|
Mustaqillik yillarida ilm-fanning rivojlanishi. “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ning qabul qilinishi
|
bet | 2/2 | Sana | 29.05.2024 | Hajmi | 39,8 Kb. | | #256512 |
Bog'liq O‘zbekistonda ta’lim tizimidagi islohotlar ( 1991-2024 yillar)1. Mustaqillik yillarida ilm-fanning rivojlanishi. “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ning qabul qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining dastlabki yillaridanoq yosh avlodning taʼlim-tarbiyasiga katta eʼtibor qaratilib, bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston mustaqillik ostonasida turar ekan, respublika rahbariyati ilm-fanni, taʼlim tizimini isloh qilish, modernizatsiya qilish dastlabki vazifalardan biri ekanligini chuqur anglar edi. O‘zbekiston rahbari I.Karimov 1988-yil 20-noyabrda O‘zbekiston SSR Fanlar Аkademiyasida bo‘lgan uchrashuvda shunday degan edi: “Respublika hayotining barcha sohalarida ilm-fan mavqeyini prinsip eʼtibori bilan yangi sifat darajasiga ko‘tarish respublika Fanlar Аkademiyasining asosiy vazifasidir, deb o‘ylaymiz. Ilm-fan ahliga buyruq berish, quruq maʼmuriyatchilik, olimlarga apparat xodimlari kabinetlarida paydo bo‘ladigan “ijtimoiy buyurtmani” ro‘baro‘ qilish davri o‘tib ketdi. Ijodiy izlanishlarning natijalarini qamrab olgan Fanlar Akademiyasi olimlarining asarlari va tavsiyalari respublika taraqqiyotining istiqbolini belgilaydigan kelajakdagi hisob-kitoblar va siyosatning poydevori bo‘lishi darkor...
Fanga isteʼdodli yoshlarning kirib kelishini taʼminlash uchun kompleks tadbirlar turkumini amalga oshirish zarur. Bu borada oliy maktabning hatto umumiy taʼlim maktablarining faoliyatini tubdan qayta qurish kerak”.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida islohotlarni boshidan kechirgan va natijasini ko‘rsata olgan sohalardan biri taʼlim tizimidir. O‘zbekistonda ilm-fanga alohida eʼtibor qaratila boshlandi. Zamonning tezkor taraqqiyotiga xizmat qiluvchi yangi fan sohalari bo‘yicha tadqiqotlar yo‘lga qo‘yildi. Tabiiy va aniq fanlarni o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar olib borish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasida ilm-fanni rivojlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasining o‘rni beqiyosdir. Shuningdek, respublika oliy taʼlim muassasalaridagi professor-o‘qituvchilar faoliyatining salmoqli qismi ilmiy tadqiqotlarga qaratilganligi o‘z samarasini bera boshladi. “Fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi” O‘zbekistonda ilmu-fan rivojlanishida bosh maqsadlardan biri etib belgilandi.
1992-yilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentining farmoniga binoan Respublika Vazirlar Mahkamasi huzurida Oliy Аttestatsiya Komissiyasi tashkil etilishi munosabati bilan Fanlar Аkademiyasining mavqeyi ortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida” 2002-yil 20-fevraldagi farmoni ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar sifatiga qo‘yilgan talablarga muvofiq ilmiy texnika va innovatsiya faoliyatini yanada rivojlantirishda, shuningdek, mamlakat ilmiy salohiyatidan samarali foydalanishni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Respublikaning ilmiy tadqiqot majmuini Аkademiya, oliy taʼlim va boshqa tarmoqlaridagi 350 dan ortiq muassasani, jumladan, ilmiy tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlaridagi ilmiy tadqiqot bo‘linmalari, loyiha konstruktorlik tashkilotlari, ilmiy ishlab chiqarish birlashmalari va tajriba korxonalari, axborot-hisoblash markazlari o‘z ichiga oladi. 2006-yildagi natijalar bo‘yicha fanning turli tarmoqlarida 34 mingdan ortiq ilmiy xodim faoliyat ko‘rsatgan. Ularning 2.4 mingi fan doktori, 2.4 mingi fan nomzodlari edi.
O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvi xalq taʼlimi tizimining taraqqiyotiga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Milliy pedagogik tafakkur taʼsirichan taʼlimni sog‘lomlashtirish jarayoni boshlandi. Uzoq vaqt mobaynida tashqi dunyodan uzib qo‘yilgan, o‘zga mamlakatlar tarixiy tajribasidan ham, milliy-maʼrifiy merosdan ham bahramand bo‘lmagan milliy pedagogika jahon maydoniga chiqdi. Erishilgan natijalarni o‘zgalarniki bilan qiyoslash, boshqalardan ijobiy jihatlarni o‘zlashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Respublikamizda taʼlimning yangi tizimini amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati tariximizdagi taʼlim jarayonlarini o‘rganib chiqib, taʼlimni isloh qilish dasturini tayyorladi. Barcha eʼtibor taʼlim tizimlarini demokratik va insonparvarlik tamoyillari asosida takomillashtirib, uning moddiy-texnik bazasini zamon va davr talablari darajasiga ko‘tarish va O‘zbekiston maʼrifiy salohiyatini kuchaytirishga qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasida 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “Taʼlim to‘g‘risidagi” qonun ilgari erishilgan muvaffaqiyatlarni saqlab qolishga xizmat qildi. Ushbu qonun o‘z vaqtida muhim bo‘lgan bo‘lsa-da, ammo taʼlim tizimini isloh qilishning amaliy chora-tadbirlari, taʼlimtarbiya va o‘quv jarayonlarining tarkibini, bosqichlarini bir-biri bilan uzviy bog‘lash, yaʼni uzluksizlikni taʼminlash muammolarini yecha olmadi. Taʼlim tizimidagi yig‘ilib qolgan muammolar 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan “Taʼlim to‘g‘risida”gi yangi qonunni va kadrlar tayyorlash milliy dasturining yaratilishiga sabab bo‘ldi. Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasida bolalarga doir davlat siyosatini Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiqlashtirish maqsadida qonunchilik, maʼmuriy va boshqa yo‘nalishlarda ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bolalar huquqini tartibga soluvchi O‘zbekiston qonun hujjatlari tizimini mamlakat Konstitutsiyasi, oila kodeksi, Mehnat kodeksi, “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qator qonunlar tashkil etadi.
