|
Yoshlar huquqiy ongini shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari va yo‘nalishlari
|
bet | 5/9 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 95,93 Kb. | | #248820 |
Bog'liq Sharofidinova MehronaYoshlar huquqiy ongini shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari va yo‘nalishlari.
Mustaqillik tufayli mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan hozirgi sharoitda huquqiy ong va huquqiy madaniyatga bo‘lgan talab tobora ortmoqda.
Ilmiy va o‘quv adabiyotlarida huquqiy ongning boshqa ijtimoiyhuquqiy hodisalarga, xususan, jamiyat rivojiga ta’siri masalasi ancha keng tahlil etilgan. Biroq huquqiy ongning shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar masalasi ko‘pincha e’tibordan chetda qolgan. Shu bois ham huquqiy ongning shakllanishi, unga ta’sir etuvchi omillar va vositalarning nazariy masalalarini tadqiq etish ilmiynazariy jihatdan katta ahamiyatga ega.
Huquqiy ong tasnifi bo‘yicha odatiy, kasbiy va ilmiy turlarga bo‘linadi. Ta’kidlash joizki, huquqiy ong turlari ichida odatiy huquqiy ong sohiblari ko‘pchilikni tashkil etadi. Jamiyat ushbu qismining huquqiy ongi ularning har kungi kundalik hayoti, turmush tashvishlari, hayotiy tajribasi ta’siri ostida shakllanadi va u empirik xarakterga ega bo‘ladi. Bunday ong insonlarning kundalik turmushlari ehtiyojlari bilan belgilanadigan huquq haqida, yuridik amaliyot haqidagi oddiy tasavvurlar, baholar, xulq-atvor ko‘nikmalarida ifodalanadi. Bunday huquqiy ong sohiblarining huquqni bilish darajasi ularning turmush sharoitlari bilan bog‘liq holda shakllanadi.
Huquqiy ong tizimida kasbiy huquqiy ong o‘ziga xos o‘rin tutishi tabiiy. Binobarin, kasbiy huquqiy ong sohiblarining huquqqa oid bilimlari, qarashlari, ichki ishonchlari, huquqiy bilim va ish tajribalari bevosita kasbiy faoliyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq holda shakllanadi. Sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, advokat, yuristkonsult, notariuslarning huquqiy ongi huquqni yuqori darajada bilishligi bilan odatiy huquqiy ongdan sifat jihati bilan farqlanadi.
Huquqiy ongni, xususan, yuristlarning kasbiy huquqiy ongini shakllantirishda huquqiy ta’limning roli hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, mustaqillik yillarida oliy yuridik ta’lim tizimini shakllantirishga davlat tomonidan jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yuridik ta’lim muassasalari soni ko‘paytirildi, ularda bugungi kunda 10000 dan ortiq talaba (tinglovchi) o‘qimoqda, har yili bakalavriat va magistraturada 2000 dan ko‘proq mutaxassis yetishib chiqmoqda. Milliy huquq tizimining shakllanishi barobarida yangi huquq sohalari (masalan, bank huquqi, xalqaro xususiy huquq, soliq huquqi, bojxona huquqi, tadbirkorlik huquqi va h.k.) vujudga keldi24.
Huquqiy ong shakllanishida demokratik qadriyatlarning o‘rni haqida fikr yuritganda, ushbu jarayonda yuristlarning kasbiy huquqiy ongi o‘ziga xos o‘rin tutishini alohida ta’kidlash zarur bo‘ladi. Chunki, aynan yuristlar tomonidan eng muhim demokratik qadriyatlar hisoblangan: inson huquqlari, fuqarolarning tengligi, adolatlilik, qonun ustuvorligi kabi tamoyillarning ijtimoiy voqelikka tadbiq etilishi jamiyat, davlat va insonlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, yuristlarning kasbiy huquqiy ongini shakllantirish masalasi hozirgi kunda muhim vazifa sifatida kun tartibida turibdi.
Ilmiy manbalarda ta’kidlanganidek, kasbiy huquqiy ong bu – professional yuristlarning huquqiy ongi, ya’ni maxsus yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan va yetarli amaliy tayyorgarlikka ega mutaxassis uchun zarur bo‘lgan intellektual kasbiy ongdir.
