|
Ta’lim muassasasining ijtimoiy-pedagogik tuzilmasi
|
bet | 5/7 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 43,26 Kb. | | #245433 |
Bog'liq ta\'lim sifatini boshqarish2.2.Ta’lim muassasasining ijtimoiy-pedagogik tuzilmasi
Ko‘maklashuvchi ta’lim faqat ijtimoiy munosabatlar va shaxsiy yo‘nalishlarning mavjud tizimini saqlashga, ya’ni konservativ-barqaror jamiyatning normal faoliyat yuritishiga yo‘naltirilgan. Shu bois bunda shaxs allaqachon ma’lum bo‘lgan, takrorlanuvchi vaziyatlardan chiqa olishi uchun mo‘ljallangan, qayd qilingan usullar va qoidalar ustunlik qiladi.
Uzluksiz ta’lim tizimi qaror topishi va rivojlanishining yangi strategiyasi, «ta’lim» so‘zining qayta idrok etilishi «qo‘llab-quvvatlovchi» ta’limni «innovatsion» ta’lim bilan almashtirishni talab qiladi. Innovatsion ta’lim ayni paytda kamida quyidagi ikkita vazifani hal etishga qaratilgan:
1. Voqealarni «oldindan ko‘ra bilish», o‘zini real voqelikda va keyingi ijtimoiy va kasbiy rolini anglab yetish qobiliyatini tarkib toptirish; shaxsni ongli, oldindan anglab yetilgan muqobillarni — umumiy xulq-atvorni, ishonch-e’tiqodni, axloqiy qadriyatlarni, umuman dunyoqarashni tanlashga yo‘naltirish.
2. Mahalliy (shaxsiy yo‘naltirilgan) tashkiliy-boshqaruv darajasidan tortib global darajasigacha shaxsga ijtimoiy ahamiyatga hamda kasbiy qimmatga ega bo‘lgan muhim qarorlarni qabul qilish jarayonida faol ishtirok etish imkonini beruvchi «qatnashish» prinsipini ro‘yobga chiqarish.
Boshqaruv va tashkil etishning yangi tuzilmasini shakllantirish, KTMD va KTMM asosida ta’limni ta’minlash, chet el tajribasini o‘zlashtirish, turli texnologiyalar, metodikalar va hokazolarni joriy qilish — bularning hammasi innovatsiya deb nomlangan jarayon bilan boQliq.
Bunday hodisaning sababini ta’lim tizimi xodimlari ta’lim-kasb-hunar dasturlari va metodikalarining xilma-xil variantlarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘lganliklari bilan izohlash mumkin.
Boshqa sababi — jamiyatdagi ijtimoiy vaziyat o‘zgarib borayotganida, demokratlashtirilayotgani va insonparvarlashtirilayotganida, mamlakat iqtisodiyoti bozor munosabatlari yo‘lidan rivojlanishga o‘tayotganidadir. Yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj sezayotgan ishlab chiqarishning talablari oshib borayotgani ham yangiliklarni o‘zlashtirishni taqozo qilmoqda. Bugungi kunda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash mamlakatimiz ta’lim tizimini dunyo ta’lim tizimi bilan muvofiq holga keltirish yo‘llaridan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Raqobatbardosh malakali kadrlarning eng muhim sifatlari orasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
— o‘quvdagi o‘zlashtirishning yuqori darajasi va o‘zini o‘zi rivojlantirishga qodirligi;
— mehnat va ta’lim xizmatlari bozorida tegishli ta’lim muassasasida olingan malakani tasdiqlash;
— ishlab chiqarishda yuqori darajadagi ijtimoiy faollik va mehnat unumdorligi;
— ishlab chiqarishda intizomlilik, mas’uliyat, ixtirochilik, ijodkorlik;
— o‘quv fanlari bo‘yicha olimpiadalar hamda tanlangan kasb mahorati tanlovlarida qatnashish va g‘olib chiqish;
— ta’limni davom ettirishga ehtiyoj.
Ta’lim muassasasining aynan shunday xislatlarga ega bo‘lgan bitiruvchisi qo‘yilgan talablarga muvofiq mahsulot tayyorlashi yoki xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Ta’lim tashkilotlari, har tomonlama yetuk shaxsni shakllantirish uchun, rivojlanish yo‘lidan borishi kerak. Aksariyat amaliyotchi xodimlar buni anglab yetgan holda, eskicha yondashuvlarni takomillashtirishni emas, balki ta’lim tizimini innovatsion strategiya ruhida rivojlantirishni tan olmoqdalar. Yosh avlod ta’lim-ta’limsidagi innovatsion harakat jamiyatdagi real o‘zgarishlarni va shaxs ehtiyojini hisobga olishga yo‘naltirilgan.
Innovatsion ta’lim strategiyasi ta’lim sifatini boshqarishda alohida boshqaruvchilik yondashuvini taqozo etadi. Quyidagilar bunday boshqaruvning asosiy ob’ektlari hisoblanadi:
— pedagog mutaxassis, fuqaro shaxsini shakllantirish va rivojlantirishda professional tashkilotchi hamda yordamchi sifatida;
— ta’limning mazmuniy negizi;
— pedagogik jarayonni tashkil etish texnologiyasi va boshqalar.