Mustaqil davlat oldida turgan eng muhim masalalardan biri eskicha tafakkur va eʼtiqodidan qutilgan, istiqlol uchun, o‘z ona yurti uchun xizmat qiladigan kadrlar tayyorlash masalasi bo‘ldi. Eski tuzumni asta-sekin tagtomiri bilan tugatib, batamom yangi, jahonning ilg‘or taraqqiy etgan mamlakatlari yo‘lidan boradigan haqiqiy demokratik jamiyat qurish endilikda yangicha fikrlaydigan quyidan tortib yuqori toifadagi kadrlarga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Garchi mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston Respublikasida “Taʼlim to‘g‘risidagi” qonun qabul qilingan bo‘lsada (1992-yil 2-iyulda), 1997-yil 29-30-avgust kunlari o‘tkazilgan birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonun (yangi tahrirda) va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi (29avgustda).
Mazkur dasturning maqsadi taʼlim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to‘la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak maʼnaviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlashning Milliy tizimini yaratishdir. Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun quyidagi vazifalar belgilandi:
“Taʼlim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq taʼlim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat taʼlim muassasalari hamda taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida raqobat muhitini shakllantirish negizida taʼlim tizimini yagona o‘quv-ilmiy ishlab chiqarish majmui sifatida izchil rivojlantirishni taʼminlash;
taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirilayotgan yangilanish, rivojlangan demokratik-huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslash;
kadrlar tayyorlash tizimi muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, pedagogik faoliyatning nufuzi va ijtimoiy maqomini ko‘tarish;
kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish;
taʼlim oluvchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashning va maʼrifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish hamda joriy etish;
taʼlim va kadrlar tayyorlash, taʼlim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiya qilish sifatiga baho berishning xolis tizimini joriy qilish;
yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda taʼlimning talab qilinadigan darajasi va sifatini, tayyorlash tizimining amalda faoliyat ko‘rsatishi va barqaror rivojlanishining kafolatlarini, ustuvorligini taʼminlovchi normativ, moddiy-texnika va axborot bazasini yaratish;
taʼlim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyalashuvini taʼminlash, tayyorlanayotgan kadrlarning miqdori va sifatiga nisbatan davlatning talablarini, shuningdek, nodavlat tuzilmalari, korxonalar va tashkilotlarning buyurtmalarini shakllantirishning mexanizmlarini ishlab chiqish;
uzluksiz taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimiga byudjetdan tashqari mablag‘lar, shu jumladan, chet el investitsiyalarini jalb etishning real mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida mazkur masalalarni quyidagi bosqichlarda amalga oshirish rejalashtirildi:
Birinchi bosqich (1997-2001-yillar) mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ijobiy salohiyatini saqlab qolish asosida ushbu tizimni isloh qilish va rivojlantirish uchun huquqiy, ilmiy-uslubiy, moliyaviy-moddiy shart-sharoitlar yaratish.
Ikkinchi bosqich (2001-2005-yillar) Milliy dasturni to‘liq ro‘yobga chiqarish, mehnat bozorining rivojlanishi va real ijtimoiyiqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda unga aniqliklar Majburiy umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga, shuningdek, o‘quvchilarning qobiliyatlari va imkoniyatlariga qarab, tabaqalashtirilgan taʼlimga o‘tish rejalashtirildi. Taʼlim muassasalarini maxsus tayyorlangan malakali pedagog kadrlar bilan to‘ldirish taʼminlandi, ularning faoliyatida raqobatga asoslangan muhit vujudga keltirildi.
Uchinchi bosqich (2005 va undan keyingi yillar) to‘plangan tajribani tahlil etish va umumlashtirish asosida mamlakatni ijtimoiyiqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish. Taʼlim muassasalarining resurs, kadrlar va axborot bazalari yanada mustahkamlanadi, o‘quv-tarbiya jarayoni yangi o‘quv-uslubiy majmualar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan to‘liq taʼminlanadi.
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (1998-y.) 204-sonli qaroriga muvofiq kasb-hunar kollejlari tashkil qilina boshladi. 1999-2000o‘quv yilidan boshlab – tayanch pedagogika institutlari va universitetlar talabalarini tayyorlash dasturiga yangi taʼlim, kasb-hunar dasturlari hamda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o‘qitish uslubiyoti bo‘yicha maxsus kurslar kiritildi.
