|
Reja: Pedagogika fanining dolzarb muammolarining nazariy asoslari
|
Sana | 27.11.2023 | Hajmi | 15,8 Kb. | | #106116 |
Bog'liq 1-mavzu TTDM
1-Mavzu. Pedagogika fanining dolzarb muammolari
Reja:
1. Pedagogika fanining dolzarb muammolarining nazariy asoslari.
2. Ta’lim jarayonidagi sifat ko‘rsatgichining dolzarblik asoslari.
3. Insonning intellekti va kasbiy yetukligiga erishish muammolari.
Tayanch so‘z va iboralar: pedagogika, psixologiya, ta’lim, tarbiya, metod, texnologiya, bilim, malaka, ko‘nikma, uzluksiz ta’lim, uzviylik, akmeologiya, aksiologiya, qadriyat, texnologiya, pedagogik texnologiya, modulli o‘qitish, faoliyatlilik tamoyili, kredit, modulli kredit tizimi, an’anaviy va noan’anviy ta’lim
Respublikamiz mustaqilligining yigirma to‘qqiz yillik rivojlanish davrida ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish va zamonaviylashtirish shiddat bilan olib borilmoqda. Shu bilan birga, jamiyatimizga yuksak professional kadrlar tayyorlash masalasi pedagoglardan o‘quv mashg‘ulotlarining yangi shakllarini izlab topish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini yaratish va ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etish, o‘quv jarayonini samarali tashkillantirish va shu orqali oliy o‘quv yurtlarida talabalarning fanlardan o‘zlashtirish darajasini yanada oshirish maqsadini amalga oshirishni talab qilmoqda. Ana shunday o‘qitish usullaridan biri bugungi kunda bizga ma’lum bo‘lgan pedagogik texnologiya usulidir. Ammo so‘z ta’lim texnologiyasini qo‘llash jarayonida o‘z talabalarining u yoki bu fanlarga individual imkoniyatlarini birgalikda loyihalash jarayonida olingan natijalar oldimizda turgan muammolarni tanqidiy tahlil qilish orqali, nostandart yechimlarni topish kabi masalalami ishlab chiqishga yondashish ustida ketadi. Shu bois, texnologiyani qo‘llash pedagogning tejalgan vaqti, ta’lim olayotgan o‘quvchilarining mutaxassislik malakalarini yanada oshirishlarida juda zarur bo‘lgan shaxsiy muloqotlari uchun asqotadi.
Respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy va ma’rifiy sohalarida amalga oshirilayotgan modernizasiyalash jarayonlari uzluksiz ta’lim tizimiga ham bevosita ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu o‘z navbatida, zamonaviy ta’lim muhitining muhim tavsifi hamda shaxs imkoniyatlari muvaffaqiyatli amalga oshirilishining sharti sifatida ta’lim paradigmalarini takomillashtirish, uning tarkibiy qismlari funksional va konseptual muammolari yechimini ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
Respublikamizda uzluksiz ta’lim tizimi ijtimoiy sohalar hamda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizasiyalash sharoitida muhim ijtimoiy institutlardan biri sifatida ta’limiy, tarbiyaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy funksiyalarni bajarmoqda. Ularning muvaffaqiyatli bajarilishini ta’minlash uchun o‘quvchilarda ijodiy va mustaqil fikrlash, kasbiy yetuklik va yuksak ma’naviyatni shakllantiruvchi pedagogik shart-sharoitlar yaratilishi lozim.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limida o‘quvchi shaxsini uzviy rivojlantirish muammolari:
uzluksiz ta’lim tizimida shakllantirilayotgan bilim va ko‘nikmalar hamda jamiyatning ijtimoiy, fan va texnologiyalar taraqqiyoti darajasi qo‘yadigan talablar o‘rtasidagi nomutanosiblik;
ta’lim jarayonida o‘quvchilar egallaydigan bilim va ko‘nikmalar hamda mutaxassis sifatida faoliyat ko‘rsatish uchun talab etiladigan kasbiy ko‘nikma va malakalar tarkibi o‘rtasidagi nomuvofiqlik;
o‘quvchi shaxsini shakllantirishdagi ta’lim va tarbiya maqsadi, mazmuni, metodlari, vositalari, tashkiliy shakllarini o‘zida mujassamlashtiruvchi pedagogik tizimning barcha tarkibiy qismlari o‘zaro aloqadorligi, muvofiqligi hamda istiqbolga yo‘naltirilganligi, uzviyligi ta’minlanmaganligi;
o‘quvchilarda o‘sib borayotgan axborotlar hajmi bilan ishlash, mustaqil tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish asosida ular faoliyatini intensivlashtirishning dasturiy va metodik ta’minoti ishlab chiqilmaganligi.
