O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY SUD ISHLARINI YURITISH TO‘G‘RISIDAGI KODEKSI
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-bob. Asosiy qoidalar
1-modda. Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilik
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik
hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy
sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan
boshqacha qoidalar
belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
2-modda. Ma’muriy sud ishlarini yuritish vazifalari
Ma’muriy sud ishlarini yuritish vazifalari quyidagilardan iborat:
ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini,
fuqarolar, shuningdek
korxonalar,
muassasalar, tashkilotlarning (bundan buyon matnda yuridik shaxslar deb yuritiladi)
huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlar sohasida fuqarolar va yuridik
shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya
qilish;
ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlar sohasida qonuniylikni mustahkamlash
hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish;
qonunga va sudga nisbatan hurmat munosabatini shakllantirish.
3-modda. Ushbu Kodeksning amal qilish sohasi
Ushbu Kodeks fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki
nizolashilayotgan huquqlari,
erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish
hamda hal etishda ma’muriy sud ishlarini yuritishni amalga oshirish
tartibiga nisbatan tatbiq
etiladi.
Ushbu Kodeks ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishga nisbatan tatbiq
etilmaydi.
4-modda. Sudga murojaat qilish huquqi
Har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan
huquqlarini yoxud
qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun ma’muriy sudga (sudga) murojaat
qilishga haqli.
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, sudga prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar
murojaat qilishga haqli.
Sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy emas.