2. Taʼlimning milliy modelining shakllanishi, rivojlanishi va sohadagi muammolar.
So‘nggi yillarda taʼlim tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab yig‘ilishlar va soha vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda muhokama qilindi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak maʼnaviyat egalari qilib tarbiyalash, shu maqsadda taʼlim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
Maʼlumki, murakkab o‘tish yillarida maktablardagi maʼnaviymaʼrifiy muhit, o‘qituvchi kasbining obro‘yi, nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etishga yetarli eʼtibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Keyingi yillarda ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz
Sh.M.Mirziyoyev tomonidan xalq taʼlimi tizimiga oid 6 ta farmon va qarorlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-meʼyoriy asoslari mustahkamlandi. Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga
olinib, yurtimizda 11 yillik maktab taʼlim tizimi qayta tiklandi. 2017-2019yillarda respublika miqyosida 157 ta umumtaʼlim maktabi yangidan qurildi.
Ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Аbdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Ishoqxon Ibrat, Muhammad
Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari,
“Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi taʼlim dargohlari tashkil etildi. Taʼlimtarbiya ishlarini samarali olib borishda erkak o‘qituvchilarning alohida o‘rni va taʼsiri borligi hisobga olinib, ko‘rilgan aniq chora-tadbirlar natijasida xalq taʼlimi tizimiga 12 ming 871 nafar erkak o‘qituvchi qaytdi.
Pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha ham katta ishlar qilinmoqda. 2017-2020-yillar oralig‘ida o‘qituvchilarning ish haqi o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qo‘shimcha oylik ustamalar to‘lanmoqda. Bu olis hududlarda yetishmayotgan mingdan ziyod o‘qituvchini jalb etish imkonini berdi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, respublikada taʼlimning yangi tizimini amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati tariximizdagi taʼlim jarayonlarini o‘rganib chiqib, taʼlimni isloh qilish dasturini tayyorladi.
Barcha eʼtibor taʼlim tizimlari demokratik va insonparvarlik tamoyillari asosida takomillashtirilib, uning moddiy-texnik bazasini zamon va davr talablari darajasiga ko‘tarish va O‘zbekiston maʼrifiy salohiyatini kuchaytirishga qaratildi.
Mamlakatimizda yangicha ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda shakllanayotgan maktabgacha taʼlim tizimi bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Statistik maʼumotlarda keltirilishicha, 2006-yilda 6565 ta maktabgacha taʼlim muassasasi bo‘lib, unda 571157 nafar bola taʼlimtarbiya olgan. 59595 nafar pedagog xodim shu sohaga jalb etilgan. Аmmo bu raqam shuni ham ko‘rsatadiki, bu paytda atigi 21,4 %gina maktabgacha bolalar qamrab olingan edi. Ushbu masalalarning yechimini topish jarayonida maktabgacha taʼlim muassasalarining yangi tarmog‘i, yaʼni xususiy sektor ulushining ortganini ko‘rish mumkin. Masalan, “Xonadon bog‘chasi”, “Fermer xo‘jaligi bog‘chasi”, “Bolalar bog‘chasi – boshlang‘ich maktab” majmualari vujudga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017-yil 30-sentabrdagi Qaroriga muvofiq yurtimizda birinchi marta Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. O‘tgan qisqa davrda 980 dan ortiq bog‘chalar ishga tushirildi. So‘nggi 2019-yili respublika bo‘yicha bolalar bog‘chalarining soni 1 ming 400 taga ortib, 6 ming 367 taga yetdi.
Ularda taʼlim va tarbiya ishlari mazmun hamda sifat jihatidan eng ilg‘or usul va vositalar yordamida olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Oliy majlisga Murojaatida O‘zbekistonda taʼlim tizimining taraqqiyoti davlat siyosatining ajralmas qismi ekanligini taʼkidlab shunday dedi: “Uchinchidan, ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish zarur. Xalqimizda “taʼlim va tarbiya beshikdan boshlanadi” degan bir hikmatli so‘z bor. Faqat maʼrifat insonni kamolga, jamiyatni taraqqiyotga yetaklaydi. Shu sababli, taʼlim sohasidagi davlat siyosati uzluksiz taʼlim tizimi prinsipiga asoslanishi, yaʼni taʼlim bog‘chadan boshlanishi va butun umr davom etishi lozim”.
Taʼlim tizimi aholining katta qismini jalb qiladi. Umumiy o‘rta taʼlim uzluksiz taʼlim tizimidagi asosiy bo‘g‘in bo‘lib, u bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Tarixiy maʼlumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2000-yil boshiga kelib, mamlakatimizda 61 ta oliy, 25 ta o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, shu jumladan, 75 ta kollejlarda 360 mingdan oshiq talaba tahsil oldi. O‘zbekistonda 2006-yilda 9748 ta maktab bo‘lib, ularda 5 mln 926860 ta o‘quvchilar taʼlim oladi. Ular uchun 451567 ta o‘qituvchilar faoliyat yuritib 463 nomda 16,8 mln nusxa darslik nashr etiladi.
Pedagog xodimlarni namunaviy arzon uy-joylar, avtotransport bilan taʼminlash maqsadida uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berish, ularning oila aʼzolariga tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kreditlar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 2019-yildan boshlab mutaxassis o‘qituvchilarning oshirilgan haqi miqdori 54 foizga, oliy toifali pedogoglarniki esa 64 foizga yetkazildi. Ushbu harakatlar natijasida 2018-yilda umumiy o‘rta taʼlim maktablari 16 ming nafar oliy maʼlumotli yosh kadrlar bilan to‘ldirildi. Qariyb 13 ming nafar erkak o‘qituvchilar maktablarga qaytishdi. Professor-o‘qituvchilar oyligi va mavqeyini oshirish siyosati tizimli davom ettirilmoqda. Oylik maoshlari bir necha barobar oshirildi. Ilg‘or o‘qitish tizimini kengroq joriy etish, ilmiy tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish maqsadida 20 foizdan 60 foizgacha ustama haq to‘lash o‘z natijasini ko‘rsatdi.
Maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish yo‘lga qo‘yildi.
Maktablarda 10-11-sinflar joriy etilib, kollejlarda kontingent qisqarishi munosabati bilan mavjud moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish maqsadida 7 ta kollej va akademik litsey negizida yangi 3 ta oliy taʼlim muassasasi filiallari va 1 ta oliy o‘quv yurti tashkil etildi.
Umuman aytganda, xalqimiz qadimdan ilm va maʼrifatga intilib kelgan. Istiqlol yillarida ushbu soha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatoridan o‘rin oldi. Buni olib borilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar yaqqol tasdiqlaydi. Bu jarayonda jismonan sog‘lom, maʼnaviy yetuk barkamol yoshlarni tarbiyalash va ularning bilim olishi bo‘yicha bergilangan vazifalarning amalga oshirilishi mamlakatimizda farovon hayotni taʼminlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, ustoz va shogirdlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari, olimlarning fidokorona mehnatlari tufayli masofaviy taʼlim va onlayn dars berishda ham ijobiy tajribalar to‘plandi. Endilikda uzluksiz taʼlim tizimini takomillashtirish, malakali kadrlar siyosatini rivojlantirishni hamda uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shunigdek, taʼlim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlariga o‘tishda oliy taʼlim muassasalari faoliyati va samaradorligini oshirish taqazo etilmoqda.
3. Oliy taʼlim sohasida qabul qilingan Qonunlar va ularda belgilangan vazifalar.
Taʼlim tizimining eng asosiy bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan oliy taʼlimning tubdan o‘zgartirilishi mustaqil O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning tarkibiy qismi bo‘ldi. Mamlakat kelajagi va taraqqiyoti bevosita yoshlarning bilimi va milliy istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalanganligi bilan belgilanadi. Bu murakkab vazifa esa zamonaviy taʼlim va tarbiya tizimini vujudga keltirish orqali amalga oshiriladi. Shu bois taʼlim tizimida o‘quv, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni zamon talablari darajasida rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Yoshlarni tegishli mutaxassislik, hunar va kasblarini chuqur egallashlari, shuningdek, Vatan va millat manfaatlari yo‘lida fidoyilik ko‘rsata oladigan barkamol shaxsni tarbiyalash ham oliy taʼlim zimmasidagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.
Oliy taʼlim uzluksiz taʼlim tizimining bosh bo‘g‘inlaridan biri bo‘lib, bu soha jamiyatning iqtisodiyoti, fani, madaniyati va texnologik jarayoni bilan yaxlit holda chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun uning taraqqiyoti umummilliy rivojlanish strategiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. XXI asr globalizatsiya bilan bog‘liq holda oliy taʼlimda yangi anʼanalar va yangi muammolarni yuzaga keltirdi. Bu jarayon dunyoning barcha universitetlariga o‘z taʼsirini o‘tkazmoqda. Bugungi kunda barcha universitetlar uchun dunyo taʼlim kengliklarida o‘z mavqeyini saqlab qolish, teng huquqli hamkor sifatida bo‘lish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Birinchi galda universitetlar taʼlim tizimining zamonaviy loyihasi tayyorlanib, taʼlim tizimining asosi bo‘lgan yangi o‘quv rejalar, dasturlar yaratildi. 1993-yildan davlat taʼlim standartlari ishlab chiqildi va bakalavrlar tayyorlashda qo‘llanila boshladi. Viloyat markazlarida tashkil etilgan oliy o‘quv yurtlarida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ularning ilmiy intellektual imkoniyat va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 1995-yil 31-mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi mintaqaviy oliy o‘quv yurtlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” maxsus qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida oliy taʼlim muassasalari moddiytexnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ularni zamonaviy o‘quv laboratoriya uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlash, darslik va o‘quv-uslubiy materiallar, pedagog kadrlar bilan taʼminlash amalga oshirildi. Bu davrda Toshkent Islom universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kabi o‘nlab universitet va institutlar tashkil etildi. Keyingi yillarda Moskva Davlat universitetining filiali, xalqaro Vestministr universiteti, Turin politexnika instituti kabi nufuzli oliy taʼlim dargohlari ham ochildi. Natijada mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida taʼlim sifatini oshirish, xorijda tayyorlanadigan mutaxassisliklarni qo‘shma fakultet va institutlar ko‘magida tayyorlash tajribasi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 28-yanvardagi Farmoni bilan Toshkent Davlat universitetiga “Milliy universitet” maqomi berildi. Respublikamizda emas, balki Markaziy Osiyoda oliy taʼlimning tashkil topishi va rivojlanishida Toshkent Davlat Universiteti katta o‘rin tutadi. Davrlar mobaynida ushbu universitetning qator fakultetlari negizida bir nechta mustaqil institutlar tashkil topdi. “Milliy universitet” mustaqillik yillarida oliy taʼlim rivojiga munosib hissasini qo‘shdi va kadrlar tayyorlash Milliy Dasturining ijrosini taʼminlashga beminnat yordam berdi.
Shu o‘rinda taʼkidlash o‘rinliki, oliy taʼlim sohasida ko‘plab sohalarga bosh mezonni belgilovchi O‘zbekiston Milliy universitetida 40 dan ziyod ilmiy maktablar shakllangan bo‘lib, ulardagi ilmiy natijalar ilmu fan taraqqiyotiga xizmat qilib kelmoqda.
