va ularga ajratilgan soatlar
|
Mavzular
|
Ma’ruza soatlari
|
1
|
Sug‘urtaning iqtisodiy mohiyati, funksiyalari hamda sug‘urta sohasida qo‘llaniladigan asosiy atama va tushunchalar
|
2
|
2
|
Sug‘urta faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari
|
2
|
3
|
Sug‘urta faoliyati klassifikatori va uning tarkibi
|
2
|
4
|
Sug‘urtada tarif siyosati
|
2
|
5
|
Sug‘urta tashkiloti moliyasi
|
2
|
6
|
Shaxsiy sug‘urtaning mazmuni va turlari
|
2
|
7
|
Yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini sug‘urtalash
|
2
|
8
|
Javobgarlik sug‘urtasi va uni o‘tkazish tartibi
|
2
|
9
|
Qayta sug‘urtalash va sug‘urta tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda uning roli
|
2
|
JAMI:
|
18
|
Mavzu : Sug‘urtaning iqtisodiy mohiyati, funksiyalari hamda sug‘urta sohasida qo‘llaniladigan asosiy
atama va tushunchalar
REJA:
1. Sug‘urta haqida tushuncha va unga xos bo‘lgan asosiy belgilar.
2. Sug‘urta iqtisodiy kategoriya sifatida.
3. Sug‘urta fondlari, ularning shakllanishi va foydalanish yo‘nalishlari.
4. Sug‘urtaning funksiyalari.
5. Sug‘urta fondini tashkil etish bilan bog‘liq atamalar.
6. Sug‘urta fondidan foydalanish bilan bog‘liq atama va tushunchalar.
7. Хalqaro sug‘urta amaliyotida ishlatiladigan atama va tushunchalar.
1. Тabiiy va boshqa stixiyali kuchlar ta’siri natijasida yuzaga keladigan zararlarni qoplash, oldini olish hamda ogohlantirish uchun maqsadli yo‘nalishdagi pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq iqtisodiy munosabatlar yig‘indisiga sug‘urta deyiladi.
Sug‘urtaning xarakterli belgilari quyidagilardan iborat:
-Sug‘urta riskini mavjudligi. Risk-sug‘urta munosabatlari paydo bo‘lishining asosiy shartidir. Risk bo‘lmas ekan, sug‘urtaning bo‘lishi mumkin emas. Riskning hajmi, miqdori ehtimollar nazariyasi va matematik statistika usullari yordamida aniqlanadi. Sug‘urta risklarini tahlil kilish ularni 2 ta yirik guruhga bo‘lishni taqozo etadi. Ya’ni, risk sug‘urtaviy va sug‘urtasiz bo‘ladi. Sug‘urta shartnomalarida o‘z aksini topgan risklar sug‘urtaviy risklar deyiladi. Risk bahosini pulda ifodalanishi sug‘urta stavkasini tashkil etadi. Risk doimiy ko‘rsatkich emas, balki u doimo o‘zgarib turadi. Bu o‘zgarishlar iqtisoddagi va boshqa sohadagi o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Sug‘urta tashkiloti riskni rivojlanishini, holatini doimo kuzatishi lozim, ya’ni tegishli statistik hisob olib borishi, yig‘ilgan ma’lumotlarni qayta ishlashi va tahlil qilishi kerak.
Riskni baholash uchun uni quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:
1) Sug‘urtalanishi mumkin bo‘lgan risklar.
2) Sug‘urtalanishi mumkin bo‘lmagan risklar.
Riskning eng katta guruhini sug‘urtalanishi mumkin bo‘lgan risklar tashkil etadi. Quyida keltirilgan mezonlar asosida sug‘urta riskini sug‘urtasiz risklardan farq qilish mumkin.
a) Risk tasodifiy xarakterga ega bo‘lmog‘i kerak ;
b) Sug‘urta hodisalarini ro‘y berish faktining vaqti va makonining noma’lum bo‘lishi;
v) Хavf solish manbasiga ko‘ra risklar tabiatning stixik kuchlari bilan bog‘liq risklari va moddiy boylikni o‘zlashtirish oqibatida insoniyatni tabiatga ta’siri bilan bog‘liq risklar. Risklarni turkumlashda katta halokatli risklar alohida o‘rin tutadi. Chunki bunday risklar ro‘y berishi natijasida ko‘plab ob’ektlar yirik miqdorda zarar ko‘rishi mumkin. Katta halokatli risklarga zilzila, sunami, kuchli shamol misol bo‘lishi mumkin. Yuqorida aytilgan risklardan tashqari ekologik, siyosiy va maxsus risklar bo‘lishi mumkin.
