikdir. Bu xislat tadqiqot yo‘lida uchrab turadigan qiyinchiliklarni sabr-toqat bilan bilan yengib o‘tish imkoniyatini beradi. «Tirishqoqlik – deydi ingliz yozuvchisi Bernard Shou – ilm sari yagona yo‘ldir» Yana bir muhim talab (tavsiya) ustoz, u yaratgan ilmiy maktab an’analarini davom ettirish, shakllangan tadqiqot an’analarini yangi mazmun bilan boyitishdir.
Ilmiy maktab o‘ziga xos betakror jamoadir. U har qanday yangilikka nisbatan ochiq va bir butun tizimdir. Bunday tizim (maktab) alohida tadqiqotchida bo‘lmagan sifat va imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Ilmiy maktab dargohiga kirgan magistrant tez orada eng yangi yutuqlar bilan oziqlanib turgan fanning «qaynab turgan qozonida» faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
Ustozga bo‘lgan iltifot va e’tiqod Sharqda hamisha e’zozlanib kelingan. XXI asr fanida ham ilmiy an’ana ahamiyati saqlangan. Haqiqatan ham har tomonlama murakkablashib ketayotgan bilimlar, tasavvurlar va nazariyalar okeanida ustozning yo‘l ko‘rsatuvchi g‘oyalari va o‘gitlari bamisoli kompasdek zarur.
Izlanish boshlandimi, tadqiqotchi sobitqadamlik bilan ishni olib borishi kerak. Ishni boshida qiyinchilik yoki muvaffaqiyatsizlik sodir bo‘lishi mumkin. Hatto uchayotgan raketaning kursdan og‘ish hodisasi bo‘lib turadi. Lekin, maqsad, umumiy izlanish yo‘nalishi to‘g‘ri belgilangan bo‘lsa, unda salbiy natija aks aloqa mexanizmi orqali qayd qilinadi, qaerda xatolikka yo‘l qo‘yilgani aniqlanadi, ish oxirigacha yetkaziladi.
Ish jarayonida muammoni mazmuni bo‘yichami, faktlar xususidami, qanday bo‘lmasin, sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga e’tibor berish kerak.
Shu o‘rinda G.Alder ishlab chiqqan va Sinab ko‘r, Ishla, Natijaga erishgin deb nomlangan SIN modelidan foydalanish mumkin (Qarang: Alder G. NLP: sovremennыe psixotexnologii. – SPB: Piter, 2001, 13-14 betlar.).
Sinab ko‘rishda, bitta qadam natija bermasa, boshqa qadam qo‘yiladi, ya’ni boshqa chora imkoniyatlar ishga solindi. Shu jarayonda tadqiqotchilik kasbi, uquv va izlanish faoliyati takomillashib boradi.
Samarali faoliyat modelini G.Alder quyidagicha ifodalaydi.
3-rasm
Endi qobiliyatni o‘stirishning intellektual vosita va mexanizmlarini ko‘rib chiqamiz.
Intellektual qobiliyat tafakkur faoliyatida namoyon bo‘lib, bu sohada ham bir qator qoida va talablar borki, ularni bajarish izlanuvchiga kutilgan ijobiy natijalarni beradi. Bular quyidagilardan iborat:
- diqqatni asosiy muammo nuqtasiga yig‘ish;
- muammo bo‘yicha o‘zimizga savol berib turish;
- alohida obrazlardan bir-butun model – tuzilmani ishlab chiqishga o‘tish;
- o‘xshashliklarni (analogiyalarni) izlash, ulardan foydalanish;
- obrazlar bilan fikrlash, modellar bilan ishlash;
- xotira faolligini o‘stirish;
- ob’ektga har tomonlama yondashuv (intellektual uddaburonlik) qobiliyatini tarbiyalash;
- muammo yechimi bo‘yicha alternativ yo‘llarni izlash qobiliyatini shakllantirish;
- ilmiy bashorat qilish qobiliyatini o‘stirish;
- fikrni mantiqan to‘g‘ri ifodalash, mulohazalarni qog‘ozda aniq bayon qilish.
Qayd etilgan xislatlarni tadqiqotchida shakllantirish izlanish samaradorligini ta’minlaydigan muhim shartdir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tadqiqot-to‘xtovsiz amalga oshadigan intellektual mehnat, yangilikni kashf etish, ixtiro qilish faoliyatidir. Bunday faoliyat darajasiga yetishish uchun yosh tadqiqotchi o‘zida bir qator (yuqorida qayd etilgan) psixologik, pedagogik va intellektual ko‘nikmalarni, malakaviy o‘quv va kasbiy mahoratni shakllantirish lozim.
|
| |