2006-yil respublikada 62 ta oliy o‘quv yurtida 265438 talabaga 21409 ta professor-o‘qituvchi, jumladan, 1662 nafar fan doktori va professorlar, 7360 ta fan nomzodlari va dotsentlar taʼlim berdi.
Mamlakatimizda 2016-yilda siyosiy-huquqiy, iqtisodiy, maʼnaviy sohalar bilan bir qatorda, ijtimoiy sohalarda ham chuqur sifat o‘zgarishlari ro‘y berdi. Jamiyat ijtimoiy sohasining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri taʼlim-tarbiya sohasi bo‘lib, uning rivoji siyosiy, huquqiy-iqtisodiy va maʼnaviy sohalarga bevosita taʼsir etadi hamda ijtimoiy sohalar meʼyoriy mohiyati, kamolot darajasini belgilab beradi.
2017-yilda taʼlim davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Davlat byudjetidan taʼlimga ajratilgan mablag‘lar byudjet xarajatlari qismining 33,7 foizi darajasida rejalashtirilib, taʼlim sohasiga yo‘naltirilayotgan xarajatlar hajmi mamlakatimiz Yalpi ichki mahsuloti tarkibida 10-12 foizni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi Qarorida boshlangan islohotlar qonuniy asosini topdi va bu tizimning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Qarorda “har bir oliy taʼlim muassasasi tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-taʼlim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnilogiyalar, taʼlim dasturlari va o‘quv metodik materiallarini keng joriy etish, ilmiypedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish” belgilandi.
Shuningdek, belgilangan vazifalar sirasiga “oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy taʼlim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan bilan integratsiyasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etish”ga ham eʼtibor berildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish borasida ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilinib, amaliyotga joriy etildi. Jumladan, taʼlim sohasiga eʼtiborning kuchaytirilishi natijasida respublikadagi oliy o‘quv yurtlarining soni oshirildi, ularning o‘quv rejalari, fan dasturlari xalqaro standartlarga moslashtirildi. Joylarda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun Toshkent viloyatida Chirchiq davlat pedagogika instituti (2017-y.) tashkil etildi. Bundan tashqari 15 ta oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limlarda o‘rta maxsus maʼlumotga ega bo‘lgan 5 mingdan ortiq pedagoglar uchun oliy maʼlumotlar olish imkoniyati yaratildi.
Statistik maʼlumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2019-yili respublikadagi oliy o‘quv yurtlarining soni 114 ta yetganini ko‘rish mumkin. Shulardan 93 tasi mahalliy hamda 21 tasi xorijiy oliy taʼlim muassasasi va ularning filiallari hisoblanadi.
Kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida Oliy taʼlim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga 329 ta taʼlim yo‘nalishi va 582 ta magistratura mutaxassisligi kiritildi. 2019-2020 o‘quv yilida 59 ta oliy taʼlim muassasasida sirtqi taʼlim, 10 ta oliy taʼlim muassasasida kechki taʼlim shakli joriy etildi.
Respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha 410 ming, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha esa 13 ming nafarni tashkil qilib, 2016-2019-yillar oralig‘ida 1,7 baravarga oshdi.
2019-2020 o‘quv yili uchun qabul parametrlari 121 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga, 2016-yilga nisbatan esa 92 foizga oshdi. Keyingi yillarda ham qabul ko‘rsatkichlarini muntazam oshirib borish rejalashtirilganini alohida taʼkidlash joiz.
Respublikaning 16 ta oliy taʼlim muassasasida 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi, Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy tadqiqot instituti, Biofizika va biokimyo instituti, Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi.
Oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi farmoniga muvofiq,
Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi. Masalan, 2030-yilga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan.
Oliy taʼlim tizimidagi o‘zgarishning asosiylaridan yana biri yangi avlod darsliklarining yaratilishi, davlat taʼlim standartini shakllantirish bo‘ldi. Bu jarayonda professor-o‘qituvchilar tomonidan ilm-fan sohasidagi innovatsiyalarni qo‘llagan holda turli yo‘nalish va mutaxassislik fanlaridan ko‘plab darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratildi.
Oliy taʼlimning maqsadi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojini taʼminlashga, o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha bozor iqtisodiyoti sharoitida mustaqil ishlashga layoqatli, yuqori malakali, raqobatdardosh kadrlarni tayyorlashdan iborat. Respublika oliy o‘quv yurtlarida talabalar bilim olish bilan birgalikda ilmiy tadqiqot ishlarini ham olib boradilar. Talabalarning ilmiy mavzulari ixtisosligi bo‘yicha tegishli ishlab chiqarish korxonalarining ilmiy tadqiqot muassasalari bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarining xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan aloqasini kuchaytirish, chet el investitsiyalarini taʼlim sohasiga jalb etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oliy taʼlim muassasalarining xalqaro hamkorligi taʼlim tizimini takomillashtirish va uni jahon andozalariga ko‘tarish, malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, xorijiy taʼlim muassasalari bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatish, professor-o‘qituvchi, doktorant, magistrant va talabalarning til va kasbiy malakasini oshirish hamda taʼlimning turli yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish maqsadida amalga oshirilmoqda.
