|
Dilmurod Yusupov takliflari
|
bet | 7/7 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 78,65 Kb. | | #233168 |
Bog'liq ALOHIDA TA\'LIM EHTIYOJLARI BO\'LGAN BOLALARNI SAMARALI INKLYUZIV TA\'LIM OLISHNING ASOSIY SHARTLARI.Dilmurod Yusupov takliflari:
«Eng muhimi, inklyuziv ta'lim joriy qilish tartiblarini nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari, maxsus maktab-internatlari pedagoglari, nogironlar tashkilotlari vakillari bilan birgalikda ishlab chiqish kerak. Ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muhokamalar olib borib, fikr va takliflari inobatga olinsa, me'yoriy hujjatlar amalda samaraliroq ishlaydi. «Tabib tabib emas, boshidan o‘tgan tabib» deganlaridek, aynan nogironligi bo‘lgan bolalarning o‘zlari va ularning ota-onalari o‘z vaziyatlarini yaxshi bilishadi va Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ularning fikrlari, takliflari qabul qilinishi kerak. Afsuski, mening kuzatishlarim shuni ko‘rsatyaptiki, ko‘pincha ular XTV tomonidan normativ hujjatlarni ishlab chiqishda jalb qilinmaydi.
Hanuzgacha O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgani yo‘q. Bu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilmasdan turib biz inklyuziv ta'limni samarali tatbiq eta olmaymiz, chunki milliy normativ bazamiz konvensiya tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun konvensiya ratifikatsiya qilinishi lozim».
Vazirlik nimalar qilyapti?
Suhrob Xoliqov, Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari:
«Hozir Qurilish vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar bilan hamkorlikda alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun to‘siqsiz muhit va imkoniyatlarni yaratish maqsadida ular o‘qiyotgan ta'lim muassasalarining binolari va jihozlariga qo‘yiladigan talablar ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, inklyuziv ta'lim sinov tariqasida joriy etilishi belgilangan umumta'lim maktablari inklyuziv ta'limga jalb etiladigan bolalar ehtiyojiga ko‘ra jihozlanadi.
Zamonaviy maktablarga qo‘yiladigan talablar hamda ular asosida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini baholash metodikasi va tartibida ham alohida ta'lim ehtiyojiga muhtoj o‘quvchilar sifatli ta'lim olishi uchun yetarli sharoitlar yaratish o‘z aksini topgan.
2021-2022 o‘quv yilida alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning 24 foizini inklyuziv ta'lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan. 2025 yilga borib bu ko‘rsatkich 40 foizga yetishi nazarda tutilgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan umumta'lim maktabida alohida ta'lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun boshlang‘ich tayanch korreksion sinflari ochilishi belgilangan. Bunday sinflarga diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi (DeGS), disleksiya va autizm tashxisi qo‘yilgan bolalar qabul qilinadi.
Ta'lim tizimiga inklyuziv amaliyotni tatbiq etish bo‘yicha pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlarining o‘quv rejalariga ta'lim-tarbiyaga oid maxsus o‘quv mashg‘ulotlarini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan. Bundan tashqari, umumta'lim maktablari psixologlari tomonidan o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasida har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va kamsitishlarga qarshi treninglar o‘tkazilib kelinmoqda.
Xulosa
Rejalarga qaralsa, hammasi chiroyli: 2025 yilgacha bo‘lgan maqsadlar ham xuddi konsepsiyadagidek amalga oshirilsa, imkoniyati cheklangan bolalar boshqalar singari bir xil sharoitda ta'lim olishi kerak, ularga darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yetmay qolishi kerak emas. Bunday bolalar ham sog‘lom bolalar kabi qiynalmasdan maktabga borishi, kelajakda o‘z yo‘lini osonroq topishi mumkin. Jamiyat ham imkoniyati cheklangan shaxslarga begonadek ajablanib qaramaydi.
Faqat konsepsiya to‘liq amalga oshishi qat'iy nazoratga olinishi, hech narsa qog‘ozda qolib ketmasligi kerak va Xalq ta'limi vazirligi ixtisoslashgan maktab o‘qituvchilarining xavotirlariga e'tibor berib ularni eshitishi, jamoatchilikning fikrlarini ham o‘rganib borishi maqsadga muvofiq.
Начало формы
|
| |