Ma’lumki, yurist huquqiy ongi ham amaldagi qonunchilik, ham yuridik amaliyotni bilish asosida shakllanadi. Shu bois, yuristning empirik va ratsional huquqiy ongi o‘zaro uyg‘unlashgan va bog‘liqlikda amal qilsa, bu kutilgan natijaga olib keladi. Bunday ongni yuqori darajadagi ong deyishga asos bo‘ladi.
Shu munosabat bilan, kasbiy huquqiy ong ilg‘or huquqiy g‘oyalar va qarashlarni ifodalovchi teran ong yoki huquqiy davlat talablariga mos kelmaydigan qoloq ong bo‘lishi mumkin. Ilmiy adabiyotlarda kasbiy huquqiy ongni differensiyalash hollarini kuzatish mumkin. Masalan, A. A.Xamrayev sudyalarning kasbiy huquqiy ongini takomillashtirish muammolari yuzasidan ilmiy izlanishlarni amalga oshirgan. Muallifning fikricha, kasbiy huquqiy ong tizimida sudyalarning huquqiy kasbiy ongi alohida o‘rin tutishini ta’kidlamoq zarur. Chunki sudya boshqa yuridik kasblardan farq qilgan holda, ish yuzasidan davlat nomidan hukm chiqaradi. Bu holat uning maqomini o‘zgacha mas’uliyatli ekanligini belgilaydi.
A.A.Hamrayevning ta’kidlashicha, “huquqiy voqelikni aks ettiruvchi ong sohasi sifatida sudyalarning kasbiy-huquqiy ongi uning o‘zi bevosita shug‘ullanuvchi jabha maqom-mohiyatidan kelib chiqqan holda, shakllanib borishi, ana shu ong asosida uning fikr yuritishi va o‘z mehnat faoliyatini qonunlar ijrosini xolis, odil ta’minlash nuqtai nazaridan amalga oshirishi hamda amal qilayotgan huquq va huquqiy hodisalarga, qadriyatlarga munosabati (bahosi)ni ifodalovchi his-tuyg‘ular, tasavvurlar, tushunchalar, g‘oyalar, qarashlar, nazariyalar yig‘indisidir”25.
Shu bilan birga, kasbiy-professional huquqiy ongning shakllanishida empirik, ya’ni amaliy jihatni butkul birlamchi, deb hisoblash unchalik maqsadga muvofiq emas. Chunki, yurist (sudya, tergovchi, advokat va b.) juda katta va uzoq yillik yuridik amaliyot tajribasiga ega bo‘lishi, amaldagi qonunlarni, qonun osti aktlarini, protsessual normalarni juda yaxshi va batafsil bilishining o‘zi yetarli emas. Bundan tashqari, ular huquqning jamiyat tarixida yuzaga kelishi qonuniyatlari, huquq haqidagi turli nazariyalar, huquqni tushunish sohasidagi turli yirik yo‘nalishlar, huquqning boshqa ijtimoiy normalar bilan o‘xshash va farqli jihatlari, huquqiy qonunlar, huquq bilan adolatning o‘zaro nisbati, inson huquqlarining eng oliy qadriyat ekanligi, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati kabi demokratik qadriyatlar yuzasidan nazariy bilimlar bilan qurollangan bo‘lishlari ham maqsadga muvofiqdir.
Yuristlarning kasbiy huquqiy ongi huquqiy demokratik davlat qurayotgan jamiyatning umumiy ijtimoiy ongi bilan uyg‘unlashishi natijasida huquqiy ongning yangi tipi, yangi sifati haqida gapirish mumkin. Ilmiy adabiyotda professional huquqiy ongning oliy tipi sifatida demokratik huquqiy ong tushunchasi ilgari surilmoqda26.
Kasbiy huquqiy ongning jamiyatda qonun ustuvor bo‘lishi va inson huquqlarining ta’minlanishidagi roli va ahamiyati katta. Chunki yuridik faoliyat olib boradigan subyektlar bo‘lgan yuristlar huquq normalarini hayotga tatbiq etadilar, shu bois ularning huquqiy ongi darajasiga bog‘liq holda yuridik amaliyot shakllanadi. Qonuniy asoslarda, inson huquqlari ustuvorligi sharoitida olib boriladigan yuridik faoliyati barcha fuqarolarda huquqiy tizimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, ularda huquqqa va davlatga hamda uning o‘rnatgan tartib-qoidalariga hurmat hissini shakllantiradi.