АQSh, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi hamda Yevropa mamlakatlarining yetakchi oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirishning tizimli asosi yaratildi. Shuningdek, so‘nggi yillardagi yana bir yutuq xorijdagi vatandoshlarimiz ilmiy salohiyatidan unumli foydalanish masalasiga, iqtidorli xorijlik olimlarning O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida dars berishlariga eʼtibor kuchaytirildi. Bu jarayonda ilm ahli va chet eldagi olimlar o‘rtasida mustahkam ijodiy aloqalar o‘rnatildi. “Umid”, “Isteʼdod” hamda “El-yurt umidi” fondlari tomonidan ilm-fan va taʼlim sohasi vakillariga xorijiy tajribani o‘rganish imkoniyati yaratildi. Buning natijasida tabiat va texnika-texnologiya haqidagi fanlar ham jahon andozasi darajasiga ko‘tarila boshladi. 1997-yilning dekabrida “Ustoz” jamg‘armasi tashkil topdi. Ushbu jamg‘armaning asosiy vazifasi professoro‘qituvchilar orasidan yuqori malakali pedagog-ustozlarni tayyorlashdan iborat bo‘ldi. Bu jarayonni amalga oshirishda rivojlangan demokratik mamlakatlarda mavjud bo‘lgan tajribalar o‘rganildi va ular tatbiq etildi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-sentabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu jamg‘arma chet ellarda faoliyat ko‘rsatayotgan salohiyatli olimlar, mutaxassislar va ekspertlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga faol jalb etish tadbirlarini, shuningdek, iqtidorli yoshlarning rivojlangan mamlakatlarda taʼlim olish, yetakchi xalqaro institutlar hamda xorijiy tashkilotlarda malaka oshirish ishlarini jadallashtirmoqda.
Shuni o‘rinda alohida qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi salohiyatini oshirishga ham katta eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston Fanlar Аkademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati qayta tiklandi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng Fanlar Akademiyasiga saylov o‘tkazilib, o‘zining ilmiy ishlari bilan mamlakatimiz va xalqaro miqyosda nom qozongan isteʼdodli olimlar akademik degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldilar. Bu o‘z o‘rnida, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki jahonning yetakchi universitetlari, ilmiy markazlari va fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashni zamonning o‘zi talab etmoqda.
Olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga ko‘tarish ilmu fanning iqtisodiyot tarmoqlaridagi ulushini oshirish maqsadida Innovatsion rivojlanish Vazirligi (2017-y.) tashkil etildi. Qisqa vaqt davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani taʼminlash uchun zarur tizim yaratildi. Ilmiy tadqiqot muassasalari va olimlarning innovatsion g‘oya va loyihalari qo‘llab-quvvatlanib, qiymati 28,2 milliard so‘mlik 31 ta startap loyiha moliyalashtirildi. Xalqaro hamkorlik doirasida 2020-yil birinchi choragi davrida Germaniya, Rossiya, Belorussiyadagi sheriklar bilan 9,6 mlrd so‘mlik 38 ta qo‘shma loyiha amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari 2019-yil 24-may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida oliy taʼlim va ilm-fan namoyondalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda ilmiy tadqiqotlar, taʼlim tizimini sifat jihatidan tubdan yaxshilash borasida qator fikrlar bildirildi va moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun 6 mln dollar hajmda moliyaviy ko‘mak ajratishga ko‘rsatmalar berildi.
2020-yil 24-sentabrda yangi tahrirdagi taʼlim to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Yangi tahrirdagi taʼlim to‘g‘risidagi qonun 1997-yildagi taʼlim to‘g‘risidagi qonun va kadrlar tayyorlash Milliy dasturi asosida tashkil qilindi. Uning asosiy farqi quyidagilardan iborat:
birinchidan, taʼlim turlari klassifikatsiyasi kengaydi;
ishlab chiqarishdan uzilgan holda (kunduzgi) va ishlab chiqarishdan
uzilmagan holda (sirtqi, kechki, masofaviy); dual taʼlim turi-nazariy qism taʼlim maskanida olinadi, amaliy qism
taʼlim oluvchining ish joyida amalga oshiriladi; uydagi taʼlim va mustaqil taʼlim;
yoshi kattalarga taʼlim berish;
imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv taʼlim; eksternat – yaʼni o‘quv dasturidagi materiallarni mustaqil
o‘zlashtirish va yakuniy imtihonlarni oliy taʼlim maskanida topshirish;
Mudofaa va huquqni muhofaza qilish sohasidagi kadrlarni tayyorlash.
Yangi tahrirdagi taʼlim to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi natijasida oliy o‘quv yurtlarida taʼlim olish imkoniyatlari kengaytirildi, xususan, sirtqi, kechki va masofaviy shakldagi hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv taʼlim tizimi joriy etildi.
Statistik maʼlumotlarga qaraganda, so‘nggi yillarda respublikada 10 dan ortiq xalqaro oliy taʼlim muassasalari, jumladan, Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, Janubiy Koreyaning Puchon universiteti, Inxa universiteti filiali, АQShning Vebster universiteti filiali, Turkiya davlat Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent shahridagi “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali, “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom OTMning Toshkent filiali, Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliytexnik kvalifikatsiyalar institutlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4740-sonli qaroriga muvofiq Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiyiqtisodiy islohotlar jarayonida oliy taʼlimning o‘rni va ahamiyati hamda ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shildi.
4. Taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi.
Taʼlim tizimidagi islohotlar jarayonida xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, o‘quv jarayonini xalqaro taʼlim standartlariga moslashtirish masalasiga ham eʼtibor qaratilib, 2018-yilda ilk bor xalqaro tajribalar asosida oliy taʼlim muassasalarining milliy reytinggi yaratildi, taʼlim tizimi va ilmiy tadqiqot jarayoni tahlil etildi.
