|
XVII asr yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri
|
bet | 7/103 | Sana | 22.12.2023 | Hajmi | 0,5 Mb. | | #126606 |
Bog'liq Telekommunikatsiya-fayllar.orgXVII asr yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri
XVII asr yevropa adabiyotida uchta yo'nalish Uyg'onish davrining gumanistik an'analarini davom ettirgan renessans realizmi, klassitsizm va barokko yo'nalishlarining yetakchilik qilgani kuzatiladi. Albatta, bu hol avvalo, yevropa mamlakatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy shart-sharoitlardagi farqlilik bilan izohlanadi. Ikkinchi tomondan, bu yo'nalishlarning bir-biriga ta'siri, o'zaro aloqalariga ham ko'z yumib bo'lmaydi. Zero, mohiyatan ularning bari Uyg'onishdan oziqlanadi, undan turtki oladi: biri uni davom ettiradi, ikkinchisi qadimiyatni uning ruhi bilan to'yintirgan holda muayyan maqsadlarga bo'ysundiradi, yana biri uning inkori sifatida namoyon bo'ladi.
Mutaxassislar klassitsizm adabiy yo'nalishining paydo bo'lishini 1515 yil - italyan yozuvchisi Trissinoning Sofonisba nomli tragediyasining yaratilishidan boshlab belgilashadi. Trissino bu asarini antik tragediya namunalariga tayangan holda, syujet voqyealarini antik rim tarixchisi Tit Liviy asarlaridan olib, Aristotel Poetikasida qo'yilgan talablarga rioya qilgan holda yaratgan edi. Klassitsizmning ilk nazariy asoslari ham, avvalgi bobda ko'rilganidek, Uyg'onish davri oxirlarida paydo bo'la boshlagan edi. Bu esa, bir tomondan, yevropa adabiyotlari uchun umumiy qilib olingan o'rta asrlar, uyg'onish davri tarzidagi davrlashtirishda muayyan shartlilik borligi, ushbu davriy bosqichlarning turli mamlakatlarda kechishi xronologik jihatdan farqlanishini, ikkinchi yoqdan, bu davrlarga xos xususiyatlarning ko'pincha yonma-yon yashagani, qorishiq holda namoyon bo'lganini ko'rsatadi. Shuning uchun biz klassitsizm adabiy yo'nalish sifatida to'la qaror topib, adabiy jarayonda yetakchi mavqye egallagan Fransiyaga to'xtalamiz. Fransiyada klassitsizm madaniyatining gullab yashnashiga asos bo'lgan qator omillar mavjud edi. Ulardan birinchisi klassitsizmning vujudga kelgan ijtimoiytarixiy sharoitda davlat va millat manfaatlariga to'la mosligi edi. XVII asrga kelib Fransiya G'arbiy yevropadagi eng qudratli mamlakatga aylandi: Genrix IV tomonidan boshlangan markazlashgan davlat tashkil qilish harakati bu davrga kelib nihoyasiga yetdi, Fransiyada tom ma'nodagi absolyut monarxiya vujudga keldi. Klassitsizm XVII asr Fransiyasining qirol hukumati tan olgan rasmiy va chin ma'noda yetakchi badiiy metodi bo'lib qoldi. Qirol hukumati klassitsist adiblarga maosh tayin qiladi, ularni qo'llab-quvvatlaydi. Bu bejiz emas edi. Klassitsizm adabiyoti markazlashgan fransuz davlatchiligining mustahkamlanishi, fransuzlarning yagona millat sifatida birlashishiga xizmat qilishi lozim edi. Darhaqiqat klassitsizm madaniyati ushbu missiyani sharaf bilan uddaladi, fransuz jamiyati va milliy madaniyati tarixidagi juda muhim bosqich bo'lib qoldi.
|
| |