Risk menejment (riskni boshqarish) - riskni chegaralash yoki kamaytirish bilan bog‘liq tadbirlar yig‘indisi. Amaliyotda riskni boshqarish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Riskni aniqlash
Riskni nazorat qilish
Riskni baholash
Riskni moliyalashtirish
Riskni aniqlash, masalan ssuda oluvchilarning ssudani o‘z vaqtida qaytarib bera olmaslik riski sug‘urtalanadi, risk darajasi aniqlanadi. Kredit oluvchi shaxsning moliyaviy holati qanday aktivlarga ega ekanligi, loyihada hisob-kitob qanchalik asoslanganligi va xakozo.
Riskni baholash - riskni holatlari aniqlanadi, riskni sodir bo‘lish ehtimoliyligi, aktuar hisob-kitoblar, statistik kuzatuvlar, ehtimollar nazariyasi asosida baholanadi va sug‘urtalanayotgan ob’ektga nisbatan risk darajasi aniqlanib sug‘urta tarifi hisoblanadi. Sug‘urta tarifining stavkasi - bu risk bahosidir.
Riskni nazorat etish - bu sug‘urta kompaniyasining vakili tomonidan sug‘urtalangan ob’ekt holatini, uning saqlanish ustidan kuzatuv ishlarini olib borishi. Shuningdek, uning saqlash xavfliligi talablariga javob berishi tekshiriladi. Qator ob’ektlarni yaxshi saklash uchun zarur tavsiya va maslaxatlar beriladi.
Riskni moliyalashtirish - bu riskni aniqlash, baholash va nazorat etish bilan bog‘liq hamma xarajatlarni qoplash.
-Sug‘urta munosabatlarining taqsimlash xarakteriga ega ekanligi. Moliya tushunchasi kabi, sug‘urta ham yalpi ichki mahsulotni va milliy daromadni qayta taqsimlashda ishtirok etadi.
-Sug‘urtada zararlarni hududlar bo‘yicha va muayyan bir vaqtda taqsimlanishi. Bu sug‘urtaning asosiy belgisi bo‘lib, hududlar bo‘yicha sug‘urta fondini sug‘urtalangan xo‘jaliklar o‘rtasida taqsimlash uchun katta hudud va ko‘plab sug‘urtalanishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar zarur bo‘lishi talab etiladi. Zararlarni ma’lum bir vaqtda taqsimlanishi sug‘urta hodisalarini tasodifiy ro‘y berish xarakteriga ega ekanligidan kelib chiqadi. Qator yillar mobaynida favqulodda hodisalar ehtimol ro‘y bermasligi mumkin. Bu holat sug‘urta hodisalari sodir bo‘lmagan vaqtda tegishli miqdorda sug‘urta zahiralarini tashkil etishni talab qiladi.
-Sug‘urta fondlariga jalb etilgan sug‘urta mukofotlarini qaytarib berish. Sug‘urta mukofotlari sug‘urta tarifi asosida aniqlanadi. Sug‘urta tarifi ikki qismdan iborat bo‘lib, netto-stavka (sug‘urta hodisalari ro‘y berganda zararlarni qoplashga ishlatiladi) va netto-stavkaga ustamalardir (sug‘urta kompaniyasi ishini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar qoplanadi). Netto-stavka, asosan, sug‘urta hodisasi ro‘y berganda sug‘urtalanuvchiga qaytarib beriladi.
o‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq, majburiy sug‘urta turlariga doir sug‘urta shartlari qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi. Ixtiyoriy sug‘urtalashga doir sug‘urta tariflarining miqdori tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi.
-Sug‘urta fondi mablag‘larining, faqat, shu fondni tashkil etishda qatnashgan sub’ektlar o‘rtasida taqsimlanishi.