Ilmiy-pedagogik adabiyotlarda hamda ta’lim va ta’lim amaliyotida «innovatsiya» so‘zi qanday tushuniladi?
Mamlakatimizda va xorijda o‘tkazilgan bir qator tadqiqotlar ushbu hodisani o‘rganishga bag‘ishlangan. Masalan, ayrim mualliflar «yangiliklar yaratish, ularning pedagoglar tomonidan o‘zlashtirilishi va ta’lim amaliyotida foydalanilishi jarayonlari»ni (N. Yusufbekov) innovatsion jarayonlar deb hisoblashni taklif qilmoqdalar. Ular innovatsiyani, jamiyat madaniy o‘zgarishlarining negizi sifatida ko‘rib chiqmoqdalar-ki, bu bizningcha, juda qimmatlidir.
Boshqalar esa «pedagogik tizimning tartibga solinmaydigan erkin maydonida rivojlanish istiqboliga oid ehtiyojga ta’sirchanligi asosida vujudga kelgan yangiliklar uning mikroevolyusiyalar fondini tashkil etadi», deb hisoblamoqdalar (V. N. Vinogradov).
Uchinchi toifa mualliflar yangilikni ancha murakkab xususiyat, deb hisoblaydilar. Uni o‘rganish uchun abstrakt xususiyatlarga nazariyasini jalb etish tavsiya qilinadi-ki, bu nazariya ko‘plab tavsifli xususiyatlarni ular shkalasining koordinata o‘lchovlari sifatida ko‘rib chiqadi (M. S. Burgin).
Ayrim olimlar yangi maqsadlarni, metodlarni, metodikani, dasturlarni, vositalarni, mazmunni, faoliyatni tashkil etish shakllarini, boshqaruv turlarini va boshqalarni yangilik sifatida talqin qilmoqdalar.
«Yangilanish — yangi hodisa, yangi odat, yangi metod, ixtiro», — degan ta’rif ham mavjud (Yu. Krasovskiy).
«Maktabni rivojlantirish — innovatsion jarayon» nomli kitob mualliflari ta’kidlab o‘tganlaridek: «Pedagogik innovatika — ta’lim muassasasini rivojlantirishning yangi ta’lim amaliyotini yaratish bilan bog‘liq jarayonlarini o‘rganadigan fan sohasi. Bu jarayonlar innovatsion jarayonlar deb nomlanadi» (S. G. Xomeriki, M. M. Potashnik, A. V. Lorensov). Bunday aniqlik ta’lim tizimi xodimlariga muayyan foyda keltirishi mumkin.
Shunday qilib, ta’limda innovatsiyalar yangi jarayonlar, konsepsiyalar, ta’lim texnologiyalarini yaratish va o‘zlashtirishni ko‘zda tutadi va h. k.
Ammo, amaliyot ko‘rsatishicha, innovatsion faoliyat ta’lim tizimining hamma xodimlari tomonidan ham to‘g‘ri tushunilavermaydi va samarali amalga oshirilavermaydi. P. Shedroviskiy ta’kidlab o‘tganidek, «innovatsiyalikni bugungi kunda mavjud bo‘lgan bironta ham funksiyasini innovatsiyaning takrorlash, chiqish deb nomlash mumkin bo‘lgan narsani ta’minlay olmaydi. Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi ayrim innovatsiya emas, balki umuman innovatsion harakat ko‘rib chiqish va tahlil qilishning boshlang‘ich parametri bo‘lishi kerak». U «pedagogik yoki ta’lim innovatsiyalarini» emas, balki «innovatsion strategiyani», «faoliyatni innovatsion tashkil etish»ni aniqroq deb hisoblashni ko‘zda tutadi. Biz innovatsiyani bunday talqin qilish tadqiqotchilarga bu jarayonni kengroq va chuqurroq ko‘rib chiqish imkoniyatini yaratadi, deb hisoblaymiz.
Innovatsiyalarning o‘ziga xos xususiyati nimalardan iborat?
«Yangilik kiritishning mohiyatini innovatsion faoliyat, ya’ni yangi natijalarga, ularni olish vositalari va usullariga erishish, an’anaviy faoliyatning eskirgan tarkibiy qismlarini bartaraf etish bo‘yicha faoliyat tashkil etadi», — deb ta’kidlaydi D. M. Gvishiani. Olim innovatsion faoliyatning radikal va takomillashtiriluvchi turlari o‘rtasidagi ziddiyatli xususiyatiga e’tiborni qaratadi. Takomillashtirish mavjud tashkiliy tuzilmalarga zid emasligi va ularga maqbul moslashishi amaliyotdan ma’lum. Tub yangiliklar esa ularni parchalaydi, shuning uchun keskin qarshilikka uchraydi. Ta’lim sifatini boshqarish jarayoni tashkilotchilari innovatsiyalarning bunday muhim xususiyatini doimo e’tiborda tutishlari kerak.