Mazkur tahlil sohada qator muammo hamda kamchiliklar borligini ko‘rsatdi. Xususan, oliy taʼlim muassasalari qabul kvotasi qamrovi umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining atigi 7-9 foizini tashkil etardi. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 74, Koreya respublikasida 96 foizdir.
Taʼlim tizimini takomillashtirish jarayonida 2019-yilda respublika miqyosida jami 14 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi, ulardan 6 tasi mahalliy oliy taʼlim muassasasining filiali, 8 tasi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiali edi. Yangi tashkil etilgan 14 ta oliy taʼlim muassasasida 40 ta yangi taʼlim yo‘nalishi (bakalavriatura) va 41 ta yangi mutaxassislik (magistratura) ochildi.
Oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lgan olis, chekka va tog‘li hududlarda joylashgan umumtaʼlim maktablari uchun maqsadli qabul ko‘rsatkichlari belgilandi.
Natijada yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi 20 foizga yetkazildi. Oliy taʼlim muassasalarida talabalar soni 423 ming nafardan oshdi (2016yilda 273 ming nafar). 2019-yili Oliy taʼlim muassasalariga qabul ko‘rsatkichlari 121 mingdan oshdi (2016-yilga nisbatan ikki barobar).
Magistraturaga qabul 7705 tani tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 1,5 barobarga (54 %) oshirildi. Bunda tabiiy va muhandis-texnik soha mutaxassisliklari bo‘yicha to‘liq davlat granti asosida belgilandi hamda davlat granti ulushi 54 %ga oshirildi. 55 ta oliy taʼlim muassasasida 21 ta xorijiy davlatning (АQSh, Germaniya, Turkiya, Finlyandiya, Fransiya, Gollandiya, Indoneziya, Isroil, Italiya va boshqa) yetakchi universitetlari bilan hamkorlikdagi qo‘shma taʼlim dasturlar asosida 83 ta taʼlim yo‘nalishi (bakalavriatura) va 64 ta mutaxassislik (magistratura) bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
2019-yili respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari soni 60 foizga oshib, 116 taga yetdi. Ular orasida nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari borligi alohida eʼtiborga loyiq.
Prezidentimizning 2018-yil 5-iyundagi “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori oliy taʼlim tizimidagi mavjud muammolarini bartaraf etish, taʼlim sifatini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Miziyoyevning 2019-yil
8-oktabrda “O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi. Ushbu Farmon oliy taʼlimda to‘planib qolgan uzoq yillik muammolarga yechim topib berish barobarida, oliy taʼlimni jahon standartlariga javob bera oladigan, mamlakatning kelajagi uchun xizmat qila oladigan darajaga ko‘tarishning yangi bir davrini boshlab berganligini qayd etish zarur.
Ushbu konsepsiyada oliy taʼlim sohasida davlat – xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobot muhitini yaratish; respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symondg Wotld University Ranking, Times Higher Education yoki Akademic Ranking of World Universites) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy taʼlim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 o‘rindagi oliy taʼlim muassasalari ro‘yxatiga kiritish, oliy taʼlim muassasalarini akademik mustaqilligini taʼminlash kabi qator muhim vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Farmonda nodavlat-notijorat tashkilot shaklidagi
Respublika oliy taʼlim Kengashini tuzish belgilandi. Kengash vazifalari sirasiga professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish, jamoatchilik va ish beruvchining fikrini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilish orqali oliy taʼlim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, “taʼlim berishda yuqori sifatni taʼminlash yuzasidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish” vazifasi kiritildi.
Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari quyidagilardan iborat:
Xorijiy oliy taʼlim muassasalari dasturlari asosida o‘qitish tashkil qilingan OTMlar soni 23 tadan 45 taga ko‘payadi.
O‘quv va ilmiy adabiyotlarning elektron shaklini yaratish 20 foizdan 30 foizga oshiriladi.
Magistratura mutaxassisligi bitiruvchilarini ilmiy faoliyatga yo‘naltirish 15 foizdan 45 foizgacha ko‘tariladi.
Xorijda malaka oshirgan va stajirovka o‘tagan professoro‘qituvchilarning ulushi 2 foizdan 20 foizgacha oshiriladi.
Muhandislik – texnik taʼlim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar ulushi 20 foizdan 50 foizgacha ko‘payadi.
2019-yil aholini oliy taʼlim bilan qamrab olish 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2030-yilga borib 50 foizga oshadi.
Nodavlat, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oliy taʼlim muasasalari soni 35 taga yetkaziladi.
Kredit – moddiy tizim joriy etiladigan oliy taʼlim muassasalari soni ham 2 tadan 85 taga ko‘payadi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirish masalasiga ham katta eʼtibor qaratildi. 2017-2019yillarda 1693 nafar professor-o‘qituvchi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishi natijasida oliy taʼlim muassasalarida ilmiy darajaga ega pedagog xodimlar soni 9636 taga yetdi, shu davr oralig‘ida oliy o‘quv yurtlarining 1611 nafar professor-o‘qituvchisi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida stajirovka o‘tashi va malaka oshirishi taʼminlandi. Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar magistratura mutaxassisliklariga 112 nafar, doktoranturasiga 51 nafar yoshlar taʼlim olishga yuborildi.