Uzluksiz ta’lim tizimida har tomonlama yetuk, ijodkor shaxsni tarbiyalash, o‘quvchini uzluksiz rivojlantirish uchun ta’lim-tarbiya jarayonining barcha bosqichlarida pedagogik tizimning tarkibiy qismlari o‘zaro aloqadorligi, muvofiqligi hamda istiqbolga yo‘naltirilganligini ta’minlash hamda ularni amalga oshirishning didaktik shart-sharoitlarini aniqlashni taqozo etadi.
Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikni ta’minlash milliy dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ustuvor ahamiyat kasb etib, ta’lim tizimining vertikal va gorizontal uzviyligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish borasidagi ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirishni talab qiladi.
Ta’lim uzluksizligini ta’minlashning bosh g‘oyasi o‘quvchi shaxsining ta’lim sub’yekti sifatida izchil rivojlanib borishi bilan bog‘liq. Kadrlar tayyorlash milliy modelida bu g‘oya rivojlantirilib, shaxs kadrlar tayyorlash tizimining bosh sub’yekti va ob’yekti, ta’lim sohasidagi xizmatlarning iste’molchisi sifatida e’tirof etilgan. Respublikamizda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlarida shaxsning rivojlanishi uzluksiz jarayon sifatida qaralib, unda o‘quv jarayonining faqat bilish emas, balki o‘zlashtirilgan bilimlarni ijodiy talqin qilishni nazarda tutuvchi rivojlantiruvchi ta’lim g‘oyalari bilan uyg‘unlashgan. Bu esa axborot berishga asoslangan o‘qitishdan shaxsga yo‘naltirilgan ta’limga, xotiraga asoslangan o‘qitishdan faol o‘zlashtirishga asoslangan o‘qitishga o‘tilishini belgilab berdi.
Respublikamizda uzluksiz ta’lim tizimini ishlab chiqishda milliy ta’lim modeli ilmiy yondashuvining o‘ziga xos xususiyati shundaki, uzluksiz ta’lim tizimi yaxlitlik, uzviylik va uzluksizlikda, ya’ni bir butun tizim shaklida qaraladi. Uzviylik va uzluksizlik ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan biri sifatida belgilanib, pedagogika nazariyasida uni ifodalovchi tizimlilik va izchillik ta’limning metodologik asosini tashkil qilishi bilan birga didaktik prinsip sifatida ham alohida qayd etilgan. Ta’limning uzviyligi – ta’lim mazmunining tizimliligi, izchilligi va mantiqan bog‘liqligi ta’minlanishini, o‘quvchilar o‘zlashtirgan bilimlarning keyingi bosqichlarda ko‘nikma va malakalarga o‘tishiga asos yaratuvchi, ta’limning har bir bosqichida ma’lum darajada bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishni ta’minlashni talab qiluvchi didaktik prinsipdir. Uzviylikning mohiyati har bir shaxsga o‘ziga mos bilim olish sharoitlarini yaratib bera oladigan ta’limga bo‘lgan shaxs va jamiyatning ehtiyojlarini qoniqtirish zarurati bilan belgilanadi.
Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim muassasalarida o‘quv, tarbiyaviy, boshqaruv hamda investision faoliyat Kadrlar tayyorlash milliy dasturining to‘la ijrosini ta’minlashga qaratilgan. Bularning barchasi tuzilmaviy o‘zgarishlarni davlat ta’lim muassasalari rivojlanish dinamikasi, uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlashni boshqarishning samarali tartibini joriy qilish, ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini shakllantirishni talab etadi.
Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikni ta’minlash milliy dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi.
Ta’lim-tarbiya jarayonining barcha bosqichlarini qamrab oluvchi uzluksiz ta’lim tizimi har tomonlama yetuk, barkamol avlodni yetishtirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratadi. Uzluksiz ta’lim deganda – o‘quvchi shaxsini uzviy rivojlantirish maqsadida har bir ta’lim bosqichida pedagogik tizimning barcha tarkibiy qismlarining o‘zaro muvofiqligi, istiqbolga yo‘naltirilganligi tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunida ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida uzluksiz ta’lim kadrlar tayyorlash tizimining asosi, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi, shaxs, jamiyat va davlatning iktisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy extiyojlarini qondiruvchi ustuvor soha ekanligi, ijodkor, ijtimoiy faol, ma’naviy barkamol shaxsning shakllanishi va yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi, davlat ta’lim standartlariga muvofiq turli darajalardagi ta’lim dasturlarining izchilligi ta’minlanishi va maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash hamda maktabdan tashqari ta’lim turlarini o‘z ichiga olishi ta’kidlanadi.