Sug‘urta munosabatlarida quyidagi tomonlar qatnashadilar:
Sug‘urtalovchi – sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan va tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar. Тadbirkorlik faoliyatining muhim bo‘g‘ini. o‘zbekiston Respublikasining "Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) to‘lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs sug‘urtalovchi deb hisoblanadi.
Sug‘urtalovchilar turli mulk shakliga ega bo‘lishi mumkin (davlat sug‘urta tashkilotlari, aksionerlik sug‘urta tashkilotlari hamda o‘zaro sug‘urtalash jamiyatlari). Sug‘urta faoliyatini olib boruvchi tashkilotlar davlat organlarining tegishli litsenziyasiga ega bo‘lishi zarur.
Sug‘urtalanuvchi – sug‘urtalovchi bilan aniq sug‘urta munosabati o‘rnatgan va tegishli sug‘urta mukofotlarini to‘lovchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Sug‘urta vositachilari – sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchi o‘rtasida vositachilik vazifasini bajaruvchi yuridik shaxs. Maqomi bo‘yicha vositachi sug‘urtalanuvchining manfaatlarini himoya qiladi. Ko‘rsatgan xizmatlari uchun vositachi sug‘urtalanuvchidan emas, balki sug‘urta kompaniyasidan tegishli vositachilik haqini oladi.
2.Bozor munosabatlari takomillashuvi iqtisodiy infratuzilmaning qaror topishi bilan birgalikda kechadigan jarayondir. Sug‘urta faoliyati iqtisodiy infratuzilmaning ajralmas qismi sifatida bir tomondan, ijtimoiy kafolatni ta’minlasa, ikkinchi tomondan, shartnomaviy majburiyat va tariflar mexanizmi orqali turli sug‘urta risklaridan ogoh etish negizida iqtisodiyot sub’ektlari manfaatlarining himoyasini ham o‘z zimmasiga oladi.
Sug‘urta faoliyati jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini himoya qilish, ularning risklar yuz berishi oqibatida ko‘rishi ehtimol bo‘lgan zararlarini qoplashning zaruriy vositasi sifatida paydo bo‘ldi hamda rivojlandi. Shunday anglanilgan zarurat - aniq sug‘urta manfaatlari negizida sug‘urta munosabatlari yuzaga keldi.
Sug‘urta munosabatlari, ularning tashkiliy shakllari qandayligidan qat’i nazar, sug‘urta fondini yaratish va undan foydalanish jarayonidir. Тa’kidlash lozimki, sug‘urta munosabatlari - murakkab va keng qamrovli moliyaviy-pullik iqtisodiy munosabatlar bo‘lib, ular yuzaga kelishi uchun o‘zaro bog‘liq shart-sharoit majmuasi mavjudligi ham muhimdir.
O‘zbekistonda tadbirkorlikning rivoj topishi jarayonida turli risklarning yuz berishi ehtimoli mavjudligi, shuningdek, ijtimoiy hayotning o‘zida namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshiliklar sub’ektlarning sug‘urta faoliyatiga, xususan, risklar transferiga bo‘lgan munosabatlarini ijobiy tomonga o‘zgartirdi.
Sug‘urta faoliyati bozor munosabatlarining eng muhim unsuriga aylandi. «Sug‘urta faoliyati deganda sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining sug‘urtani amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyati tushuniladi»2. «Shu narsa aniqki, bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar... sug‘urta tizimisiz samarali ishlash, investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanish, kredit olish imkoniyatiga ega emas»3.
Shu o‘rinda, ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish)da uzluksizlikni ta’minlash imkoniyatini yaratish maqsadiga yo‘naltirilgan, mulkchilik shakllariga ko‘ra, maxsus qayta taqsimlash munosabatlari tizimi mavjudligi iqtisodiyot sub’ektlari ravnaqiga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda ularning mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda daromad olishlari kabi manfaatlari yuzaga chiqadi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda sug‘urta faoliyatida talab darajasidagi risk transferi shakllanishi va rivojlanishi hamda uni ilmiy asosda o‘rganish muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, iqtisodiyot sub’ektlarining erkinliklari kengayib borayotgan, ular tomonidan mahsulot ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish)ning yangi turlari o‘zlashtirilishi sug‘urta faoliyatida risk transferining ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq etish va takomillashtirishga bo‘lgan ehtiyojni orttirmoqda.