Yangilik kiritish jarayonining muhim xususiyatini ta’kidlab o‘tamiz — innovatsiya ushbu ta’lim muassasasi dolzarb vazifalarni samarali hal qilishga ko‘maklashishi kerak. Afsuski, aksariyat ta’lim xodimlari amalda bunga yetarli e’tibor bermaydilar, natijada yangiliklarning o‘zlashtirilishi rasmiyatchilikka aylanadi.
M. M. Potashnik innovatsiyalarning boshqa muhim xususiyati —yangiliklar ta’lim muassasasini rivojlantirish vazifasini hal qilish imkonini berishi deb hisoblaydi. Boshqacha aytganda, innovatsiyalar «moda» uchun va «qizg‘in» tadqiqotchilik faoliyati olib borilayotganini ko‘rsatish uchun emas, balki o‘quvchilar foydasini ko‘zlab kiritiladi.
Boshqaruv xodimlari va pedagoglar muayyan shart-sharoitlar mavjud bo‘lgandagina yangiliklarni samarali o‘zlashtirish mumkinligini anglab yetishlari juda muhim. Bunga birinchi navbatda quyidagilar kiradi:
— ta’lim jarayoni qatnashchilarining faol ishchanligi bosqichma-bosqich shakllantirilishiga rioya etish;
— ta’lim jarayonining barcha qatnashchilari tomonidan o‘zlashtirish maqsadlarining chuqur anglab yetilishi va qabul qilinishi hamda kelgusi faoliyat vazifalari aniq tushunib olinishi;
— bunda ushbu vazifalarning shaxsiy maqsadlarga zid bo‘lgan qismining har doim yuzaga keladigan qarshilik ko‘rsatish omilini hisobga olish;
— fikr almashish aniq va xolis axborot ayirboshlash;
— amaliy qarorlarni jamoa bo‘lib ishlab chiqish va qabul qilish.
Pedagogik kadrlarni jiddiy qayta tayyorlamasdan, ta’lim muassasasini tegishli moddiy-texnika bazasi, moliyaviy, o‘quv-dasturiy ta’minlamasdan turib innovatsion faoliyatni samarali tashkil etib bo‘lmaydi.
Yangiliklarni o‘zlashtirish jarayoni rahbariyat tomonidan majburlash chorasi bilan emas, balki xodimlarga harakat qilishda mustaqil va erkin ish olib borish imkoniyatini berish bilan kechadi. Pedagoglar jamoasining ishiga aniqlik olib kirish imkonini beradigan ko‘rsatkichlar va mezonlarning ob’ektiv ro‘yxatini oldindan ishlab chiqish, ularga bebaho yordam berishi mumkin.
Pedagogik tadqiqotlarda innovatsiyalar yangiligini aniqlashga katta e’tibor beriladi. Kiritilayotgan yangiliklar alomatlarining variantlaridan birini keltiramiz (P. Shedroviskiy):
— boshqacha ko‘rinishda ma’lum bo‘lgan tuzilish (birinchi daraja);
— ma’lum narsani uncha muhim bo‘lmagan o‘zgarishlar bilan takrorlash (ikkinchi daraja);
— ma’lum narsani aniqlash, konkretlashtirish (uchinchi daraja);
— ma’lum narsani muhim elementlar bilan to‘ldirish (to‘rtinchi daraja);
— sifat jihatidan yangi ob’ektni tashkil etish (beshinchi daraja).
Ta’lim muassasasida uni tizimli tashkil etish yangiliklarni o‘zlashtirishning yana bir o‘ziga xos xususiyatidir. Bunda quyidagilar muhim tarkibiy qismlar hisoblanadi:
— ta’lim muassasasining vazifasi, uning yangi maqsadlari va vazifalari;
— boshqaruv xodimlari va pedagoglar shaxsi, ularning o‘zlariga va ta’lim oluvchilarga nisbatan nuqtai nazari;
— o‘quvchi shaxsi;
— o‘quvchilar o‘zlashtirayotgan bilimlar funksiyasi, tuzilmasi;
— ta’lim texnologiyasi va vositalari;
— tashkiliy tuzilma, pedagogik mehnat madaniyati va boshqalar.
Yangiliklarni ishlab chiqish va o‘zlashtirish jarayonini har qanday ta’lim muassasasini rivojlantirish yo‘li sifatida ko‘rib chiqqan holda kiritilayotgan yangiliklardan kutilayotgan natijalarni baholashning quyidagi asosiy mezonlarini ajratib ko‘rsatamiz:
1. Natijalar ta’lim muassasasining avvalgi yoki ushbu yo‘nalishdagi ta’lim tashkilotlari uchun xos bo‘lgan natijalardan yuqori, shuningdek maqbul bo‘lishi kerak.
2. Rejalashtirilgan natijalarni olishga sarflanadigan vaqt namunaviy yoxud me’yoriy sarflanadiganiga nisbatan kamroq yoki ularga teng bo‘lishi kerak.