Huquqiy ongning eng yuqori shakli bo‘lgan ilmiy (doktrinal) huquqiy ongning shakllanishi, unga demokratik qadriyatlarning ta’siri masalasi ilmiy ahamiyatga molik bo‘lgan masala. Zero, ilmiy huquqiy ong butun jamiyat huquqiy tizimi, yuridik amaliyot va faoliyat, huquqiy tarbiya, huquqiy siyosatning shakllanishi va rivojlanishida yo‘naltiruvchilik rolini o‘ynaydi. Bir tizimga solingan huquq to‘g‘risidagi turli ilmiy g‘oyalar, konsepsiyalar, qarashlar ilmiy huquqiy ongning mazmunini tashkil etadi. Ilmiy g‘oyalar huquqshunos olimlar tomonidan shakllantirilib, ular mamlakat huquqiy tizimi, huquqiy siyosati, amaldagi qonunchilik rivojining asosiy yo‘nalishlarini belgilashda hal qiluvchi o‘rin egallaydi.
Ilmiy huquqiy ongni shakllantirish va takomillashtirish masalasida ham ayrim muammolar mavjud. Shunday muammolardan biri tadqiqotlarning sifati masalasidir. M.X.Rustamboyev ta’kidlaganidek, ilmiy monografiyalar, risolalar, darsliklar sifati va saviyasi jiddiy nazorat qilinmog‘i zarur. Xorijiy davlatlarda chop etilgan ilmiy va o‘quv adabiyotlarini tarjima qilib o‘z nomi bilan chop etayotgan “mualliflar” tartibga chaqirilmog‘i, ularga tegishli ta’sir choralari ko‘rilmog‘i lozim. Agar ushbu sharmandali ahvolga barham berilmasa, yaqin kelajakda mamlakatimiz huquqiy fanining obro‘si nihoyatda tushib ketadi. Shu boisdan ham tan olingan yetuk xorijiy olimlarning kitob va darsliklarini o‘zbek tiliga tarjima qilish maqsadga muvofiqdir”27.
Shu o‘rinda, M.X.Rustamboyevning fikrlariga qo‘shilgan holda, yana shuni qo‘shimcha qilish zarurki, xorijiy kitoblarni tarjima qilish katta moddiy mablag‘, tashkiliy ishlar, mualliflik huquqiga oid masalalar bilan bog‘liqligi sababli, bunday ishlarni amalga oshirishning tartibi, jumladan, tashkiliy, huquqiy va moddiy mexanizmini ishlab chiqish zarurligini alohida ta’kidlash zarur.
Ma’lumki, huquqiy ong huquq subyektlarining huquqqa bo‘lgan munosabatini ifodalaydi. Huquq subyektlari huquqqa hurmat bilan qarashlari, amaldagi qonun normalariga rioya etishlari, huquqbuzarlikning har qanday ko‘rinishlariga murosasizlik bilan qarashlari uchun ular avvalo huquqning mohiyati, uning jamiyatda tutgan o‘rni, kishilar hayotini tashkil etishda ijobiy ahamiyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak. Bunda huquqiy tarbiya asosiy rol o‘ynaydi.
“Huquqiy tarbiya – bu davlat, uning organlari va xodimlarining, jamoat birlashmalari va mehnat jamoalarining huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish va yuqori ko‘tarish yuzasidan maqsadga yo‘naltirilgan doimiy faoliyatidir”28.
Z.M.Islomovning fikricha, “huquqiy tarbiya – bu huquqiy tajriba almashish bo‘yicha davlat, jamoat tashkilotlari, alohida fuqarolarning bir maqsadga yo‘naltirilgan faoliyati: huquqiy normalarga rioya qilish, ularni bajarish va bu normalardan foydalanishni ta’minlovchi muayyan ijobiy tasavvurlar, qarashlar, qadriyatlarni tushunish, yo‘l-yo‘riqlarni shakllantirish maqsadida odam ongi va xulq atvoriga doimiy ta’sir o‘tkazib borishdir”29.
“Huquqiy tarbiya bu – individlar ongiga demokratik huquqiy va axloqiy qadriyatlarni, huquq prinsiplarini, yuridik normalarning zarurligi va adolatliligiga nisbatan qat’iy ishonchni singdirishga qaratilgan choralar tizimidir”30.
Shu o‘rinda ayrim manbalarda, jumladan, darsliklar, lug‘at va kitoblarda huquqiy tarbiyaning huquqiy ongni shakllantirishda asosiy vosita ekanligi umume’tirof etilgani holda, bu masala e’tibordan chetda qolganligini taassuf bilan ta’kidlash zarur31.