Pedagogikada ta’limning ilmiy-nazariy, uslubiy asoslari bilan bir qatorda ta’limning didaktik prinsiplariga ham alohida to‘xtalib o‘tiladi. Ularga ta’limda ilmiylik, tizimlilik va izchillik, onglilik va faollik, bilimlarni puxta va mustahkam o‘zlashtirish, o‘quvchilarni yoshi va individual xususiyatlarini hisobga olish, ko‘rgazmalilik, nazariyani amaliyot bilan bog‘liqligi, mustaqillik va erkin fikrlash hamda tafakkur qilish kabilar kiritiladi. Ta’lim-tarbiya jarayonida uzviylik va uzluksizlik fan, ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro uzviyligi; ta’lim mazmuni uzviyligi; bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishdagi uzviyligi; o‘quvchi shaxsini shakllantirishdagi uzviylik; ta’lim metodlari hamda shakllarini qo‘llashdagi uzviylik; o‘quvchilar o‘zlashtirishini baholashni tashkil qilishdagi uzviylikni ta’minlaydi.
Ushbu talablardan kelib chiqib, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi o‘rtasidagi ta’lim–tarbiya jarayoni Davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari hamda dasturlarni ishlab chiqishda o‘zaro uzviylikni ta’minlash masalalariga alohida etibor qaratiladi. Bu maqsadda variativ o‘quv dasturlari hamda darslik va o‘quv qo‘llanmalarni yaratishda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus hamda oliy ta’lim tizimi pedagoglarining hamkorligini takomillashtirish talab etiladi.
Inson bugungi kunda tayyor yechimlar bo‘lmagan va berilmaydigan o‘zgarib boruvchi muhitda, jamiyatda faoliyat yuritmoqdaki, unda har bir shaxs zarur yechimni o‘zi mustaqil topishi va ushbu yechim oqibati uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi talab etilmoqda. Shu sababli ijodkor mustaqil fikrlovchi va qaror qabul qila oluvchi, o‘zgalar fikrini tinglab, uni e’tiborga olgan holda xulosa chiqara oluvchi shaxsni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ta’lim yoshlarni tayyor o‘quv materialini o‘zlashtirishga emas, balki muammolar yechimini topishga o‘rgatmog‘i lozim.
Mamlakat iqtisodiyotining uzviy qismi bo‘lgan ta’lim tizimini modernizasiyalash, texnik yangilash va diversifikasiya qilish, innovasion texnologiyalarni joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Biz ana shu kabi ta’lim texnologiyalaridan yana biri «Akmetexnologiya», ya’ni «Akmeologiya» fanining texnologiyasini sizning e’tiboringizga tavsiya etmoqchimiz.
Zamonaviy pedagogika fanining asosiy tendensiyasi – uning shaxsni «anglash», o‘z dunyoqarashiga asoslanishga e’tibor qaratganligidir. Bu esa, zamonaviy pedagogik amaliyotning muhim jihatiga aylandi. Pedagogika va inson amaliyotida insonparvarlik an’analarining rivojlanishi, uning hayotiy faoliyat jarayonida o‘z oldiga qo‘ygan muhim vazifalarni o‘zida aks ettiradi.
Inson hayoti har doim bo‘lib o‘tgan voqealarni baholash, vazifalarni qo‘yish, izlash, xulosalar qabul kilish, dunyoqarash vaziyatlarida kechadi. Bunda uning atrof-muhit bilan munosabatlari ikkita farq bilan o‘zaro bog‘lik: amaliy va abstrakt-nazariy (bilish). Bundan kelib chiqadiki, pedagogika metodologiyasi ta’lim falsafasiga haqiqiy insonparvarlikning mohiyati, borliqning yangilanishi va pedagogik bilish haqidagi nazariy qoidalar yigindisi sifatida qaraydi. Bunday metodologiyaga muvofiq, fanlarning, shu jumladan, pedagogikaning insonparvarlik mohiyatidan kelib chiqadigan vazifasi o‘zida insonga bilish, muloqot, ijod sub’yekti sifatida yondashishni aks ettiradi.
Bizga ma’lumki, ilmiy bilish, shuning barobarida pedagogik bilish faqatgina ijodkorliknigina emas, ijtimoiy ehtiyojlarni to‘la qondirish maqsadini ham ro‘yobga chiqaradi. Nazariy va amaliy bilish orasidagi «ko‘prik» vazifasini aksiologik yoki qadriyat sifatidagi yondashuv bajaradi.
Aksiologiya (yun. «axyu» - qadriyat va «logos» - fan, ta’limot )- qadriyatshunoslik; kadriyatlar haqidagi fan. XIX asrning ikkinchi yarmida nemis qadriyatshunosi E.Gartman va fransuz olimi P.Lapilar tomonidan fanga kiritilgan.
Mavzu bo‘yicha nazorat savollari
1.Pedagogika nima?
2.Pedagogika fanining dolzarb muammolari nima?
3.Akmeologiya nima?
4.Aksiologiya nima?
5.Buyuk allomalarimizning qadriyatlar borasida qarashlari.
|
| |