Yangilik darajasini aniqlash uchun barchaga ma’lum algoritmlardan foydalaniladi. Masalan, quyidagicha yondashuv mavjud:
1. Baholanayotgan ob’ektning muhim ko‘rsatkichlari, alomatlari, mezonlari ajratib olinadi.
2. Qiyoslash uchun unga o‘xshashlari, uning prototiplari tanlab olinadi.
3. Baholanayotgan ob’ekt tanlab olingan o‘xshash ob’ektlar bilan qiyoslanadi va mezonlarga muvofiq yangilik o‘lchovi ham miqdoriy, ham sifat jihatidan belgilanadi.
Yuqorida bayon qilinganlar asosida ta’limni boshqarish sifatini yangilik hamda boshqaruv faoliyatining yangi yo‘nalishi sifatida ko‘rib chiqamiz.
Yangiliklarning keltirilgan tasnifiga muvofiq ta’lim sifatini boshqarishni biz to‘rtinchi darajaga, ya’ni ta’lim tizimidagi boshqaruv faoliyatining mavjud nazariyasi va amaliyotini muhim elementlar bilan to‘ldirishga kiritamiz.
Keltirilgan ushbu ta’rif mazmunan tegishlicha to‘ldirilishi va tuzilmalarga ajratilishi lozim, deb hisoblaymiz. Biz ishlab chiqqan tuzilmadagi ushbu qo‘shimchalarning mohiyati quyidagilardan iborat.
Birinchi. Ta’lim sifatini boshqarish maqsadi nafaqat jamoa faoliyati natijalarini barqaror holatda saqlashdan, balki ta’lim muassasasini faoliyat (rivojlanish)ning bundan ham yuqoriroq darajasiga o‘tkazish orqali talab qilinayotgan ta’lim sifatini ta’minlashdan iborat.
Ikkinchi. Natijalar sifati bitiruvchilarning ijtimoiy va ta’lim-kasb-hunar bobidagi harakatchanligi darajasi bilan ifodalanadi, ya’ni bunda gap ta’lim muassasasi rahbarlarining mavjud malaka tavsiflarini mutaxassisning kasbiy sifatlariga qo‘yiladigan talablar bilan to‘ldirilishiga yo‘naltirish haqida bormoqda.
Boshqa loyihada ham shunday g‘oya mavjud. Innovatsiyaning eng muhim formulalaridan biri quyidagi qoidadan iborat: «Ta’lim sifati — shunchaki bilimlar hajmi va ko‘nikmalar tarkibi emas, balki zamonaviy mutaxassisning asosiy modelini tashkil etuvchi faoliyatning muayyan turlariga shaylik demakdir».
Ta’lim sifati o‘quvchilarni bilimga boyitish va ularning ongida statistik tuzilmasini shakllantirish bilan emas, balki ijtimoiy va kasbiy faoliyatda ular hayotini organik dinamika bilan ta’minlash orqali tavsiflanadi. Bilimlardan konkret muammolarni hal qilishda foydalanish, bilimlarni doimiy ravishda to‘ldirib borish bo‘yicha rivojlangan qobiliyat va intellektual rivojlanishning amaldagi rag‘batlari zarur (I. G. Leonov).
Uchinchi. Ta’lim sifatini boshqarishda ta’lim muassasasi rahbarlarining asosiy e’tibori pedagoglar va o‘quvchilar faoliyatini nazorat qilish funksiyalarini kuchaytirishga emas, balki kamchiliklar paydo bo‘lishining oldini olish hamda ularning vujudga kelish manbalari va sabablarini tahlil qilishga qaratiladi. Bularning hammasi boshqaruv kadrlaridan ilmiy-pedagogik tadqiqotlarning metod va usullarini egallash, nazariy qoidalarni amaliyotda qo‘llash mahoratini talab qiladi. Boshqacha aytganda, ular boshqaruvda xilma-xil — intuitiv, empirik, tajriba, formal va ilmiy mantiqiy yondashuvlardan foydalanishlari darkor (M. M. Potashnik).
To‘rtinchi. Ta’lim sifatini boshqarish ushbu jarayonga ta’lim jarayonining barcha qatnashchilarini kiritishni ko‘zda tutadi. Faqat sharti shuki, tashkiliy tuzilma pedagogik jarayon qatnashchilari o‘rtasidagi qat’iy «vertikal» aloqalardan «vertikal» bilan «gorizontal» aloqalarni bir-biriga uyg‘un holda qovushtirishga o‘tsagina shunday bo‘ladi.
Beshinchi. Ta’lim sifatini boshqarish tizimli metodlardan foydalanishni ko‘zda tutadi, bunda boshqaruv ob’ekti boshqacha xususiyatga ega bo‘ladi: ... ta’limni innovatsion tashkil etishda faoliyatning ikki (ta’lim beruvchi bilan o‘quv-bilish) turi emas, balki yaxlit holdagi o‘quv-kasbiy vaziyat boshqaruv birligi hisoblanadi (I. Bogachek).