Yuqorida keltirilgan meʼyoriy hujjatlarning amalga oshirilishi oliy taʼlim muassasalarining taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik masaladir. Bu jarayonda oliy taʼlim muassasalarining real imkoniyatlaridan kelib chiqib, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etishga yo‘l ochildi. Shu bilan birgalikda, bu oliy taʼlim olish istagidagi yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida bir necha oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish imkoniyatini ham yaratdi. Fuqarolarimizning chet davlatlardagi OTMlardan O‘zbekiston OTMlariga o‘qitishni ko‘chirish tizimi soddalashtirildi. 2019-2020 o‘quv yilida o‘qishni ko‘chirishga yalpi ravishda ruxsat berildi. Natijada minglab talaba yoshlar respublika OTMlarida o‘qishni davom ettirishga muvaffaq bo‘ldilar.
Oliy taʼlimdagi sifat o‘zgarishlari bilan birgalikda, uning jamiyat hayotidagi insonparvarlik jihatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tish joiz bo‘ladi. Masalan, Davlat komissiyasi majlisining 2020-yil 1-son bayoni bilan, Respublika OTMlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan xotin-qizlar uchun to‘rt foizli qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining hududlar kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilida xotin-qizlar uchun
OTMlar bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakliga qo‘shimcha 940 ta kvota ajaratildi.
2020/2021 o‘quv yili uchun respublika OTMlariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari belgilandi. Unga ko‘ra, respublika miqyosda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jami 2799 ta kvota berildi.
O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 2-son bayoni qaroriga muvofiq:
Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni 2020/2021 o‘quv yilida respublika oliy taʼlim muassasalarining sirtqi va kechki taʼlim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining ro‘yxati tasdiqlandi.
Umuman aytganda, mustaqillik yillarida mamlakatimizda uzluksiz taʼlim tizimini jahon talablari darajasiga ko‘tarish doimo kun tartibida turdi. Oliy taʼlim sifatini, universitetlarning jahonning nufuzli universitetlari qatoridan joy olishi O‘zbekistondagi oliy taʼlim oldiga qo‘yilgan birlamchi talablardan bo‘lib qolmoqda. Ilm-fan taraqqiyotining yangi bosqichi, yangi fan, ilm-tadqiqot, innovatsion yutuqlarni rag‘batlantirish va ularni amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmi yaratilmoqda. Taʼlim tuzilishini modernizatsiyalash, uni demokratlashtirish, kompyuterlashtirish va insonparvarlashtirish, taʼlim dasturini erkin tanlash, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish tobora kuchayib bormoqda. Taʼlimni fundamentallashtirish, maʼnaviy masʼul shaxsni shakllantirish, bilishni emas, balki fikrlashni o‘rgatish zarurligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Zero, yosh avlodning har tomonlama kamol topishi uchun zamon ruhiga mos yangidan-yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish va ularni amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha innovatsion loyihalar ishlab chiqish, taʼlim tizimining barcha bosqichlarida sifat o‘zgarishlariga erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar yanada kuchaytirilmoqda.
Tayanch so‘zlar.
Qonun, farmon, farmoyish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, taʼlim, fan, dastur, o‘quv reja, standart, oliy o‘quv yurti, jahon tajribasi, islohot, modernizatsiya, vazirlik, universitet, institut, kvota.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar.
XXI asr globalizatsiya bilan bog‘liq holda oliy taʼlimga qanday muhim vazifalarni qo‘ymoqda?
“El-yurt umidi” fondi tomonidan ilm-fan, taʼlim namoyondalarining xorijiy tajribaga o‘rganishida nimalarga eʼtibor qaratiladi?
O‘zbekiston Respublikasida Maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad nima edi?
2017-yilda taʼlim sohasiga yo‘naltirilayotgan xarajatlar hajmi mamlakatimiz YaIM tarkibida qancha foizini tashkil etadi?
Mamlakatimizda aholining necha foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi?
O‘zbekistonda bepul majburiy taʼlim necha yil?
Bilimli, isteʼdodli va qobiliyatli yoshlarni rag‘batlashtirish bo‘yicha qanday ishlar bajarilgan va qanaqa imtiyozlar bor?
Yoshlarning xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olishlari uchun qanday imkoniyatlar yaratilgan?
9. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi bosqichlarini ayting.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
2019-yil 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidagi maʼruzasi. www.lex.uz.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Аxborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 15-son, 150-modda).
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 13maydagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori. www.lex.uz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 28.01.2020. www.lex.uz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-sonli “O‘zbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni. www.lex.uz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
2019-yil 24-maydagi O‘zbekiston Milliy universitetida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuvdagi nutqi. za.uz/oz/documents/2019-2023yillarda-mirzo-ulug‘bek-nomidagi-O‘zbekiston-milliy-u-18-06-2019.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-maydagi PQ4312-son qaroriga ilova. O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi
“Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori. www.lex.uz.
Vasiyeva D.I. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda universitet taʼlimining shakllanishi va rivojlanishi: tajriba va muammolari (19912001-yy.). Tarix fanlari nomzodi diss. – Qarshi, 2008.
O‘zbekiston tarixi (1917-1991-yillar). 2 tom. Masʼul muharrirlar:
R.Аbdullayev, M.Rahimov. – Toshkent: O‘zbekiston, 2019.
O‘zbekiston tarixi. R.H.Murtazayevaning umumiy tahriri ostida.
–Toshkent, 2005.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
Mustaqillik yillarida ilm-fanning rivojlanishi. “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ning qabul qilinishi
|