Sug‘urtaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyatini to‘liqroq ochib berish uchun ilmiy adabiyotlarda bu masalaga bo‘lgan yondashuvlarni o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Ularda «sug‘urta-xizmat ko‘rsatish industriyasi»4 ekanligi qayd etilgan, shunga asoslanib, keyingi yillarda xalqaro iqtisodiy atamashunoslikda «xizmatlar iqtisodiyoti nazariyasi» qaror topayotganligini ta’kidlash mumkin.
Sug‘urta faoliyatida o‘z mohiyati nuqtai nazaridan, aynan «xizmat» tushunchasi fundamental hisoblanadi. Sug‘urtachi tomonidan taklif etilayotgan «xizmat» o‘zida dastlab moddiylikni aks ettirmaydi, ya’ni u o‘z mijoziga faqat «va’dani sotadi». Shu nuqtai nazardan xalqaro savdoda unga «ko‘rinmaydigan faoliyat»1 deb ham tasnif beriladi. Sug‘urtalanuvchiga shartnoma tuzilganligini tasdiqlovchi dalil-hujjat sifatida «polis»2 beriladi xolos. Sug‘urta shartnomasida sug‘urtalanuvchiga sug‘urta voqeasiga ko‘ra, ko‘rishi ehtimol bo‘lgan zararining ekvivalent qiymatidagi pul to‘lovi (ayrim hollarda mol-mulk ko‘rinishida) ta’minlanishi nazarda tutiladi. Shartnomaning bajarilishi unda qayd etilgan ma’lum davr oralig‘ida amalga oshiriladi.
Mamlakatimizda bosqichma - bosqich bozor munosabatlari shakllanishi va rivojlanishi, iqtisodiyot sub’ektlarining yuksak darajadagi iqtisodiy mustaqilligi, erkinligi darajasi ortib borayotgan jarayonda doimo risklar mavjud bo‘lishi kuzatiladi. Ular manfaatlariga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan va doimiy takrorlanib turadigan risklarni qayta taqsimlash, ya’ni o‘ziga xos bo‘lgan maxsus xizmat bilan sug‘urta shug‘ullanadi.
«Sug‘urta deganda yuridik yoki jismoniy shaxslar to‘laydigan sug‘urta mukofotlaridan shakllantiriladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug‘urta hodisasi) yuz berganda, ushbu shaxslarga sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovonini (sug‘urta pulini) to‘lash yo‘li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish tushuniladi»3.
3. Тabiiy va boshqa stixiyali hodisalar sodir bo‘lishi natijasida keltirilgan zararlarni qoplash uchun sug‘urta fondlari tashkil etiladi. Sug‘urta fondlari tashkil etish manbasiga va foydalanish yo‘nalishiga qarab, uch ko‘rinishda bo‘ladi:
-o‘z-o‘zini sug‘urtalash fondlari. Bu fond har bir xo‘jalik sub’ektida tashkil etiladi va ishlab chiqarishda vaqtincha yuzaga kelgan qiyinchiliklarni oldini olishga xizmat qiladi;
-davlatning markazlashgan sug‘urta fondlari. Markazlashgan sug‘urta fondlari umumdavlat resurslari hisobidan tashkil etiladi. Bu fonddan asosan favqulodda hodisalar ro‘y berganda paydo bo‘lgan zararlarni qoplashga ishlatiladi;
-sug‘urta yo‘li bilan tashkil etiladigan sug‘urta fondlari. Bu fond sug‘urtalanuvchilar tomonidan to‘langan mukofotlar hisobidan tashkil etiladi. Sug‘urta fondi faqat pulli shaklda va u qat’iy maqsadli yo‘nalishda foydalaniladi, ya’ni sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, sug‘urta qoplamasi yoki sug‘urta summasini to‘lashga ishlatiladi.
4. Sug‘urtaning iqtisodiy tabiati uning funksiyalarida o‘z aksini topadi. Moliya, kredit kabi iqtisodiy kategoriyalar bilan bir qatorda sug‘urta ham bir qator funksiyalarni bajaradi. Тa’kidlash lozimki, iqtisodiy adabiyotlarda sug‘urtaning funksiyalari bir necha ko‘rinishda talqin etiladi. Masalan, i.f.d., prof. V.M.Rodionova rahbarligida chop etilgan “Finansi” o‘quv qo‘llanmasida sug‘urta ikkita funksiyani bajarishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu funksiyalar quyidagilardan iborat: qayta taqsimlash va nazorat funksiyasi. I.f.d., prof. H.R.Sobirov sug‘urta quyidagi funksiyalarni bajarishini qayd etadi: “xavf-xatar; ogohlantirish; investitsiya; omonat; axborot”.