Bir guruh olimlar (O. G. Xomeiki, M. M. Potashnik, A. V. Lorensev) taklif qilgan metoddan foydalangan holda ta’lim sifatini boshqarish jarayonining tasnifini ko‘rib chiqamiz.
1. Innovatsiyalar ko‘lamliligiga qarab belgilanadi. Bunda ta’lim sifatini kollej ichki yoki maktab ichki doirasida boshqarish butun ta’lim muassasasini qamrab oladigan tizimli yangilik hisoblanadi.
2. Yangiliklarni o‘zlashtirish jarayoni salohiyat darajasiga qarab belgilanadi. Ta’lim muassasasi doirasidagi ichki boshqaruv innovatsiyaning kombinatorli tipidan iborat, ya’ni ilgari ma’lum bo‘lmagan elementlarning tashkiliy tuzilmaning yangi modeli asosida yangicha konstruktiv qo‘shilishi hamda ilgari bunday qo‘shib foydalanilmagan prinsiplarning amalga oshirilishi sodir bo‘ladi.
3. Yangilikning o‘z o‘tmishdoshiga munosabati ularning quyidagi toifasini tavsiflaydi. Ta’lim muassasasi darajasida sifatni boshqarishga nisbatan olganda aytish mumkinki, u boshqaruv faoliyatining shu paytgacha amal qilib kelgan mohiyatini o‘zgartiradi va to‘ldiradi. Bu jarayon ikki bosqichdan iborat:
— birinchisi — bitiruvchilarni tayyorlash darajasiga qo‘yiladigan nominal, normativ talablarning bajarilishiga qat’iy va to‘liq yo‘naltirish mavjud bo‘lgan sharoitda ta’lim muassasasining faoliyati sifatini boshqarish. Boshqaruv nazariyasida bunday yondashuv konservativ yondashuv hisoblanadi (N. A. Selezneva);
— ikkinchi bosqich — rivojlanish sifatini boshqarish. Bunda o‘zgartiruvchi-ijodiy, tadqiqot xususiyatiga ega faoliyatni amalga oshirish, yangiliklarni o‘zlashtirish, o‘z ilg‘or pedagogik texnologiyalarini yaratish ko‘zda tutiladi.
Ta’lim muassasasi barcha xodimlarining birgalikda harakat ishi bir-biriga muvofiq bo‘lishiga erishish va tashkiliy madaniyat bunday boshqaruv samaradorligining zarur sharti bo‘lib qolishi kerak.
Innovatsion jarayon bo‘lgan ta’lim sifatini boshqarish quyidagi belgilarga ega:
Birinchi belgi. Faoliyatning yangi usuli mavjudligi.
Ta’lim sifatini boshqarish, eng avvalo, boshqaruv kadrlari tomonidan ta’lim va kadrlar tayyorlash jarayonini kuzatish kabi faoliyat turidan foydalanishni ko‘zda tutadi. Buning uchun ular tegishli metodlarni, jumladan, kvalimetriya asoslarini, ya’ni sifatni miqdoriy baholash metodini qo‘llash orqali ta’lim sifatining boshlang‘ich va berilgan holatini aniq belgilashlari lozim bo‘ladi. Ilmiy adabiyotlarda mahsulot, xizmatlar sifatini baholash, boshqaruv faoliyatining baholash ob’ekti to‘g‘risida qadriyat borasidagi mulohazalarni shakllantirishga qaratilgan funksiyasining alohida tipiga kiritiladi.
Ta’lim sifatini o‘lchash sifat o‘lchovini belgilash va uning qiymatini maxsus algoritmlar yordamida olishni ko‘zda tutadi.
Bunday jarayonning samaradorligi baholashning statistik metodlarini qo‘llash orqali ta’minlanadi. Bu baholanayotgan ob’ektning sifat ko‘rsatkichlari qiymati aksariyat hollarda tasodifiy kattaliklar deb hisoblanishi bilan bog‘liqdir. Bunday holat ana shu sifatga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘plab omillar va shart-sharoitlar bilan izohlanadi. Shu bois boshqaruv tarkibi ta’lim sifati haqidagi axborotni olish va ishlashning statistik metodlarini qo‘llay bilishi kerak.
Ikkinchi belgi. Rivojlangan tashkiliy madaniyatning mavjudligi.
Oldingi paragrafda ta’kidlab o‘tilganidek, jamoada me’yorlar tizimlarini, qadriyatlarni, urf-odatlar va an’analarni yuqori darajada shakllantirmasdan turib, ta’lim sifatini boshqarib bo‘lmaydi. Bularning hammasi ta’lim jarayonining barcha qatnashchilari o‘rtasida uyg‘un o‘zaro munosabatni vujudga keltirish imkonini beradi.