Bundan tashqari, ayrim mualliflar huquqiy davlatning belgilari haqida fikr yuritganda, “jamiyatning yuqori darajadagi huquqiy ongi va madaniyatga ega bo‘lishi” belgisini esdan chiqarib qo‘yishgan32.
Huquqiy tarbiya bu avloddan avlodga huquqiy madaniyat, huquqiy tajriba, huquqiy ideallar va jamiyatda vujudga keladigan nizolarni hal etishning vositalari va mexanizmlarini o‘tkazish (uzatish) yuzasidan tegishli subyektlar tomonidan olib boriladigan maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatdir.
Huquqiy tarbiyaning bosh maqsadi insonning huquqiy ongini rivojlantirish, boyitish, yuksaltirish va jamiyat huquqiy madaniyatini ko‘tarishdir. Odatda huquqiy tarbiya haqida gap ketganda uning tor va keng ma’nodagi tushunchalari ajratiladi.
Keng ma’nodagi huquqiy tarbiyada inson butun jamiyat tomonidan tarbiyalanadi, ya’ni o‘zini qurshab turgan muhit, yuridik amaliyot, davlatning mansabdor shaxslari va boshqa huquq subyektlarining xatti-harakati natijasida tarbiyalanadi. Mazmunidan ko‘rinib turibdiki, keng ma’nodagi huquqiy tarbiyada gap insonning jamiyatga kirishib ketishi, uning ijtimoiylashuvi haqida ketmoqda.
Bu joyda bir holatga e’tibor berish kerak. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari – davlat apparatida faoliyat olib borayotgan xodimlarning asosiy maqsadi bevosita insonlarga nisbatan huquqiy tarbiya olib borish bo‘lmasa-da, ularning faoliyati bilvosita insonlarning huquqiy ongi shakllanishiga ta’sir etadi.
Tor ma’noda huquqiy tarbiya – maxsus subyektlar tomonidan amalga oshirilib, o‘zining fuqarolar, aholi va butun jamiyatning huquqiy ongi va madaniyatini ko‘tarish maqsadiga yo‘naltirilganligi bilan tavsiflanadi.
Huquqiy tarbiya qator maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yadi:
– amaldagi qonunchilik, qonuniylik, birinchi navbatda bevosita insonga tegishli bo‘lgan shaxsning huquq va erkinliklari haqida yetarli va chuqur bilim va ma’lumotlarga ega bo‘lish;
– huquqiy, madaniy qadriyat sifatidagi qonunga insonlarda chinakam hurmat hissini shakllantirish, uning nufuzini ko‘tarish, huquqiy nigilizm ko‘rinishlari bilan murosasiz kurash olib borish;
– insonlarda huquqiy itoatkorlik hissini tarbiyalash, huquqiy xulqning afzalliklarini aholi ongiga singdirish, huquqbuzarlikka nisbatan salbiy munosabatni mustahkamlash, aholida yuridik faoliyatda ishtirok etishning ko‘nikma va yo‘llarini shakllantirish;
– jazoning muqarrarligiga aholida ishonch hissini shakllantirish.
Yuqorida ta’kidlanganidek, huquqiy tarbiya ko‘p qirrali jarayon bo‘lib u bir qancha shakllarda amalga oshirilishi mumkin. Bugungi kunda huquqiy tarbiyaning keng tarqalgan shakllariga quyidagilarni kiritish mumkin: ommaviy axborot vositalari yordamida huquqni targ‘ib etish; ommabop huquqiy adabiyotlarni chop etish; og‘zaki shakldagi huquqiy targ‘ibot olib borish; fuqarolarga huquqiy ta’lim berish; kasbiy huquqiy ta’limni olib borish; ko‘rgazmali huquqiy tarbiya olib borish; yuridik amaliyotning ta’siri orqali huquqiy tarbiya olib borish; san’at va adabiyot asarlari ta’siri yo‘li bilan huquqiy tarbiya olib borish33.
Ilmiy adabiyotlarda huquqiy tarbiyaning tamoyillariga alohida e’tibor qaratiladi. Tamoyillar - bu muayyan bir faoliyatga asoslanadigan asosiy qoidalar, bosh va rahbariy g‘oyalar majmuidir. Huquqiy tarbiya tamoyillari bu – huquqiy tarbiyani amalga oshirishda asoslanadigan, tayaniladigan asosiy, muhim qoidalar, talablar yig‘indisidir.
|
| |