Ko‘rinib turibdiki, prof. H.R.Sobirov sug‘urtaning 5 ta funksiyaga ega ekanligini qayd etadi. Fikrimizcha, bu funksiyalarning ba’zilari tegishli bahs-munozarani talab etadi. Хususan, sug‘urtaning investitsiya funksiyasi. Investitsiya – sug‘urta tashkilotlari uchun funksiya emas, balki asosiy sug‘urta faoliyatiga qo‘shimcha ravishda amalga oshiriladigan faoliyatdir. Investitsiyasiz ham sug‘urta tashkilotlari faoliyat ko‘rsatishlari mumkin. Ammo, sug‘urta tashkilotlari vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini investitsiya qilish orqali qo‘shimcha daromad oladi. Funksiya doimiylik xarakteriga ega va u o‘zgarmasdir. Sobiq sovet hokimiyati davrida davlat sug‘urta organlarining mablag‘lari investitsiya qilinmas edi. Bozor munosabatlariga o‘tish munosabati bilan sug‘urta tashkilotlarida investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanishga imkoniyat tug‘ildi. Shuning uchun biz investitsiyani sug‘urtaning funksiyasi bo‘la olmaydi, deb tasdiqlashimiz mumkin.
Ayni shunday fikrlarni axborot funksiyasi haqida ham gapirish mumkin. Sug‘urtalanuvchilarga sug‘urta tashkilotlari haqida ma’lumot berish bu sug‘urtaning axborot funksiyasi mavjudligini anglatmaydi. Sug‘urta tashkilotlarining tijorat siriga kiruvchi ma’lumotlari umuman axborot sifatida berilmaydi. Sug‘urtaga axborot funksiyasi xosligi unchalik ham o‘z isbotini topmagan.
Bizning fikrimizcha, sug‘urta quyidagi funksiyalarni bajaradi:
-
Sug‘urta fondini tashkil etish bilan bog‘liq funksiya.
-
Sug‘urta fondidan foydalanish bilan bog‘liq funksiya.
-
Nazorat funksiyasi.
Yuqorida qayd etilgan funksiyalar sug‘urta faoliyatida doimiy hisoblanadi va har qanday sharoitda o‘zgarmasdir. Sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun, albatta, sug‘urta tashkilotida yetarli miqdorda pul mablag‘lari fondi bo‘lishi lozim. Agar, sug‘urtalovchi pul fondini, ya’ni sug‘urta fondini tashkil etmasa, uning moliyaviy ahvoli murakkablashishi mumkin. Тashkil etilgan sug‘urta fondining mablag‘lari qat’iy maqsadli xarakterga ega bo‘lib, u faqat sug‘urta hodisalari ro‘y berganda qoplama berish uchun ishlatiladi. Sug‘urta fondining mablag‘larini boshqa maqsadlarda ishlatish mumkin emas. Sug‘urta fondi mablag‘lari davlat tomonidan olib qo‘yilishi va soliqqa tortilishi mumkin emas.
5. Sug‘urtada fondini shakllanishi bilan bog‘liq atama va tushunchalarga quyidagilarni kiritish mumkin:
Sug‘urta munosabatlarida quyidagi tomonlar qatnashadilar:
Sug‘urtalovchi – sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan va tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar. Тadbirkorlik faoliyatining muhim bo‘g‘ini. O‘zbekiston Respublikasining "Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) to‘lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs sug‘urtalovchi deb hisoblanadi.
Sug‘urtalovchilar turli mulk shakliga ega bo‘lishi mumkin (davlat sug‘urta tashkilotlari, aksionerlik sug‘urta tashkilotlari hamda o‘zaro sug‘urtalash jamiyatlari). Sug‘urta faoliyatini olib boruvchi tashkilotlar maxsus davlat organining tegishli litsenziyasiga ega bo‘lishi zarur.
|