Tashkiliy madaniyat ta’lim muassasasining eng muhim quyidagi vazifalarini funksional jihatdan hal qilishda yordam beradi:
— muvofiqlashtirish — belgilangan jarayonlar va xatti-harakat qoidalari yordamida amalga oshiriladi, bu jamoa barcha a’zolarining kelishilgan holda harakat qilishi imkonini beradi;
— motivatsiya — bajarilayotgan ish mazmuni ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tushuntirib berilishini ko‘zda tutadi;
— ixtisoslashtirish — ta’lim muassasasining shunga o‘xshash ta’lim tashkilotlaridan xarakterli farqqa ega bo‘lishi demakdir;
— kadrlarni jalb qilish — ta’lim muassasasining boshqalaridan afzalligini targ‘ib qilish, pedagoglarning ishlashi uchun maqbul shart-sharoit yaratish orqali hal qilinadi va h. k. (K. Shols).
Uchinchi belgi. Ta’lim muassasasi rahbarlarida innovatsion madaniyatning shakllanganligi.
Bu ularning yangi bilimlar va faoliyat turlarini egallashga, o‘zgarishlarga, xavf-xatarga va javobgarlikka tayyorgarligini bildiradi.
Boshqarish sohasidagi turli mutaxassislarning fikr-mulohazalarini tahlil qilish yangi tipdagi menejer shaxsining eng muhim sifatlarini, xususan, mehnat jamoasi bilan maqbul munosabatda bo‘la bilish mahoratini ajratish imkonini beradi. Yangi tipdagi boshqaruv kadrlarining asosiy vazifasi — «Yangiliklar kiritishga yo‘naltirilgan boshqaruv munosabatlarining mos tizimini yaratish»dan iboratdir (Yu. Krasovskiy). Ta’lim muassasasi rahbarlari tomonidan yangi tashkiliy-psixologik madaniyat ma’nosidagi kasbiy mahoratni oshirib borishning quyidagi ob’ektiv davrlarining o‘zlashtirilishini ham shunga kiritish mumkin:
— o‘z imkoniyatlari bilan jamoa imkoniyatlarini o‘rganish;
— o‘z muvaffaqiyatlari va muvaffaqiyatsizliklari orqali jamoa imkoniyatlarini bilish;
— jamoa imkoniyatlaridan o‘z kasbiy mahoratini oshirib borish uchun foydalanish;
— jamoa imkoniyatlarini o‘zida va o‘zi orqali ro‘yobga chiqarish.
Boshqaruv kadrlarining pedagoglar va o‘quvchilarning har qanday foydali tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga va o‘zlari ham shu ishga qo‘shilishga qodirliklarini ham innovatsion belgi deb hisoblash mumkin. Tavakkalchilik va mas’uliyat ta’lim sifatini boshqarishda boshqaruv kadrlarining, ayniqsa, yetakchining muhim xususiyatlaridandir.
Ta’lim muassasasi rahbarlarining kasbiy bilimdonligi novator negizini tashkil qiladi. Direktor va uning o‘rinbosarlarining kasbiy bilimlari nechog‘li darajada ekanligiga ko‘p jihatdan innovatsion faoliyatning muvaffaqiyati boshqaruv nazariyasi, iqtisodiyot va sotsiologiya, siyosatshunoslik va huquq, pedagogika va psixologiya, gigiena va fiziologiya sohalariga bog‘liq. Zamonaviy mutaxassis shaxsiga, muhandis-pedagoglar tarkibi faoliyatini va o‘quvchilarning o‘qishini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatiga oid normativ talablarni bilish ham ushbu ro‘yxatga to‘liq kiradi. Bunda zamonaviy ta’lim tashkilotlarini boshqarayotgan shaxslarning kasbiy-tashkiliy, axloqiy-psixologik sifatlari birinchi o‘ringa chiqadi.
To‘rtinchi belgi. Ta’lim muassasasi boshqaruv korpusi psixologik-pedagogik madaniyatining yuqori darajadaligi.
Bunday sifatning shakllanganligi ta’lim sifatini ta’minlashga doir faoliyatni loyihalashtirishning zarur shartidir. Ta’lim sifati va ta’lim muassasasini boshqarishning asosiy funksiyalarini amalga oshirish uchun rahbarlar konkret mahorat va ko‘nikmalarni egallashlari zarur. Biz psixologik-pedagogik mahoratni, eng avvalo, shular qatoriga kiritamiz. Ularning mohiyati, P. T. Frolov ta’kidlab o‘tganidek, topshiriqni ongli zaruratga, faoliyat ning ichki ehtiyojiga aylantirish maqsadida mantiqiy va psixologik usullar yordamida xodimlarga ta’sir ko‘rsatishdan iboratdir» (P. T. Frolov).
Ko‘rsatma-metodik xarakterdagi mahorat ham eng muhim ahamiyat kasb etadi. Bular tarkibiga quyidagi elementlar kiradi:
— pedagogik, boshqaruv faoliyati maqsadlarini ta’riflash;
— uning natijalarini tahlil qilish va baholash;
— ta’lim sifatini boshqarishni tashkil etishda pedagogik metod va usullardan oqilona foydalanish;
— xodimlarga malakali yordam ko‘rsatish;
— ilmiy konferensiyalar, seminarlarni tashkil qilish va ularning ishida qatnashish;
— rahbarning jamoatchilik fikrini vujudga keltirish, ijtimoiy faollikni rag‘batlantirish, mas’uliyat hissini ta’limlash orqali muhandis-pedagog xodimlarga ta’sir ko‘rsatish mahorati.
Ta’lim muassasasi rahbarlari pedagoglarga, o‘quvchilarga va ularning ota-onalariga yagona pedagogik talablarni qo‘yishlari kerak. Bunda har bir xodimning individual imkoniyatlarini hisobga olish va chuqur o‘rganish, jamoa oldida turgan vazifalarni hal qilishda har kimning rolini ko‘rsatishga katta o‘rin beriladi.
Beshinchi belgi. Ta’lim muassasasida o‘z ishini o‘zi uyushtirishning yuqori darajasi.
Ta’lim muassasasining o‘zini o‘zi rivojlantirishi boshqaruv kadrlarining pedagoglar jamoasi bilan birgalikda tashqi ta’sirlarni idrok etish va ichki qarama-qarshiliklarni bartaraf qilish asosida ta’minlanadi. Ta’lim sifatini boshqarishda rahbarlarning asosiy e’tibori pedagog xodimlarning qobiliyatlari va imkoniyatlarini to‘liqroq ochishga, zarur mustaqillikni berishga va pedagoglarga nisbatan keraksiz vasiylikni bartaraf etishga qaratiladi. Bularning hammasi muhandis-pedagog xodimlar va ta’lim oluvchilarning o‘zishini uyushtirishi imkonini beradi. Xodimlarning yuksak kasbiy mahorati o‘zishini o‘zi uyushtirishi darajasiga katta ta’sir ko‘rsatadi (I. Kaoru).
Shunday qilib, ta’lim sifatini boshqarishning ishlab chiqilayotgan va foydalanilayotgan tizimi innovatsiyaning asosiy belgilarini qanoatlantirishi kerak.
Ammo bunda ta’lim muassasasidagi boshqaruv faoliyati umumiy xususiyatga ega bo‘lgan quyidagi qonuniyatlarni ham aks ettirishini ta’kidlab o‘tish zarur:
— boshqaruv tizimi bilan pedagogik jarayonning birligi;
— markazlashtirish bilan markazlashuvdan chiqarishning uyg‘unligi;
— boshqariluvchi va boshqaruvchi tizimlarning nisbatdorligi.
Ta’lim tashkilotlarida boshqaruv faoliyati muammolarini oldindan konseptual tarzda ishlab chiqish ta’lim sifatini boshqarish tizimini loyihalashtirishning invariant asosga ega bo‘lgan jarayonini ko‘rib chiqishga o‘tish imkonini berdi. Bu turli ta’lim tashkilotlarida undan foydalanish imkonini yaratdi.
Eng avvalo, har bir konkret holda boshqaruv jarayoniga va uning yakunlariga ishning mavjud real ahvol, ta’lim muassasasi hayot faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, uning rahbarlarining individual fazilatlari va boshqa omillar katta ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlab o‘tamiz. Shu bois ta’lim sifatini boshqarishni tizimli yondashuv asosida loyihalashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqqan holda, boshqaruv tarkibining standart, qat’iy tartibga solingan harakat dasturini bermaslikka intilamiz.
Bizningcha, ta’lim muassasasi boshqaruv xodimining e’tiborini «ta’lim muassasasida ta’lim sifatini boshqarish tizimini tahlil qilishning morfologik, tarkibiy, funksional jihatlarini, boshqaruv jarayonlarining yetakchi yo‘nalishlarini, ularni amalga oshirish shakllari va usullarini egallashga qaratish muhimdir.
Ta’lim sifatini boshqarish jarayonini tadqiq qilishning morfologik jihati uni tarkibiy qismlarga, elementlarga ajratishni hamda asosiy xususiyatlari va sifatlarini tegishli ravishda ham miqdor, ham sifat jihatidan tavsiflashni ko‘zda tutadi. Bunda, eng avvalo, zikr etilgan tizim sifatini va uning yaxlitligini belgilovchi omillarni hisobga olish muhimdir.
Ob’ektni shu tarzda o‘rganishning asosiy vositasi dekompozitsiya metodi hisoblanadi.
Tizimli tahlil sxemasiga muvofiq, tadqiqot predmeti morfologik tavsiflangandan keyin uning tarkibiy tahlili bajariladi. Rahbar ushbu bosqichda qismlar va elementlarning o‘zaro aloqalari va munosabatlarini aniqlaydi va integrativ natijani belgilaydi.
Tuzilmani tavsiflash uchun ta’lim sifatini boshqarish jarayonining maqsadlari va pirovard natijasini aniq tasavvur etish, uni tashkil qiluvchilarni ajratib, ularni barcha o‘zaro aloqalarda tadqiq qilish, boshqaruv sifatini o‘zgartirishdagi rolini ko‘rsatish kerak. Boshqaruv xodimi, ta’lim sifatini boshqarish tuzilmasini tahil qilar ekan, kuchli va zaif o‘zaro aloqalarni, ularning tavsifiy belgilari va xossalarini, ta’sir ko‘rsatish zarur bo‘lgan aloqalarining turlarini aniqlaydi, asosiy muammolarni belgilaydi. Ta’lim sifati ko‘p jihatdan uning tuzilmasiga bog‘liqligini e’tibordan chiqarmaslik kerak.
Ta’lim muassasasida sifatni boshqarish tizimini funksional tadqiq qilishda boshqaruv xodimi qanday qilib tizim shunday holga tushib qolganligi sabablarini aniqlaydi. Bu yerda funksiyalarning o‘zaro harakatini aniqlash, ushbu tizimdagi ana shu tarkibiy qismlarning har birining, shuningdek, tizim barcha elementlarining ahamiyatini belgilash kabi murakkab vazifalarni hal qilish lozim bo‘ladi. Bunda elementlar va kichik tizimlar o‘z funksional vazifalarini bajarayotgan yoki bajarmayotganligi hamda ularning umuman tizimga qanday ta’sir ko‘rsatayotganligi aniqlanadi. Ma’lumki, bitta bo‘lsa-da, funksional aloqaning yo‘qligi, o‘zaro aloqalarning buzilishi tizimning buzilishiga olib keladi.Ta’lim muassasasida sifatni boshqarish muammosini genetik tadqiq qilishda boshqaruv xodimi ta’lim sifatini boshqarish jarayonining o‘tmishdagi, bugungi kundagi va kelgusi holati o‘rtasidagi aloqani aniqlaydi. Tizimning aynan genetik xususiyatlari tizim ichidagi aloqalarni, shuningdek, uning tashqi muhit bilan aloqasini shart qilib qo‘yadi.Tizimni tahlil qilish texnologiyasi ancha murakkab, ammo boshqasi ham ayon. Tizimli tahlil boshqaruv faoliyati holatini organik birlikda, tarkibiy qismlarining aloqalari va o‘zaro aloqalarini bilish, ushbu holat sabablarini ob’ektiv aniqlash, keyingi rivojlanish istiqbolini ko‘rish imkonini beradi.Ta’lim sifatini boshqarishda asosiy e’tibor loyihalashtirish faoliyatiga beriladi. Bu sifatni boshqarish metodologiyasi tomonidan ko‘zda tutilgan — bunda sifat tadqiq qilish va loyihalashtirish, rivojlanish dasturlari va konsepsiyani ishlab chiqish bosqichida qo‘yilishi kerak.
Sifatni boshqarish sohasi mutaxassislari mahsulot yoki xizmatlar sifatini loyihalashtirishda ustuvorlik ishlab chiqarish bosqichigacha beriladi, deb ta’kidlamoqdalar. Bunga tadqiqotlar, loyihalashtirish va ishlanmalar bilan bog‘liq faoliyat kiradi, ya’ni ushbu bosqichlarda sifat asoslariga zamin tayyorlanadi (A. T. Kurakin, I. G. Leonov, L. I. Novikova).
Tadqiqotlar ishlab chiqarish (ta’lim) jarayonlariga loyihalashtirish sifati kuchli ta’sir etishini ko‘rsatadi. Pedagogikaga oid adabiyotlarda loyihalashtirish deganda bo‘lg‘usi ishlarning taxminiy variantlarini tuzish va uning natijalarini bashorat qilish tushuniladi. Ta’lim muassasasida sifatni boshqarishning ilmiy tashkil etilishi loyihalashtirish bosqichlarini aniq maqsadga yo‘naltirilgan holda va batafsil ishlab chiqishni ko‘zda tutadi. Bunda sifatini oshirish, buning uchun tegishli shakl va metodlarni tanlashga doir konkret vazifalar va chora-tadbirlarning asosi tarzda prognoz qilinishi va belgilanishi nazarda tutiladi.
Boshqaruv xodimlari faoliyati dasturi «rejali faoliyatning umumiy strategiyasini belgilab beradigan prinsiplar tizimi» bo‘lmish dasturli-maqsadli yondashuv asosida ishlab chiqiladi (A. T. Kurakin, L. I. Novikova). Dasturli-maqsadli yondashuv aksariyat tadqiqotchilar (V. G. Afanasev, Ye. P. Golubkov, Yu. A. Konarkevskiy, I. S. Ladenko, G. A. Tulchinskiy, I. K. Shalaev va boshqalar) tomonidan tizimli yondashuvni aniqlashtirish sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, birovlar ushbu yondashuvni boshqaruv faoliyatiga tatbiqan pirovard natijaga yo‘naltirilgan maqsadli dasturni ishlab chiqish sifatida tavsiflashsa (I. S. Shalaev), boshqalar dasturlarning shakllantirilishini boshqaruv jarayonlarining rejalashtirilishidan iborat deb hisoblashadi (I. S. Ladenko, G. L. Tulchinskiy).
|
| |